www.ziyouz.com
kutubxonasi
27
— Yo‘g‘-e, siz qanday odamsiz, axir men kohinning o‘zlari kerak deyapmanu, sizga, —
dedi.
Xizmatchi unga yaqin kelib, qulog‘iga shivirladi:
— Kohin mana bu o‘ng tomondagi hujrada ulug‘ zotlar bilan xos suhbatdalar. U kishining
chiqishlarini kutib tur, bo‘lmasa, bilganingni qil.
Vardon cho‘ntagidan bir necha tanga pul chiqarib, tabassum ila unga uzatdi-da:
— Ruxsat bersangiz, men shu hujraga yaqinroq borib, janob kohindan tavajjuh olsam,
keyin hujra yonida ibodat qilsam? — dedi.
Xizmatchi pullarni oldi-da:
— Xo‘p, mayli, ammo ehtiyot bo‘l, yana birov payqab qolmasan, — dedi.
Vardon «albatta» dedi-yu, kohinning oldiga kirish va unga hokimning buyrug‘ini
yetkazishni mo‘ljallab, hujra tomon yugurdi. Eshikka yaqinlasharkan, ko‘zi kohinga va
uning yonidagi kiyim-boshi shay ikki kishiga tushdi. Ulardan bittasi Afshin ekanini bildi,
ammo ikkinchisini ko‘rarkan, qo‘rqqanidan butun vujudi titrab ketdi. Chunki u Bobak al-
Xurramiyning* muovini, Vardon uchun xatarli odam bo‘lgan Isbehbaz edi.
Vardon o‘zicha: «Bu Armaniston — Ardabildan nima uchun bu yerga keldi ekan? Axir, u
yer bilan Farg‘onaning orasi juda olis yo‘l-ku?» dedi-da, qanoatlanarli javob
topolmagach, ibodat va duo qilgan bo‘lib, joyida qimirlamay turdi. Majusiylarning o‘tga
topinadigan xonasida musulmon askarlarining qo‘mondoni Afshin bilan musulmonlarning
eng ashaddiy dushmani bo‘lgan majusiy — Bobak al-Xurramiyning noibi o‘rtasidagi bu
maxfiy suhbatning asl sababini bila olmay hayratga tushdi.
U ozgina turib, hujra orqasidagi yo‘lakka o‘tadigan ochiq yo‘lga chiqdi. U yerda hujra
ichidagi odamlar ko‘rinadigan, lekin bu yerdagi odam hujradagilarga ko‘rinmaydigan
bitta darcha bor edi. O‘sha darchadan ichkaridagilarni sinchiklab ko‘zdan kechirdi: ular
ipak gilam ustida o‘tirishardi, kohin qalpoq va arg‘uvon tusli uzun chopon kiygan. Afshin
esa qalpoq ustidan salla o‘ragan, ammo Isbehbaz sallasiz, qalpoqda edi. Vardon
Afshinning Abbosiylar belgisi bo‘lgan qora to‘n kiyib, ko‘pincha Somurrodagi masjidda
namoz o‘qib yurishini ko‘rgandi. Ammo bu yerda uning bayramda majusiylar kiyadigan
arg‘uvoniy chopon kiyganidan va otashxonada o‘tga topinadigan kishilar bilan
hamsuhbatligidan ajablandi. Isbehbazning esa musulmon bo‘lmagani sababli o‘tga
topinishi uni ajablantirmadi.
Vardon ularning gaplariga quloq solsa, kohin: «Yaxshilik xudosining yordami bilan biz
albatta yengamiz, lekin sabr qilish kerak», derdi. Isbehbaz esa: «Biz sabrli kishilarmiz.
Lekin sabr etishimiz uzoqqa cho‘zilmaydi, basharti...» dedi-yu, birdan jim bo‘ldi. Afshin:
«Uzoqqa cho‘zilsa ham, sabr qilish foydali, lekin birodaringiz* mening to‘g‘rimda o‘sha
eski fikrida qolishi kerak», — dedi Isbehbaz: «U sizning to‘g‘ringizdagi fikrini
o‘zgartirgani yo‘q, lekin siz o‘zlarini musulmon yoki arab deb atayotgan o‘sha
yahudiylarga ko‘p yaqinlik qilayotganingizni ko‘rib, shu ulug‘ ayyom kunida siz bilan
ko‘rishib kohin huzurida va’dangizni eslatib qo‘ymoq uchun yubordi meni», — dedi.
Afshin kuldi:
— Ehtimol, u kishi meni bir necha yil muqaddam, shu yerda, Tabariston hokimi Moziyor
ham bo‘lgan vaqtda qilgan shartimizni unutdi deb o‘ylayotgandir. Yo‘q, mana kohin
hazratlari guvohlar, men ahdimga sodiqman.
Kohin, to‘g‘ri, degandek bosh irg‘adi. Afshin so‘zini davom ettirib:
— Mana shu otashxona guvohimizdir. Men qattiq kirishib, mablag‘ to‘playapman. Shuni
do‘stim Bobakka aytib qo‘ying. Xoh urush, xoh tinchlik yo‘lida tashlagan har bir
qadamim evaziga Mu’tasimdan albatta biror mablag‘ undirib, uni Ushrusanadagi
xazinamizga yuborib turibman. Moziyor ham o‘z va’dasida turibdi. U kishi alohida
sabablarga ko‘ra bu yil biz bilan kela olmadi. Va’dada qattiq turishimga undab, menga
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |