O‘RTA OSIYO XALQLAR ADABIYOTI
KIRISH
Oliy o‘quv yurtining o‘quv rejalariga hozirgi davr talablaridan kelib chiqadigan fanlar kiritilmoqda. Ana shunday fanlardan biri «Turkiy xalqlar adabiyoti» fani bo‘lib, u 2000-2001-o‘quv yilidan boshlab adabiyot o‘qitish dasturlariga kiritilgan. Bu fanni o‘qitishdan asosiy maqsad turkiy xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish, ularning o‘zaro totuvligini yanada mustahkamlashdan iboratdir. Asli kelib chiqishi bir bo‘lgan bu xalqlar adabiyotini qiyosiy-tipologik tahlil qilish hozirgi adabiyotshunosligimizning eng dolzarb masalalaridan biridir. Adabiyot xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik elchisi ekanligini hisobga olib, biz ushbu ishimizda turkiy xalqlar adabiyoti tarixidagi mushtarak va farqli tomonlarni aniqlashga harakat qildik.
Mazkur darslikda ozarbayjon, tatar, turk adabiyoti haqida ma`lumot beriladi. Ozarbayjon adabiyoti o‘zining go‘zal durdonalari bilan muhim ahamiyatga ega. Shu sabab mazkur darslikda ozarbayjon adabiyotining eng sara asarlari hamda ijodkorlari haqida ma`lumot berishga harakat qilindi. Jumladan, Nizomiy Ganjaviy, Muhammad Fuzuliy, Voqif, Vidodiy; hozirgi zamon ozarbayjon adabiyoti vakillaridan Bokixonov, Mirza Fatali Oxundov singari ijodkorlar asarlariga to‘xtaldik. Turk adabiyoti haqida ham yuqoridagi fikrlarni takrorlash mumkin. Turk adabiyoti vakillaridan: Jaloliddin Rumiy, Ahmadiy, Sulton Valad, Yunus Emre ijodi haqida ma`lumot berildi.
Ma`lumki, turkiy xalqlar adabiyotining bir qismi sobiq sho‘ro davrida ham o‘rganildi. Lekin unda asosan sho‘ro hukumati tarkibiga kirgan turkiy xalqlar adabiyoti sinfiy nuqtayi nazaridan o‘qitilar edi. Bugungi kunda esa bizga bu adabiyotni qanday bo‘lsa, shundayligicha to‘g‘ri, haqqoniy o‘rganishga imkon yaratildi. Shundan kelib chiqib, biz mazkur ishimizda o‘zbek adabiyotshunosligida avval kam o‘rganilgan yoki umuman o‘rganilmagan turkiy xalqlar adabiyoti haqida ko‘proq ma`lumot berishga harakat qildik. Izlanishlar natijasida biz turkiy xalqlar adabiyotining og‘zaki ijodi va qadimgi davri bir-biri bilan ko‘p tomonlama juda yaqin ekanligining guvohi bo‘ldik. Bundan tashqari turkiy xalqlarning qadimgi yodgorliklari haqida ham fikr-mulohazalar yuritildi. Ularning o‘rganilish darajasi va bugungi kundagi ahamiyati tadqiq etildi.
Turkiy xalqlar adabiyotini o‘qitishning yana bir vazifasi talabalarda umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirish, ularni shu ruhda tarbiyalash ham hisoblanadi. Ana shu maqsadda ushbu darslikda mashhur adiblar ijodi va ularning asarlaridan ayrim namunalar ham keltirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |