www.ziyouz.com
kutubxonasi
30
Jahon otasini tilga oldi-yu, uning holini eslab, xo‘rsindi va: «Sevgilim, vaqtimiz juda
g‘animat. Ha, sevgilim, sizdan oldin shu iborani tilga olganim uchun meni kechiring.
Muhabbat dunyoda qanday zo‘r narsa-ya», — dedi.
Zirg‘omning butun g‘am-g‘ussasi sirtiga tepdi:
— Bu iborani menga aytishga sizdan bo‘lak hech kimning haqqi yo‘q edi. Mana, dastlab
o‘zingiz aytib qo‘ya qoldingiz, o‘z og‘zingizdan eshitmay turib, sizni sevgilim deb
aytishga menda jur’at qayda? Tangriga shukurlar bo‘lsinki, bundan keyin sizni ham
sevgilim deb atashimga yo‘l ochildi. Bu ibora tilimda qanday laziz, ko‘nglimda qanchalar
orombaxsh. Shu so‘zni dilimda qayta-qayta takrorlaganman, sizning og‘zingizdan
eshitarmikanman deb qachonlardan buyon orzu qilib yurardim, mana, maqsadimga
erishdim. Olamda mendan ko‘ra baxtliroq odam bormi?
Jahon boshini yerga egdi. Ammo Zirg‘om undan ko‘zini uzmasdi. Ikki bilagidan
ushlashga yuragi dov bermay, iloji bo‘lsa, ikki ko‘zi bilan uni o‘z yoniga tortib olgisi
kelardi. Sevligisining vujudi titrab, boshini yerga egib turganini ko‘rgan Zirg‘omning
ko‘ngliga g‘alati xayollar keldi. Jahon hozir achchiq qilib ketib qolsa kerak, deb o‘yladi-
da, unga dedi:
— Nega boshingizni yerga egib oldingiz, sevgilim?
Jahon boshini ko‘tardi va Zirg‘omning ko‘nglidan nimalar kechganini sezib, tabassum
bilan: «Boshqa xayollarga bormang, sizni sevgilim deb atarkanman, hech kimdan
qo‘rqqanim yo‘q. Xususan, otamning sizga qilgan muomalalari va ko‘rgazgan iltifotlari
sizni oshkora shunday deb atashimga yordam berdi. Eh, otam betob bo‘lmaganlarida
edi, betob bo‘lmaganlarida...» — dedi-yu, jim bo‘ldi.
— Tangri u kishiga shifo bersin, — dedi-yu Zirg‘om qizning ko‘zlariga tikilgancha jim
bo‘ldi. Ularning har ikkisi ham bir-birovining dilidagi gapni ko‘zlaridan uqib turardi. Jahon
Zirg‘omga nisbatan ko‘proq narsa sezdi shekilli, o‘zi so‘z boshladi:
— Zirg‘om, men o‘z tuyg‘ularini sevgilisidan yashiradigan, uning diliga shubha soladigan,
ojiz qiz emasman. Necha yillar birga yashab, bir-birimizni yaxshi sinaganmiz, ruhimiz
bir-biriga payvand bo‘lib ketgan, bizni bir-birimizdan ajrata oladigan kuch endi dunyoda
yo‘q. Sizsiz menga hayot ham, orzu-umidlarim ham yo‘q. Siz meniki va men sizniki,
shunga imonim komil. Men qachon biror narsani o‘ylasam, darhol ko‘z o‘ngimda siz
paydo bo‘lasiz, o‘sha fikrimni bo‘lib yuborganday bo‘lasiz, ko‘z o‘ngimga nimani
keltirmay, uning ichida sizni ko‘raman. Shunday ekan, bizni judo qila oladigan biror kuch
dunyoda bo‘lishi mumkinmi axir? Agar vujudimizni bir-biridan ajratsalar ham, ruhimizni,
xayolimizni aslo ajrata olmaydilar. Lekin oldimizda katta bir g‘ov turibdi, shundan
o‘tsak... — dedi-yu, sukut etib ko‘zdagi yoshini sezdirmaslik uchun yuzini boshqa yoqqa
burdi.
Zirg‘om Jahonning nima demoqchi bo‘lganini tushunmadi. Biroq qizning ajoyib gaplari va
hozirgi o‘zini tutishi yigitni nihoyatda jo‘shtirib yuborgandi...
— Nimadan xavotir qilasiz? Sizning biror narsadan qo‘rqqaningizni hech qachon ko‘rgan
emasdim. Sizdagi aqllilik, dovyuraklilik hamma baloga qalqon edi-ku. Mana, ixtiyorim
qo‘lingizda, nimaki farmoningiz bo‘lsa, hammasini bajarishga tayyorman.
— Rahmat sizga, Zirg‘om, ixtiyoringizni menga topshirdingiz, men hech narsadan
qo‘rqmayman, chunki dunyoda meni sizdan chetlata oladigan hech bir kuch yo‘q.
Otamda biror o‘zgarish yoki dudmollik yuz berib qolarmikan, degan xavotirda edim,
ammo bugun o‘sha xavotirim ham yo‘qoldi. U kishining betobliklari bor, tez shifo topib
ketsalar edi,— dedi Jahon. Zirg‘om unga dalda berdi:
— Xudo xohlasa, shifo topib ketadilar. Dilingizda boshqa gaplaringiz bo‘lsa, mayli, izhor
eting.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |