www.ziyouz.com
kutubxonasi
26
Oddiy kishilar ham xalifalardek dinlaridan qat’iy nazar, o‘zlariga yoqqan kishiga
do‘stona munosabatda bo‘lardilar. Soibalar, ya’ni majusiylardan bir qavm vakili bo‘lgan
Ibrohim ibn Hilol davlatning yuqori mansablarini egallaydi, shoirlarning oldi bo‘lganidan
buyuk ishlarga bosh-qosh bo‘ladi. U bilan musulmon adib va olimlari o‘rtasida
mustahkam do‘stlik va go‘zal aloqalar bo‘lgan. Hatto, u vafot etganda, Hoshimiy
alaviylarning shayxi Sharif ar-Rizo barhayot qasidalar bilan marsiya bitgan. Ko‘p
munosabatlarda Sharif uni eslab, qattiq qayg‘urardi.
Xalifalar huzuridagi ilmiy halqalar dinlari, mazhablari qanday bo‘lishidan qat’iy nazar
turli olimlarni jamlagandi. Ma’munning ilmiy halqasida din va mazhablarning barchasidan
olimlar yig‘ilgandi. Ma’mun ularga: «Xohlagan ilmingizdan bahs etavering. Faqat
toifakashlik masalasi qo‘zg‘almasligi uchun har biringiz o‘z diniy kitobingizdan dalil-hujjat
keltirmasangiz bo‘lgani», degan. Xalqning ilmiy majlislari ham shunday bo‘lgan. Xalaf
ibn Musanno shunday deydi:
«Basradagi bir majlisda ilm va nabohatda dunyo tan olgan
o‘n kishi yig‘ilganini ko‘rdik».
Ular: nahvchi olim Xalil ibn Ahmad (sunniy), shoir
Humayriy (shi’iy), Solih ibn Abdulquddus (dualist zindiq), Sufyon ibn Majoshi’ (xorijiy),
Bashor ibn Barad (kosmopolit), Hammod Ajrad (zindiq, kosmopolit), shoir Ibn Ra’sil-
Jolut (yahudiy), Ibn Nazir al-Mutakallim (nasroniy), Umar ibn al-Mu’yyid (majusiy), shoir
Ibn Sinon al-Harroniy (sobiiy)lardir. Ular to‘planib olib, she’rlar o‘qishar, xabarlar naql
qilishardi. Ular shunday do‘stona muhitda suhbatlashishardiki, o‘rtalaridagi juda kuchli
diniy-mazhabiy ixtiloflarni kishi sezmay qolardi!
Bu erkinlik uylarga, oilalarga ham ko‘chgandi. Bir xonadonda to‘rt og‘a-ini yashab,
ulardan biri sunniy, ikkinchisi shi’iy, uchinchisi xorijiy, to‘rtinchisi esa mo‘‘taziliy bo‘lib,
ular o‘zaro kelishgan holda yashashardi. Hatto, bir uyda taqvodor va fojir ham
yashayverardi. Biri ibodatiga jo‘nasa, ikkinchisi fisqu fujuriga botib yotardi. Badiiy
kitoblarda naql qilinishicha, bir hovlida xuddi shunday ikki aka-uka yashardi. Ulardan
taqvodori quyi qavatda yashar, fosiqi esa yuqori qavatda turardi. Shu fosiq bir tun
uxlamay, ba’zi ulfatlari bilan qo‘shiq aytib, musiqa chalib, shovqin-suron qilib chiqdi. Bu
hol taqvodorini bezovta qilib uyqusini qochirdi. Shunda u boshini chiqarib fosiq ukasiga
qichqirdi: «Eng yomon makru hiylalarni qilgan kimsalar, o‘zlarini yer yutishidan omonda,
deb biladilarmi?». Fosiq ham o‘rnida javob qiladi: «Modomiki, sen ularning ichida
ekansan, Alloh ularni azoblamaydi».
Islomiy hazoradagi diniy erkinlik ko‘rinishlaridan yana biri – diniy bayramlarning
xursandchilik va ziynatlarida ishtirok etish. Umaviylar zamonida ko‘chalarda
nasroniylarning ommaviy tantanalari bo‘lardi. Unda bolalar va ruhoniylik kiyimlarini
kiygan din kishilari oldinda borishardi. Patriarx Mixail bir ajoyib bayramda Iskandariya
shahriga qo‘lida shamlar, xochlar va Injillar ko‘targan holda kirib kelgandi. Shunda
kohinlar: «Parvardigor bizga yangi Markos bo‘lgan Ma’munni yo‘lboshchi qilib yubordi»,
deb qichqirishgandi. Bu Hishom ibn Abdulmalik zamonida bo‘lgandi.
Bu odat Horun ar-Rashidning zamonida ham davom etdi. Bunda nasroniylar qo‘llarida
xochlar ko‘targan holda katta namoyishlar uyushtirib, pasxa bayramlarini
nishonlashardi.
Maqdasiy «Ahsan at-Taqosiym» kitoblarida zikr qilishlaricha, Sherozdagi bozorlar
nasroniylarning bayramlarida bezatilardi. Misrliklar esa xoch solish bayrami vaqtida
Nilning ko‘tarilishini nishonlashardi.
Islom hazorasi. Ahmad Muhammad
Do'stlaringiz bilan baham: |