www.ziyouz.com
kutubxonasi
32
so‘radi. Hokim uning peshanasidan o‘pdi va uzoq vaqt quchoqlab turdi. Otasining iliq
ko‘z yoshlari yelkasiga tomayotganini sezgan Jahon qo‘rqib, uning yuziga qaradi: ko‘zlari
jiqqa yosh edi. Uning avzoyi Jahonga qattiq ta’sir etganini, Jahon qo‘rqayotganini bilib
atayin tabassum aralash: «Qizim, men yaxshiman, qo‘rqma! Senga qo‘limdan
kelganicha yaxshilik qilaman, o‘tir», — dedi va Mehtarga qarab: «Sen eshikka chiqib
tur» degandek ishora qildi. Mehtar tashqari chiqib, eshikni mahkam berkitdi. Jahon otasi
yonidagi daftar-qalamga yana bir qarab qo‘ydi-yu, lekin so‘rashdan istihola qildi.
Otasi bir esnadi-da, orqasidagi yostiqni balandroq ko‘tarishni so‘rab, qiziga qaradi. U
oyog‘ini uzatib, yostiqqa suyanib oldi-da, so‘z boshladi:
— Akang Somonning bu safar ham yolg‘iz qaytib kelganini bildim, chunki u kohinni olib
kelsa, o‘zi uchun foyda emas, zarar bo‘lishini bilib shunday qilyapti.
— Dadajon, xotirjam bo‘ling, kohinni olib kelish uchun Zirg‘om o‘z xizmatchisini yubordi.
Hozir kelib qolsa kerak, — dedi Jahon.
Otam nima deyarkinlar deb Jahon qasddan Zirg‘omning nomini tilga olgan edi. «Zirg‘om
dili pok yigit, uni ko‘rib juda xursand bo‘ldim. Senga akalik qilishga arziydigan yigit
battol Somon emas, balki shu Zirg‘omdir»,— dedi hokim.
Sevgilisini otasi maqtagani Jahonga yoqib tushdi. Shu to‘g‘rida yana gap ochmoqchi
bo‘lib turuvdi, birdan soqchi kirib: «Kohin Afshin bilan birga tashqarida ruxsat
so‘rashyapti», — dedi.
Afshinning nomini eshitgan hokimning yuziga qon yugurib: «Afshin ham keldimi?» deb
so‘radi. Soqchi: «Ha, janob hokim, Afshin ham bor», — dedi.
Ammo Jahonga uning kelishi ma’qul bo‘lmadi. Qizning dilidagi sevinch o‘rnini xafalik
egalladi. Uning basharasini ko‘rmay qo‘ya qolay, deb chiqib ketishga shaylandi-yu, lekin
otasining ijozatini kutishga o‘zini majbur qildi. Otasi unga qarab: «Istasang,
o‘tiraversang ham mayli. Yana o‘zing bilasan, qizim», — dedi.
— Dadajon, ruxsat bersangiz men chiqib keta qolay.
— Mayli, qizim, chiqib dam ola qol! — dedi hokim. Qiz xonaning bir burchagidagi maxfiy
eshikdan chiqib ketdi. Hokim soqchiga qarab: «Kohin ham, Afshin ham kira qolishsin»,
— dedi.
Kohin uning orqasidan Afshin hokim huzuriga kirishdi. Kohin avval ma’buda tomonga
bordi, bukilib labini pichirlatib nimalarnidir o‘qib, duo qildi. Afshin ham xuddi kohindek
ma’budaga topindi.
— Xush keldinglar, qani, marhamat, o‘tiringlar, — dedi hokim va ularni o‘tqazdi. So‘ng
Afshinga: «Juda uzoqlashib ketib, kishini sog‘intirib qo‘ydingiz», — dedi.
Afshinning yoshi ham hokimning yoshiga yaqin edi. U moshkichiri soqolini qashib turib:
«Ha, turli moneliklar chiqib qoldi. Farg‘onaga shu bugun yetib keldim, o‘zingizning
ahvolingiz qalay?» dedi.
— Tuzukman, siz ayni vaqtida keldingiz, — dedi hokim, — keyin kohinga qaradi: —
Sizga bir necha marta kishi yubordim, kelmadingiz.
— Bundan ilgari menga hech kimsa borgani yo‘q, yo‘qlatganingizni eshita solib, yugurib
kelishim, — dedi kohin.
— O‘g‘lim Somonni kecha ham yuborgandim, bugun ham yubordim. Ibodatxonadan u
kishini topmadim deb qaytib keldi.
Hokimning bu gapidan hayratga tushgan kohin: «Bayram munosabati bilan tevarak-
atrofdan Farg‘onaga kelgan kishilar ibodatxonani ziyorat qilib, nazr-niyoz topshirib
turgani uchun uch kundan buyon ibodatxonadan qimirlaganim yo‘q. Siz chaqirtirasizu,
nahotki kelmasam. Farzandingiz ibodatxonaga borib, meni so‘rasa-yu, men eshitmasam,
balki borgan bo‘lsa ham, meni so‘ramagan, yoki tanimaydigan kishilardan so‘ragan
bo‘lsa ajab emas», — dedi.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |