Mustahkamlash:
1. Buddaviylik dinining asosini nima tashkil etadi?
2. Buddaviylik dinining payg’ambari kim?
3. Hozirgi kunda dinning ahvoli?
Dars yakuni: baholarni e’lon qilish
Uyga vazifa: mavzuni o`qib savollarga javob yozish.
Fan: Din tarixi 9- sinf
Mavzu: Xristianlik dini tarixi
Maqsad:
Ta`limiy : o`quvchilarga Xristianlik dini tarixi haqida ma’lumot berish
Rivojlantiruvchi: o`quvchilarni diniy ta`limotlarni taqqoslay olish, tahlil qilsh qobiliyatlarini rivojlantirish
Tarbiyaviy: o`quvchilarni diniy bag`rikenglik ruhida tarbiyalash
Dars turi: yangi bilim beruvchi
Dars usuli: Interfaol
Dars jihozi: Elektron darslik, xarita, tarqatmalar
Darsning borishi:
Tashkiliy qism
Navbatchi axboroti
O`tilgan mavzuni so`rash
Yangi mavzuning bayoni:
Hozirgi davrda e’tiqod qiluvchilarning ko‘pligi jihatidan va xalqaro miqyosda nufuzli o‘ringa ega dinlardan biri xristianlikdir. Xristianlik milodiy I asrning boshlarida Rim imperiyasining mustamlakasi bo‘lgan Falastinda vujudga kelgan. «Xristianlik» iborasi qadimgi yahudiy tilidagi «mashiax» so‘zining grek tiliga tarjimasida «xristos», ya’ni muqaddas yog‘ surtilgan, messiya (mahdiy) degan ma’nolarni anglatadi. Falastin milodiy I asrda Rim imperiyasining provinsiya (viloyat)laridan biri bo‘lgan. Bu davrda Rim jamiyatining inqirozi uning provinsiyalarida yanada keskin tus olgan. Falastinda yashovchi yahudiylar imperiyaga bo‘ysundirilgan boshqa xalqlar qatori, mustamlakachilar va mahalliy hukmdorlarning zulmidan ezilganlar. Shu bois, norozi xalq mustabid tuzumga qarshi kurash olib borgan. Lekin chirigan imperiya hanuzgacha katta harbiy qudratga ega bo‘lganligi sababli, qo‘zg‘olonlarni shafqatsizlik bilan bostir ishga qodir edi. Uzoq vaqt davom etgan kurashning muntazam bostirilishi natijasida mazlum xalq orasida adolatsiz tuzumni yo‘q qilib, ilohiy podsholik quradigan xaloskor-messiya (mahdiy) to‘g‘risidagi g‘oya yuzaga kelgan. Ayni paytda, xalqning ezgu-niyatlaridan o‘z maqsadi yo‘lida foydalanishga intiluvchilar, ayrim zohidlar, diniy mazhablarning vakillari, hatto tavakkalchi lo‘ttivozlar o‘zlarini mahdiy deb e’lon qilganlar. Iso Masihning hayoti va faoliyati Bibliya (Injil)ning «Yangi Ahd» qismi, ya’ni yevangeliyalarda (grek tilida euangelion – yaxshi xabar degan ma’noni anglatadi) batafsil bayon qilingan. Diniy rivoyatlarga ko‘ra, farishta Gavriil (Jabroil) kambag‘al qiz Mariya (Mariyam)ga xudo unga xaloskor-messiyaning onasi bo‘lishni ato etganligi haqida xabar bergan. Mariya Ota xudo (xudoning qiyofalaridan biri)dan g‘oyibdan homilador bo‘lgan. Uning eri qariya Iosif (Yusuf) xotinining ilohiy homiladan tuqqan (Jabroil unga ma’lum qilgan) bolasini qabul qilgan. Iso 30 yoshga kirganidan keyin Iordan daryosi bo‘yida Ioan Cho‘qin-tiruvchidan cho‘qintirishni qabul qilgan va da’vatkorlik faoliyatini boshlagan. Uning atrofida shogirdlari, qarindosh-urug‘lari va yaqinlaridan iborat maslakdoshlar guruhi shakllangan. Guruhning asosini Isoning 12 shogirdi – apostollar (grekcha apostols – vakil yoki arabchada havariylar degan ma’nolarni anglatadi) tashkil etgan. Iso guruh a’zolari bilan birgalikda Falastin bo‘ylab sayohat qilib, odamlarni yagona xudoga sig‘inishga da’vat etgan, bemorlarni davolaydigan, mo‘jizalar ko‘rsatgan. Iso tashviqotlarda odamlarga yagona xudo yerdagi odamlarning yaratuvchisi ekanligini, xudoning yerda ilohiy podsholik o‘rnatilishi to‘g‘risidagi xabarini odamlarga yetkazish maqsadida o‘zining vakil qilib yuborganligini aytgan. Odamlarning ma’naviy tushkunlikdan xalos bo‘lishlari va ilohiy haqiqatga erishishlari yo‘lida o‘zini, (ya’ni Isoni) xudoning o‘g‘li, xudo va odamlar o‘rtasidagi vositachi sifatida tan olishlariga va uning ta’limotini qabul qilishga da’vat etgan. Falastinda Isoning uch yillik da’vatchilik faoliyati kutilgan natija bermagan, unga ergashganlar juda kam bo‘lgan. Bundan tashqari, uning qarashlari iudaizm ta’limotiga mos kelmasligi, ba’zi bir muhim masalalarda unga qarshi turganligi, Quddus kohinlarining keskin qarshiligiga sabab bo‘lgan. Rim davlati va kohinlar uni soxta mahdiylikda ayblab ta’qib qilganlar. Oqibatda Iso hokimiyat va rasmiy dinni badnom qilganligi uchun xochga tortib o‘ldirishga hukm qilingan. Iso Masihni uchta qaroqchi bilan birga qatl qilinishi belgilangan. O‘sha davrda rasman tan olingan an’anaga binoan, qatl maydonida to‘plangan olomon o‘limga mahkum qilinganlar orasidan bittasini afv etish huquqiga ega edi. Shu bois, olomon qaroqchi Varravani tanlab, Iso Masihdan yuz o‘girgan. Diniy rivoyatlarda qayd etilishicha, Iso qatl qilinganidan keyin uch kun o‘tgach mo‘jizaviy ravishda qayta tirilgan va shogirdlari bilan qirq kun birga bo‘lgan. Qirqinchi kun Iso shogirdlariga oxiratda yana yerga qaytishini aytib, osmonga ko‘tarilib ketgan. Isoning hayot faoliyati to‘g‘risidagi diniy rivoyatni qisqacha shunday ta’riflash mumkin. Yevangeliyalarda qayd etilgan Isoning hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarda noaniqliklar mavjud. Masalan, havoriy Matfey o‘z yevangeliyasida Iso shajarasini Dovud, Solomon va Ibrohim bilan bog‘lashga harakat qilgan. Havariy Luka Iso Dovudning 28-avlodi ekanligini qayd etgan. Mazkur dalillarni isbotlash qiyin, chunki Dovud tarixiy manbalarga ko‘ra, miloddan avvalgi X asrda yashagan (ming yil davomida ularning o‘rtasida bor-yo‘g‘i 28 ta avlod o‘tganligi shubhalidir). Yevangeliyalarda Isoning hayoti to‘g‘risida qayd etilgan ma’lumot-lardagi noaniqliklar yoki xatolar uning tarixiy shaxs ekanligiga shubha tug‘diradi. Shu bois uning shaxsiga munosabat masalasida afsonaviy va tarixiy maktablar shakllangan. Afsona maktabining vakillari Isoning tarixiy shaxs ekanligini inkor etadilar va Iso to‘g‘risidagi qarashlarning turli diniy rivoyatlardan tuzilganligini isbotlashga harakat qiladilar. Mazkur maktabning kamchiligi shundaki, unda Iso to‘g‘risidagi qarashlarning asosida hech qanday tarixiylik yo‘q degan g‘oyani isbotlashga intiladilar. Boshqa tarixiy maktab vakillari esa Isoning tarixiy shaxs ekanligini isbotlashga harakat qiladilar. Bunda asosiy dalil sifatida yevangeliyalarda nomlari qayd qilingan personajlar: Ioan cho‘qintiruvchi, havariy Pavel, Rim noibi Pontiy Pilat kabilarning tarixiy shaxs ekanligi qayd etiladi. Albatta, bu dalillar uning tarixiy shaxs ekanligini isbot qilish uchun yetarli emas va bunga yanada asosli dalillar talab etiladi. 1946–1947 yillarda O‘lik dengiz qirg‘og‘ida joylashgan Qumron g‘oridan arxeologlar tomonidan qadimgi o‘rama bitiklarning topilishi ushbu masalaga oydinlik kiritgan. Qo‘lyozmalarning milodiy I asr o‘rtalarida Falastinda faoliyat ko‘rsatgan iudaizmning essinlar mazhabiga tegishli ekanligi aniqlangan. Essinlar e’tiqodi, diniy marosimlari va turmush tarzi bilan xristianlikka yaqin turgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |