40-mashq. Gaplarni oʻqing. Nutqning mantiqiyligi buzilgan oʻrinlarni toping va izohlang.
1. Boyqush qargʻish olgan, qadimdan qolgan shunday gap bor. U qaysi xonadonga qoʻnib, ovoz chiqarsa, noxushlik alomatidan darak emish.
2. U nihoyatda ehtiyot boʻlib harakat qilayotganini uyqu elitgan koʻzlari bilan sezdi.
3. Qish. Yanvar havosi juda sovuq. Laylakqor hadeb savalagani-savalagan.
4. Odamlar nochorlikdan, yegani narsasi yoʻqligidan roʻza tutib yurishibdi.
5. Ilm-fanda faraz qilish yoki oʻylab chiqarishga oʻrin yoʻq. Fanning rivojlanishi faqat kashfiyotga bogʻliq. Fanda fikr bildirish, ishonaman deyish ― bilmagan bilan barobar.
6. Hikoya va suhbatdan tashqari oʻzbek tilini yaxshi oʻrganish, unga qiziqishni uygʻotish maqsadida til oʻrgatishga oid oʻyinlar, kichik-kichik she’rlar, badantarbiya va ashulalar berib boriladi.
7. Imzoga qoʻl qoʻyish mahalida gurs etib yerga quladi.
Yechim:
Ushbu mashq shartiga asosan berilgan gaplardan nutqning mantiqiyligi buzilgan o‘rinlarni topish va ularni izohlash talab etilgan.
1-misolning 1-jumlasi g‘aliz chiqqan. Gapni Boyqush qargʻish olgan, qadimdan qolgan shunday gap bor tarzida emas, balki Boyqush qargʻish olganligi to‘g‘risida qadimdan qolgan shunday gap bor shaklida o‘qish jumlani tushunishni osonlashtiradi. 2-jumlada esa ovoz chiqarsa birikmasi o‘rnida sayrasa so‘zi ishlatilsa nutq aniqligi ravshanlashadi. (Izoh: Nusrat Rahmatning “Guliston” jurnalida e’lon qilingan “Бойқуш нега йиғлайди?” maqolasida aytilishicha “…Бойқуш Азроилнинг элчиси эмиш. Азроил кимнинг жонини олмоқчи бўлса, аввал бойқушга билдирармиш. Бойқуш эса бу нохуш хабарни тонгдаёқ жони олинувчи кишининг ҳовлисига маълум қилармиш. Қайси ҳовлида бойқуш сайраса, ўша ерда мотам бўлармиш…”
2-misolda ham nutq mantiqiyligi buzilgan. Ya’ni uyqu elitgan koʻzlari bilan nihoyatda ehtiyot boʻlib harakat qilayotganini sezish mumkin emas. Chunki inson uxlagandan keyin sezuvchanlik qobiliyati deyarli yo‘qoladi. Shuningdek, odatda sezish tuyg‘usi ko‘z bilan emas, idrok bilan anglashiladi. Shu bois jumlani Koʻzlarini uyqu elitayotgani bois u nihoyatda ehtiyot boʻlib harakat qilishi kerakligini idrok etolmas edi tarzida o‘zgartirish maqsadga muvofiq.
3-misoldagi savalagani-savalagan ifodasini qorning yerga shiddat bilan yog‘ilishi, tushishi manzarasini tasavvur etgan holda ko‘chma, obrazli ma’nodagina tushunishimiz mumkin. Aks holda savalamoq so‘zi o‘z ma’noda qor leksemasi bilan mantiqan birikma hosil qilolmaydi.
4-misoldagi Odamlar nochorlikdan, yegani narsasi yoʻqligidan roʻza tutib yurishibdi jumlasida ham mantiqan g‘alizlik bor. Birinchidan, jumlada faqat nochorlik sababli ro‘za tutish, degan ma’no anglashilmoqda. Ikkinchidan, ro‘za tutish uchun ham yeyishga nimadir bo‘lishi kerak. Jumlada esa yegani narsasi yoʻqligidan degan ifoda bu mantiqni buzib turibdi. Shu bois gapni Odamlar nochorlik va yeyishga ovqatlari kamligi tufayli kunlarini och-nahor va roʻzador o‘tkazishardi tarzida o‘zgartirish orqali jumladagi ma’noni mantiqan to‘g‘rilash mumkin.
5-misoldagi ma’no mantig‘iga salbiy ta’sir etayotgan ifodalar sifatida quyidagilarni keltirish mumkin. Birinchidan, Fanning rivojlanishi faqat kashfiyotga bogʻliq emas. Kashfiyot ko‘pincha aniq va tabiiy fanlarda yuzaga chiqadi. Ijtimoiy-gumanitar sohalarda esa abstrakt tushunchalar ko‘pligi bois kashfiyot qilish oson emas. Lekin gumanitar yo‘nalishlardagi fanlar kashfiyot va ixtirolarsiz ham fikr va g‘oyalar, izlanishlar, tavsiflash, tasniflash, tartiblash tamoyillari bilan rivojlanaverishi mumkin. Ikkinchidan, Fanda fikr bildirish, …― bilmagan bilan barobar emas. Zero, Fikr tushunchasi bilmaslikdan ko‘ra bilish tushunchasiga yaqinroq.
Do'stlaringiz bilan baham: |