www.ziyouz.com
kutubxonasi
37
Somon o‘zi muhabbat nimaligini bilmas, oshiqlarda sehrli kuch borligini tushunmas edi,
lekin ularning tashvish va zaiflik sabablarini idroki bilan topardi.
Jahon fahm-farosatli bo‘lib, akasiga uncha ishonmasa ham, uning gapidan zavqlanardi.
Sevgilisini hurmat qilgani, uning fazilatlari va dovyurakliligini maqtagani uchun Jahon
Somonni yoqtiradigan, u bilan suhbatlashadigan, uning avvalgi nuqsonlarini va yomon
niyatlarini unutadigan bo‘lib qoldi.
Mana sizga muhabbat: kishining ko‘zini ko‘r, qulog‘ini kar qilib qo‘yadi. Kishi har qancha
dono, har qancha aqlli bo‘lmasin, ishq changaliga tushsa, o‘sha donolik va aqlni yo‘qotib
qo‘yadi. Kishi har sohada bilimdon, katta siyosatmand, zo‘r olim, o‘tkir shoir yoki ulug‘
faylasuf bo‘lishi mumkinu, ishq-muhabbat bobida yosh boladay itoatkor bo‘lib
qolaveradi. Ba’zan unga xayolparastlik g‘olib chiqib, orzusiga yetishni
osonlashtiradigandek tuyuladigan yoki ko‘ngliga tasalli beradigan har qanday bo‘lmag‘ur
narsalarga ishonaveradigan, xurofotlarga ham ko‘ngil beraveradigan bo‘lib qoladi.
Har bir xurofotga jonu jahdi bilan qarshi bo‘lib yuradigan ota sevimli farzandi betob
bo‘lib, tabiblarning dori-darmoni kor qilmay qolganda, o‘g‘lim balki shifo toparmikan deb
o‘zini folbinlar va sehrgarlarning so‘ziga ishontiradi.
* * *
Motam kunlari kohin bilan Afshin ta’ziya bildirib, hokim saroyiga qatnab turishdi. Somon
esa otasining vasiyatini bilishga oshiqardi. Motam kunlari tugashi bilan kohin kelib
alohida uyda suhbatlashmoq uchun Jahon bilan Somonni chaqirdi va cho‘ntagidan
buklangan qog‘oz olib: «Mana, otalaringiz mening huzurimda janob Afshinga topshirgan
vasiyatnomasi», dedi va Jahonga qarab: «Otang vasiylikni o‘z do‘sti Afshinga topshirib,
to‘g‘ri ish qildi»,— dedi.
Kohin qog‘ozni ochib: «Janob Afshin bu vasiyatni sizlarga o‘qib eshitdirganimdan keyin
o‘zlariga qaytarib bermog‘imni buyurdilar. Yaxshi tinglab, tushunib olinglar», — dedi-da,
salmoqlab o‘qiy boshladi. Jahon jiddiyat bilan unga quloq solar, Somon esa jim o‘tirardi.
Vasiyatnoma quyidagicha:
«Bu Farg‘ona hokimi Tahmozning o‘z hayotining oxirida ibodatxona boshlig‘i kohin
huzurida va yaxshilik xudosining yordami bilan Ushrusana podshohi va xalifa
Mu’tasimning lashkarboshisi podshoh Afshin Haydar ibn Kovusga topshirgan
vasiyatnomasi. Iskandar yili... Xurdodmoh (may) oyining ikkinchi kuni.
Hokim Tahmoz o‘zidan keyin qoldirgan mol-mulk, yer-suvlarni vorislari manfaati yo‘lida
shu vasiyatnomaga muvofiq tasarruf qilmoqni Ushrusana podshohi va Mu’tasimning
askarboshisi Afshin Haydar ibn Kovusga topshiradi. Tahmozning qonuniy vorislari faqat
ikki farzand: Somon bilan Jahondir. Tahmoz qoldirgan hamma narsalarni qizi Jahonning
o‘ziga vasiyat qiladi: saroy, undagi asbob-uskunalar, yer-suv, jonli mol va imoratlar, qul
va joriyalar, oltin asbob va idishlar hamda naqd pullar — shularning hammasi qizi
Jahonning merosidir. Do‘stimiz Afshin ularga qarab turmog‘i va yaxshilik xudosining
inoyati bilan Jahonning foydasi uchun ularni tebratib turmog‘i shart. Ammo o‘g‘lim
Somon shu merosning hammasidan mahrumdir: faqat bir nav yashashi uchun yetarli
narsani vasi ajratib berishi mumkin.
Somonni merosdan mahrum qilishimning sababini bu vasiyatnomada yozishni loyiq
topmadim, lekin noaniq qolmasin uchun sababini kohin huzurida vasiga og‘zaki aytib
qo‘ydim. Zarur vaqt kelguncha bu narsa shu ikki kishi o‘rtasida sir bo‘lib saqlanib
turmog‘i kerak.
Mana shu vasiyatim o‘z huzurimda yozildi. Uni o‘zim aytib turdim va imzom bilan
tasdiqladim, unga kohin guvoh bo‘ldi. Shuning bir harfini o‘zgartirgan kishiga ellik
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |