1. Hujjat (H) - insoniyat yaratgan sotsial axborot manbai bо‘lib, saqlash va tarqatish vazifasini bajaradi.
2. Axborot iste’molchisi (talabchisi) – axborotdan turli (ilmiy, ishlab chiqarish, ijodiy, о‘quv va h.k.) maqsadlarda foydalanuvchi shaxs yoki guruh (jamoa).
3. Hujjatlar kommunikatsiyasi tizimi (hujjatlar va axborot iste’molchilari muloqoti tizimi) umuman jamiyatda hujjatlar mavjudligi va axborot iste’molchilariga ularni yetkazish tizimidir.
Keng axborotlar muloqoti tizimining kichik tizimi hisoblangan u sotsial axborotni tarqatuvchi sifatida hujjatlarni qidirish, analitik-sintetik qayta ishlash, saqlash, tarqatish va foydalanishni ta’minlaydi. Boshqacha qilib aytganda, hujjatlar va axborot iste’molchilari muloqoti tizimi hamma hujjatlar, hujjatlashtirilgan axborotning iste’molchilari va ular о‘rtasidagi ichki va tashqi shart-sharoitlarga xos munosabatlarning majmuasidir.
Hujjatli axborot aloqa yо‘llari tizimi inson faoliyatining barcha sohalariga xizmat qiladi. Hozirgi kunda uning ahamiyati katta. Hujjatlar aloqa yо‘llari tizimiga maxsus bu tizimning mavjudligi va rivojlanishini ta’minlovchi, maxsus shu maqsad uchun tuzilgan qator ijtimoiy institutlar, jumladan, nashriyot-tahririyat ishi, kitob savdosi, kutubxonachilik ishi, arxiv ishi, ilmiy-axborot faoliyati va nihoyat, bibliografik faoliyat kiradi.
Shuni ta’kidlash kerakki, matbuot asari yuqori darajada insonning sotsial axborotni qabul qilishda fizik imkoniyatlari va ruhiy xususiyatlariga mos keladi va shu ma’noda ular tengi yо‘q. Shu sababli, fan-texnika taraqqiyoti axborotni hujjatli aks ettirishning uzoq muddatli yangi texnologiyalarini vujudga kelishi bilan о‘zgartirishlar kiritmasin, bosma asar hujjatlar aloqa yо‘llari tizimining eng asosiy tarkibiy qismi bо‘lgan, shunday va kelajakda ham shunday bо‘lib qoladi.
Kitob, jurnal, gazeta va axborotning boshqa hujjatli manbalari (hozirda, ayniqsa elektron hujjatlar) jahon bо‘yicha tо‘xtovsiz о‘smoqda. Bosma kitob taxminiy hisob bо‘yicha 1500 yili 30800 nomdagi (inkunabul) kitoblar, XYI asrda 285800, XYII asrda 972000 va h.k. 1908 yilda jahonda 10 378 500 nomdagi bosma kitob hisobga olingan. Hozirgi kunda jahonda chiqqan kitoblarning aniq hisobini olish qiyin, taxminiy ma’lumotlarga kо‘ra u 50-100 milliongacha nomga etadi.
Shuningdek, jahon bо‘yicha chiqayotgan jurnal va gazetalarni ham aniq hisobini olish qiyin. Turli ma’lumotlarni umumlashtirib kо‘rilganda jahon bо‘yicha 70-80 ming nomda jurnal va davomli nashrlar, 50 minggacha kunlik gazetalar chiqarilar ekan. Hozirda insoniyat ega bо‘lgan matbuot asarlarining umumiy hajmi ulkan miqyosdadir. Shu bilan birga bizning axborotni qabul qilish imkoniyatlarimiz cheklangan.
Har kuni yuz betdan о‘qigan kitobxon bir yilda о‘rtacha 300 saxifalik kitobdan 120 tasini о‘qir ekan. Endi 40 ta tilni biladigan ximik-olim bir xaftada jahon bо‘yicha chiqayotgan ximiyaga oid ilmiy jurnallarni kо‘rishga 40 soat sarflasa, bunda u bir soatda 3 tadan maqola kо‘ra olsa, 50 yillik tinmay ishlashi natijasida u faqat shu sohaga oid bir yillik jurnallar tо‘plamini kо‘rib chiqishga ulgurar ekan. Ayni vaqtda bunday hujjatlar ichidan nimani va qanday о‘qish kerak, degan savol tug‘iladi. Inson qо‘liga tushgan hamma hujjatni biror bir tartibsiz о‘qishi ham mumkin emas. Akademik S.I.Vavilovning iborasi bilan aytganda “hozirgi zamon kishisi kutubxonalar gimalayi oldida qumlar orasidan oltin zarrasini qidirib topishi kerak bо‘lgan oltin qidiruvchidek ahvoldadir”.
Bu holatda u zarur axborot manbaini topish va aniq tanlashni ta’minlovchi ixtisosli yordamga muhtojdir. О‘z navbatida hujjat va iste’molchi о‘rtasida jamiyatda yig‘ilgan ulkan hujjatlar resurslarini samarali va oqilona foydalanishga ta’sir kо‘rsatuvchi maxsus vositachiga ehtiyoj seziladi. Shu vositachi b i b l i o g r a f i ya d i r.
Demak, Bibliografiya bibliografik axborotni tayyorlash, tarqatish va foydalanishni ta’minlovchi axborot infratuzilmadir.
Bibliografik axborot esa hujjatni aynan tenglashtirish va undan foydalanish uchun zarur bо‘lgan hujjat haqidagi axborotdir.
Bibliografik axborotning bibliografik vositachilikdagi о‘ziga xos xususiyati shundaki, bibliografik axborot rivojlanishida axborot iste’molchilariga hujjatning о‘zi emas, u haqidagi ma’lumot harakati tashkil qilinadi. Bu ma’lumotdan hujjatning о‘zisiz, alohida foydalanish mumkin. Shuning uchun ham bibliografik axborot sotsial axborotning alohida turi sifatida ikkilamchi – yordamchi (vositachi) hisoblanadi.
Bibliografiya sо‘zi birinchi marta Qadimgi Gretsiyada qо‘llanilgan bо‘lib, sо‘zma sо‘z biblion –“kitob”, grafo -“yozaman” degan ma’noni anglatgan. Kitob nashr etish ishi boshlangunga qadar bu tushuncha kitobni yozish, kо‘chirib yozish ma’nosida qо‘llanilgan. U vaqtlarda kitobni yozish va kо‘chirib yozish qо‘l mehnati bilan amalga oshirilgan. Bu ishni bajarganlarni bibliograflar deb atashgan. О‘sha paytda bibliograflardan alohida mukammal bilim talab etilmasdan, faqat yozishni va о‘qishni bilish talab qilingan bо‘lsada, bu ish juda yuqori malakali va istiqbolli ish hisoblangan.
Qog‘oz kashf bо‘lgunga qadar О‘rta yer dengizi mamlakatlarida papirus, Mesopotomiyada loy plastinkalardan, Xitoyda ipakdan, Hindistonda palma daraxti barglaridan foydalangan holda axborotning qо‘lyozma shakllari tarqatilgan.
Ikkinchi darajali axborotning qadimgi shakllari yozma madaniyat tarixi bilan bog‘liq bо‘lib, Vizantiyaning bibliografik yodgorliklari, Shumerning bibliografik matnlari, amerikalik tadqiqotchi S.N.Kramerning va boshqa Ussuriya madaniyati namoyondalarining asarlarida tasdiqlangan.
Eramizdan oldingi 3-ming yillikda yer yuzidagi birinchi kutubxonalar Qadimgi Shumerda paydo bо‘lgan. Shumer xonligidagi kutubxona xodimlari loy tablichkalardagi klin yozuvlarini katta yopiq qutilarda va korzinalarda saqlagan. Lagash arxeologlari Nishopur saroyiga oid 20000 dan kо‘p ana shunday loy tablichkalar topganlar. Agar ana shunday katta fondga ega bо‘lgan kutubxonalar jamg‘armasidan о‘ziga kerakli tablichkani topish zaruriyati tug‘ilib qolganini tasavvur qiladigan bо‘lsak, bunday katta fonddan о‘ziga keraklisini topishning о‘zi bо‘lmagan. Qadimgi Shumer kutubxonachilari bunday holatdan chiqa bilganlar. Ular har bir quti yoki savatga alohida о‘ziga xos va undagi materiallar mazmuniga muvofiq nomlar qо‘yganlar. Bunday tartibga solish kutubxonachilik ishidagi 1-katalog kо‘rinishida maxsus tablichka-kо‘rsatkichlarni qо‘llash bilan bibliografik axborot kashf etildi.
Jenevada mavjud bо‘lgan kutubxona katalogi haqidagi ma’lumotlar bizgacha yetib kelgan. Unda Ussuriya shohi Ashshurbanipalga qarashli eramizdan oldingi 6 - asrga oid bir qancha о‘n ming dona loy tablichkalaridan iborat kutubxonada о‘sha davrga xos grammatika, she’riyat, tarix, huquq, tabiat haqidagi fan, geografiya, matematika va dinga oid adabiyotlar bо‘lgan. Kutubxonaning sistemali katalogi unda ishlaydigan juda katta olimlar va yozuvchilar (hattotlar) guruhi tomonidan yaratilgan.
Qadimgi Misrdagi Edfu shahrida “Papirus uyi” nomi bilan kutubxonaning binosi saqlanib qolgan va qо‘lyozmalarning birortasi ham yо‘qolmagan. Bizgacha yetib kelgan katalogi yordamida kutubxona fondi haqida tо‘la ma’lumotga ega bо‘lamiz. Katalog turli masalalarga oid adabiyotlarning rо‘yhatidan iborat. 1- qism 12 ta quti, 2-qism 22 ta qutidagi adabiyotlar mazmuni haqida ma’lumot beradi.
Eramizdan avvalgi SH asrda ellinistik Misrda Aleksandriya kutubxonasi turli tildagi milliondan oshiq hujjatlarni о‘z ichiga olgan zamonasining gullab yashnagan kutubxonasi edi. Aleksandriya kutubxonasining bosh kutubxonachisi, olim va shoir Kallimax “Fan sohalarining hammasida mashhur bо‘lgan kishilar (va ular yozgan asarlar) ning jadvali” nomli adabiy-tarixiy va bibliografik asar yaratgan. U faqatgina sistemali katalog bо‘lmay, balki yana о‘sha davr grek adabiyoti ham unda tasvirlangan edi.
Hujjatlarga kо‘ra, bu birinchidan Aleksandriya kutubxonasi fondining 8 dan 1 qismini aks ettirgan, ikkinchidan Kallimaxga ma’lum, ammo о‘sha vaqtdagi 1- manbasining qayerda saqlanishidan qat’iy nazar grek adabiy asarlari va mualliflar haqidagi biografik ma’lumotlar berilgan. Kallimax jadvali о‘zida bibliografik axborot (BA) mavjudligining 2 ta asosiy xususiyatini aks ettirgan:
1. tarixan birinchi va BAning aniq kutubxona fondi bilan bog‘liq katalogi,2. tasvirlangan hujjatlarning aniq saqlanish joyiga bog‘liq bо‘lmagan hujjatlar haqida ma’lumot ( bu yо‘nalish shu vaqtgacha alohida izohli ma’noga ega emas edi.)
Afsuski, bu dastlabki bibliografik qо‘llanma-jadval bizgacha yetib kelmagan.
Antik madaniyat yо‘qolib ketishi bilan bibliografiya tushunchasi ham muomaladan chiqib ketdi va keyin yana qaytadan boshqacha sharoitda, boshqacha ma’noda, ya’ni kitob boyliklarini tavsiflash ma’nosida qо‘llanila boshlangan.
Bibliografiyaning keyingi taraqqiyoti Yevropada kitob bosishning boshlanishi va axborot madaniyatining poligrafik davri bilan bog‘liq. Bu vaqtli matbuot nashrlarining, bibliografik materillarning, maxsus gazeta va jurnallarning, davlat bibliografiyasi manbasi bо‘lmish majburiy nushalar va tо‘plamlarning, nashriyot va kitob savdosi tashkilotlarining bosma kataloglari va boshqa bibliografik mahsulotlarning paydo bо‘lishida kо‘rinadi.
Bibliografiya fani hayot taqozo etayotgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur bо‘lgan amaliy ehtiyojlar tufayli vujudga keldi va rivojlandi. Bibliografik nazariya va amaliyot bir biri bilan uzviy bog‘liq, bir birini boyitadi va nisbatan о‘z mustaqilligini saqlaydi.
Rus bibliografiyasining paydo bо‘lish davri XI-XVII asrda xrestomatiya tipidagi tо‘plamlarning paydo bо‘lishiga bog‘liq. XVIII asrda о‘sha davrda har bir davlatda kitob omborlari hisoblangan monastir kutubxonalari fondini tavsif etish boshlandi. Bu bizgacha yetib kelgan va muhim ahamiyatga ega bо‘lgan XU asrga oid “Kirill-Belozer monastiri qо‘lyozmalari tavsifi”dir.
Rus bibliografiyasi tarixi N.I.Novikov, “rus bibliografiyasining otasi” deb tan olingan V.S.Sopikov nomi bilan bog‘liq. N.I.Novikov 1772 yili 1- biobibliografik lug‘at va birinchi rus qomusnomasi hisoblangan “Rossiya yozuvchilari haqida tarixiy lug‘at tuzish tajribasidan” nomli ishini yaratgan. V.S.Sopikovning buyuk xizmati shundaki, u “Bosmaxona tashkil etilgandan to 1813 yilgacha slavyan va rus tillarida bosilgan asarlar va tarjimalarning tо‘liq lug‘ati”ni tuzadi va 1813-1821 yillarda “Rossiya bibliografiyasining tajribasi” nomida nashr ettiradi, Rossiyada 1-bо‘lib eng muhim prinsipial nazariy masalalar - kutubxonachi va bibliografning vazifalari, kitobxonga tavsiya etilayotgan kitobning ahamiyati, muallif fikri va uslubi bilan kitobxonni tanishtirish uchun tuzuvchi tomonidan bibliografik qо‘llanmalarning yangi janri- bibliografik ocherklar va antalogiyalarni tuzish uchun muhim turli xil vositalarni ochib beradi.
XVIII asr oxiri - XIX asr boshlarida “bibliografiya” sо‘zi kitobshunoslik ( kitob haqidagi fan), kitob tarixi, adabiyot tarixi, adabiy va ilmiy tanqid kabi fanlarni aks ettirdi. Aynan mana shu keng tushuncha V.S.Sopikovning “bibliografiya insoniyatning eng qadimgi hamma bilimini tushuntiruvchi fandir” deb xulosa qilishiga sabab bо‘ldi. Uning fikricha, bibliografiyaning ahamiyati umuman kitobni bilishda, fanlarning holati va bosqichma-bosqich rivojlanib borishini kо‘rsatuvchi fan ekanligida kо‘rinadi.
XIX asrning ikiinchi yarmi –XX asrning boshlarida bibliografiya tushunchasi matbuot asarlari haqida ma’lumotlar tо‘plash ma’nosida qо‘llanilib, bibliografiyaning vazifasini ancha qisqartirdi. Shu bilan bog‘liq holda bibliografiyaning ijtimoiy vazifasi haqida turlicha fikrlar aytildi.
1950-1960 yillarda bibliograf olimlar, о‘qituvchilar, amaliyotchilar tomonidan bibliografiya tushunchasi, “bibliografiya-faoliyat”, ”bibliografiya - bibliografik qо‘llanma yoki ularning yig‘indisi”, “bibliografiya-bibliografik fan” kabi nazariy masalalar ishlab chiqildi. Natijada 1-marta 1648-70. “Tushuncha va izohlar“ nomli davlat standarti qabul qilindi. Keyinchalik 1978 yildan kuchga kirgan “GOST 7.0-77 “BibliografiY.Tushunchalar va izohlar” nomli izohli lug‘atda bibliografiyaning ilmiy-amaliy faoliyat-bibliografik ma’lumotni tayyorlash va iste’molchiga yetkazib berishgacha bо‘lgan faoliyatligi, bibliografiya tarixi, metodikasi, tashkil etish nazariyasini о‘rganuvchi ilmiy fan sifatidagi xususiyatlari ochib berildi. Bibliografiyaning ijtimoiy vazifalari va ahamiyati yoritildi, maqsadi esa jamiyatda matubot asaridan foydalanishga ta’sir etish deb tushuntirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |