www.ziyouz.com
kutubxonasi
43
tikilishidan niyati buzuqligini tushungan Jahon, pisand qilmagandek boshini yerga egdi.
Ammo Afshin uning bu holatini azadorlikdan deb o‘yladi.
— Azizam, boshingga og‘ir kulfat tushdi, marhum otangning vafoti eng og‘ir musibat. U
kishi bilan oramizdagi do‘stlikni o‘zing yaxshi bilarding. Shu do‘stlik tufayli o‘zidan keyin
senga rahnamolik qilishni menga topshirib ketdi. Buni otang sening qadringga yetishimni
yaxshi bilganlari uchun qildilar, albatta. Buni o‘zi hayotlik chog‘idayoq senga ma’lum
qilgan bo‘lsa kerak? Sening donoliging va ziyrakligingga avvaldan qoyil qolganman. Buni
senga otang gapirgan bo‘lsalar ham kerak.
Afshin gapni bu tomonga burib ketayotganidan Jahon hayratda qolgan bo‘lsa ham, unga
murosasozlik qildi:
— Ha, sizning do‘stligingizni, ulug‘ martaba egasi ekaningizni dadamdan ko‘p marta
eshitganman. U kishi «Afshin Ushrusanada dongdor podshoh, na Farg‘onada va na
Ushrusanada uning nomini, ishlarini bilmagan birorta kishi topilmaydi», derdilar.
O‘zini bu qadar ko‘klarga ko‘targani uchun Afshin Jahonga minnatdorchilik bildirdi. So‘ng
ko‘pdan buyon sir saqlab kelgan shum niyati tomon yana bir odim tashlashga jur’at etdi:
— Meni maqtashingni eshitayin deb, bu savolni berganim yo‘q. Savolimning o‘ziga javob
berishingni istardim. Men uchun qanchalar qadrli ekaningni otangdan eshitmaganmisan?
Uning ko‘nglidagi gapni, nima demoqchi bo‘layotganini Jahon payqamay qolmadi, lekin
bilmagan bo‘lib:
— Unday gapni eshitganim esimda yo‘q. Meni o‘z farzandlaringiz qatorida va otamni esa
akangizdek bilib, bizga yaxshilik qilyapsiz degan fikrdaman. Bu olijanobligingiz uchun
sizga katta tashakkur. Arvoh xotirasini qilib, dadamning ruhini shod etayotganingiz
uchun sizdan minnatdorman. Sizdan yana bir iltimosim bor, shuni ham bajo keltirsangiz,
bizni juda mamnun etgan bo‘lardingiz, — dedi Jahon.
— Xo‘sh, nima ekan u iltimos?
— Mening donoligim va aqlimga o‘zingiz tahsin aytayotibsiz. Haqiqatan shunday bo‘lsam,
menga vasiy bo‘lishingizning nima hojati bor edi?
— Senga vasiy bo‘lishim donoliging va aqlingga futur yetkazmaydi, — dedi Afshin
ayyorona iljayib.
— Siz podshoh va bosh qo‘mondonsiz, sizning ulug‘ martabangiz va ishlaringizning
ko‘pligi menga o‘xshaganlarga vaqt sarflashga imkon bermasa kerak. Bundan tashqari,
siz Iroqda, men esa Farg‘onada istiqomat qilaman. Vasiylikdek og‘ir yukni zimmangizdan
soqit qila qolsangiz, yaxshi ish qilgan bo‘lardingiz.
— Yo‘q, yo‘q. Men otangning vasiyatiga hech qachon xiyonat qilolmayman. Sening
xizmating bo‘lgani uchun har qanday og‘irlik ham menga bilinmaydi. Xizmatingda
bo‘larmikinman, deb ko‘pdan beri orzu qilib yurardim. Ammo Iroq bilan Farg‘ona
orasining olisligi masalasiga kelganda bu hech gap emas: yo sen Iroqqa ko‘chib borasan,
yoki men Farg‘onaga ko‘chib kelaman. Har holda ikkimiz bir yerda bo‘lishimiz kerak.
Jahon uning maqsadini aniq bilib olgan bo‘lsa ham, hech narsaga aqli yetmagandek:
— Mavlono, menimcha, bunchalik bog‘lanishga zarurat bo‘lmasa kerak, — dedi.
— Meni mavlono deb atamagin, — dedi Afshin unga mehribonlik qilgandek.
— Xo‘p, bo‘lmasa, ota yoki amaki, menga bunchalik bog‘lanishning hojati yo‘q.
Afshin qoshlarini chimirib, tirjaydi va kursini Jahonning kursisiga yaqinroq surdi:
— Amaki deb chaqirishing mavlono deganingdan ham og‘irroq, nega men bilan
betakalluf, bemalol gapirishavermaysan? — U cho‘ntagidan juda qimmatbaho gavhardan
ishlangan marjon olib Jahonga uzatdi. Gavhar uning qo‘lida yaltirab turardi. «Men seni
azizam desamu, sen meni amaki deb chaqirsang durustmi?» — dedi.
Jahon avval yuzini teskari burdi, keyin unga bir ko‘z olaytirib qaradi-da, kursisini
nariroqqa surib oldi va qo‘lini orqasiga qilib:
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |