www.ziyouz.com
kutubxonasi
35
Hokimning oldida kohin bilan Afshin o‘tirgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylab, yuragi bir oz
siqildi. Shunday bo‘lsa ham, Jahon qadamini sekinlatmay, hokimning xonasiga yetib
bordi. Soqchi eshikni ochishi bilan u to‘g‘ri otasining karavoti tomon chopdi. Otasi
yig‘idan kipriklari namlangan, yosh to‘la ko‘zlarini eshikka tikib yotardi. Qiziga ko‘zi
tushishi bilan u zo‘raki jilmaydi. Ko‘zlari chaqnab, mehr bilan boqib turmagan bo‘lsa,
Jahon uni o‘lgan deb hisoblashi muqarrar edi. U o‘zini bardam tutib, otasi yoniga bordi.
Uni ko‘rishi bilan ota o‘zida yangi bir shodlik his qildi-da, ikki bilagini ochib, gapirish
uchun og‘zini juftladi, lekin lablari qimirladi-yu, gapirolmadi. Jahon uning ko‘ksiga otildi.
Yuragi bardoshli bo‘lmaganda, u so‘zsiz hushidan ketgan bo‘lardi, chunki hademay
so‘qqa yetim bo‘lib qolishiga ko‘zi yetib qolgandi.
Jahon jon taslim etayotgan otasining ikki bilagidan ushladi, menga rahm qiling, yolg‘iz
tashlab ketmang, deyayotgandek uning yuziga termuldi, ko‘zlari yoshga to‘ldi,
ho‘ngrashimni eshitib qolmasinlar, deb nafasini bo‘g‘ar, boshini yerga egar edi. Hokim
esa qizining diliga to‘lgan xavf-xatar va g‘amginlikni sezmay qolmadi, uni yupatmoqchi
bo‘ldi, lekin so‘zlay olmay, faqat labini qimirlatib, Afshin tomonga qaradi. Qo‘li bilan uni
va kohinni ko‘rsatdi. Afshin qo‘lida buklangan qog‘ozni ushlab o‘tirgandi. Otasining
ishorati bilan o‘ziga ko‘z tashlagan Jahonga qarab, tasalli bergandek tirjayib qo‘ydi.
Ma’buda tomonga qarab tik turib ibodat qilayotgan kohin iztirob ichida unga qaradi. Bu
qarash Jahon ilgaridan qo‘rqib yurgan masala hozirgi suhbatda hal qilinganligini bildirdi.
Jahon otasiga qarab hol so‘radi:
— Dada, tuzukmisiz? Yaxshi bo‘lib qolgan ko‘rina- siz.
Ota qiziga javob qilmoqchi bo‘ldi-yu, lekin jon talvasasi uni so‘zlashga qo‘ymadi. Qiz
otasi yoniga o‘tirib sovuq terdan ho‘l bo‘lib ketgan qo‘lini ushladi-da, uning hayot bilan
vidolashayotganini payqab, dod-faryod solmoqchi bo‘ldi, lekin u o‘zini qo‘lga oldi.
Shunday bo‘lsa ham ko‘z yoshini yashirishdan ojiz qolib, yerga qaradi. Chaqnoq
ko‘zlardan oqayotgan yoshlar qizni guldek ochiltirib yuborgandi. Ammo qisqa-qisqa
nafas olishi, xirillashi va ajal yaqinligi ham betob otani aql-hushdan judo qilmadi, sevimli
qizini unuttira olmadi. Hokim bir og‘izgina so‘z aytsam deb, har qancha urinsa ham,
kuchi yetmadi — so‘nggi daqiqalar kelmoqda edi. Oxiri u, qizim, eshikka chiqib tur,
ozgina uxlab olay degandek imo qildi. Ammo qaltirab otasi boshida o‘tirgan Jahon unga
itoat etib chiqib ketishni ham, qo‘zg‘almay o‘tira berishni ham bilmay, ikkilanib qoldi.
Otaning yurak urishi yana tezlashib, o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi bo‘lgandek boshini
qimirlatar va u yoq-bu yoqqa javdirardi-yu, lekin hech narsaga majoli yetmasdi.
Hokim Jahonga termuldi, qiz ham otasining nursizlangan, hayot alomati so‘nayotgan
ko‘zlariga tikildi. Hokim ikki qo‘lini qizi tomon uzatmoqchi bo‘ldi-yu, lekin qo‘llari sal
qimirladi, xolos. Keyin bir xo‘rsindi-yu ikki qo‘li shalpayib qoldi, yuragi urishdan to‘xtadi.
Ko‘zlari yumilib, qovoqlari halpillab qoldi, burni va ikki chakkasi tirishdi, soch-soqoli
hurpayib, kishi qo‘rqadigan darajada o‘zgarib ketdi. Jahon jon holatda: «Dadajon», deb
baqirib yubordi. U sochlarini to‘zitib, yuzlarini yulib, tirnay boshladi. Uning dodlaganini
butun saroy ahli eshitdi. Bu shum xabar shu lahzadayoq oqsoch Hayzuronga ham bo- rib
yetdi. U xonaga kirib, Jahonning qo‘lidan ushlagan holda g‘am-g‘ussasini yengillatishga,
tasalli berishga behuda urindi.
Hokimning hayoti so‘nishi bilan aholi majusiylar odati bo‘yicha motam taraddudiga
tushdi. Uni yuvishdi, oq kiyim-bosh kiygizib, katta bir xonada xontaxta ustiga yotqizib
qo‘yishdi. Hokimning yaqinlari uning atrofini qurshab o‘tirishardi. Kohin esa ovozini
chiqarib duo o‘qir, o‘tirganlar «omin» deb qo‘yishardi. Bir oz fursat o‘tgach, otasi vafot
etayotganda uyda bo‘lmagan o‘g‘li Somon yetib keldi, dodlab yig‘lay boshladi. Kishilar
unga tasalli berishdi. Otasi o‘layotgan paytida qattiq azob chekkan Jahon endi o‘zini bir
oz tutib olgandi. U yoq-bu yoqni o‘ylay boshladi. U birdan-bir ovunchog‘ini, dardini
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |