Tkir hoshimov bu daraxtning nomi edi yaxshilik



Download 41,58 Kb.
Sana19.01.2017
Hajmi41,58 Kb.
#662

O’TKIR HOSHIMOV

BU DARAXTNING NOMI EDI YAXSHILIK
(«Markaziy Osiyo madaniyati» gazetasining bosh muharriri bilan suhbat.)
Toshkentning tarixiy obidalari safida Oliy Majlis binosi yaqinida joylashgan - chorsi pishiq g‘ishtli, ikki qavatli, ikki ravog‘ining ikki yonida mezanali ikki minorasi bor, peshtog‘ining old va yon tomonlarining tepasi sharafayu kitoba bilan bezatilgan madrasa alohida ajralib turadi.

Uning Markaziy Osiyo ta'lim tizimi rivojiga qo‘shgan hissasi benihoya salmoqli. Ushbu dargohda O'zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston hamda Qirg‘iziston hududlaridagi qator shahar va qishloqlardan minglab bilimga tashnalar saboq olishgan. (Ular orasida o‘zbekning ulug‘ adibi Abdulla Qodiriy, mashhur olim va shoir Abdurauf Fitrat, birinchi o‘zbek milliy universitetini ochgan olim Munavvarqori Abdurashidxonov, O'rta Osiyo va Qozog‘iston Diniya nazorati idorasining tashkilotchisi va muftiysi Ziyoviddinqori Boboxonov, mashhur dramaturg G'ulom Zafariy va boshqalar bor edi...)

To‘qson bir yil davomida minglab tolibi ilmlarga xizmat qilgan bu muqaddas dargohni qizillar abgor qilishdi.1923 yil madrasani taqa-taq yopdilar.Mudarrislariyu mutasaddilari qamoqqa tiqildi.Ularning aksariyati - o‘sha davrning ulamoyu fuzalolari ana shu madrasa asoschisi Abulqosimxon eshonning farzandlari va qarindosh-urug‘lari edi.

1810 yilda Toshkentda tavallud topgan, sakson ikki yil umr ko‘rgan Abulqosimxon eshon bobo haqida 1899 yilda Sankt-Peterburgda chop etilgan «Musulmonchilikka oid materiallar to‘plami»da shunday deyilgan: «Butun Turkistonda katta hududga ega bo‘lgan Abulqosimxon eshonning turli shaharlarda o‘n minglab muridlari bo‘lib, eshon ulardan kelgan hamda vaqf yerlaridan tushgan mablag‘lar evaziga 1832 yilda Toshkentda o‘ttiz ming ellik so‘mga madrasa qurdirgan». (U hanuzgacha Abulqosimxon madrasasi deb ataladi.)

...1865 yilda Chernyaev boshchiligidagi chor askarlari Toshkentni ishg‘ol etishayotgan mahali shahar ahlini bosqinchilarga qarshi oyoqqa turg‘izgan g‘oyaviy rahnamolardan biri Abulqosimxon eshon hisoblanadi...

Taniqli sharqshunos, O'rta Osiyo tarixi bilimdoni, «Turkestanskaya tuzemnaya gazeta» («Turkiston viloyati gazetasi») muharriri Nikolay Ostroumov esa ul zot hayotining so‘nggi kunlari bilan bog‘liq voqealarni ancha batafsil tasvirlagan.

1892 yili - tarixga «Vabo qo‘zg‘oloni» nomi bilan kirgan milliy-ozodlik harakati boshlangach, Turkiston general-gubernatori Toshkentning eski shahar hududiga chor askarlarini kiritadi.Ular tabiiyki, mahalliy aholiga tahdid sola boshlaydi.Shaharda noroziliklar battar kuchayadi. Agar bu holning oldi olinmasa, askarlar bilan toshkentliklar o‘rtasida qonli to‘qnashuv boshlanib, minglab odamlar halok bo‘lishi muqarrar edi. Buni general-gubernator Vrevskiy yaxshi anglardi-yu, ammo pinaginiyam buzishni istamasdi.Atay-lab... Va shu bois ham bu xususda unga murojaat qilganlarni ayamay jazolardi. Ammo... Abulqosimxon eshon, avvalo, unga «askarlarni olib chiqish lozim», degan mazmunda ruscha (eshon fors, arab va rus tillarini bilardi) maktub bitadi. Hayotini garovga tikib, generalning huzuriga kiradi. Uning ko‘ziga tik boqib, askarlarni chiqarmasa, katta fojia ro‘y berishini, buning oqibati general uchun ham yomon bo‘lishini aytadi. Bu dono oqsoqolning jasoratiga tan bergan Vrevskiy askarlarini olib chiqadi. Bundan quvongan aholi Xo‘ja Ahror jome' masjidiga to‘planib (1892 yilning 30 iyunida), Abulqosimxon eshonga tashakkurlar bildiradi.

O'sha kezlari Toshkentda vabo nihoyatda kuchaygan bo‘lib, bu bedavo dard yuzlab odamlarni o‘z komiga tortib ketardi. Masjidda so‘z olgan eshon aholini g‘ayridin askarlar shahardan chiqarilgani bilan qutlaydi. So‘ng vaboni o‘zi bilan olib ketajagini tilab, Allohga nola qiladi. Oradan to‘rt kun o‘tgach, Abulqosimxon eshon vafot etadi. Uni so‘nggi manzilga eltishgach esa... vabo barham topadi...

Abulqosimxon eshon o‘zi qurdirgan madrasa yonidagi qabristondan mangu qo‘nim topgan. Ushbu muqaddas joyda uning bobosi - XVIII asrda yashab o‘tgan, el-yurt orasida ulkan hurmatu izzatga ega bo‘lgan Sayyid Azimxon eshon, uning o‘g‘illari Eshonxonto‘ra (Abulqosimxonning otasi), Sayyid Qosimxon ham dafn etilgan. (Ushbu qabriston ayni paytda o‘ziga xos gulzorga aylantirilgan.)

Toshkent biqinidagi u kezlari qishloq bo‘lgan - Do‘mbiravotda Abulqosimxon eshonning ko‘plab avlodlari yashaydi. Shulardan biri - Abulqosimxon eshonning evarasi, Sayyid Hoshimxonning nevarasi, Atoullaxonning o‘g‘li - O'zbekiston xalq yozuvchisi O'tkir Hoshimov.Adibning padari buzrukvori Atoullaxon 1897 yilda tavallud topgandi.Ko‘p yillar davomida to‘qimachilik kombinatiga qarashli bolalar oromgohida ishlagan. Farzandlariga Ozoda, Erkin, To‘lqin, O'tkir, Habibullo deb ism qo‘ygan.

«Atoullaxon aka, - deb yozadi taniqli adabiyotshunos olim Abdug‘afur Rasulov O'tkir Hoshimov hayoti va ijodi haqidagi «Ardoqli adib» kitobida, - serjahl, bo‘lar-bo‘lmasga yuragini ochavermaydigan odam edi. U kishi haromdan hazar qilar, bolalariga insofli bo‘lishni singdirgandi. O'tkir Hoshimov asarlarida harom va halol haqida ko‘p yozilganligi, balki, shundandir...»

Talabalik paytidayoq o‘z asarlari bilan elga tanilgan va O'zbekistondagi eng nufuzli jurnal «Sharq yulduzi»ga o‘n yil (1985 - 1995) davomida yetakchilik qilgan O'tkir Hoshimov uning mavqeini oshirishga katta ulush qo‘shdi. «Qur'oni Karim»ning o‘zbekchaga ilk tarjimasi ana shu jurnalda chop etildi.

- O'tkir aka, suhbatni ana shu xayrli ish haqidagi hikoyangizdan boshlasak.

- O'tgan asrning saksoninchi yillari yurtimiz uchun og‘ir sinov damlari bo‘ldi. Sobiq sho‘rolar mamlakatida «oshkoralik», «qayta qurish» degan jarayonlar boshlanib, so‘z erkinligi bir qadar yuz ko‘rsatgandek bo‘lsa-da, mustabid tuzumning hali qo‘li uzun, qilichi keskir edi. Ayniqsa, o‘zbek xalqini badnom qiluvchi «paxta ishi», «o‘zbek ishi» degan qatag‘on xo‘lu quruqni baravar yondirdi. Olisdagi markazdan kelgan gdlyanchilar o‘zlariga berilgan «cheklanmagan huquq»dan to‘liq foydalanib, minglab oilalarni baxtiqaro qildi.

Ana shunday tahlikali bir davrda Alloh kalomining tarjimasi tarixda birinchi marta o‘zbek tilida «Sharq yulduzi» jurnalida chop etildi. Tarjimaning dastlabki qismi e'lon qilinishi bilanoq turli e'tirozlar boshlanib ketdi.
...Shunday qilib, bu xayrli yumushga 1989 yilda kirishildi.

Alouddin Mansur bilan tarjima xususida bir necha bor batafsil suhbatlashildi.Bu masala Yozuvchilar uyushmasida muhokama qilindi.Biroq gap aylansa kaltakning kattasi jurnal tahririyati boshida sinishi aniq edi. Shu boisdan, avvalo Qur'oni karimni, arab tilini, din tarixini biladigan, qolaversa kerak paytda jurnalni qat'iy himoya qilishga qodir mutaxassis va ijodkorlardan iborat maxsus tahrir hay'ati tuzildi. Hay'atga Abdulaziz Mansur, Alibek Rustamov, Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Ne'matilla Ibrohimov, Islom Shog‘ulomov, Umarali Normatov, Nosir Fozilov va boshqalar kiritildi. Xayriddin Sultonov, Anvar Tursunov, Omon Muxtorov, A'zam O'ktam nashrga tayyorlovchi maxsus muharrirlar sifatida tasdiqlandi.

Bu nihoyatda murakkab, mas'uliyatli va birinchi bor amalga oshirilayotgan vazifa bo‘lgani bois, tahrir muharrirlari har bir so‘z, har bir ibora ustida sinchiklab ish olib borishi kerak edi. Omon Muxtorov jurnal tahririyatida ishlar, Xayriddin Sultonov, Anvar Tursunov va A'zam O'ktam boshqa joyda xizmat qilsa ham deyarli har kuni tahririyatga kelib matn ustida ishlashar edi.

Nihoyat, 1990 yilning mart oyida Qur'oni karimning dastlabki suralari «Sharq yulduzi»ning 3-sonida bosilib chiqdi. Adashmasam, o‘sha paytda jurnal adadi 170 ming nusxa edi. Jurnal tezda tarqalib ketdi va... ketidan «g‘alvalar» boshlandi. Adabiy jurnalda diniy manbaning bosilishi ayrimlarning g‘ashini keltirishi aniq edi.

Bir tomondan ular haqli edi: sho‘ro siyosatini targ‘ib qilishi kerak bo‘lgan nashr dinni targ‘ib qilsa! Albatta, bunday e'tirozlar hali jurnal chiqmasdanoq boshlangandi.

Biroq asosiy «zarba» boshqa yoqdan keldi.Qur'oni karimning tarjima qilinib, jurnadda bosilishiga olimlar, akademiklar qarshi chiqdilar. Albatta, hammasi emas, bir guruh o‘ta «bilimdonlari!»

Bosh muharrir sifatida meni Markazkomga chaqirishdi. Afsuski, har qanday vaziyatda ham «to‘nini yechib» maydonga tushib ketadigan Ozod aka o‘sha kuni universitetda, darsda ekan.Tarjimon esa Qirg‘izistonda. Tahrir hay'ati a'zolari bo‘lmish boshqa olimlarni topishning ham iloji bo‘lmadi. Yuqori tashkilotga bir daqiqa kechi-kib borish ham mumkin emas. Yaxshiyam, baxtimizga atoqli adabiyotshunos va tilshunos, arab tilini mukammal biladigan olim Alibek Rustamov bor ekan! Jurnal mas'ul kotibi, olim bilan uchovlashib, aytilgan joyga bordik.

Markazkomning mas'ul xodimi bizni ochiq chehra bilan kutib oldi.Muomalasidan u kishining jurnalga xayrixoh ekani sezilib turardi.Ko‘nglimiz ancha ravshan tortdi. Men kam deganda o‘n nafar «olimu fuzalolar» qamchi o‘qtalib kelgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Yo‘q, akademiklar nomidan bir olim rasman vakil bo‘lib kelgan ekan. Muhtaram olimning talabi keskin va qat'iy edi. Nashrni to‘xtatish kerak!

O'sha bahsda har jihatdan mantiqli, qilichdek keskir mulohazalar bilan «raqibini» mot qilgan Alibek Rustamovdan hamon minnatdorman! (Darvoqe, Alibek aka oradan ko‘p o‘tmay Mustaqillik sharofati bilan akademik unvoniga sazovor bo‘ldi.)

Masala jiddiy bo‘lgani uchunmi, o‘sha suhbatni deyarli so‘zma-so‘z eslab qolganman.


- Qur'on tarjimasi bilan «Sharq yulduzi» shug‘ullanishi shartmi? - deb so‘radi muhtaram olim.

- Bo‘lmasa kim shug‘ullansin?

- O'zbekiston Fanlar akademiyasi bor. Bunaqa jiddiy ishlar akademiyada qilinadi, sizlar she'r bosing, hikoya bosing.

- Marhamat, akademiya ham shug‘ullanaversin.

- Akademiya shug‘ullansa, Qur'on tarjimasi o‘n yilda ham chiqmaydi - dedi Alibek Rustamov ishonch bilan. - Buni men yaxshi bilaman.

Olim boshqa vaj topdi:

- Qur'onni tarjima qilish mumkin emas. U faqat arab tilida o‘qilishi kerak!

- Kitob ingliz, frantsuz, nemis, ispan, rus tillariga allaqachon tarjima qilingan-ku!

- Ular xristian mamlakatlari!

- Turkiya, Pokiston, Afg‘onistonda milliy tillarda nashr etilgani-chi? Uyg‘ur tiliga tarjima qilingani-chi? Ular ham nasroniymi?

Muhtaram olim bu safar ham bo‘sh kelmadilar.

- To‘g‘ri, bu tillarda ham tarjimasi chiqqan. Ammo yaxlit kitob bo‘lib chiqqan. Qur'onni maydalab bosish mumkin emas!

- «Haftiyak» nima?Qur'oni karimning yettidan biri emasmi? Eski maktablarda «Haftiyak» o‘qitilgan-ku!

- «Haftiyak» - kitob.Jurnal esa vaqtli nashr. Qur'onni jurnalda bosib bo‘lmaydi.

- Nega axir?

- Chunki Qur'on muqaddas kitob. Jurnalingizni birov yirtib nomaqbul joyda ishlatsa...

Bunisi endi mantiqqa sig‘maydigan gap edi.

- Hoy, baraka topgur! Qandaydir befahm non burdasini axlat qutisiga tashlashidan qo‘rqib, novvoy non yopmay qo‘yishi kerakmi endi? Bizning odamlar orasida bunaqa betavfiqlar yo‘q!

- Bo‘lsa-chi?

Anchadan beri jim o‘tirgan Alibek akaning yirik-yirik ko‘zlari chaqnab ketdi.

- Hoy, mulla! - dedi ovozi jaranglab. - Sizning sohangizning Qur'onga nima aloqasi bor? Din tarixini bilasizmi o‘zi? Men arab mamlakatlarida ishlaganman! Hamma gazetalarda, har kuni Qur'on suralaridan parchalar bosiladi! Kitobni davomli qilib bosish mumkin emas degan gap - absurd! Mantiq yo‘q! Undan ko‘ra nima uchun jurnal akademiyadan so‘ramay bu ishni boshladi, deb qo‘yaqolmaysizmi? Bilib qo‘ying, nimani bosishni jurnal tahririyati hal qiladi! Akade-miya shu ishga jazm etgan ekan, marhamat, o‘zi ham nashr qilaversin!

Muhtaram olim fikridan qaytmadi:

- Baribir, jurnalni to‘xtatish kerak!

- Qo‘lingizdan kelsa, to‘xtating! Ammo bilib qo‘ying, obunachilar nashr nega to‘xtab qoldi, desa, «men shuni xohladim», deb javobni siz berasiz! Qolaversa, 170 mingta jurnal tarqalib bo‘ldi. Bu - 170 ming so‘m degan so‘z. Keyingi soni ham tayyorlab qo‘yildi. Unga ham shuncha mablag‘ ketgan. Hammasini to‘laysiz!


(U paytda bu juda katta pul edi.)

- Bunisi o‘z yo‘liga, - dedi Alibek aka. - Uchalamiz televidenieda chiqish qilamiz. Siz nashrni to‘xtatish kerakligini isbotlaysiz, biz esa to‘xtatish mumkin emasligini! Qani, odamlar kimni ma'qullarkin?

Muhtaram olim o‘z fikridan qaytmadi.Markazkom xodimi indamay, kulimsirab o‘tirardi. Bildimki, u kishi kim haq ekanini bilib turibdi. Biroq vaqtida harakat qilinmasa, mayda gaplar gazak olib ketishi, ishni to‘xtatishga qodir kuchlar ishga kirishishi mumkin edi.

Baxtimizga hal qiluvchi suhbat mamlakat rahbari Islom Karimov huzurida bo‘ldi. (Bu paytda Islom Karimov Markazkomning birinchi kotibi edi.) U kishi nashr atrofida bo‘layotgan tortishuvlar haqidagi gapni diqqat bilan eshitib, bu xayrli ishni to‘xtatmaslik, nashrni davom ettirish to‘g‘risida qat'iy topshiriq berdi.

Shundan so‘ng Muqaddas Kitob tarixda birinchi marta o‘zbek tilida chop etildi.

Albatta, bu birinchi tajriba bo‘lgani uchun ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lishi mumkin. Biroq Istiqlol sharofati bilan minglab, yuz minglab odamlar imon sari yuz tutishida o‘sha nashrning ham bir qadar hissasi borligiga shukrona qilamiz.

- Qaysi asaringizni qayta-qayta o‘qigingiz kelaveradi?

- Ota-onaga hamma farzand bir xil shirin bo‘lganidek muallif uchun ham barcha asar, albatta, suyuklidir. Shu bilan birga, ota-onaning alohida mehr qo‘ygan farzandiyam bo‘lganidek, men uchun ham asarlarim ichida o‘zim ko‘proq yaxshi ko‘rgan kitoblarim bor. Masalan, «Bahor qaytmaydi». Unda yoshlik tuyg‘ularim - universitetni endigina bitirgan yigitchaning tuyg‘ulari aks etgani uchun.«Dunyoning ishlari» ona haqidagi dardli kitob.«Ikki eshik orasi» ijodiy tajribamdagi salmoqli asarlardan biri. «Tushda kechgan umrlar» romani esa yangicha mavzuda bo‘lgani uchun ham menga juda qadrli.

«Tushda kechgan umrlar» romanidan bir qancha boblarni xorijda nashr etiladigan «Ikarus» jurnalida ingliz tilida e'lon qilishayotganda «U nimasi bilan sizlarga yoqadi?» deb so‘radim. «Unda siyosat yo‘q, ya'ni bu - kommunist, bu - fashist, bu - qizil, bu - oq, bu - Do‘st, bu - dushman, degan gap yo‘q. Bu asarda urush, inson, o‘lim, degan uchlik bor», deb javob qilishdi noshirlar.

- Qaysi asaringiz o‘zingizga yoqmaydi?

- Albatta, hamma asarlar ham birdek yaxshi yozilishi qiyin. Men ba'zi hikoya va qissalarimni keyingi saylanmalarga, nashrlarga kiritgan emasman. Demak, ma'lum ma'noda ulardan ko‘nglim to‘lmagan.

Mavridi kelganida shuni ayta olamanki, badiiy asarlarda (birinchi hikoyam 1963 yil 17 aprelda chiqqan) - xoh hikoya bo‘lsin, xoh qissa, xoh roman bo‘lsin, xoh drama hamisha Inson haqida yozishga urindim. Buni sof vijdon bilan ayta olaman!

- She'r ham qoralab turasizmi?

- Ajoyib shoir Erkin Vohidovning shunday go‘zal misralari bor:

O'n sakkizga kirmagan kim bor,

Bog‘ingdan gul termagan kim bor.

Sen haqingda yozib to‘rt satr,

Sirdoshiga asta ko‘rsatib,

Qo‘shni qizga bermagan kim bor...

Darhaqiqat, o‘n sakkiz yoshda «shoir» bo‘lmagan odam yo‘q, menimcha.

Tabiiyki, men ham bir paytlar she'rlar, hatto dostonlar yozganman. «Oydin xiyobon» degan dostonimni qaysidir bir tuman gazetasi chop etgan ekan, keyin olib kelib ko‘rsatishgan. Bundan ko‘p yillar ilgari yozilgan kuz haqidagi she'rimning ikki bandini aytib berishim mumkin:

Samoda turnalar shodasi

Gohida oh chekib o‘tarlar.

Samoda bulutlar podasi

Gohida yosh to‘kib o‘tarlar.

Bilmadim, bu nening talqini -

Bog‘larda erta kuz salqini.

Tunlarim uyqusiz va serg‘ash,

Xadikli tushlarni ko‘rarman.

Har sahar turarman va yakkash

O'zimdan ohista so‘rarman: -

Bilmadim, bu nening talqini -

Bog‘larda erta kuz salqini...

Lekin she'riyat bilan maydonga kirish yoki she'rlarni e'lon qilish, ularni to‘plam shaklida chop etish... xullas, shoirlikni da'vo qilish fikridan hamisha uzoq bo‘lganman. Men adibman.Prozaikman.

- Bir adibdan qanday kitoblarni sevib mutolaa qilishini so‘rashganida, «Kechirasiz, men o‘qiydigan emas, yozadigan yozuvchiman», deya javob qaytargan ekan. Siz-chi?

- Albatta, bu hazil qilib aytilgan gap bo‘lishi kerak. Chunki ijodkor o‘z ustida ishlamasa, jahon adabiyotini, o‘zi mansub bo‘lgan adabiyotni muntazam kuzatib bormasa, qanday yozishnigina emas, qanday yozmaslikni ham muntazam o‘rganmasa, uning yaxshi asar yozishi qiyin. Men uchun Navoiy bilan Shekspir ham, Tolstoy bilan Tagor ham, Qodiriy bilan Chingiz Aytmatov ham juda qadrli ijodkorlar. Xemenguey, Mopassan, Sveyg, Shukshinning ba'zi hikoyalarini va umuman, g‘arb adabiyotidan bir qancha namunalarni o‘zbek tiliga tarjimayam qilganman. Bu bejiz emas. Yozuvchi mumtoz adabiyotni ham, bugungi adabiyotni ham kuzatib borsa, ayni muddao bo‘ladi.

- Yozuvchining noyozuvchidan nima farqi bor?

- Afg‘on urushi haqida asar yozishni uzoq muddat o‘ylab yurdim. Afg‘onga borgan yigitlarning ko‘pi bilan gaplashdim. Lekin asarni boshlash juda qiyin bo‘ldi. Shu orada betob bo‘lib, kasalxonaga yotishimga to‘g‘ri keldi. Vrachlar operatsiya qilamiz deydi, men ko‘nmayman.

O'shanda kech kuz - noyabr oyi edi.Balkonga chiqib, sigaret chekib tursam, ro‘paradagi - yong‘oqmidi, chinormidi, hozir eslolmayman - daraxtdan bir yaproq uzilib, uchib-uchib kelib, oyog‘im ostiga tushdi.Bosgan edim, «qisir-qisir» etib maydalanib ketdi. Shunda bo‘lajak romanning birinchi jumlasi tug‘ildi: «Kuz o‘lim to‘shagida yotgan bemorga o‘xshaydi, oyoq ostida kasalmand xazonlar ingraydi». Asarning musiqasi topildi! Shoshilinch bilan statsionardan chiqib ketib, «Tushda kechgan umrlar» romanini o‘ttiz kunda yozdim.(Dastlabki variantini.) Agar o‘qigan bo‘lsangiz, u boshdan oxirigacha hazin bir musiqaga o‘xshaydi: Rustamning qismati ham ma'yus musiqa, Shahnozaning qismati ham, urushda halok bo‘lgan Xayriddinning qismati ham ma'yus musiqa. Mana shu musiqaning o‘zi, ehtimol, Xudo tomonidan yozuvchining, shuuriga deymizmi, qalbiga deymizmi, solingan nur bo‘lsa kerak. Demoqchimanki, yozuvchining noyozuvchidan farqi shundaki, yozuvchi Xudo qalbiga solganini yozadi.

Albatta, adabiyotdan talanti o‘rtacharoq noyozuvchilarni chiqarib tashlash kerak, degan fikr to‘g‘rimas. Iste'dodli yozuvchi ham, siz aytgan «noyozuvchi» ham bo‘lishi kerak. Ammo bir narsadan hammamiz bir qadar aziyat chekkanmiz: yozuvchilikni da'vo qilgan noyozuvchilarning hasadidan. Haqiqiy yozuvchi bo‘lolmagan noyozuvchilar anchayin hasadgo‘y, g‘arazgo‘y bo‘ladi. Yana bir yomon tomoni shundaki, ular tez birlashadi. «Noyozuvchi»lar iste'dodlilarga shoqolga o‘xshab baravar hujum qiladi. Iste'dodlilar esa hadeganda birlasha olmaydi. Ular bir-biriga xalaqit bermaydi, bir-birining mehvari (orbitasi)ga kirmaydi ham. «Noyozuvchilik»ning yana bir xatari bor: unga mansub «asar» ma'naviyatni qashshoqlashtiradi, odamlarning haqiqiy adabiyotga bo‘lgan ixlosini qaytaradi. Bu - anchayin jiddiy xavf.

Tag‘in bir narsani ko‘p o‘ylayman. Iste'dodsiz iste'dodlini ko‘rolmasa, iste'dodli iste'dodsizni yoqtirmasa yoki iste'dodsiz o‘ziga o‘xshagan iste'dodsizga hasad qilsa, harqalay tushunsa bo‘ladi. Ammo iste'dodli iste'dodliga g‘ashlik qilsa, buni tushunish ham, kechirish ham qiyin. (Afsuski, hayotda bunaqasi ham uchrab turadi...)

Yozuvchi yaratgan asar bilan noyozuvchi yaratgan asar o‘rtasida muhim bir farq bor. Bu gapni takror bo‘lsa ham yana aytmoqchiman. «Shunday asar yozsangki, uni o‘qiyotgan kitobxon dunyodagi hamma narsani unutsa, asar qahramonlari hayoti bilan yashasa. Kitobni o‘qib bo‘lgan kuni aqalli bir kecha uxlolmay to‘lg‘onib chiqsa. Oradan ko‘p yillar o‘tgandan keyin o‘sha kitobni qaytadan ko‘liga olib, o‘qiganda, yana hayajonga tushsa va nimadir yangi narsa topsa». Bunaqa asar yozish juda qiyin, lekin xdqiqiy yozuvchi shunday asar yozishi kerak.

- Qaysi adib Siz uchun idealdir?

- Men ideal degan so‘zni yomon ko‘raman. Chunki sobiq sho‘ro siyosati bizga «Lenin, Stalin ideal bo‘lishi kerak», deyaverib, tinkamizni quritgandi. Dunyoda asli ideal odam ham yo‘q, ideal yozuvchi ham. «Beayb Parvardigor», degan tushuncha bor, xolos. Inson yolg‘iz Ollohga sig‘inishi mumkin.

Jahonda buyuk yozuvchilar ko‘p. Ularning hammasini alohida sanashga vaqt yetmaydi. Agar bitta mezondan chi-qib qaraydigan bo‘lsak, o‘zbek hayotini Abdulla Qodiriychalik go‘zal va mukammal tasvirlagan prozaikni (hamkasblarim xafa bo‘lishmasin) hali ko‘rganim yo‘q. O'zbek tilining jilosini Abdulla Qodiriychalik eplab o‘rniga qo‘yolgan, kiftini keltirib ta'riflagan prozaik ham bizning adabiyotda yo‘q. O'zbek xalqining fe'lini Qodiriychalik ko‘rsata olgan yozuvchi ham yo‘q.

Bunga bitta misol keltirishim mumkin.Kumush zaharlangan, o‘lim to‘shagida yotibdi. Yonida Otabek va qaynonasi o‘tiribdi. Boshqa, masalan, Yevropa adabiyotida bunday vaziyatda har ikkala qahramon bir-birining pinjiga kirib ketishi, bo‘sa olishi, «Men seni unutmayman» deyishi mumkin va bu tabiiy. Lekin Otabek bilan Kumushning harakatida butunlay boshqacha manzara bor. Yodingizda bo‘lsa, kelinining o‘limi yaqinlashib qolganini bilgan Yusufbek hoji kelinining boshiga keladi. Jon talashib yotgan Kumush esa o‘rnidan turishga intiladi, ro‘molini qidirib qoladi.Boshyalang, erining yonida cho‘zilib yotgani uchun qaynotasidan uyaladi. Bu faqat o‘zbekka xos xususiyat!

Bunday misollarni «O'tkan kunlar»dan ko‘plab keltirish mumkin. Ba'zilar Kumushning Otabekning ikkinchi marta uylanishiga rozi bo‘lishi feodalizm illati, o‘zbek ayollarining muteligi, tobeligi, deb aytishadi. Balki shundaydir. Lekin Kumushbibining bunga rozi bo‘lishiga boshqa sabab ham bor. U erining ahvolini teran tushunadi. Otabekning boshqa iloji yo‘qligini biladi va iztirob chekishini xohlamaydi. Otabekni shu qadar yaxshi ko‘radiki, birovning qo‘yniga kirsa ham mayli, faqat azob chekmasin, deydi. Bu Kumushbibining qulligi emas, mardligi.Shaxsan men buni shunday tushunaman.

- Urush ko‘rmagansiz-u, ammo urush haqida ko‘p yozgansiz. Buning sababi nimada?

- Ha, ko‘p yozganman. «Urushning so‘nggi qurboni», «Nega? Nega-a-a?!» degan hikoyalarim, «Ikki eshik orasi», «Tushda kechgan umrlar» romanlari urush haqida. «Dunyoning ishlari» esa urush orqasidagi hayot haqida.

Men bu asarlarni azbaroyi urushni yaxshi ko‘rganim uchun emas, undan nafratlanganim uchun yozganman. Urushda g‘olib podshoh, g‘olib sarkarda, g‘olib armiya bo‘lishi mumkin, lekin hech qachon g‘olib inson bo‘lmaydi. Urushda g‘olib odam ham baxtsiz, mag‘lub odam ham.Sababi, urush odamni o‘ziga o‘xshagan boshqa odamni o‘ldirishga majbur qiladi. Odam o‘ldirgan inson esa hech qachon baxtli bo‘lolmaydi.

«Tushda kechgan umrlar» romanida bir lavha bor. Rustam tankda ketayotib, o‘liklarni mashinaga ortayotgan askarlarni ko‘rib qoladi-da, to‘xtaydi. Tushib qarasa, uning eng yaxshi ko‘rgan do‘sti Temurning o‘ligini ham ortishayotgan bo‘ladi. Temurning afti tanib bo‘lmas darajada pachoqlab tashlangani uchun uni qo‘lidagi tatiurovkadan taniydi. Yana bir dahshatli holat: Temurning olati kesib olingan edi (Afg‘on urushida yaralanib qo‘lga tushgan askarlarnig qulog‘i, burni va boshqa a'zolarini kesib tashlash holatlari ko‘p bo‘lgan.) Buni ko‘rgan Rustam o‘zini bilmay qoladi, «quturib» ketadi... U bir hovliga tanki bilan bostirib kiradi.Hammayoq chang-to‘zon.Tankdan tushadi. Birpasdan so‘ng ishkom tagidagi qizil ko‘ylakka ko‘zi tushadi. Beixtiyor yaqin boradi. Qarasa, ko‘ylak emas, yiqilib yotgan ayol ekan. Rustam uning ustiga egiladi. «Qo‘rqmang, opa, biz sizga tegmaymiz», deb yelkasidan tutsa, ayol yonboshga ag‘dariladi. Bu go‘zal ayolning o‘q teshgan bo‘ynidan oqqan qon yarim yalang‘och ko‘ksiga tushadi. Shu payt vayrona kulbadan bir yarim-ikki yoshlardagi ishtonchang bola chiqib, entak-tentak qadam bosib, ayolning boshiga keladi. «Mo‘rjona», «mo‘rjona», («mo‘rjona», - ona degani) deb, uni ema boshlaydi. So‘ng ilkis bosh ko‘taradi-da, chirqillab yig‘lab yuboradi. Bolaning og‘zidan sut emas, qon oqar edi!

Urush qiyofasi - mana shu!

Rustam «Otaman! Hammangni otaman! O'zimniyam otaman!» deb hayqiradi va hushidan ketib, kontuziya bo‘lib qoladi. Uning ruhiy holatidagi o‘zgarishda nafaqat yarador bo‘lishining, balki ana shu manzaralarning ham «hissa»si bor. U urushga bormasdi, uni majbur qilib yuborishdi. Balki Rustam o‘sha ayolni otmagandir, boshqa bir avtomatdan otilgan o‘q tekkandir unga. Lekin o‘lib yotgan ayolning gunohi nima? Urushga borib ota bo‘lish baxtidan mosuvo bo‘lib kelgan Rustamning gunohi nima? Urushda qornidan xanjar yeb o‘lgan Xayriddinning, Temurning gunohi nima?Va nihoyat, sut o‘rniga onasining ko‘ksidan qon emgan go‘dakning gunohi nima?

Shu o‘rinda men yana bir jihatni alohida ta'kidlashni istardim. Urush shunday yovuz narsaki, hatto oradan yillar o‘tsa ham odamlar uning qurboniga aylanishi hech gap emas.«Ikki eshik orasi» bunga misol. Muzaffar ham, Munavvar ham urush ko‘rgani yo‘q, ular urushdan keyin tug‘ilgan. Ammo... bu ikki yoshning uvol bo‘lgan muhabbati, Munavvarning yigirma yoshda xazon bo‘lgan navqiron hayoti, Muzaffarning qalbidagi shirin orzularning bir umrlik armon, hijronga aylanishi mash'um urushning o‘zi bitgach, yigirma yildan so‘ng ko‘rsatgan «hunari» emasmi?!

Yer yuzida bo‘layotgan har qanday urush - fojia. Bunday fojianing oldini olish uchun esa urush qanchalik dahshat ekanligini batafsil ko‘rsatish kerak. Shuning uchun ham men urush haqida ko‘p yozish kerak, deb o‘ylayman.

- XX asrning so‘nggi yillarida odamlarda kitobga bo‘lgan qiziqish so‘na boshladi. Buning sababini ba'zilar televidenie, ayrimlar esa internetga yo‘yishyapti... Sizning fikringiz-chi?

- Unisi ham, bunisi ham sababchi bo‘lishi mumkin. Kitobdan yiroqlashish esa odamlarni fikrlashdan uzoqlashishga olib keladi.

Bunga, mening nazarimda, yana bitta sabab bor. Keyingi paytlarda odamlar qazi yeyishdan ko‘ra, atala yeyishni afzal ko‘rishyapti. Chunki kitob o‘qish uchun ozgina aql kerak, vaqt kerak, farosat, fikrlash kerak. Televizorda kino ko‘rish uchun ko‘pam vaqt lozim emas. Internetdan ma'lumot olish yoxud skanvord yechish uchun katta aql shart emas. Odamlar adabiyotdan uzoqlashsa, ma'naviyat susayib, inson odamdan ko‘ra jonivorga yaqinlashib qolishi ham hech gapmas.

Bir narsa erish tuyuladi. O'n besh-yigirma ming so‘mga ikki soatlik kontsertga patta olgan odam uch ming so‘mga kitob olsa, tishini sug‘urgandek bo‘ladi. (Bundaylar bilan ko‘p marta baqamti bo‘lganman.) Kitob ikki soatga xizmat qilmaydi-ku! U o‘n, yigirma yil, ehtimol, haqiqiy asar bo‘lsa, yuz yilga xizmat qilar! O'zing o‘qimasang, bolang o‘qir, bolang o‘qimasa, nabirang o‘qir...

Menimcha, bu hol uzoq davom etmasa kerak. Odamlar yana baribir kitobga qaytadi, deb ishonaman.

- Nega o‘zbek prozasi o‘zbek she'riyatidan doimo ortda yuradi?

- Savolingizni tushunmadim. Nimasi bilan ortda yuradi?To‘g‘ri, mumtoz adabiyotda - hazrat Navoiyni olamizmi, Bobur yo Mashrabnimi - prozadan ko‘ra she'riyat taraqqiy etgan edi. Lekin o‘tgan asrdan bu yog‘iga hisoblaydigan bo‘lsak, o‘zbek prozasi o‘zbek she'riyatidan bir qadam ham ortda qolgan emas.

Katag‘onning qilichidan qon tomib turgan zamonda ham odamlar Qodiriyning «O'tkan kunlar»ini o‘qigan. Hatto butun bir romanni yod olgan!

E'tibor bergan bo‘lsangiz, so‘nggi yuz yillikda o‘zbek oilalari farzandlariga doston qahramonlarining emas, roman qahramonlarining ismini qo‘ymoqda. Prozaik asarlarning tiraji she'riy asarlarnikidan doimo ko‘p bo‘lgan. Bu bilan she'riyatni kamsitmoqchimasman.Shoir do‘stlarimga havas bilan qarayman. Faqat proza she'riyatdan orqada yuradi, degan gap to‘g‘ri emas, demoqchiman.

Lekin bir sohada proza she'riyatdan orqada qolishi mumkin: o‘zgarishlarga tezkorlik bilan munosabatda bo‘lishda. Ya'ni bugun qandaydir bir tarixiy hodisa sodir bo‘lsa, ertasiga bu haqda she'r e'lon qilish mumkin. Chunki she'riyat - chaqmoqqa o‘xshash oniy bir lahza.U o‘sha onni abadiyatga muhrlab qo‘yishi mumkin. Proza esa ildizi chuqur, tanasi bakuvvat, shoxi va yaproqlari ko‘p chinorga o‘xshaydi. She'riyatni so‘lim bir bino desak, proza - ko‘p qavatli, qurilmasi murakkab imorat: uning yerto‘lasiyam, hammomiyam, banket zaliyam, mehmonxona va balkoniyam bo‘ladi. Shuning uchun ham bunday binoni darrov qurib bo‘lmaydi. Ammo bu, yana takror-layman, nasr she'riyatdan orqada yuradi, degani emas.

- «Otangni o‘ldirganga onangni ber» degan maqolga munosabatingiz?

- O'zbek xalqida andisha degan nozik tushuncha bor. Qadimda «O'choqboshini hech qachon qo‘shnining devoriga taqab qurmagin, o‘chog‘ingdan chiqqan tutun qo‘shningning ko‘zini achitsa, yegan ovqating harom bo‘ladi», deyishgan. Bu - sof o‘zbekcha andisha.

Lekin, afsuski, «Andishaning oti qo‘rqoq», degan tushuncha ham bor. Men bu mavzuda kuyinib yozgan edim. Bir jumlasini takror aytishim mumkin: «Andishasiz azbaroyi beandisha bo‘lgani uchun dasti uzun, tili burro bo‘lsa-da, andishali azbaroyi andishali bo‘lgani uchun qo‘li qisqa, tili qisiq bo‘lsa, odamga alam qiladi». Shuning uchun ham «Otangni o‘ldirganga onangni ber» degan maqol, garchi kishini andishaga chaqirayotgan bo‘lsa-da, uning zamirida mute'lik mavjud. Bunday tobelik falsafasidan voz kechish gaart. O'zini haqli deb hisoblagan, odam, albatta, haqiqat uchun kurashishi kerak! «Daftar hoshiyasidagi bitiklar» kitobining «Farzandlarimga o‘gitlar» bobida bir jumla bor: «Shijoatli bo‘l, ammo andishasiz bo‘lma. Andishali bo‘l, ammo shijoatsiz bo‘lma». Shu bilan birga siz aytgan maqolda boshqa tagma'no ham bor. Birovniig otasini o‘ldirib, ona-sini xotin qilib olgan kimsa bir umr tahlikada yashashga mahkum bo‘ladi.

- Siz o‘zingizni to‘liq anglaganmisiz? Umuman o‘zlikni anglash degani nima?

- Hazrat Navoiyning ajoyib bayti bor:

«El netib topgay menikim, men o‘zimni topmasam...» Odam o‘zini to‘laligicha anglab yetishi mumkinmikin?

Bilmadim.Men ham o‘zimning hamma jihatimni anglab yetganman, deyolmayman.

- Qiziq, nega mardlik haqida nomardlar, ezgulik haqida esa yovuzlar og‘iz ko‘pirtirib gapirishadi, odatda?

- Sababi oddiy: inson o‘zida yo‘q narsani bor qilib ko‘rsatgisi keladi yoki uni boshqalardan izlaydi.

- Qaysi rivoyatni xush ko‘rasiz?

- Asarlarimda rivoyatlardan foydalanishga urinaman. Chunki ular asar mohiyatini, qahramon dunyosini ochishga xizmat qiladi.Ba'zi rivoyatlarni adib o‘zi yaratishi ham mumkin.

Keling, shulardan biri - «Yo‘l bo‘yidagi daraxt»ni aytib beray:

«Katta yo‘l bo‘yida daraxt o‘sardi.

Ittifoqo, uning tagiga bir yo‘lovchi keldi.

Kun issiq, yo‘lovchi charchagan edi.

Daraxt soyasida o‘tirib, dam oldi.

Yo‘lovchi ochiqqan edi. Qarasa, daraxtda mevalar pishib yotibdi.

U daraxtga chiqishga erindi, tosh otdi.

Mevalar duv to‘kildi.

Yo‘lovchi to‘yguncha yedi.

Manzil olis edi.

Yo‘lovchi daraxt shoxini sindirib, tayoq yasadi.

Keyin... zahartang qildi. Yo‘lovchi daraxt panasiga o‘tdi...

So‘ng yo‘liga ketdi...

Daraxt boshqa yo‘lovchini kuta boshladi.

Bu daraxtning nomi Yaxshilik edi...»

- «Odamlar hamma narsadan ko‘ra ko‘proq yaxshilikni tez unutib yuborishadi», degandi Shiller. Nega shunday-a?

- Bu, menimcha, inson fe'liga qusurlardan biri bo‘lsa kerak. (Yuqoridagi rivoyatga o‘xshab.) Chindanam odam qachondir, kimdandir ko‘rgan yaxshiligini esidan chiqarib yuborishi mumkin. Lekin kimdandir, qachondir ko‘rgan yomonligini unutishi qiyin. Ehtimol inson bolasi hamisha mehrga muhtojligi uchundir. Nima bo‘lganda ham odam yaxshilik qilgani ma'qul. Odatda, kimgadir, qachondir, qandaydir yaxshilik qilsangiz, uning o‘zidan qaytmasligi mumkin, ammo butunlay boshqa tomondan, albatta, qaytadi. Men bunga ko‘p karra guvoh bo‘lganman. Shuning uchun ham birovga qandaydir yaxshilik qilganda - xoh qo‘lingiz bilan, xoh yo‘lingiz bilan, juda bo‘lmasa, ikki og‘iz shirin so‘zingiz bilan ko‘nglini ko‘targaningizda, «Buning javobi nima bo‘larkin?» degan tamani xayolga keltirmaslik lozim.

- Naql borki, o‘z kuchingizni his qila olsangizgina kuchingizga kuch qo‘shiladi. Sizningcha, odamga, u o‘z kuchini his qilishi uchun, nimalar kerak?

- Bu savolga biryoqlama javob berish qiyin... Menimcha, odamning, avvalo, niyati xolis bo‘lsa, undan tashqari fe'lida izchillik bo‘lsa, boshlagan ishini oxiriga yetkazishga qat'iy qaror qilsa, o‘zini imkoni boricha ezgu ishlarga chog‘lasa, unga g‘oyibdan ham kuch yog‘iladi, shekilli.

- Yaqin kishingiz Sizni sotsa yo aldasa, undan butunlay voz kechasizmi yo...?

- Avvalo, qattiq ranjiyman, dilimda kuchli og‘riq paydo bo‘ladi. Lekin keyinchalik, o‘sha yaqinim bilan ko‘rishib qolganda bo‘lib o‘tgan noxush hodisani yodga olmaslikka intilaman. Voz kechish esa... Butunlay voz kechib ketish yoki yovlashish fikridan uzoqroq bo‘lgan ma'qul. Yovlashish hech qachon odamga yaxshilik keltirmaydi.Albatta, kimdir qattiq razillik qilsa, javobini berish kerak. Lekin bir umr ashaddiy dushmanlarga aylanish... Menimcha, keragi yo‘q buning.Bunaqa narsa umrni egovlaydi.

- Birovni nohaq ranjitganingizni tushunsangiz, uzr so‘raysizmi?

- G'ururim yo‘l qo‘ymasligi, uzr so‘ramasligim ham mumkin. Lekin iloji boricha shu odamning ko‘nglidan ishtibohni chiqarib yuborishga urinaman. Ya'ni ma'lum muddat o‘tgandan keyin qandaydir bir harakat bilanmi, qandaydir bir ish bilanmi, hech bo‘lmasa, ikki og‘iz shirin so‘z bilanmi, o‘sha insonning dilidagi o‘kinch yoki ranjish tuyg‘usini chiqarib yuborishga harakat qilaman.

- Bahslashishni yomon ko‘rasiz ekan. Sababi?

- Kim aytdi meni bahslashishni yomon ko‘radi deb?! Aksincha, haqiqat uchun imkon qadar kurashaman. Yangangiz menga: «Siz birovlarni himoya qilaman deb, tez yonib ketasiz. Bu bilan o‘zingizga o‘zingiz dushman orttirasiz, kasal orttirasiz», degan gapni ko‘p aytadi. Bir qarashda u haq. Ammo adolatni himoya qilish o‘zini hurmat qilgan har bir kishining burchi bo‘lgani bois ko‘pincha loqayd tura olmayman.

1990 yilda XXVIII s'ezd bo‘ldi. Bu uning oxirgi anjumanlaridan edi. Unga O'zbekistondan men ham delegat bo‘lib bordim.

O'shanda Qirg‘izistonda «Ayrim tashkilotlar» qutqusi bilan qirg‘iz va o‘zbek xalqlari orasiga nifoq solingan, «Paxta ishi», «O'zbek ishi» deya bolalarimizni armiyada urib o‘ldirishayotgandi. Peshanamizga «Bosmachining bolalari, poraxo‘r, qo‘shib yozuvchi», degan tamg‘alar bosilgandi.S'ezd majlisida Islom Karimov «Paxta ishi», «O'zbek ishi» degan gap o‘zbek xalqiga, butun bir millatga nisbatan tuhmat ekanligini qattiq gapirgan edi. Ertasiga men ham shu masalada so‘zladim. Keyingi paytda armiyadan O'zbekistonga kelayotgan «ikki yuzinchi» yuklar (bu temir tobut degani) ko‘payib ketganini, ularning aksariyati Afg‘onistondan emas, mamlakatning o‘zidan yuborilayotganini aytdim.

Shunda s'ezdda qatnashayotgan generallardan biri: «Siz sovet Armiyasiga tuhmat qilyapsiz. Genshtabdan aniqlaymiz, agar gapingiz tasdiqlanmasa, tribunal oldida javob berasiz», dedi. «Tribunal emas, lozim bo‘lsa, sud oldida javob beraman, men harbiy emas, delegatman», deya javob qaytardim. General kech soat oltilarda yuqoridagi masala yuzasidan ma'lumot berishini bildirdi. Haqiqatan ham u soat roppa-rosa o‘n sakkizda minbarga chiqdi. «O'zbekistonga borgan «ikki yuzinchi» yuklar faloncha emas, pistoncha ekan», dedi. Ya'ni men aytganimdan bir oz kamroq chiqdi. Lekin zaldagilar: «Ikki yuzdan ortiq o‘lim kammi, bitta soldat bolaning o‘ligi borsa ham, fojia-ku bu!» deb qichqirib yuborishdi. Keyin men yana minbarga chiqdim. «Boyagi gapingiz uchun mendan emas, o‘zbek xalqidan kechirim so‘raysiz», dedim.

Bu bahslashish emasmi?!

- Siz uchun sog‘liq afzalmi yo boylik?

- Bir qarashda bu bachkana savolga o‘xshab ko‘rinsa-da, menimcha, siz uni bejiz bermayapsiz. Yoshim oltmishga yetib bir haqiqatni angladim: ko‘p o‘qib kambag‘al bo‘lgandan ko‘ra, ko‘p o‘qimasang ham boy bo‘lganing yaxshi ekan. Ayniqsa, «bozor iqtisodi»da boylik katta rol o‘ynarkan.

Albatta, besh qo‘l barobar emas.Birov boyroq, birov mundayroq yashashi tabiiy. Boylar yomon yoki kambag‘al yaxshi, degan gap to‘g‘ri emas. Boy boy bo‘lish uchun, albatta, aqlini ishlatgan. Lekin bu - kambag‘allarning hammasi azbaroyi ahmoq bo‘lgani uchun kambag‘al bo‘lib qolgan, degani ham emas... Ammo boylik degan «ne'mat» har doim ham halol yo‘l bilan topilavermaydi. Bedil hazratlari ko‘p asrlar avval:

«Kisai hej kas nadid puri,

To nakard ixtiyori kissa buri»,


ya'ni:

«Hech kim o‘z cho‘ntagin to‘ldira olmas,

O'zga kissasiga toki qo‘l solmas»,

deganlari bejiz emas.

Shu o‘rinda g‘alati bor holat paydo bo‘lishi mumkin. Boy cheksiz darajada boyib ketaversa-yu, hech kim undan shuncha davlatni qay yo‘l bilan topding, deb so‘ramasa, kambag‘al yanayam qashshoqlashib ketaversa-yu, hech kim undan nima darding bor, deb so‘ramasa, ya'ni oradagi tengsizlik jari kengayib va chuqurlashib ketaversa, kunlardan bir kun kambag‘alning xayoliga: «Boy shuncha g‘aznani qanday qilib topdiykin, bir jihati mening hisobimga emasmi?» degan savol keladi. Insof bilan aytganda, bu savol judayam asossiz emas. Dunyodagi ko‘p taloto‘plar mana shundan boshlangan. Bu - tashvishlansa va teran o‘ylab ko‘rilsa arziydigan jiddiy muammo.

...Sog‘liq masalasi. Boylik o‘z yo‘liga, lekin sog‘liq bo‘lmasa odamga hech nima tatimaydi.

Odam ma'lum yoshga borgandan keyin bir gapni ko‘p qaytaradigan bo‘larkan. (Men ham hozir shundayman.) Har kuni yotish oldidan, ertalab turganda, avvalo, Xudoga shukrona aytib, so‘ng jumlai mo‘min qatori oilamga, o‘zimga sog‘liq ato etgin, deya iltijo qilaman. Sog‘liq bo‘lsa, qolgan hammasi asta-sekin yuzaga chiqaveradi.

- Agar sir bo‘lmasa: qaysi xatongiz hozirgacha Sizni qiynab keladi?

- Xato qilmagan odam bo‘lmasa kerak. Men ham xatolar qilganman, hayotimda yo‘qotishlar ham bo‘lgan. O'zim bilmagan holda kimlarningdir dilini og‘ritgan, kimlargadir yomon ko‘ringandirman. Lekin ataylab birovlarga yomonlik qilishdan o‘zimni tiyishga doim harakat qilganman.

...Bitta xatomni hecham kechirolmayman. Oyim: «Kel, bolam, birga suratga tushaylik», deganlarida, men «bu shunchalik shoshilinchmi», deb kulganman... Oradan bir hafta o‘tmasdan onam vafot etganlar.

- Hayotingizdagi eng kulgili voqea?

-Osmondan tushgan pul», «To‘ylar muborak» kabi kitoblarimda ko‘p kulgili voqealar, yozuvchilar orasida, masalan, Said Ahmad aka, Ozod Sharafiddinov, Abdug‘afur Rasulov, boshqa domlalar va do‘stlarim bilan bo‘lgan beozor hazillarimizni qalamga olganman.

Albatta, o‘zimning ham kulgili holatlarga tushib qolgan paytlarim anchagina bo‘lgan. Bir yili Ozod Sharafiddinov, namanganlik do‘stimiz, akamiz Nuriddin Boboxo‘jaev, Umarali Normatov, Subutoy Dolimov domla Sarichelakka bordik. Bu Qirg‘izistondagi eng so‘lim go‘shalardan biri. Tog‘ tepasida ajoyib ko‘l bor. O'n kuncha o‘sha yerda bo‘ldik. Ovqatni o‘zimiz qildik.Soqol olish, kitob o‘qish yo‘q. Hatto radio ham eshitmadik. Xullas, «yovvoyi» bo‘lib dam oldik.

Yuk mashinasida pastga tushdik.Hammayog‘imiz chang-tuproq, soqollar o‘sib ketgan. Yangiqo‘rg‘on tumani markazida bir do‘konga kirdik. Sotuvchi - chiroyli qiz kitob o‘qib o‘tirgan ekan.Ozod aka, juda sho‘x odam. Undan «Nima o‘qiyapsiz?» deb so‘radi. Qiz boshini ko‘tardi. Qaradiki, bir-birimizdan irkitginamiz. Javob bergisi kelmadi, shekilli, kitobning muqovasini ko‘rsatdi. Bu «Odamlar nima derkin» degan mening birinchi kitoblarimdan edi. Ozod aka «shumlik»ni boshladi: «Bunaqa bema'ni kitoblarni o‘qimang», dedi qizga, u ham biyrongina ekan. «O'zingiz bema'ni, kitobni tushunmasangiz, nima qilasiz aql o‘rgatib», dedi. Bizning og‘iz quloqda. Bo‘lmasa-chi, kechagina talaba bo‘lgan yigitchaning kitobini shunday chiroyli qiz o‘qib o‘tirsa! Ozod aka menga «Muxlislaring ko‘payib qolibdi», dedi-da, so‘ng yana qizga yuzlandi: «Qo‘lingizdagi kitobni mana shu yigit yozgan, istasangiz, sizga dastxat yozib beradi». Qiz esa menga bir qaradi-da, «Tur, basharang qursin, shpana!» dedi. Dovdirab qoldim... Qizni bir balo qilib ishontirishdi.Ismi Shahodat ekan (aniq yodimda qolgan.) Kitobga «Singlim Shahodatxonga...» deb dastxat yozib berdim. Shu payt ichkaridan tilla tishli, galstuk taqqan bir odam chiqdi (magazinning direktori bo‘lsa kerak.) Unga voqeani tushuntirishdi. «Pasporting bormi?» deb so‘radi u mendan. Ozod aka: «Opke!», dedi achchiqlanib. Yugurib borib, mashinadan pasportimni olib keldim. Haligi odam bir pasportimga, bir kitobga, bir yuzimga qaradi-da: «Surati o‘ziga o‘xshaydi-yu, lekin basharasi yozuvchiga o‘xshamaydi», dedi taajjublanib...

- Nimadan hazar qilasiz?

- Ikki narsadan: munofiqlik va hasadgo‘ylikdan. Munofiq balchiqda o‘sgan qamishga o‘xshab, shamol qayoqqa essa, o‘sha yoqqa qarab shox tashlaydi.Shuning uchun uncha-muncha shamolga yiqilmaydi ham.Ko‘rgan bo‘lsangiz, duradgorlar ishlatadigan «shayton» degan asbob bor. Uni qaerga qo‘ysangiz, ichidagi simob qaysi tomon baland bo‘lsa, o‘sha yoqqa chiqib oladi. Munofiq odamning xatti-harakati menga shu «shayton»ni eslatadi. Bunday odamlar qaysi tomonning qo‘li balandroq kelsa, «lip» etib o‘sha yoqqa o‘tib oladi. Qizig‘i shundaki, u o‘tib olgan tomondagilar: «Kecha-ku naryokda eding, nega endi bugun bu tomonga o‘tib olding?» demaydi. Ular esa aynan shundan foydalanadi.Bunday odamlarni varrak-ka o‘xshataman.Shamol qayoqqa essa, o‘sha tomonga «shox tashlaydi».Qancha balandlasa, dardaragi shuncha qattiq guvillaydi.Bular juda xatarli kimsalar. Foydasi tegib turgan odamning bugun tovonini yalaydi-da, ertaga foydasi tegmay qolsa, yuziga tupurishdan ham uyalmaydi! Hasadgo‘y esa undanda xavfli.Bunaqalar quturgan itga o‘xshaydi.Quturgan it-ku, duch kelganni qopadi.Bular esa tanlab-tanlab yaxshilarni abgor qiladi. Taassuf bilan aytish kerakki, qatag‘on yillari Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat va boshqa iste'dodli ziyolilarning qurbon bo‘lishida o‘z hamkasblarining ham bevosita bo‘lmasa-da, bilvosita «ulushi» bo‘lgan. Bunga bir tomondan zamona zayli, ikkinchi tomondan hasad ham aralashgan.

- Tilingizdan pand yegan paytlaringiz ko‘p bo‘lganmi? Bundan chiqargan asosiy xulosa?

- Bo‘lgan. Ba'zan aytish kerak bo‘lmagan gapni aytib qo‘yib, ba'zan qizishib... Xulosa shuki, inson iloji boricha og‘irroq, vazminroq bo‘lsa, foydadan xoli emas. Ba'zi hamkasblarimga havasim keladi: ular shaxmatchiga o‘xshaydi. Bitta gapni aytadi-da, unga to‘rtta javob qanday bo‘lishini oldindan bilgan holda, beshinchi jumlani tayyorlab qo‘yadi. Menda bunday fazilat yo‘q shekilli. Nohaqlikni ko‘rsam, indamay turolmayman. Shu qusurim tufayli ko‘p aziyat chekkanman. Ammo xanuz fe'limni o‘zgartirolmayman. Nachora...


- Bir narsaga hayronman: inson, o‘ziga nasib etganlaridan rohatlanmay, mudom nasib etmagan narsalar xususida oh chekaveradi. Shu xususda nima deysiz?

- Bu ham insonning fe'liga, xususiyatiga bog‘liq narsa. Albatta, odam olgan har bir nafasi uchun, o‘tgan har bir kuni uchun, ichgan bir qultum suvi-yu, yegan bir burda noni uchun yoki kichkina bo‘lsa ham, qilgan xayrli yumushi uchun Xudoga shukrona qilishi kerak. Lekin odam baribir, oldinga talpinadi, nimagadir erishishga harakat qiladi. Aslida gap nimaga intilishda-yu, maqsad sari qay yo‘l bilan borishda...


Suhbatdosh A. Jo‘raboyev, 2003 yil.
Download 41,58 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish