www.ziyouz.com
kutubxonasi
39
— U Farg‘onadan olisroq yerda bo‘lsa kerak, agar Farg‘onaning o‘zida yoki unga
yaqinroq yerda bo‘lganida boshimizga tushgan bu musibat xabari unga yetmay
qolmasdi. Qaytib kelib qolsa ajab emas, — dedi Jahon.
— Zirg‘om shu yerda bo‘lganida qayg‘umiz bir oz yengillashgan bo‘lardi. Men uni
ko‘rsam xursand bo‘lib ketaman. U o‘z oti bilan chindan ham sherdek yigit. Hech kimga
nasib bo‘lmagan olijanob xislatlarning hammasi unda bor.
Akasining bu maqtovlaridan Jahon qattiq tashnalikdan so‘ng to‘yib suv ichgandek
mamnun bo‘ldi. Akasining Zirg‘omni maqtayotgani sidqidildan emasligini bilib turgan
bo‘lsa ham, har holda u sevgilisining nomini tilga olayotgani uchun shodlanardi, «akam
uni yaxshi ko‘rarkan, avvallari men yanglish o‘ylab yurgan ekanman», deb jo‘rttaga
o‘zini yupatardi.
Ikkovlari shunday so‘zlashib o‘tirishgan paytda Hayzuron Zirg‘omning kelganini xabar
qildi. Jahonning yuragi bir orziqib tushdi va butun g‘am-g‘ussalari unut bo‘ldi. Zirg‘om
otasining ko‘ngliga yoqqanini va u hozir tirik bo‘lganda, qanchalik baxt-saodatga
erishgan bo‘lishini eslab, ko‘ziga yosh oldi, lekin uni ko‘rishi bilan o‘zini bardam tutib,
jilmaydi. Zirg‘om unga salom berib, ko‘ngil so‘radi. Keyin u Somonga qarab uning ham
ko‘nglini so‘radi. Somon:
— Choramiz qancha, peshanada bori shu ekan, baxtimizga sen omon bo‘l, — dedi.
Jahon o‘z xonasi tomon yo‘l oldi. Safar kiyimlarini hali yechmagan Zirg‘omni o‘z
xonasiga taklif qildi va: «Otam vafot etayotganlarida shu yerda bo‘lmaganingiz biz
uchun qayg‘u ustiga qayg‘u bo‘ldi», — dedi.
— Iroqdan menga topshirilgan vazifani tezroq ado etay, deb uzoq yerlarga borishga
majbur bo‘ldim, lekin... — dedi-yu, jim bo‘lib qoldi. Jahon:
— Ha, nima hodisa yuz berdi? — deb so‘radi.
Xalifadan «Iroqqa tez qaytib kel», degan buyruq kelib qoldi.
Jahon boshini egdi va:
— Sizning ketishingiz men uchun ko‘ngilsizlik bir ish bo‘ladi... — dedi.
Zirg‘om uning so‘zini bo‘ldi:
— Men Farg‘onada qolaman, chunki yuragim, aqlim va butun vujudim shu yerda, —
dedi-yu, birdan Somonning shu yerdaligi esiga tushib, xijolat bo‘ldi.
— Mayli, xijolat bo‘lmang, o‘rtamizdagi sirni akam biladilar, bu kishi sizni yaxshi
ko‘radilar, mardligingizni, xulq-axloqingizni yoqtiradilar. Tap tortmay bemalol
gapiravering. Sizning bu yerda qolishingiz men uchun ayni muddao. Lekin modomiki,
sizni izzat qilgan va obro‘yingizni oshirgan xalif chaqirtirgan ekan, menimcha, uning
yoniga bormog‘ingiz kerak. Xalifa Afshinni ham chaqirtiribdimi?
— Uni chaqirganidan xabarim yo‘q, — dedi Zirg‘om, — lekin uni ham chaqirsa kerak, deb
o‘ylayman. Chunki bu urushga aloqador masala, Afshin esa bosh qo‘mondon. O‘zingiz
ayting, siz shunday qayg‘uda turib, men qanday keta olaman, ko‘nglim tinchiydimi?
Siz...
Somon uning gapini bo‘ldi:
— Mayli, xavotir bo‘lmang, otamiz Jahonning holidan xabar olib turishni janob Afshinga
vasiyat qilganlar, — dedi-da, jahldan ko‘zlari pirpirab ketdi. «Ey, buni chakki aytib
Zirg‘omni tashvishga solib qo‘ydingiz», degandek Jahon unga bir o‘qrayib qaradi. Chunki
u o‘z sevgilisiga hamma vaqt shodlikdan so‘zlardi, juda majbur bo‘lmasa, unga
yoqmaydigan narsani sira tilga olmasdi.
Afshinning vasi bo‘lib qolganidan taajjublangan Zirg‘om, bu qanday voqea, degandek
Jahonga qaradi. Jahon: «Afshin otamning o‘rtoqlari, unga ko‘p ishonardilar. O‘zlaridan
keyin mening holim nima kechishini o‘ylab, uni menga vasi, kohinni esa guvoh qilibdilar,
mayli, bundan tashvishlanishning hojati yo‘q», — dedi.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |