HOKIMNING O‘LIM OLDIDAGI VASIYATI VA VAFOTI
Jahonning ko‘ngliga Zirg‘omning orqasidan borish xayoli keldi. Lekin otasining betobligini
o‘ylab, bu fikridan qaytdi. Agar otasi vafot etsa, u akasining qo‘lida qoladi. Akasi esa
madadkor bo‘lishga arzimaydigan, beburd bir odam. Jahon otasining kohin va Afshin
bilan o‘tkazayotgan suhbatini eslab, yana ko‘ngli g‘ash bo‘ldi, tashvishlandi. Chunki
kohinlarning tamagirligi, xususan, ibodatxonada xizmat qilishni ular mol-mulk to‘plash,
maishat qilish manbai deb bilishi Jahonga ma’lum edi.
E’tiqodlar eskirgani sari tamagirlik unga rahnamo bo‘la boradi. Buzuqlik avjiga minib,
kishilar uchun u dinsizlikdan ham battar bo‘lib qoladi. Shunga ko‘ra, Jahon dinga
mukkasidan ketmagan edi, u otasining otashparastlik dinida bo‘lar ekan, hech narsani
surishtirmagan, chunki u shu dinga ishonuvchilar oilasida tug‘ilib o‘sgan edi. Uning
boshqacha odat va axloq bilan tarbiyalanishi qiyin ham edi. Bunday bo‘lishi ko‘pchilik
avomlarda uchraydigan tabiiy bir holat. Ular yoshlikda o‘rgangan, ko‘rgan va
eshitganlarini qilishadi. Katta bo‘lib u yoq-bu yoqni ko‘rganda va ilm-idrok orqali tahlil
etishga qodir bo‘lganlarida o‘sha taomil va axloqni aql va ko‘ngillariga o‘rnashib qolgan
diniy e’tiqod bilan qo‘shib yuboradilar. Shuning uchun din va uning taomili kishiga milliy
an’anadek bo‘lib qoladi. O‘sha taomilni ta’na etuvchilardan dindor g‘azablanadi, diniy
urf-odatlarni himoya qiladi, ularni o‘z nomusini saqlagandek saqlashga intiladi.
Jahon kohinlar ko‘pchilikni ishontirish maqsadida aytadigan gaplariga e’tiborsizlik bilan
qarardi. Ularning qo‘lidan keladigani, boylik to‘plash deb ishongani uchun, ulardan
hayiqmasdi. Kohinning hokim bilan suhbati Jahonni qiziqtirmasdi-yu, lekin Afshinning bu
suhbatga aralashgani uning diliga g‘ashlik solardi. U nima uchundir Afshinni yoqtirmaydi.
Askarlari va hukmi ostidagi odamlari ko‘p bo‘lgan, hokimning hurmat va ishonchini
qozongan Afshindan Jahon qo‘rqardi.
Bexosdan Jahonning ko‘zi uydagi gilamga bosilgan zarbof naqshlar ichida ko‘zlari o‘tdek
chaqnab turgan sher suratiga tushdi-da, sevgilisini esladi, chunki uning nomi ham sher*
edi. Bag‘rimda sherim bor ekan, men nimadan qo‘rqaman, degan fikr o‘tdi qizning
ko‘nglidan.
Jahon shu tariqa xayol surib o‘tirgandi, birdan eshik tomonda tapur-tupur oyoq tovushi
eshitildi. Bu o‘z xodima-si Hayzuronning oyoq tovushi ekanini payqab, Jahonning yuragi
o‘ynay boshladi. O‘zi nima gap? Qanday xabar keltirganikin? Hayzuron Jahonga yaqin
kelib: «Jahon, hokim seni chaqiryaptilar. O‘zingni dadil tut, mening sinovimga bardosh
bergan botirligingni qo‘ldan berma, qizim», — dedi.
Hayzuronning bunchalik ogohlantirishidan Jahon cho‘chidi, lekin har qanday
to‘qnashuvlarga bardosh bera olishga qodir ekaniga ishongani uchun bu daldalar
sababini surishtirib o‘tirmadi, gapni cho‘zishni o‘ziga ep ko‘rmay, otasi tomon yugurdi.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |