www.ziyouz.com
kutubxonasi
38
martaba la’nat bo‘lsin. Buni aql-hushim joyidalik vaqtida, o‘z ixtiyorim bilan yozdirdim.
Yana o‘lganimdan keyin jasadimni umumiy qabristonga qo‘yishlarini va u yirtqich
hayvonlarga yemish bo‘lmog‘ini vasiyat qildim.
Yaxshilik xudosi bu vasiyatning ijrosiga o‘zim rahnamolik qilsin va unga muvofiq amal
qilishda birodarimiz Afshinga o‘zi yordam bersin».
Kohin vasiyatni o‘qiyotganda Somon bilan Jahon jim o‘tirishgandi. Somonni mahrum
qilish degan jumlaga yetganda uning yuzlari o‘zgarib, rangi o‘chdi, lekin hammasini o‘qib
bo‘lguncha sabr qilib o‘zini tutib turdi-da, keyin: «Xo‘sh, nega otam meni merosdan
mahrum qiladilar, men axir yolg‘iz o‘g‘illariman-ku? Bunday gap bo‘lishi hech mumkin
emas, u kishining nomi va shuhrati menda qoladi, yer-suv esa men bilan singlim
Jahonga tegishlidir», — dedi.
— Vasiyatnomani ikkalangizga o‘qib berdim, undan chetga chiqib bo‘lmaydi. Har holda
yana Afshinning fikriga qarash kerak. Men esa o‘z vazifamni ado etdim, endi
ruxsatlaringiz bilan ibodatxonaga qaytay. Afshin o‘zi kelib vasiyatga muvofiq ish ko‘radi,
davlat vasiyatni ijro etishda unga kuch bilan yordam beradi. Bolam Somon, otangning
merosidan senga tegmagani uchun sabr qilishing kerak, — dedi-da, kohin shoshilib
chiqib ketdi. Somon ham uni ayvonning zinapoyasigacha kuzatib qo‘ymoq uchun
orqasidan chiqdi. U bilan xayrlashib, bog‘chaga tushgandan keyin Somon tishlarini
g‘ijirlatib orqasidan qarab turdi-da, ichida g‘uldiradi:
— Nahs bosgan kohin! Sen bir baloni boshlab kelasan, deb qo‘rqib yurardim, seni aytib
kel deb otam necha marta yuborganda paysalga solib, keyinroq kelishingga chora
izlaganim ham shunday vasiyatdan qo‘rqqanim uchun edi, chunki otamning men
to‘g‘rimdagi fikrini sezardim. Ha, uning mendan nega jahli chiqqanini bilaman, ammo
men qilib qo‘ygan o‘sha ishni otam biladi deb o‘ylamagandim. Lekin bu ish meni meros
haqimdan mahrum qilolmaydi. Janob kohin, gapingiz to‘g‘ri, ish o‘sha la’nati Afshinning
qo‘lida, u pashshadan ham xira va suq. U merosga ega bo‘lish, bizni undan mahrum
qilish uchun o‘zi vasi bo‘lishga intilgan bo‘lsa kerak, albatta. Eh, koshki Jahon so‘zimga
kirsa edi, ikkimiz bir bo‘lib Afshinning ta’zirini berib qo‘yardik. Lekin Jahon o‘lgudek
o‘zbilarmon. Ha, mayli, hammasining ta’zirini o‘zim beraman. — Somon bog‘chadan
chiqib otini minib ketayotgan kohinning orqasidan qarab turib, shu gaplarni ko‘nglidan
o‘tkazdi-da, keyin singlisi yoniga qaytib keldi.
Afshinning vasiy bo‘lgani Jahonning o‘ziga ham og‘ir tushdi. Lekin chorasi yo‘q edi.
Buning ustiga akasining merosdan mahrum qilingani yana ortiqcha. U akasiga qarab:
— Aka, xafa bo‘lmang, men hayot ekanman, sizni qiynab qo‘ymayman, akamsiz,
otamning merosi badalini o‘zim boshqa yo‘l bilan to‘g‘rilayman, — dedi.
Somon yerga qarab, bo‘ynini egib turdi, keyin ko‘zidan yosh to‘kib: «Merosdan mahrum
bo‘lganim uchun emas, uning sababini bila olmaganim uchun kuyaman. Nima yomonlik
qilgan ekanmanki, menga shunday muomala qilinsa?» — dedi.
Jahon akasiga tasalli berdi:
— Men ham buning sababini bilmayman, Afshindan bo‘lak hech kim bilmaydi, u yaqin
orada Bag‘dodga jo‘nab ketishi kerak. Biz bu yerdamiz, mol-mulk o‘z qo‘limizda, undan
o‘zimiz istagancha foydalanaveramiz.
Bu mehribonlik uchun Somon Jahonga tashakkur aytdi. Ammo dilidagi gapni undan
yashirdi. Uning merosdan mahrum bo‘lganidan Afshin bilan kohinning xabardor bo‘lishi
va buning sababini bilishi Somonni qattiq tashvishga solardi. U hech narsa demay,
bunga qanday chora topish kerakligini ustida fikr yuritardi. Keyin nimalarni o‘ylayotgani
singlisi sezib qolmasin uchun Zirg‘om to‘g‘risida gap ochib, xayolini chalg‘itdi:
— Nimaga botir Zirg‘om kechikib qoldi? Biror muhim ish chiqib qolmasa, bunday jimjit
bo‘lib ketmasdi, albatta.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |