Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
www.ziyouz.com
kutubxonasi
51
o‘tkazishga ahd qilganman», der edi. Har safar Zirg‘om
otasi haqida surishtirarkan,
onasi shundan nari o‘tmasdi. Lekin Zirg‘omni bu gaplarning o‘zi qanoatlantirmay yurardi.
U kunlarning birida: «Rostini aytib bermasangiz qo‘ymayman», deb onasini qistadi. Ona
bu gapni yana keyinga surdi. Zirg‘om unga qachon shu va’dasini eslatsa, onasi javobni
boshqa vaqtga qoldiraverardi.
Zirg‘om yoshligini Farg‘onada o‘tkazdi. O‘zi tengi yigitlar qatori askarlikka kirish yoki
tirikchilik o‘tadigan biror ishning payidan bo‘lish uchun Iroqqa borishni onasidan
maslahat so‘rasa, onasi rozilik bermasdi. Oxiri borib unga ruxsat berdi va ona-bola
birgalikda Iroqqa ko‘chib, Somurroda yashab turishdi. Zirg‘omning uquvli, pishiq-puxta
yigitligi
nazarga tushib, avval askarlikka, undan keyin soqchilar boshlig‘i martabasiga
ko‘tarildi. U qachon otasi haqida so‘ramasin, onasi har safar «keyinroq aytaman», deb
bir xil javob qaytarardi.
Zirg‘om oxirgi marta hukumat topshirig‘i bilan Farg‘onaga bormoqchi ekanini aytib,
undan ruxsat so‘raganda, onasi tezda qaytib kelish shartini qo‘yib, rozilik berdi. Ona
cho‘risi Mas’uda bilan o‘z saroyida yolg‘iz qoldi.
Oftob butun kunini uyda o‘tkazar, boqchaga ahyon-ahyonda chiqardi. Joriya Mas’uda esa
qo‘lidan kelgancha uni ovutish-yupatishga harakat qilardi. U bir necha yildan beri
Oftobning xizmatida edi-yu, lekin o‘z bekasining ko‘ngli ochilib,
kulib turganini biror
marta ham ko‘rmagandi. Oftobning bu qadar ma’yus va parishonholligidan boshqalar
kabi Mas’uda ham hayron edi, sababini sira tushuna olmasdi. Shunga qaramay, u
Oftobning muloyimligi va kamsuxanligi uchun juda ham sevar, hurmat qilar edi.
Oftob keksaygan, ko‘zi ojiz bo‘lsa ham, ko‘rkam va yoqimtoy ayol edi.
Uning yuzlarida
yoshlikdagi mislsiz husnning izlari qolgandi. Boshidan ko‘p og‘ir kunlar kechganiga
qaramay, uning barvastaligi, salobati, xushtabiatligi saqlanib qolgan edi. Cho‘risi
Mas’uda Oftobning ko‘nglini ko‘tarish uchun har xil voqealardan gapirib berib o‘tirardi.
Uning xalif Mu’tasim to‘g‘risidagi hikoyalarga ko‘proq moyilligini, xususan, o‘g‘li soqchilar
boshlig‘i bo‘lganidan keyingi voqealarga qiziqib quloq solishini Mas’uda sezardi.
Lekin
gapirmas, onda-sonda xo‘rsinib: «Bolaginam Zirg‘om qachon kelarkin, juda olislab
ketdi», deb qo‘yardi xolos.
«Zirg‘om kaytib kelyapti», degan xushxabarni birinchi bo‘lib Mas’uda eshitdi. Onasi
yo‘liga intizor bo‘lib o‘tirganini bilgan Zirg‘om o‘zidan oldinroq elchisini yuborgan edi.
Elchi kelib Mas’udaga Zirg‘omning kelayotganini xabar qilish bilan, Mas’uda yugurib
sayidasi Oftob oldiga chopdi. Oftob uning yuzini ko‘ra olsa, albatta,
qizning chehrasida
shodlik alomatlarini payqagan bo‘lardi. Ona bechorani biror xastalik yoki tabiiy nuqson
emas, balki zamonaning jabr-sitamlari ko‘rish ne’matidan mahrum qilgandi. Ko‘r bo‘lib
qolishining haqiqiy sababini hammadan sir saqlab yurishi ham zamona zulmi tufayli edi.
Ona Mas’udaning shoshilib kirishidan yaxshilik xabar topib kelganini sezdi, yuragi oshiqib
ketganidan, uni gapirishga ham qo‘ymay:
— Ha, Mas’uda, o‘zi nima gap? Zirg‘om keldimi? — deb so‘radi.
— Ha, sayidam, Zirg‘om keldi, qaerdan bildingiz? — dedi qiz.
— Ko‘nglim sezib turuvdi, axir Zirg‘omdan bo‘lak kimim ham bor? Qani, Zirg‘om o‘zi?
— Kelayotganmish,
yaqin kelib qolganmish, — onani yupatdi Mas’uda.
Oftob o‘zini tutolmay, irg‘ib o‘rnidan turdi. Uning yuzlariga qon yugurdi, ko‘zidan tomgan
ikki dona yoshni qora ro‘molining bir chekkasiga surtib, tabassum bilan dedi:
— Zirg‘omim kelyapti? Xudoga shukur, uyga qachon yetib kelarkan?
—
Xudo xohlasa, kechqurungacha kelib qoladi, — tasalli berdi Mas’uda.
Oftob: «Tur bo‘lmasa, darrov kechki ovqatingga urin»,— dedi-da, ko‘zi qaytadan
ochilganday, hech narsaga turtinmay-qoqilmay to‘ppa-to‘g‘ri o‘z hujrasiga borib, yuz-