www.ziyouz.com
kutubxonasi
52
qo‘lini yuvdi, yangi kiyim-boshlarini kiyib oldi. Zirg‘omga muntazirlikdan o‘zini chalg‘itish
uchun bo‘lar-bo‘lmas narsalarga urinib turdi.
Oftob zehni o‘tkir va sezgisi nozikligidan xizmatchilarini uydami, bog‘chadami yurganini
o‘tirgan yerida payqab turardi. U o‘z ishlaridan qutulgach, ayvonga kelib o‘tirdi. Mas’uda
esa sayidasining o‘g‘li kelayotganidan xursandligini ko‘rib, sevina-sevina oshxonada
ovqat tayyorlash bilan mashg‘ul edi. Oftobning «Mas’uda» deb chaqirgani eshitildi.
U yugurib kelib: «Labbay, sayidam, men shu yerdaman», — dedi.
— Zirg‘om keldi, xizmatchilarga ayt, darrov uning istiqboliga chiqishsin, — dedi ona.
Hali hech narsaning daragi bo‘lmay turib, o‘zidan-o‘zi «Zirg‘om keldi» deganidan
ajablanib Mas’uda boqcha tomon chiqib qaradi, lekin hech kimni ko‘rmagach, qaytib
kelib Oftobga: «Kelganicha yo‘q, lekin hali zamon kelib qolsa kerak», — dedi.
— Bir otning oyoq tovushlarini eshityapman, — dedi ona. Oftobning g‘oyat sezgirligini
ko‘pdan sinab kelgan Mas’uda garchi yaqinlashib kelayotgan biror kishini ko‘rmasa ham
boqcha tomon borib, xizmatchilarga Zirg‘omni kutib olishni buyurdi. U qaytib boqcha
eshigiga yetmasdanoq, olisdan ko‘tarilayotgan changni ko‘rib, otlarning tapir-tupur
ovozini eshitdi-da, Oftobning so‘zi rostligiga to‘la qanoat hosil qildi. Ozgina fursat o‘tar-
o‘tmas safar kiyimidagi otliq Zirg‘omga, uning orqasidan boshqa bir otni choptirib
kelayotgan Vardonga ko‘zi tushdi. Oftobdan suyunchi olish uchun uy tomon yugurib
keldi. Ona ko‘zlarini katta-katta ochganicha, otlarning ovozi kelayotgan tomonga tikilib,
eshik yonida turardi. Go‘yo bir narsani ko‘rayotgandek ko‘zlari aylanib turardi. Uning
ko‘zini aylantirayotgan narsa tengsiz onalik mehri edi. Mas’udaning kelayotganini sezgan
Oftob uni gapirtirishga qo‘ymay: «Men, Zirg‘om keldi demadimmi? Otining ovozi bo‘g‘in-
bo‘g‘inimga singib, nafasining haroratini sezib turibman. Xudoyim, uni yomon ko‘zdan
asragin». Oftob bu gaplarini ko‘zi, qoshi, qo‘li va butun gavdasi bilan gapirayotgandek
tuyulardi. Uning bu holati Mas’udaga qattiq ta’sir qildi. Onaga rahmi kelib, yuragi achidi.
Koshki u mushtipar onaning hozir ikki ko‘zlari charaqlab ochilib ketsa-yu, nuri diydasini
ko‘rsa.
Boqcha darvozasiga yetib kelgan Zirg‘om otning jilovini xizmatchisiga tutqazib, hovli
zinapoyasiga chiqib onasining yoniga keldi-da, uning og‘ushiga otilib, qo‘llarini o‘pa
boshladi. Ona ham onalik mehri bilan uni o‘z bag‘ridan qo‘ymasdi. U ayvon tomon yo‘l
olib, o‘g‘lini eson-omon yetib kelgani bilan muborakbod qilar, qayta-qayta o‘pib, yelkasi,
bilaklari, ko‘kragi va bo‘ynini ushlab zavqlanar va barmoqlari bilan yuzi, soqol-
mo‘ylablarini silardi. Go‘yo ona barmoq uchlari bilan o‘z farzandining butun vujudini
ko‘rayotgandek his qilardi. Zirg‘om bilan qo‘l ushlashib ayvonga kelgan ona avval o‘zi
ko‘rpachaga o‘tirdi-da, qo‘lidan birov olib qochib ketayotgandek qizg‘anib, o‘g‘lini
mahkam quchoqlab, yoniga o‘tqazdi. Sevinganidan uning ko‘z yoshi sira tiyilmasdi.
Zirg‘om esa yosh boladek ona bag‘ridan o‘zini olmasdi. Shu yo‘sinda birmuncha fursat
o‘tgach, ona undan hol-ahvol so‘rashga o‘tdi. O‘g‘il sog‘-salomatligini aytib, uni tinchitdi
va: «Sizni juda ham sog‘indim, shuncha uzoq vaqt safar vaqtida bir daqiqa ham
xotiramdan nari ketmadingiz», — dedi.
Oftob Mas’udaga darrov dasturxon yozishni buyurdi. Zirg‘om esa safar kiyimlarini
yechib, boshqa kiyinib kelish uchun onasidan ijozat so‘radi. U safarga ketganidan buyon
birinchi marta hamma yoqda shamlar yondirilgan kecha edi. Chunki avvalo Oftob uchun
shamning hojati bo‘lmasa, undan keyin Zirg‘om ketgach, keldi-ketdilar ham tiyilib
qolgandi. Ular birgalikda dasturxon atrofida o‘tirib ovqatlanishdi. Ovqatdan keyin Oftob
o‘g‘lini yoniga olib qo‘yarda-qo‘ymay gapga solaverdi. Yo‘ldan charchab kelgan Zirg‘om
onasining ijozati bilan yonboshladi, ko‘rish ne’matidan mahrum bo‘lgan ona uning qo‘lini
ushlaganicha yonida o‘tirardi. Onasining iltimosiga ko‘ra, u Somurrodan chiqib
ketganidan buyon ko‘rgan-kechirganlarining hammasini birma-bir hikoya qilib berdi.
Farg‘ona kelini (roman). Jo'rjiy Zaydon
Do'stlaringiz bilan baham: |