www.ziyouz.com
kutubxonasi
28
xat yozdi. Biz harakatga kirishuvimiz bilanoq o‘zi butun Tabariston xalqi bilan biz
tomonda turib harakat qilishga va’da beryapti. U bu davlatdan qutulish va forslar
hokimiyatini qayta tiklash yo‘lida bizdan ko‘ra ham qattiq harakat qilmoqda, — dedi.
— Sizning to‘g‘ringizda sayidimizning fikri xuddi shunday, lekin siz yahudiylardek uzoq
vaqt ularning hukmiga bo‘ysundingiz, hatto necha marta biz bilan jang qilishga
otlandingiz, — dedi Isbehbaz.
Afshin kulib, bosh silkidi:
— Ajabo, menday odam haqida shu xayollarga borildimi hali? Mening niyatim do‘stim
Bobakka shunchalik qorong‘imi? Men unga qarshi urushganimda bu yoqdagilardan
maqsadimni yashirish uchun qilganimni u bilmaydimi? Fursat keldi degancha niyatimni
amalga oshirmay qo‘ymayman. Orzuga erishmoq uchun hammamiz bir yoqadan bosh
chiqarishimiz kerakki, unday orzuga na Abomuslim Xurosoniy*, na Ja’far Barmakiy* va
na Fazl binni Sahl* erisha olmagan. Ular shoshilib qolib, rejalarini buzib qo‘yishdi, ammo
biz sabr qilib, orzumizga albatta erishamiz.
Kohin Isbehbazga qarab gapga aralashdi:
— Shohning fikri to‘g‘ri: u ko‘pni ko‘rgan kishi. Sen, o‘g‘lim, Bobakka borib ayt, sabr
qilsin, yaxshilik xudosi bizning jilovimizda ekaniga ishonaversin. Muzaffariyat kunlari
yaqinlashganini tushimda ko‘rib yuribman.
Vardon bularning gaplashayotgan gaplarini eshitib, hang-mang bo‘lib qoldi. Demak,
xalifaning bosh qo‘mondoni majusiy ekan, u payt poylab davlatni ag‘darish uchun
musulmonlarning dushmanlari bilan til biriktirib yurgan ekan-da. Payti kelganda ish
beradigan bu sirni bilib olganidan Vardon g‘oyat mamnun bo‘ldi.
Shundan keyin u kohin ketishga otlanayotganini, Afshin va uning sherigi ham
qo‘zg‘alayotganini, kishilar tanib qolmasin uchun yuzlarini ro‘mol bilan yashirganliklarini
ko‘rdi-da, bekinib turgan joyidan chiqib, kohinning yo‘lini to‘sish uchun ibodatxona
sahniga bordi.
Kishilar ibodat bilan ovora edi. Ibodatxona xizmatchisi: «Kohin chiqyaptilar», deyishi
bilan hamma uni ko‘rish uchun tayyorlandi. Vardon ham ular orasida turib, nima
qilishsa, shuni qilib turdi. Kohin yal-yal yonadigan ajoyib kiyimini yerga sudrab, bo‘yniga
gavhar marjon taqqan holida, chap qo‘lida oltin dastali sovlajon* va o‘ng qo‘lida
hassasini yerga tiq-tiq urgancha chiqib keldi. Uning hurmati uchun odamlar boshlarini
yerga eggancha tik turishardi.
Kohin Vardon yoniga yaqinlashganda, u yugurib borib qo‘lini o‘pdi-da: «Janob hokim
zarur bir ish vajidan sizni hozir chaqiryaptilar», — dedi.
Kohin: «Nima bo‘ldi? Kasallari og‘irlashdimi?» — deb so‘radi. «Bilmayman, lekin hozir
borib kelishingizni qattiq tayinladilar, u kishini albatta o‘zing bilan olib kelasan deb
buyurdilar», — dedi Vardon. Kohin: «Unday bo‘lsa, tashqarida kutib tur, birga ketamiz»,
— dedi.
Afshin meni ko‘rib qolib, bu yashirin siridan xabardor bo‘lganimni bilib qolmasin, deb
Vardon o‘zini ehtiyot qila-qila eshikka chiqdi. Eshik oldida oltin egar-jabduqli ikki ot
qo‘shilgan arava turardi. Bu arava Afshin uchun tayyorlanganini sezdi. Shundan keyin
kohin chiqib aravaga o‘tirdi, uning yoniga yuzini ro‘mol bilan yashirgan Afshin ham kelib
o‘tirdi. Kohin Vardonga qarab: «Ikki otdan biriga minib ol», degandek ishora qildi. Ular
hammasi hokim saroyi tomon yo‘l olishdi.
____________
* M u ‘ t a s i m — abbosiylar xalifasi (833—841).
* M a ‘ m u n — abbosiylar xalifasi (813—833).
* A m i n — abbosiylar xalifasi (809—813).
* S u r r a m a n r a o — «Ko‘rgan kishi sevinadi»» demakdir. Buni qisqartirib «Somurro» ham deb ataladi.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |