Jaloliddin rumiy ma’naviy merosining umuminsoniy madaniyatda tutgan o’rni



Download 40,89 Kb.
Sana23.07.2022
Hajmi40,89 Kb.
#842009
Bog'liq
JALOLIDDIN RUMI-WPS Office


JALOLIDDIN RUMIY MA’NAVIY MEROSINING
UMUMINSONIY MADANIYATDA TUTGAN O’RNI
Tarjimai hol

Mavlono Jalol id-Din Muhammal Rumiy yoki Mavlono nomlari bilan taniqli - asosan, fors tilida sharq she’riyati asarlarini yaratgan atoqli fors-tojik shoir-so‘fisi. Ba’zida uni Mavlono Jalol id-Din Muhammad Balxiy, ya’ni tug‘ilgan yeri bo‘lmish ona shahri nomi bilan ham chaqirishgan.

1207 yilning 30 sentabr kuni Vaxsh (hozirgi Tojikiston) shahrida, o‘sha vaqtlar Xurosonning yirik poytaxt viloyatining shimoliy Baxl hududida, xalqda mashhur saroy din-huquq va xatib-so‘fi olimi - Baxouddin Valid (1148-11231) nomi bilan mashhur Muhammad bin Husayn al-Xatib al Balxiy oilasida dunyoga kelgan. Otasi mo‘g‘ullar istilosi subab, ona shahridan qochib, ko‘p yillik darbadarlikdan so‘ng, Kichik Osiyoning (Rum) Kunya shahrida, turk-saljuqlar saroyida o‘rnashadi.

Jaloliddin nafaqat diniy-huquqiy, balki, aniq fanlar sohasida ham yaxshi tahsil olgan, arab, yunon tillarini, “Qur’on”ni va uni tavsirini yaxshi bilgan.

XIII asrda Kunya shahrida Sulton Valad so‘filik Mavlono ordenini ta’sis etib, marosimlarda Rumiy asarlaridan foydalanilgan. Rumiy — Usmoniylar Turkiyasidagi eng obro‘li darveshlarning hamda bizning davrimizdagi mavjud tariqatning ma’naviy davomchisi.

Bolaligidayoq u Xurosonning asosiy shahri - ona yeri Balxni tark etishga majbur bo‘ladi. Uning otasi Muhammad Baxouddin Valad so‘fi va diniy-olim bo‘lgan. Shuning uchun ham u Xorazm shohi Muhammaddan saroyida xizmat qilish taklifini oladi. Ammo Valad o‘z e’tiqodida mustahkam, chuqur bilimga ega va juda haqqoniy bo‘lgan. Turli vajlarga ko‘ra, u shohning iltimosini rad etib, bolalarga dars berish uchun maktabda qoladi va ilmiy hamda ijodiy faoliyatini davom ettiradi. Shu sabab Xorazm shohi bilan o‘rtalarida kelishmovchilik yuzaga keladi. Haj safarini amalga oshirish maqsadida, u oilasi bilan Balxni tark etadi.

Makkaga safari chog‘i, Nishopurda u shayh Farididdun Muhammad Attor bilan suhbat qurish sharafiga muyassar bo‘ladi. Qiziquvchan shayh Rumiyga bog‘lanib qoladi va unga o‘zining “Asrornoma” kitobini bag‘ishlab, Jaloliddin uni doim yonida olib yuradi. Rumiy she’riyat, falsafa va dinshunoslik bobida bu qadar cho‘qqilarga erishishiga o‘sha davrlarning ma’rifatparvarlari shayh Shams Tabriziy va Farididdun Attorlarning hissasi beqiyosdir. Shams Tabrizdan u falsafa, xususan, so‘fichilik bilan tanishadi.

1228 yil Valad Kunyadagi madrasasida muallimlik o‘rnini egallash taklifini oladi va o‘sha yerga ko‘chib o‘tib, tez orada, 1231 yil vafot etadi va uning madrasadagi o‘rnini Jaloliddin egallaydi. Bir yildan so‘ng Jaloliddin madrasada dars berish bilan birga, Valadning fikrdoshi Burxon id-Din Muhaqqiqning shogirdiga aylanadi. Bu ma’naviy tarbiya, deyarli o‘n yil davom etdi: u barchaning hurmatiga sazovor mudarris va masjid xotibi bo‘lib qolish barobarida, o‘z oilasi bilan bekamu-ko‘st va xotirjam hayot kechiradi.

Jaloliddinning so‘filik yo‘liga tushishi daydi so‘fi va’zxoni Shamsiddin Tabriziyning ismi bilan bog‘liq. Bu darveshning xutbalari va u bilan shaxsiy suhbati va keyinroq sirli g‘oyib bo‘lishi Jaloliddin qalbini butunlay o‘zgartirib yuboradi. Uchrashuv quvonchi-yu, do‘stiga bo‘lgan kengqamroqli muhabbat va judolik fojiasini tuyib, u butun dunyoga taniqli daho shoirga aylandi.

Ammo Jaloliddin 1247 yili g‘oyib bo‘lgan, unga ma’naviy fazilatlarini yodga solib turuvchi o‘qituvchisi Shamsiddinsiz ortiq yashay olmay, ijodini ham davom ettirolmasdi. Yosh zargar Salohiddin Zarkub ham sevimli ustoziga aylanib qolgan edi, u 1258 yili vafot etganidan so‘ng, uning o‘rnini Husamiddin Hasan bosadi.

Aynan Husamiddin oldida Jaloliddin ko‘plab she’riy asarlari insoniyat uchun yozib, saqlanib qolinganligi uchun qarzdor, zero, shoir ularni odatda o‘qib berar yoki hirgoya qilib berardi. Uning taklifiga va yordamiga binoan, Jaloliddinning asosiy asari - olti bobli “Masnaviy” (“Yashirin ma’no haqida doston”) yaratilgan. O‘zining yashirin ma’nosida ushbu doston so‘fichilik ensiklopediyasi hisoblanadi, lekin unga bu jihatdan faqat so‘fichilik yo‘lidagilargina baho bera olib, unda G‘azaliy, Sanoiy, Attor va o‘z davrining boshqa bao‘bro‘ so‘fichilarining taraqqiy g‘oyalarini ko‘ra oladilar.

Rumiyning salobati shundaki, u buyuk shoirlik maqomiga ega bo‘lib, turkiy olamga tanilgan. Islom dinining barcha oqimlari va boshqa dinlar uchun u yagona g‘oyani ilgari surib, unda Yaratganga bo‘lgan muhabbatni, uning kuchiga bo‘lgan e’tiqodni, niyat va ishlarning pokligini tarannum etgan. U shunday yozgan: “Yo‘llar turli bo‘lishi mumkin, ammo yakuniy maqsad yagona - Allohning oldiga borish”. U umrining oxirigacha Xudoning oldida barcha tengligini targ‘ibot qilgan.

Rumiyning “Bilim mohiyati” asari bu uslubda yozilgan tengi yo‘q kitob sanaladi. Uni Rumiy ruboiy emas, nasr uslubida yozgan. Kitobda so‘zlar bulbul og‘zidan chiqqani kabi erkin uzuladi. Unda barcha narsa erkin: qalb ham, fikrlar ham, jumlalar ham, holat ham. Rumiydan sakkiz asr o’tib, XX asr shoirlari oq she’r deb nomlanuvchi adabiy uslubdan foydalana boshlashdi. Bu uslubni hali XIII asrda Jaloliddin Rumiy ochib, o‘z ijodida foydalangan edi.

O‘zining sevimli asarini u 15 yoshida yozgan. Unda yigirma besh ming olti yuz o‘n sakkiz bayt mavjud. Kitobni jahon adabiyoti shoh asari deb hisoblasak mubolag‘a bo‘lmaydi. Uni, shuningdek, “So‘fichilik qonunlari” deb ham atashadi.

U vaqtlar insonlarning yerdagi yagona kelib chiqishi haqida gapirish jasorat hisoblangan.

Jaloliddin o‘z asarlarini turli taxalluslar bilan imzolagan: “Balxiy” - tug‘ilgan yeri bo‘yicha, “Shams Tabriziy” - do‘sti va ma’naviy ustozi, ammo eng tanilgan taxallusi “Rumiy” - u va uning yaqinlari ikkinchi vatanini topgan mamlakat.

Jaloliddin Kunyada 1273 yilning 17 dekabrida vafot etgan va otasining oldidagi maqbaradan qo‘nim topgan. Ularning maqbarasi ziyoratchilik yeri hisoblanadi.

Rumiyning adabiy faoliyati serqirra emas, lekin muhim ahamiyatga ega. Jaloliddin avvalam bor, shoir bo‘lgan. Uning lirik “Devon”i xali batafsil o‘rganilmagan, qasidalar, g‘azallar va to‘rtliklar - ruboiylardan iborat. Shoir dunyo ulug‘vorligidan qat’iy nazar unda insonning qadr-qimmati g‘oyasini ilgari suradi; u so‘nib borayotgan diniy urf-odat rasmiyatchiligi va safsatabozligiga qarshi chiqadi.

Bu g‘oyalar otashin tilda o‘ziga xos shaklda bayon etilgan. Bir qator lirik she’rlar so‘fichilikning amaliy qulayligi, hayotiy va falsafiy aqidaparstligi haqida so‘zlaydi.

Barqarorlik va amaliyotchilikning uyg‘unlashuvi Jaloliddinning “Masnaviy” - ulkan (50000 ga yaqin misra) epik-didaktik dostonlari bilan xarakterlanadi. Bu yerda epik shakldagi ibratli hikoyalar nasihat yoki lirik chekinishlar bilan kuzatiladi, xuddi shu g‘oyalar faqat ommaboproq shaklda keladi. Umuman olganda, hikoyalar so‘filik ensiklopediyasini tashkil etadi.

“Masnaviy”da syujet yaxlitligi yo‘q; ammo barcha asarlari yagona kayfiyatda; uning shakli — bir xil ohangdagi qofiyali baytlar. Epik qismlarida Jaloliddin barqaror-rassom sifatida, ba’zida esa tabiatshunos (uning tabiatshunosliligi ovrupalik kitobxonni lol qoldirishi mumkin, ammo Sharq uchun bu oddiy holdir) sifatida namoyon bo‘ladi.

Jaloliddin “Masnaviy”sini sevimli o‘quvchisi va vorisi Xasan Husamiddinga (so‘filar yetakchisi sifatida) qisman so‘zlab bergan, ehtimol, ustozini ijodga u undagan (to‘g‘rirog‘i, og‘zaki nutq orqali qayd etishni).

“Masnaviy” — musulmon olamidagi eng ko‘p o‘qiluvchi va hurmatga sazovor kitobdir. Jahon adabiyotida ham Jaloliddin, ehtimol juda muhim shoir-panteist sanalgan. Uning nasr shakldagi “Fixi ma fixi” (Uning ichidagi ichida) panteistik risolvlarining qo‘l yozmalari mavjud.

Mavlaviylik ordeni Turkiya Usmoniylari orasida eng nufuzli aslzodalarga tegishli bo‘lganligini inobatga olgan holda, XIII asrning boshqa buyuk shoiri - shaharning savdo sinfiga tegishli ideologi Saadiga qarama-qarshi ravishda – Jaloliddin ko‘proq ziroatchilardan ko‘ra, ko‘proq dehqonlar aslzodalariga yaqinroq bo‘lgan.


Rumiy hayoti Orxan Pamukaning “Qora kitob” (1990) hamda Elif Shafaqning “Sevgi” romanlaridagi syujetlar bilan tutashib ketadi.

Rumiyning so‘filik hikoyatlari

Jaloliddin Rumiy so‘fichilikning arkonlaridan biri hisoblanadi. Ko‘plab odamlar uning oldiga maslahat va dono so‘zlarini tinglagani kelishgan. Bir kuni uning oldiga qo‘shni ayol o‘g‘li bilan kelib, shunday deydi:

- Men allaqachon barcha usullarni qo‘llab ko‘rdim, lekin o‘g‘lim menga quloq solmaydi. U juda ko‘p miqdorla shakar yeydi. Iltimos, bu yaxshi emasligini unga ayting. U sizning gapingizga quloq soladi, zero, sizni juda hurmat qiladi.

Rumiy bolakayga qarab, uning ko‘zlaridagi ishonchni ko‘rib dedi:

- Uch haftadan so‘ng keling.

Ayol taajjubda edi. Axir, bu oddiy narsa-ku! Tushunmadim... Odamlar uzoq o‘lkalardan o‘z muammolarini hal qilish uchun kelishgan va Rumiy ularga shu zahotiyoq yordam bergan... Shunga qaramay, ayol uch haftadan so‘ng keladi. Rumiy bolakayga yana qarab, deydi:

- Yana uch haftadan so‘ng keling.

Shunda ayolning toqati toq bo‘lib, gap nimada ekanligini so‘rashga qaror qiladi. Ammo Rumiy oldinroq aytganini qaytaradi. Ular uchinchi hafta kelishganda, Rumiy bolakayga deydi:

- O‘g‘lim, maslahatimga quloq tut, ko‘p shakar yema, bu sog‘liq uchun zararli.

- Siz menga aytyapsizmi, boshqa yemaganim bo‘lsin, deya javob berdi bolakay.

Shundan so‘ng ona o‘g‘lidan ko‘chada poylab turishini so‘raydi. Bola ko‘chaga chiqqach, ona Rumiydan nima uchun birinchi kuniyoq nasihat qilmagani haqida so‘raydi. Jaloliddin iqror bo‘lib, o‘zi ham shakar yeyishni yaxshi ko‘rganligini, boshqalarga maslahat berishdan oldin, avvaliga o‘zi bu odatdan voz kechishi lozim bo‘lganligini aytadi. Avvaliga, buning uchun uch hafta yetarli, deb hisoblaydi, ammo adashadi...

Ustaning sifatlaridan biri shunday: u boshqalarni o‘zi bosib o‘tmagan yo‘ldan yurishga undamaydi. Usta avvalam bor, o‘ziga to‘g‘ri. Uning so‘zlari haqiqat bilan uyg‘un. Bu yerda chanlik hikmatni eslamay iloj yo‘q: “Qachonki, rahmdil inson yolg‘on ilmni targ‘ib etsa, u haqiqatga aylanadi. Qachonki, axmoq odam haqiqatni aytsa, u yolg‘onga aylanadi”

Milliy o’zligimizni o’zida mujassamlashtirgan buyuk ajdodlarimizning ma’naviy merosi xalqimizning ruhini, g’urur-iftixorini, qudratini, orzu-intilishlarini aks ettiradigan ma’naviy omillardan biridir. Shu ma’noda, islom olamida o’lmas asarlari bilan chuqur iz qoldirgan ulug’ mutasavvif alloma Jaloliddin Rumiy merosini ilmiy asosda tahlil etish va uning islom madaniyatida tutgan o’rnini tadqiq qilish masalasi ma’naviy sohadagi islohotlarimiz rivojida muhim ahamiyat kasb etadi.

Jaloliddin Rumiy merosining islom madaniyatidagi o’rnini tadqiq qilishda avvalo, o’rta asrlar musulmon Sharqining muazzam ta’limotlaridan bo’lmish tasavvufga e’tiborimizni qaratishga to’g’ri keladi. Tasavvuf islomning botiniy jihatlarini qamrab olib, uning bosh g’oyasi Alloh taoloning rizoligiga erishish uchun nafsni poklab go’zal axloq sohibi bo’lishga intilmoq, ya’ni Muhammad payg’ambar (s.a.v.) xulqi bilan axloqlanishdir. Qur’oni karim va hadisi sharifga tayangan tasavvuf islom ilm-fani va madaniyatidan munosib o’rin olgan Jaloliddin Rumiy uchun ham ma’naviy yetuklik pillapoyasi bo’lib xizmat qilgan. Mavlono Rumiy shaxsiyati va ijodi borasidagi tadqiqotlarda Mavlono fikr va aqida jihatdan Qur’onga tayanganligi uqtiriladi. Xususan, Mavlono Rumiyning «Masnaviy” asari haqida N. Komilov quyidagi fikrlarni bildiradi:

“Masnaviy»da bir necha yuz hikoyat va rivoyatlar keltirilgan. Qur’oni karimning yuzlab oyati tilga olinib, tafsir etilgan, 690 hadisga rumiyona sharh berilgan. Ko’z oldimizda ham Kalom ilmining ulug’ bilimdoni, ham tasavvuf ta’limotini sarbaland cho’qqiga olib chiqqan orif inson, ham muqtadir daho shoir gavdalanadi. Oddiy latifalar, hikoyatlardan Rumiy favqulodda falsafiy so’fiyona ma’nolar chiqaradi, teran doiradan doiraga, darajadan darajaga ko’tarilib boradi. “Qur’onning uch qabat botiniy ma’nosi bor”, deb qayd etadi u va ana shu ma’nolarni izchil bizga tushuntiradi”1.

Haqiqatan ham Mavlono Rumiyning barcha asarlari islom dinining mohiyati asosida yozilgan bo’lib, olam va odam mohiyatining ma’naviy sir-asrorlaridan voqif qiladi. Mutafakkir insonning bu dunyodagi ahvoli, ruhiyati xususida ta’kidlab shunday fikrlarni bildiradi: «Insonda shu qadar ulkan ishq, hirs, orzu va dard bordirki, yuz minglarcha olam o’ziniki bo’lsa ham, ko’ngli tinchimaydi. U ishda, san’atda, ilmu nujumda, hakimlikda mashg’ul. Biroq bularning hech biridan huzur topolmaydi. Chunki istagan narsasini qo’lga kiritolmagan. Yor dilorom, ya’ni ko’ngilni tinchlantiruvchi demakdir. Shunday ekan, ko’ngil boshqa nima bilan qanday xotirjam bo’lsin? Zavq va orzular zinapoyaga o’xshaydi. Zinapoyalar o’tirib dam olishga moslashmagan, aksincha usti bosib o’tiladi, xolos. Umrni shu zinalarda behuda o’tkazmaslik uchun g’ofillikdan tez uyg’ongan va ahvolining mohiyatini anglab yetgan zot qanday baxtli»2.

Mavlononing “Fihi mo fihi” (“Ichindagi ichindadir”) asaridagi bu fikrlardan ko’rinadiki, bu dunyoda insonni chalg’itadigan va uning o’zligini anglashga to’sqinlik qiladigan o’tkinchi vositalar bisyor. Inson o’z mohiyatini anglamog’i uchun va haqiqiy hotirjamlikka erishish uchun hayotidagi o’tkinchi vositalarga aldanib qolmasligi kerak bo’ladi. Insonning mohiyatini Mavlono ikki asosda – moddiy va ma’naviy jihatlarning uyg’unligida deb biladi: “Agar danakni chaqib, mag’zini eksang unmaydi. Agar qobig’i bilan birga tuproqqa qadasang-chi, unish hodisasi ro’y beradi”3. Bunda mutafakkir bioruhiy mavjudot bo’lgan insonga ishora qilib, danakning mag’zi ruh, qobig’i esa insonning vujudi ekanligini, bu foniy dunyoda insonning ikki dunyo saodatiga noil bo’lishi uchun esa mana shu moddiy va ma’naviy asosning uyg’unligi muhim ahamiyat kasb etishini nazarda tutadi4.

Bundan ko’rinadiki, Mavlononing maqsadi insonni g’ofillikdan uyg’otib, o’z mohiyatini teran anglashga undash, uning faqat moddiyat asiri bo’lib qolmasligi va haqiqiy ilm va hikmatning boshi bo’lgan Allohni tanishga, Uning jamoliga musharraf bo’lishga chaqirishdir. Buning uchun inson vujudidagi hayvoniylik sifati mag’lub bo’lib, insoniylik sifati zuhur etilishi kerak bo’ladi. Ana shunda Mavlono aytganlaridek, «Insonning ichi hurriyat olami…»ga5 aylanadi.

Mavlononing tasavvufiy qarashlari insonning taqdiri, hayotdagi maqsadi, asli va asliyatiga qaytishlik, Allohni tanishga bo’lgan intilishlarga yo’naltirilgan edi. Mavlono insonning qalb dunyosidagi xazinani kashf etdi. Insoniylik xamirini pishirdi va insoniylik javhariga ishlov berdi6. Shu bilan birga islom tasavvufi mohiyatini bashariyatga o’zining ilohiy ishqqa yo’g’rilgan satrlari bilan anglatishga harakat qildi va bu borada beqiyos muvaffaqiyatlar qozondi. U tasavvufni ishq yo’li ekanligini o’ziga xos majoziy ma’nolarga boy irfoniy she’riyati bilan tushuntirdi.

Mavlonoga o’zlarini yaqin deb bilgan boshqa dindagilar: “Biz Muso va Iso alayhimossalomning sirlarini unda ko’rdik, undan topdik. U quyosh kabi bir yerni emas, butun dunyoni yoritadi”7 kabi fikrlari bilan uning nafaqat islom dunyosi, balki jahon madaniyatidagi mavqeining yuksakligiga ishora qiladilar. Bizningcha, Jaloliddin Rumiyning umuminsoniy madaniyat silsilasidan o’rin egallashiga sabab, uning islom dinining asl mohiyati Allohni sevish ekanligi, bundan Rasululloh sevgisi, Qur’on sevgisi, imon sevgisi, inson sevgisi namoyon bo’lishini ta’lim berganlar.

Ma’lumki, tasavvufda ilohiy ishq masalasi muhim ahamiyat kasb etadi. Islom madaniyatining ma’naviy xususiyatlarini o’zida mujassamlashtirgan tasavvuf she’riyati asosida ham aynan ilohiy ishq yotadi. Mavlono Rumiy ham o’z ijodi bilan ilohiy ishq masalasiga e’tibor berib, uning diniy-tasavvufiy ma’nolarini ochib berdi. Mavlono dunyoviy ishqni emas, haqiqiy ishqni anglatganlar. Tasavvufdagi dunyoviy va ilohiy ishq xususida to’xtalib, ushbu hikoyatni keltiradi:

«Majnun Layli ishqiga yetishish uchun tuyasiga minib yo’lga chiqadi. Tuyaning bo’talog’i bor edi. Majnun tuyani yugurtirsa, bo’taloq orqada qola boshladi. Tuya esa bolasiga ilhaq orqasiga tislanar edi. Majnun tuyaning ustida uyquga ketadi. Bir payt qarasa tuya yeridan bir qadam ham jilmaydi. Shu payt Majnun tuyasiga shunday deydi: «Ey tuya! Ikkimiz ham oshiqmiz. Men Layloyimga, sen bo’talog’ingga, biz bir-birimiz bilan yo’ldosh bo’la olmaymiz. Chunki bizning yo’limiz ayrodir. Haqiqiy oshiq tan tuyasiga emas, jon tuyasiga minishi kerak. Jon va baqo olamida qanot ochib uchishi kerak”8. Bu o’rinda Mavlono dunyoviy ishqni emas, haqiqiy ishqni anglatganlar. Dunyoviy ishqni esa Majnunning tuyasini bo’talog’iga bo’lgan intilishiga o’xshatadi. Umuman olganda Mavlono nazarida Ishq butun mazhablarni birlashtiradi va insonlar orasida birlikni vujudga keltiradi. Ishqning rangi yo’q, shakllari va shamoyillari buyuk g’oyalar va maqsadlarda ko’rinadi. Rumiy hazratlarining teran qarashlarida o’ziga xos tomoni shundaki, ulardagi olam va odam, ong va borliq, inkor va isbot kabi falsafiy tushunchalarning asl mohiyatini anglaymiz. Chunki Rumiy hazratlari bu tushunchalarni sodda tarzda hayotiy hikoyatlar misolida tushuntirishga harakat qiladi. Qolaversa, Qur’oni karim oyatlarining tafsiri va hadisi shariflarning ma’naviy go’zalliklari teran ifodasini topgan. Bundan tashqari, barcha zamonlarning eng og’riqli hodisalaridan bo’lgan mazhabparastlik, e’tiqodlar va dinlar o’rtasidagi ziddiyatlar xususida Jaloliddin Rumiy o’ziga xos fikrlarni bildiradi: “Yo’llar turli-tuman bo’lsa ham g’oya birdir. Axir ko’rmayapsanmi, Ka’baga eltuvchi qancha yo’llar bor. Kim Rumdan, kim Shomdan, kim Ajamdan, kim Chindan va yana kimdir Hindu Yamandan yo’lga chiqadi. Agar yo’llarga boqadigan bo’lsak, buyuk farqlar bor. Maqsadga, g’oyaga nazar solsak-chi, ularning hammasi bir – Ka’baga yo’nalgandir. Bu yerdagi ishq juda ulug’dir. Chunki bunda hech qanday tushunmaslik, boshboshdoqlik yo’qdir. Ka’baga kelinganda, yo’llardagi g’avg’olar, urishib so’kishlar barham topadi. Chunki yo’lda bir-birlariga «Kofirsan, falonsan-pistonsan» deganlar Ka’baga kelishlari bilan maqsadlari bir ekanini tushunadilar»9.

Mavlono bu dunyodagi insonlarning e’tiqodiy maqsadlari va intilishlari haqida fikrini davom ettirib, maqsad sari eltuvchi yo’llar ko’p, ammo ularning borar joyi bir ekanligini ta’kidlab ziddiyatlarni inkor etadilar. Diniy ixtiloflar yo’llarning xilma-xilligidadir, ya’ni shakldadir. Yo’llarning tutashgan joyi Ka’baga kelinganda barchaning maqsadi ayon bo’lib, mohiyat ravshanlashadi, mohiyatni anglaganlar orasida esa nizolar barham topadi.

Jaloliddin Rumiy ijodining jahon xalqlari orasida mashhur bo’lishida uning vafotidan keyin shakllantirilgan mavlaviya tariqati ham muhim o’rin tutadi. Mavlaviya tariqatining asoslari ko’proq Rumiyning o’g’li Sulton Valad tomonidan ishlab chiqilib amalga oshirilgan. Mavlaviya tariqati boshqa tariqatlardan farqli o’laroq, ko’proq xalqning o’ziga to’q san’atkoru musiqashunoslari orasida keng tarqalgan. Bunda go’zal san’atlar va musiqa bilan bo’lgan aloqaning ham ta’siri bor. Ayniqsa, turkiy tasavvuf musiqasining paydo bo’lishida bu tariqatning beqiyos xizmati singgan. Har yili Ko’niyodagi Jaloliddin Rumiy muzeyida uyushtiriladigan Mavlono kechalarida turli o’lkalardan ko’plab ziyolilar qatnashadilar. Mavlaviya tariqatiga ba’zi hollarda shia, malomatiy, qalandariy unsurlari ham qorishib ketgan. Ishqu jazbaga ko’proq e’tibor bergan bu tariqat g’ayrimuslimlar tomonidan islomning tan olinishida katta hissa qo’shgan. Mavlaviya tariqati dunyo miqyosida yagona markazdan turib boshqarilgan. Markaziy dargoh 1925 yilgacha Ko’niyoda bo’lib, takya va tariqatlar tugatilgach, Xalabga ko’chgan. Bu tariqatning sho»basi yo’q, ammo rind va ilohiy ishq jihatlari kuchli bo’lgan «Shams» shoxobchasi («Shams» tariqat shoxobchasi Shams Tabriziydan tarqalgan) va zuhdga ahamiyat beruvchi “Valad” shoxobchasi (ya’ni Sulton Valad shoxobchasi) borligi manbalarda aytilgan. Biroq bular shoxobchalardan ko’ra ko’proq maslakdir. Mavlaviylik tariqati ishqu jazba, samo’ va safoga asoslangan.

Shunday qilib, Jaloliddin Rumiyning ma’naviy merosi islom madaniyatida yuksak o’rin tutadi. Uning hayoti va ijodiy faoliyati markazida insonni to’g’ri yo’lga boshlash va tarbiyalashning dolzarb ahamiyatini ko’rishimiz mumkin. Mutafakkir jamiyatning taraqqiyotini diniy-axloqiy komillikda ko’rgan. Shuning uchun insonlarni komillik sari eltuvchi o’ziga xos qarashlarni ilgari surgan. Bu qarashlar zamirida ham ma’naviy tarbiya muhim o’rin tutib, bu tarbiya islom ma’naviyati asosida qurilganini ko’rishimiz mumkin.

Mavlono Rumiy asarlaridagi diniy-irfoniy g’oyalar islom tasavvufining asosida shakllangan bo’lsa-da, Mavlono o’z davrida mustaqil o’ziga xos pozitsiyasiga ega edi. Bu uning islom va tasavvuf ma’naviyati xalqchil ruhda falsafiy mushohadalarga boy hikoyatlar va masnaviy janrida bitilgan she’riyatida namoyon bo’ladi. Jaloliddin Rumiy she’riyati yuksak estetik mazmunga ega bo’lib, undagi ma’naviy g’oyalar irqi, millati va dinidan qat’i nazar, insonning o’zini anglashiga xizmat qiladi, inson qalbiga boruvchi barcha yo’llarni birlashtiradi va azaliy mohiyatlarni kashf qilib, insoniyatni bag’rikenglik va ma’naviy komillik sari yetaklaydi.


Jaloliddin Rumiy


HIKMATLAR
Muslimbek Musallam tarjimalari

Hayot senga orqama-orqa to’siqlar, sinovlar yuborsa, bu tikanlardan saqlan. Xavotir olma: yaqin kunlarda bu tikanlar gulini xam ko’rsatadi .


Ishqi buyuk, savdosi buyuk bo’lganni sinovi ham og’ir bo’ladi .


Yaxshini izla, to’g’rini izla, go’zallikni izla, aslo qusur izlama


Qof tog’i qadar buyuk bo’lsang-da kafanga sig’adigan qadar kichiksan .


Tur, o’zinga kel, noumidlikka berilma, umidsizlik shaytondan, umid qilish Allohdandir .


Tangriga olib boradigan yo’llar bisyordir. Men esa Ishq yo’lini tanladim .


Qumning zarrasiman, ammo sahroning dardini tashiyman .


Ishqda nasibang bor bo’lsa, tegsang xam yonajaksan. Shuni yaxshi bil: kimlar sog’inchdan yonar, kimlar yetishishdan .


Ruhning go’zalligi tananing go’zalligi kabi tez ko’rinmas .


Nimagadir bilmayman senga boqsam o’zimni ko’raman. Senga kelayotgan vaqtda o’zimdan ketaman. Sendan ketar vaqtda xech o’zimga kelmayman.


Insonlarni yaxshi tani, har insonni yomon bilib, qutulmoqqa shoshilma. Har insonni yaxshi bilib ham ovunma .


Shaytonning qotili odobdir


Shaxsiyatparastlik ko’zga taqilgan ko’zgudir. Qaerga boqsa, o’zidan boshqasini ko’raolmas .


Ba’zi insonlar borki, salomlaridan qurum hidi keladi . Ba’zi insonlar salomidan mushki anbar xush bo’y hid keladi


.

Kimning ishqqa mayli yo’q bo’lsa, qanotsiz qush kabidir .


Aqlim qalbimdan imon nimadir deya so’radi. Qalbim aqlimning qulog’iga egilib «Imon odobdir» dedi


Tilingni tarbiya etmakdan avval yurakni tarbiyat et .Chunki so’z yurakdan kelib, tildan chiqadi .


Seni sevganlarni, zahar bo’lsa ham yut. Seni sevmaganni, bol bo’lsa-da, unut


Xafa bo’lish vajlarini izlashdan ko’ra, sevish, sevilmoq yo’llarini izla .


Hamma zohirga bezak bermoqqa kirarkan, sen botinga bezak bermoqqa shoshil. Hamma birovlar aybini aytib g’iybatga ketarkan , sen o’zingni xatolaring, ayblaring


bilan mashg’ul bo’l .

Ko’ngli oydin toza odamga qul bo’lish, shohlar boshiga toj bo’lmoqdin a’lodir .


Ey ko’ngil, jonni achishtirar dori ayriliqdir ammo uning ichinda ishq degan shifosi yashirindir.


Foniy bo’lgan ishq yo’qdir. Ishqlarning bari boqiydir. Farqi shuki, kimdir san’atkorning san’atini ko’rur, kimdir san’atkorning o’zini .


Bizni bilganlar bilar, bilmaganlar o’zi kabi bilar.


Odomzot dunyoni zabt etar, ammo og’zini zabt etolmas .


Go’zal kunlar senga kelmas. Sen ularga yurib borajaksan .


Insonni tanish dengizdagi suvni ko’zaga quyib dengizni bo’shatmoqqa uringan kabi mushkul ishdir .


Qalb dengizdir, til soxildir. Dengizda nima bo’lsa sohilga urilar


Sevgi va shafqat odamiylik vasfidir. Qahr va shahvat hayvoniylik belgisidir .


Kitoblarni o’qimoqdan avval, o’zimmizni o’qishga kirishaylik.


Insonning qanoti g’ayratdir.

Yo tutiladigan darajada yaqin bo’l, yo unitiladigan darajada uzoq bo’l.

Mehmon keladigan kabi uyingni, o’lim keladigan kabi qalbingni ozoda tut.


Yolg’izlikning eng yomoni seni anglamaganlar ichra qolishdir.


Bekorga cholishma, seni ko’rganlari va eshitganlari qadar anglaydilar .


Har bir inson xuddi yomg’ir tomchisi kabidir. Kimdir loyga tushar, kimdir gul yaprog’iga tushar.


O’zbek kitobxoni Mavlono Jaloliddin Rumiyning “Ma’naviyi masnaviy , «Devoni Kabir”, “Ichindagi ichindadir ” kabi ma’rifiy-falsafiy, orifona asarlari bilan yaxshi tanish. Ammo negadir adabiyotlarda mazkur asarlari sanalarkan, “Majolisi sab’a ” asari nazardan chetda qolar, u haqda umumiy ma’lumotlar ham deyarli uchramas edi. Mazkur bo’shliqni to’ldirish maqsadida asarni tarjima qilishga jazm etdik.

“Majolisi sab’a ” risolasi Jaloliddin Rumiyning juma ma’ruzalari asosida yaratilgan bo’lib, u Mavlononing ustozi Shams Tabriziy bilan uchrashmasidan avval shogirdi Husomiddin Chalabiy yoki o’g’li Sulton Valad tarafidan yozib olingan, deya taxmin qilinadi.

Har bir majlis an’anaviy muqaddima — hamdu na’t, munojot bilan boshlangan bo’lib, so’ng ma’lum bir hadis keltirilib va’zga o’tiladi va ushbu hadis sharhi davomida rumiyona uslubga binoan mavzuga daxldor hikmatlar, hikoyatlar, she’rlar bir-biri bilan uzviy aloqada bayon qilinadi.

Rumiy asarlariga tadrijan boqilsa, “Majolisi sab’a ” eng so’nggi asarlaridan biri ekanligi ayon bo’ladi. Asar “Ichindagi ichindadir ”dan farqli o’laroq, rasmiy va’zlardan tashkil topgan. Shunga qaramasdan, ifoda shakllari o’ta xalqonaligi bilan umumiylik kasb etadi. Majlislarning eng ishonarli nusxasi Ko’nyoda — Mavlono muzeyi kutubxonasida “Ichindagi ichindadir”, “Maktubot ” kabi nariy asarlari jamlangan 79-raqam ostidagi manbada saqlanadi.

Biz Rumiyni shu choqqacha «Devoni Kabir» tarkibiga kirgan ayrim turkiy she’rlaridan tashqari faqat fors tilida ijod qilgan, deb bilardik. Mazkur asar tadqiqoti Mavlono nafaqat forsigo’y, balki turkigo’y ijodkor ekanligini ko’rsatmoqda. Ma’lumki, Rumiy umrining asosiy qismini Ko’nyoda kechirgan. Ko’nyo aholisi turk tilida so’zlashgan. Shundan kelib chiqib, ma’ruza va majlislarni Rumiy turk tilida o’qib, kotiblar ham ayni shu tilda ko’chirganlari, kitob holiga keltirish jarayonida esa ko’pchilik anglashi uchun o’sha davrning san’atu badiiy muloqot tili bo’lmish forschaga o’girilgani manbalarda qayd etilgan. Ammo, ming afsuski, turkcha varianti saqlanmagan. Asarni mashhur olim Abdulboqiy Gulpinarli fors tilidan turkchaga o’girgan variantidan o’zbekchalashtirdik.

Tarjimada uslubni saqlab qolishga baholi qudrat urindik. Kamtarona mehnatimiz hosilasini siz — muhtaram o’quvchilarga havola qilar ekanmiz, Hazrat bilan galdagi g’oyibona diydor barchamizga muborak bo’lsin, deymiz.

JALOLIDDIN RUMIY
MAJOLISI SAB’A (YETTI MAJLIS)
Turk tilidan Ra’no Hakimjonova tarjimasi
Mehribon va rahmli Olloh nomi ila boshlayman!Birinchi majlis

Sel bor kuch-quvvati bilan tog’lar, tepaliklardan oshiqona jo’shib-toshib dengiz tomon chopadi. Minglab qo’l-oyoq vositasida dengizga yetib boradi. Chunki ular bir-birovining qo’l-oyog’i, uloviga aylanib qolgandir. Bir-biriga dastak bo’lgan suv zarralari shu quvvat bilan tog’lardan oshib, yalangliklardan o’tadi va nihoyat, asli bo’lmish dengizga qo’shiladi. Har tomchi suv: “Sen rozi bo’lgan, rozi bo’lingan holda Parvardigoringga qayt” 1, deya na’ra tortadi. Bunga nega ajablanish kerak? Asl ajablanadigan narsa, asl ko’rinmagan mushkulot — bir tog’da yoki bir g’or ichida va yo omon qolish dushvor bo’lgan yalanglikda tomchining yakka o’zi abgor holda qolib ketishidir. Tomchining ma’dani, asli — dengiz. Uni orzu qiladi. Qo’li yo’q bo’lsa, oyog’i bilan yetib olishga shaylanadi, oyog’i bo’lmasa, dengiz sog’inchida qo’llarini uzatadi. Na sel ko’makka keladi va na biron do’sti. Shunday bo’lgani holda, turtinib-surtinib emaklay boshlaydi. Intizorlik oyoqlari bilan dengiz tomon oshiqqancha zavq uloviga minib yo’lga tushadi.

Ey, bechora tomchi! Tuproq, shamol va quyosh jaziramasi — sening dushmaning. Sen yetib olishni istagan dengiz esa juda olisda. Ey, qo’l-oyoqsiz tomchi! Shuncha dushmaningni oralab dengizga qanday bormoqchisan?

Shunda haligi tomchi hol tili bilan deydiki: “To’g’ri, men bir ojiz tomchiman, ammo ichimda bepoyon dengiz sog’inchi bor. “Biz bu omonatni osmonlarga, yerga va tog’u toshlarga ko’ndalang qilgan edik, ular uni ko’tarishdan bosh tortdilar va undan qo’rqdilar. Inson esa uni o’z zimmasiga oldi. Darhaqiqat, u (o’ziga) zulm qilguvchi va nodon edi”2 hukmida aytilganidek, men ko’p g’aribman”. Bu cho’lda sel qatralari ham yo’l topa olishdan qo’rqib dir-dir titramoqdalar. Shafqat bilmas cho’l tahlikasidan hatto osmonlar ham hadiksiramoqdalar. Azim tog’lar esa: «Robbimiz, biz bu omonatingni saqlashga kuchimiz yetmaydi”, deya faryod chekmoqdalar. Hatto zamin ham “men u yo’lchilarga tuproq tayin qilinganman, jonimda sen yuklamoqchi bo’lgan omonatga tahammul yo’q” deb turibdi. Faqat bir tomchidangina iborat bo’lmish insonning joni omonatni qabul qilib derki:

Bayt: “Sen menga bir yurak bergin-da, yigitlikni tomosha qil!
Mening tulkimda yashiringan arslonni ko’r 3!»

To’g’ri, zaif-notavonman, abgor-bechoraman, lekin jon qulog’imga “Darhaqiqat, Biz Odam bolalarini aziz-mukarram qildik”4 degan ovoz keldi. U ovozning inoyati asarlarini his qilmoqdaman. Endi na zaifman, na ojiz va na bechora. Dunyo-dunyo choralar topaman hali men.

Bayt: Sadog’imni Sening o’qlaring-la to’ldirsam,
borib Qof tog’ining ham belini bukib kelaman 5 .

O’zimga — o’z kuch-quvvatimga ishonganim sayin nimjonman, aslida, u menda nima qilsin? Barcha g’ariblardan g’aribroq, chorasizlardan chorasizroqman. Lekin qarashimni o’zgartirib, o’zimni ko’rmas holga kelgach, Sening lutfing va madadingga uchrab: “U Kunda (mo’minlarning) yuzlari yashnab, Parvardigoriga boqib turguvchidir! 6 marhamati kelib turganda, nechun bechorayu zaif bo’layin? Nechun chorasi yo’q ishlarning chorasi o’zim, men — inson bo’lmayin? Nechun o’sha zahoti lahzayu zamonning mahramiga aylanmayin?

She’r: Oy yuzligim kelganda, men kim ham bo’lardim?
Zotan, men o’zimdan kechganimda bor bo’laman.
Menda bir amal, bir borliqdan nishona ko’rganingda,
bilki, u amal, u borliq Udir.
Menda bir soya ko’rsang, bilki, u soya menman.
U menga so’z so’zlasa,
Yusufdek “Bu kun sizlar ayblanmaysiz’7 hukmi zuhur etar.
Men Unga so’z so’zlasam,
Musodek “Sen Meni hargiz ko’rolmaysan» 8 hukmi zuhur etar.
So’z ham yashirin, ham maydonda.
Lekin U menga gapirishni ko’proq yaxshi ko’radi.
U menga so’z so’zlaganda, men so’zda yo’qolaman 9.

Bu so’z o’zlik istaydiki, o’zligini topsin. Jon kerakki, jondan ta’m olsin. Ey, mening aziz jonim, ey, mening izlaganim, istaganim! Sen qidirishda bir qavat parda ortidan chiqqaningda, ma’no kelini ham bitta pardasini ko’taradi. Sen ikkinchi par- dani ko’targan mahaling, u ham ikkinchi pardadan chiqib ko’rinadi va deydiki:

Bayt: “Bir bo’lib birlikka yetib olsang, ko’nglim ham sen bilan birlashadi.
Shunda xalq sevgisi, odamlar muhabbatidan voz kechaman 10”.

Ammo sen yana g’aflatda, xohish-istak amriga tobe qolib parda ortiga o’tasan. Keyin u ham parda ortiga berkinib oladi. «Ey, ma’no kelini, ey, olamlarning murodi, ey, g’ayb go’zali, ey, benuqson kamolot! Yuzingni ko’rsatib yana nega parda ortiga yashirinib olding?» deysan. U ham javoban deydiki: “Sen istak-shahvat pardasi ortiga mayl etganing uchun”.

Ruboiy: Sevgili shunday sarxush bo’lib keldiki, asti so’rama.
Hijron qadahini shunday otashlar-la to’latib tutdiki, asti so’rama.
Bunday qilma, dedim. U ham, “Uzing bunday qilmaginki, men ham qilmayin» dedi.
Mana shu bir ogiz so’zi chunonam yoqib tushdiki, asti so’rama 11.

Bir kun Sulaymon (Olloh uni rahmatiga olsin!), «Biz unga shamolni bo’yinsundirdik”12, taxtiga o’tirdi. Qushlar havoda qanot qoqqancha Sulaymonni oftob urmasin, deya qubba qurgandilar. “Ertalab bir oyli, kechki payt bir oyli shamolni (bo’yinsundirdik)”13 hukmiga binoan osmonda uchayotgandi. To’satdan Sulaymonning ko’nglidan shu ne’matning shukronasiga loyiq bo’lmagan bir o’y o’tdi. Shu zahoti boshidagi toji qiyshayib qoldi. Tojini to’g’irlamoqchi bo’lsa, yana egilib, qiyshayib qolaverdi. «Ey, toj, to’g’ri tursangchi!» dedi. Toj tilga kirib: “Ey, Sulaymon, o’zing to’g’ri bo’l”, dedi. Sulaymon darhol sajdaga bosh urdi: “Parvardigoro, bizlar o’z jonimizga jabr-zulm qildik”14, deb tavba qildi. Qiyshayib qolgan toj ham asliga qaytdi. Sulaymon sinamoq ilinjida tojni egib ko’rmoqchi bo’lgandi, toj egilmadi, hatto buralmadi ham.

Azizim, shunga o’xshab sening tojing — zavqu vajding, ko’ngil haroratingdir. Seni zavq tark etishi bilanoq uning ortidan kelganlarning bari qaytib ketadi, tojing ham egiladi.

Bayt: Xalqdan kelgan zavqdan jism to’lishadi,


Haqdan kelgan zavqdan ko’ngil to’ladi, jon to’lishadi 15.

Ey, vaqtning Sulaymoni, aqlga, ruhga daxldor pariro’ylar sening buyrug’ing ostida bo’lganidek, nafsga mansub la’in yuz egalari ham borliq taxting atrofida yugurib-yelayotir.

Bayt: Yuzingni ko’zlab iblisu pari to’dalari atrofingda saf tortdi.
Sulaymon saltanati seniki, uzukni yo’qotma 16.

Tinchlikni urushdan ajrata bil, chunki qo’li gul shisha yasovchi bilan oddiy bo’z to’quvchining bir yerda o’tirishi yaxshilik alomati emas.

Borliq do’konida ibodat, zavq-shavq shishalarini yasovchi san’atkor bilan xohish-istak bo’zlarini silkitib to’quvchi, keyin yuvib-tozalovchi bo’zchi ustaxonasi bir joyda bo’lsa, shishachi o’n kun mobaynida bu do’konda qullik shishalarini yasay oladi, xolos. Bo’z to’quvchi to’qish jihoziga oyog’ini uzatib bir zarb bersa, do’kon o’rnidan siljib, butun shishalar chil-chil sinadi. “Amallaringiz o’zlaringiz sezmagan hollaringizda behuda-befoyda bo’lib qolmasligi uchun sizlar ovozlaringizni payg’ambarning ovozidan yuqori ko’tarmanglar» 17. Ey, vaqtning Sulaymoni, hali ham jonning boshidagi zavq va puxtalik tojiga ko’zing tushmadimi? Unga boqqaning zamon o’zidan ketgan, qoraygan, savdoyu razolatga mahbus holda ko’rasan. Ey, zavq, qaerdasan, ey, shavq, qaysi pardaning ortidasan, deya qidirishni boshlaysan. O’sha ketgan zavq ortiga qaytsin, deya qanchalar tirishsang ham endi osonlikcha kelmaydi. U to’g’rilik toji boshingda tik turishini qanchalar istama, baribir, egilib, qiyshayib qolaveradi. Sen ham to’g’ri bo’lginki, men ham to’g’ri bo’layin, deb turaveradi.

Tomchining sog’inch azobini chekayotgan pokiza joni jonon dengizidan yiroq tushib, pardalar bilan qoplangancha balchiq olamida jonu ko’ngil ishtiyoqi bilan quruqlikdagi abgor baliq kabi o’zini har yon urib, to’lg’onib yotibdi. Qolgan tomchilar ham unga yordam berolmaydi. Ayrim tomchilar tuproqqa aralashib, ba’zilari yaproqqa osilib, yana ba’zilari yovuz vasvasalarga uchib o’zlarini chormixga osadilar.

Ba’zi tomchilar daraxtlarning matonatlari sabab bo’lib, ularning ildizlariga so’rilib ketadilar. Har bir jon tomchisi nima bilandir mashg’ul. Kim tikuvchilik, kim etikdo’zlik, yana kimdir axiylik 18 savdosiga bandi, tag’in birisi chang eshitish ishqibozi. Boshqa biri esa hid, ranglarga bog’langanidan dengizni tamomila unutib yuborgan. U yuz ming tomchi sel galalari bir yerga to’planishib: “Peshqadam bo’lguvchi zotlar (jannat ne’matlariga erishishda ham) peshqadam bo’lguvchi zotlardir”’ 19 hukmidagidek, bir-birlariga suyangancha yo’l ochib, oqib ketgandilar. Do’stlaridan ayro tushgan bu yolg’iz tomchi esa, oxiri yo’q, cheksiz-chegarasiz yo’lu cho’llarni shu yolg’iz boshi bilan, biror do’st, himoyachisi, suyanadigan kimsasi bo’lmagani holda yiqilganni turg’izuvchi, har neni undirib-o’stiruvchining madadidan tilanib, o’sha sellarning yuz minglab tomchilari bilan oshib o’tgan cho’llarni bir o’zi kechib o’tishga mahkum. U shunday yagonadirki, ming kishiga badal ko’ngli g’aniy 20 bir erdir. Ularni sanab ko’rsang ozchilikdirlar, lekin hujum qilganlarida ko’pning hisobidalar. Mana shu birgina tomchi minglarcha tomchi bajargan ishni uddalaydi. Endi u tomchi emas, tomchi shaklidagi seldir. “Albatta, Ibrohim haq yo’ldan toyilmagan bir peshvo — imom edi»21.

Payg’ambardan (Unga Ollohning salomi yog’ilsin!) Ibrohim ummatining holini so’radilar. Javob keldiki, “Ibrohimning ummatini nechun so’raysan? U (Ibrohim — tarj.) o’z-o’ziga ham ummat edi, ham parcha. Ham podshoh edi, ham qo’shin. Ham tomchi edi, ham sel. Ummat — yuz ming kishi bo’ladi». “Albatta, Ibrohim haq yo’ldan toyilmagan bir peshvo — imom edi”22. Ming kishi edi, balki yuz minglab kishi edi u.

Ruboiy: Oqilning borliq kemasi mavjudiyatiga ajablansa bo’ladi,
ko’zi ko’rib turgan odamning quduqqa tushib ketishi ham ajablanarli hol.
Dengizda suzib yurgan kemaga hayron bo’lmagin, bir kemaning o’zida
yuz minglab dengiz nishonasining borligiga esa ajablanmaslik mumkin emas 23.

She’r: Yusufimning bo’yi kelgach, ko’rning ko’zlari ochilib ketadi.


Ey, ko’ngil, nechun dengizdan yiroq tushding?
Odam degani hech zamonda bunaqa qilib dengizdan ayriladimi?
Dengizdan uzilib, quruqlikda qolgan baliq,
yana tezroq o’sha dengizga qo’shilmoq ilinjida tirishib, to’lg’anib turadi.
Birortasi ko’ngil ishq dengizi tomon nega buncha jo’shib,
dalli-devonaga aylanib qoladi, desa sen shunday javob berginki,
“tomchi dengiz sog’inchida beqaror holga tushadi-da, hech nima parvoyiga kelmaydi”.
Yana deginki, “tomchi quyosh qarshisida tapvasaga tushib, yo’qlikka yuz tutadi» 24.

Azizim, dengiz ayrolig’iga ko’nikib qolgan, hatto dengizni yod etmay qo’ygan, bir yaproqqa osilib yoki tuproqqa belangancha singib ketgan o’sha jon qatrasi qandaydir odobsizlik qilgan bo’lsa kerakki, uning oyoqlariga tamg’a bosib, oltin, kumush, javohirlar bog’i bilan bog’laganlar. U ham o’sha bog’ga (sirtmoqqa — tarj.) ko’ngil berib, oshiq bo’lganidan kumushu oltin ishqida haligi sirtmoqni bog’ deb o’ylamaydi. Endi unga ming nasihat qilma, baribir, o’sha bog’i o’gitingdan ham quvvatli bo’lib qolaveradi. Pand-nasihat unga yo’l topolmaydi, u ham o’gitlardan foydalanolmaydi.

She’r: Bu musofirxonaning bor davlati, atlas matosi —
tinib-tinchimas jonga birgina tillo zanjirdir.
U oltin zanjirni ko’riboq unga aldandi.
Jon u cho’lni oshib o’tolmadi, bir quduq ichida qolib ketdi.
U quduq zohiran jannat bo’lib tuyulgani bilan,
aslida, jahannamning o’zi. U ko’rinishidan gulchehradir,
ammo aslini so’rasang, zaharlar-la to’lgan ilondir.
Ey, xomlar, u gulchehradan uzoqroq yuring,
chunki suhbat chog’ida do’zax tomon tortqilaydi,
yo’q-yo’q, do’zaxning o’ziga aylanadi 25.

Bu shunday holki, odamning tushunish, bilish salohiyatini o’sha rang va hid — ig’vo sevgisi qoplaydi. Qoplaganda ham shunday qoplaydiki, hatto bir igna uchi qadar joy qolmaydi, shunday bo’lgach, pand-nasihat qayoqdanam yo’l topib kirardi? U hatto o’git berganga dushman bo’ladi. Chunki zanji hamisha oynaga dushmandir.

Barchamiz Hofizi Qur’onlarning a’losi Faloniddinga yuzlanib, sidqidildan Rahmon ismini yodga olaylik. “Mehribon va rahmli Ollohnomi ila» 26.

She’r: Ko’ngil sening kamolotingdan bir nishon ko’rgach,


jon ishqingni joningdan topdi.
Jon sening manzilingni izladi, so’radi.
Makonsizlik olamining ayni o’zidan topdi.
Sening atrofingda yer bilan bir bo’lib yiqilgan har jonki bor,
xush bo’yingni olganidan u bilan abadiy hayot qozondi.
Oshiqlarning faryodlariga, jo’shib-ko’pirishlariga
na borliq olamida yetishish imkoni bor va na makon olamida.
Jonimiz dardingdan yig’lab-siqtashga tushib ketdi.
Sening dardingni qozonib esa
har dardning ortida butun dunyoning darmonini topdi.
Jonimiz senga bir boqib ko’rgan,
izlagan har narsasini senda ko’rdi, sendan topdi.
Darmon ham sening orzuyingda
so’ngsiz dardga giriftor bo’ldi 27.

Bu ism ta’midan boxabar kimsaning himmati oldida arshning eng yuqori qavatlaridan, yerning eng ostki qavatlarigacha nimaiki mavjud esa, bir pashsha qanotichalik ham qadri yo’q. Bu ism go’zalligi bilan kimniki ovlasa, hech qanday go’zallik, hech qanday shuhrat va hech qanday rangu hid endi unga to’r sololmaydi. Qaysi kulbani bu ismning quyoshi nur taratib isitsa, dunyo podshohlari o’z ko’shklari, saroylarining ustunlariyu qubbalarini fido etsinlar-da, o’zlari shu kulbaga qul bo’lsinlar.

Kimda-kim bu ismning qullik isirg’asini qulog’iga taqsa, dunyoni ham unutib yuboradi, oxiratni ham. Kimda-kim bu ismning shirindan-shirin bulog’idan suv ichsa, dunyoning obodligi aql ko’ziga-da xaroba bo’lib ko’rinadi, qalb ko’ziga-da. Tabarruklik quyoshi davlat burjida bir kun bosh ko’taradi, qadrdon do’st ko’ngil go’shasida to’satdan zohir bo’ladi.

Yurak maydoni vujudning o’rtasidadir. Yurak- ko’ngil Ka’basi. Baytulloh — yer yuzining markazida joylashgani kabi adovatdan xoli bu ko’ngil ham badanning o’rtasidan joy olgan. “Ishlarning eng xayrlisi o’rtachasidir”. Eng sara javohir ham bo’yinning o’rtasidan topiladi. Yonlariga biror zarar kelguday bo’lsa, unga xavf solmasin, deb o’rtaga taqishadi. Tegrasiga qadab chiqilgan durlar soqchiga mengzaladi. Shunga o’xshab, ko’ngil ham o’rtada bir xazina kabidir. Zotan, uydan murod kelindir. Kelinga qarab turuvchi, xonalarga pardalar tikib o’tiradigan kampirlaru kelib-ketuvchi mehmonlar ham, joriyalar ham emas.

Bismilloh shunday ismki, Imron o’g’li Muso (Rahmon rahmatiga olsin!) Fir’avnning yuz minglab qilich yalang’ochlab, temirni bosib ezg’ilovchi olov oyoqlari bilan bostirib kelayotgan qo’shinini ul ism sharofatidan ostin-ustin qilib, buzib yubordi.

Bismilloh shunday ismki, Imron o’g’li Muso Isroil o’g’illarining xalos bo’lishlari uchun dengizdan o’n ikki qup-quruq yo’l ochdi. Ul ism xosiyati bilan dengizdan chang ko’tarildi.

Bismilloh shunday ismki, Maryam o’g’li Iso bu ismni o’likka o’qigandi, oppoq sochli o’lik u ism haybatidan tirilib, mozordan chiqib keldi. Ey, qabrdagi Munkar va Nakir savol-javobini inkor etgan, sen hali ham Isoni birgina kalima bilan o’likni tiriltirganini inkor etasanmi? O’lik Iso chaqirishi bilan qabrdan bosh ko’tarib turgani holda, nechun Munkar va Nakirning ovozini eshitib kafanidan bosh ko’tarmasin, savollarga javob bermasin?

Bismilloh shunday ismki, har kuni qanchadan-qancha oqsoq, qanchadan-qancha baloga yo’liqqan kasal, ko’r kishilar saharlab Isoning (Olloh rahmatiga olsin!) qullik etadigan makoni eshigi oldida to’planardilar. U duosini o’qib bitirishi hamono, tashqari chiqib ularga ushbu muqaddas ismni o’qir, hammalari kasallikdan qutilib, sog’-salomat uylariga qaytardilar.

Bismilloh shunday ismki, Mustafo (Unga Ollohning rahmati yog’ilsin!) oyning o’n to’rtinchi kechasi Ka’baning atrofini tavof etayotgandi. Makkada jazirama shiddatidan xalqning ko’pchilik qismi kechasi tashqariga chiqardi. Abu Jahl uni (Muhammadni — tarj.) ko’rdi. G’azablandi, battar hasad qildi: “Kim biladi, bu sehrgar yana qanday tartib o’rnatmoqchi bo’lib yuribdi ekan?”. Mustafo o’zini himoya qilib dediki: “Tartib qayoqda, men qayokda? Men xalqni senga o’xshagan yo’lto’sarlarning tartibidan, tuzog’idan qutqarish uchun kelganman”. Abu Jahl: “Xo’p, mayli, agar sehrgar bo’lmasang, kaftimda nima borligini aytib ko’rgin-chi!” dedi. Oldinroq atayin kaftiga shag’al toshlarini solib olgandi. Jabroil kelib: “Hech xafa bo’lmagin, ular seni sehrgar desalar deyaversinlar. Biz senga yaxshi ismlar berdik va u ismlarning ba’zilarini xalqqa so’zladik va ba’zilarini tushunolmaydilar deb, “Xalqqa aqllari nisbatida so’z ayting” hukmini yubordik. U kim bo’libdiki, senga ism qo’ysin? Qulga egasigina ism qo’yadi. Eshikdan kirib kelgan muttaham qul sohibining o’g’liga qanday qilib ism qo’ysin? Qo’ygani bilan o’sha ismni bo’yniga osib, do’zaxga otadilar. U seni sinash uchun, kaftimda nima bor, deb so’raydi. Javoban deki: “Hovuchingda nima yashiringanini aytaymi yoki hovuchingdagi mening kim ekanligimni aytsinmi?” Mustafo (Unga Ollohning salomi bo’lsin!) Mehribon va rahmli Olloh nomi bilan, deya ushbu ismni aytib unga javob qaytardi. Abu Jahl: “Hovuchimdagi narsa sening kim ekanligingni aytsa, yana-da ishonarliroq bo’lurdi”, dedi. Haq taoloning pok ismi bilan hovuchidagi shag’al toshlarining har biri tilga kirib: “Ollohdan boshqa iloh yo’q, Muhammad Uning rasulidir», degan ovoz chiqardi. Xalqning yarmi bunga ishondi. Abu Jahl bundan qattiq darg’azab bo’lib, shag’allarni yerga tashlab yubordi. Gaplaridan pushaymon bo’lib, o’zini yo’qotmaslikka urindi va qahr bilan dedi: “Mana shu qo’llarim bilan nima qilganimni ko’rdingmi? Lot, Uzzoga qasamki, bu ishing ham sehrgarlik!”

Abu Jahlning ba’zi do’stlari: “Sehrgarlik yerda bo’lishi mumkin, lekin osmonga ta’sir etmaydi. Kel, uni yana bir bor shu tarafdan sinab ko’ramiz», dedilar va payg’ambarning yoniga kelib: “Qilgan ishing haqiqatdan ham sehr emas, Ollohning mo»jizasi bo’lsa, shu o’n to’rt kunlik oyni ikkiga bo’lib ko’rgin-chi!” Darhol Jabroil tushdi va: “Xavotirlanma, pok — muqaddas, misli yo’q ismimizni yodga ol! Mehribon va rahmli Olloh nomi ila de va ikki muborak barmog’ingni ayri qilib osmonga tutgin-da, oyga ishora qil, toki qudratimizni ko’rsinlar», deya Hakdan xabar keltirdi. Mustafo shunday qildi. Oy ikkiga bo’lindi. Yarmi payg’ambarning o’ng barmog’i tomonda, yarmi chap barmog’i tomonda aks etdi. “(Qiyomat) soati yaqinlashib qoldi va oy ham bo’lindi» 28. Shunday dahshatli ovoz eshitildiki, shahar va cho’llarda minglab hayvonlar o’ldi. Tirik qolganlari ham yem yeyolmay, dir-dir titray boshladilar va xuddi shunday — xalq ham kasallanib qoldi. Yarim xalqning yuragi qon bo’ldi. Hammalari: “Mavjudligidan xabar berayotganing Olloh haqi, oyni tezroq asl holiga qaytar. Aks holda, butun olam ost-ust bo’lib ketadi”, dedilar. Payg’ambar (Olloh rahmatiga olsin!) yana u ismni aytdi: “Mehribon va rahmli Olloh nomi bilan”, deb ikki barmog’ini juftlagan edi, Ollohning amri ila jonbaxsh ism sharofatidan oyning ikkala parchasi qayta birlashdi. Bir talay kishi iymon keltirib musulmon bo’ldi. Abu Jahlning ichiga qurt tushdi va arang o’zini tutib, to’plangan olomonga eshittirib alam bilan dedi: “Agar qilgan ishing ko’zbo’yamachilik emas, haqiqat bo’lsa, ko’z-quloqlarimizni bog’lab, aqlu hushimizni tamg’alamagan bo’lsang, boshqa shaharlar ham bunga guvohlik bersinlar!” Shu zahoti, dunyoning har chekkasidan odamlar, karvonlar, elchiyu maktublar oqib kela boshladi: “Bu qanday voqeaki, Haq taolo samolarni bunyod etgan, shu qubbada ikki sha’mni oydinlatgan, “Quyoshni ziyo sochguvchi, oyni yorug’lik qilib yaratdi” 29 hukmidagidek, mana shu ikki gavhar bilan zulumot pardalarini yoqqan kunidan buyon bunday ko’z ko’rib, quloq eshitmagan, g’ayritabiiy voqea sodir bo’lmagandi. Otalarimiz, bobolarimiz ham bunday hodisa haqida gapirib berishmagandi, hech bir kitobda ham bunday narsani o’qimagandik”.

Bayt: Oy nur sochar, it esa hurar. Bunda oyning qanday gunohi bo’lsin? Itning turgan bitgani shu.
Samovot ustunlari oydan nur olar. Yer yuzidagi bir tikon ostida hurib yotgan it nimagayam yarardi 30?

Karvon cho’lda yo’ldan adashsa, kimdir yo’l bu yoqda deydi, kimdir u yoqda. Shayton esa: “Ayni muddao bo’ldi-da, mana endi mening fursatim keldi”, deya xezlanadi. Asl manzildan tamomila teskari tomonga borib, karvonga yaqinlari, ishongan do’stlarining xush, najotkorona sadolari bilan: «Keling, kelaqoling — yo’l bu yoqda”, deya chorlaydi. Esingizni yig’ing, ey, karvondagi iymon egalari, o’zingizga keling, qulog’ingizga hushyor bo’ling-da, zinhor aldanmang! Kelayotgan ovozda fitna — imtihon bor.

Karvon ahli o’z yaqinlarining ovoziga o’xshagan himoya ovozini eshitishlari bilan, o’sha tomonga burilib ketadilar. Bir chaqirim yurib: “Bizni chaqirgan shu yerda edi. Endi qayoqqa ketib qoldi ekan?” deydilar va ortlariga qaytmoqchi bo’ladilar. Vaholanki, bu sarob karvonni yo’ldan adashtirdi. Shayton deydi: “Bularni tashlab ketsam, ortlariga qaytadilar va bu yaxshi ish bo’lmaydi”. Yo’lini yo’qotganlarni yanayam uzoqroqdan, avvalgisidan ham yoqimliroq ovoz bilan “Kelaveringlar!” deb chaqiradi. Karvon ahlidan ba’zi kishilar: “Chindanam bizning g’amimizni yeyayotgan bo’lsa, borgunimizcha nega joyidan jilmay turmadi, nega birodarlik qilmadi?” deya shubhaga boradilar. Bir u tomonga qarab “ketdik!” deydilar, bir ortlariga boqqancha kelgan taraflariga ilhaq yo’nalgan ko’yi balki birortasi kelib qolar, deya umidvor bo’ladilar. Hatto ularning ayrimlari Tangri rahmatidan yiroqdirlarki, bu toifa kishilar o’sha tubanlik, o’jarlik va fursat cho’lida shaytonning ortidan qolmay, shu taxlit ergashib ketaveradilar. Shu qadar ergashadilarki, na o’girilishga madorlari qoladi va na ortga qaytishga. Ochlik, suvsizlikdan savdoyi cho’lda o’lib, qurt-qumursqalarga yem bo’lib ketadilar. Haq ko’magiga mazhar bo’lganlar esa sarsari cho’lning o’rtasida, “Parvardigoro, bizlar o’z jonimizga jabr- zulm etdik’° 31 deya yolvoradilar. Zulm qildik, ko’p adashdik endi qutilishimiz mahol, deydilar. Haq taolo ularga bir farishta, hatto ma’sum, shariat sohibi, tanlangan, pok bir payg’ambarni yuboradi. U payg’ambar Olloh nomidan ularni to’g’ri, haq yo’lda turib chorlaydi: «Ey, Ollohning haddidan oshgan qullari! Ey, yo’ldan adashganlar! Sizlar haddidan oshib, bir-ikki chaqani uvol qilish yoki bir necha eshakka yuk bo’lgich bug’doy hisobini bilmay sarflashu meros qolgan anchayin mol-davlatni yeb-ichishga xarjlab yuborishni isrof deb o’ylamanglar. Asl isrof aziz umrni xarjlamokdir. Chunki bir soniyalik umr qimmatini yuz ming chaqa bilan o’lchab bo’lmaydi. Javohir vaqt o’tishi bilan qozonilishi mumkindir, ammo vaqtni javohirga sotib olib bo’lmaydi. Ya`ni umr davomida ne-ne yoqutlarni ham qo’lga kiritsa bo’lar, biroq yuz-minglab yoqut bilan vaqtga ega chiqib bo’larmidi?”.

Bayt: Jonni oltin bahosida sotib olmagansan-da, shuning uchun qadrini bilmaysan.


Hindu ham tekin molning qadriga yetmaydi 32.

Siz boshqalarga zulm qildik, deb o’ylaganingiz bilan, aslida, buni o’zingizga qilgansiz. Dushmanlarimning do’konini yoqdim, deb sevinib yurganingizda o’z do’koningiz olovlar ichra qolgan, bor sarmoyangiz kasodga uchragandi. YOMONLIK qilmaginki, yomonlik ko’rmagaysan. Choh qazimaginki, chohga qulamagaysan.

Bayt: Yo’qsilning ko’nglini kabob qilib yegan zolimga yaxshilab nazar solsang,
o’z- o’zini qizartirib yeyayotganining guvohi bo’lasan 33.

Hikoya qilishlaricha, bir qassob nasiyaga go’sht berarkan. Do’konda nasiyalarni yozib o’tiradigan bir yosh shogirdi ham bor ekan. Qassob: “Yozib qo’y, falonchining shuncha qarzi bor, pistonchidan esa shuncha oldi-berdimiz bor”, deb buyurarkan. Kunlarning birida bir o’laksaxo’r qush kelib, bir bo’lak go’sht o’g’irlab qochibdi. Qassob bolaga: “Yozib qo’y, go’shtning to’rtdan biri shu yirtqich qushda. Undan ham mana shuncha oladiganimiz bor”, debdi. Boshqa kun o’laksaxo’r qush odati bo’yicha do’konga yana kelib, go’sht o’g’irlamoqchi bo’lganida qassob qushni tuzoqqa tushiribdi va kallasini uzib qassobxonaga osib qo’yibdi. Bola: “Ustoz, qushdan olingan haqqimizni yozib qo’ydim. “Mening o’z jonlariga jinoyat qilgan bandalarim» hukmidagidek, endi qushning ham sizdan oladigani bor. Qancha yozib qo’yay?” deb so’rabdi. Usta yoqasini chok etib: “Go’sht masalasi oson. Ammo jon so’rasalar, men nima qilaman?” deya oh uribdi. “Ollohning rahmat-marhamatidan noumid bo’lmangiz” 34. Ya’ni girdobga tushsangiz, noumid bo’lmangiz. Ba’zi mufassirlar bu oyat Hamzaning (Olloh undan rozi bo’lgay!) qotili Vahshiy haqida kelgan, deyishadi.

Hamza avvaliga qilich arsloni edi, keyin Haq arsloniga aylandi. Oldiniga payg’ambarning amakisi, yaqini edi, so’ngroq o’g’li bo’ldi. Hamza musulmon bo’lgach, urushga ketayotib zirh kiymaydigan odat chiqardi. Undan: “Ey, arabning arsloni, yoshligingda — ayni yigitlik kuch-quvvatiga to’la chog’ingda zirh kiyar, boshingga dubulg’a ilarding. Badaning zaiflashib qarigan chog’ingda jangga zirh kiymasdan ketishing boisi nimada?» deb so’rashdi. Shunda Hamza: “Arslonning fitratidagi yigitlik sifati — yashamoq, tirik qolmoq umidiyu joni bilan o’yin o’ynamaslik odati qay yo’sin tabiatning in’omi bo’lib, o’lim qo’rquvi uning ko’zlariga ko’rinmasa, xuddi shunday mening ham siyratim arslon — yigit edi. Parvonada Ibrohimning nuri bo’lmaganidan keyin qanday qilib Ollohga dosh bersin? Zero, suvga tashna, chanqoqlik balosiga giriftor odam, qonib suv ichgani hamon qo’l-oyog’i shishib ketganini ko’rsa hamki, suvdagi lazzat bularni undan to’sadi. Undan o’lim xayolini quvadi. Men Hamza bo’lganim bilan, haligi yigitligu jasoratni tabiatim amriga ko’ra bajarayotgandim. O’lim ko’zlarimga hayot bo’lib ko’ringanidan emas, o’shanda bunday nur yo’q edi menda. Mana endi iymon keltirgach, tabiatim bilan bog’liq zulmat ko’z oldimdan, ko’nglimdan chiqib ketdi. O’limdan, o’ldirilishdan so’ng jonga ulashilajak qanchalar hayot ne’mati bor. Jonning faqat jon majlisida huzur sharobidan qanday totganiyu qo’lsiz qadah tutib, og’iz, labsiz ichgan ko’yi boshsiz qanday bosh chayqatganini, oyoqsiz qanday raqsga tushganini ko’rdim”. Ular jismsiz — qorin, og’iz, labsiz yeb-ichmoqdalar. Jon huzur sharobidan bir totdimi, g’ayb olamida oh urib derki: Ey, tuproq qolipida noumid bo’lganlar! Shu tuproq qolip parchalansa, yeb-ichishdan qolamiz, oydin kundan mahrum, tor qabrga mahbus bo’lamiz, deb umidsizlik qilyapsiz. Siz bir bor bizning holimizga boqib ko’ring! Ey, mozorda ko’r qolgan! G’ofil o’zini ko’r deb o’ylaydi, ammo arslon hech zamonda bunday bahoni o’ziga beradimi? Bekati — manzilini mozor bilgan kishining oyog’ida qanday mador qolsin? Unday kimsa qaysi ko’ngil bilan uchib bekatlar oshsin? Axir, ko’ngil — ko’rishdan harakatga keladi. Kimniki ko’rish qiblasi mozor bo’lsa, unda kuch-quvvatdan hech qanday ulush qolmaydi. Basiyrat sohiblarining bosgan tuproqlarini ko’zlaringizga surtingki, ko’zingiz tuproqni ko’rolmay qolsin, mozorga qarashdan voz kechsin. Chunki bu taraf tuproq yoki mozor emas, top-toza nurdir. Mozor bilan tuproq qayoqdayu musaffo nur qayoqda?

Bayt: Birodar, sen tushunchadan iboratsan. Qolgani go’sht, teridir.


Gul xayoli ila gulistonga, yantoq xayoli ila tikanzorga aylanasan 35.

Oxiringni tuproq deb o’ylasang — tuproqsan.


O’zingni pok deb faraz qilsang — poksan 36.

Hamza ularga shunday javob berdi: “Ha, u paytlar jangga ketarkan, zirh kiyib olardim. Chunki o’limga, yaralanishga ketardim. O’lim tomon zirhsiz, tadbirsiz borish aqldan emas. Mana endi iymon ko’zi bilan ko’rib turibmanki, jangga emas, yashamoqqa ketar ekanman. Asl ojizlik — tiriklik, hayot tomon zirh bilan himoyalanib borish ekan».

Bayt: Hech bir ko’ngil u mehrobga o’z istagi bilan bormaydi, (Udir ko’ngillarni o’ziga jazb etgan).
Hech kim u go’zal bilan ko’ylagini yechmasa, yotib-turmaydi 37.

Vahshiy degan kishi zodagon bir arab ayolining quli edi. Hamza jangda u ayolning eng yaqin kishisini o’ldirgandi. Ayolning qalbida Hamzaga nisbatan qasos hissi bor edi. Ayol quli Vahshiyga: “Biron chora topib Hamzani o’ldirolsang, senga mana shuncha sarmoya berib, ozod qilaman”, deydi. Jangda yaqinlarining o’limi sabab Hamzaga adovat bilan boquvchi boshqa kishilar ham shu ishni bajarsang, falon ot seniki bo’ladi, falon joriyani ham senga beramiz, deya uni axiyri ko’ndiribdilar. Oltin va mol ko’zni shamg’alat, quloqni kar qilib qo’yadigan ko’zbo’yamachidir. Hatto ilm, hunari bilan qilni qirq yorgan qozi va hakim ham mol-dunyo, pora qayg’usiga tushdimi, o’sha mol-dunyoyu porasi ularning ko’zini bog’laydi. Oqibat, kunduzi ham zolim bilan mazlumni ajratolmay qoladilar. Robiya (Olloh rahmatiga olsin!) haqida xalq orasida shunday hikoya yuradi: Bir kun Robiyaning xizmatchisi o’n ikki tanga pulni olib uning qo’liga berdi. Shunda Robiya bir tangani o’ng qo’liga, ikkinchi birini chap qo’liga oldi. Ovqat mahali unga, “olsang-chi!“, deyishdi. Luqmani og’zimga tuting, chunki qo’llarim band, dedi. Yaxshisi ikkala tangani ham bir qo’lingga olgin-da, ikkinchi qo’lingni oshga uzat. “Xudo saqlasin, unisi ham afsungar, bunisi ham. Bu ikkovini aslo bir qo’limga olmayman. Har ikkisi bir oraga keldimi, fitnayu buzg’unchilik taraddudiga tushib qoladilar. Ular bir topishdilarmi, bizni bir-birimizdan ayirish harakatini qiladilar”. Xuddiki, “Va o’shalardan (Horut va Morutdan) er-xotinning o’rtasini buzadigan narsalar o’rganadilar» 38, deb buyurilganidek. Oyatni zohir ahli tafsir etarkan, bu er-xotinning orasini buzuvchilar haqida deydilar. Ahli haqiqat esa jon va badan orasidagi ajrim haqida, deyishadi. Chunki jonning tengi yo’q boqiy jufti haqiqat bekatidir. Uning chin jufti, uni juftlik savdosidan qutqarib birlikka yetishtirgan, darddan forig’ etib — yagona qilgan Zotdir.

Ruboiy: Butun olamda jufti topilmagan ul Yagona Zot, quli bilan kelishib
“birmi- juftmi” o’yinini o’ynashni boshladi.
To’satdan menga, birni xohlaysanmi, juftnimi, deb qoldi.
Men ham: Bu olamda bir bo’lish uchun, Sen-la juft bo’lishni istayman, dedim 19.

Har ne boshqa biron narsa bilan do’st tutindimi, ikki bo’ladi. Faqat bu haqiqat ajablanarli bir haqiqatki, sen u bilan birga bo’lsanggina bir bo’lasan. Usiz qoldingmi, parchalanib ketasan. Buning misoli jon va badandir. Jon tanda ekan, bir-biriga zid jami parchayu bo’laklar birlashadilar. Qachonki, jon tanni tark etgach, bir narsa yuz ming narsaga aylanib qoladi. Ko’z bir yoq, quloq boshqa bir yoqqa ketadi. Suyak-suyakka, et-etga ajralib qumursqalarga yem bo’lib, yo’qoladi. Nega bu parcha-bo’laklar sochilib ketdi, ular, aslida, bir emasmidilar? Tuproqqa evrilishi bilanoq uning bir qism loyidan ko’za yasasalar, bir qismidan mesh yasaydilar. Ularning har biri o’z-o’zicha yakka, bir-biroviga begona bo’lib ketadi. Biz ikki yorti bir edik, qachon begona bo’ldik? Jon suhbati bilan birlashgan, bir tanu bir jon bo’lgan biz emasmidik?!

Bayt: Qadahlar bo’shab qolgandan keyin ogirlashadi.
Sof sharob bilan to’lganlari zahoti yengillashadilar,
havoda uchar darajada yengil holga keladilar.
Shunga o’xshab, badan ham jon bilan ayni shundoq yengillashadi 40.

Vahshiy mol-dunyoga aldanib, Hamzani o’ldirish fursatini qidira boshladi. Nihoyat, Hamza g’animlarni o’ldirish bilan andarmon ekan, Vahshiy uning yoniga yaqinlashish uchun fursat topolmay, Hamzaning o’ng tomonidagi bir tosh ortiga yashirindi. Hamza urushga tamomila sho’ng’irkan, Vahshiy tosh ortidan payt poylab boshini chiqarib- chiqarib turardi. To’satdan bir gala dushman askarlari hujumga kelib qoldi. Hamza ularni qirish bilan ovora edi. Vahshiy nihoyat paytini topdi. Hamza zirhsiz edi. Vahshiy unga tomon qilich otdi. Qilich Hamzaning beliga sanchildi. Hamza qilichni bor kuchi bilan belidan sug’urib oldi. Ammo buni uddalaguncha ko’p qon yo’qotdi. Vahshiyning ortidan tushmoqchi bo’ldi-yu, ko’p qon yo’qotganidan quvvati qolmay yerga yiqildi va uch bora: “Biz — sarxushmiz”, dedi. “Ularning hayoti-dunyodagi maishat-tirikchiliklarini ham ularning o’rtalarida Biz o’zimiz taqsimlaganmiz’» 41, deb buyurilganidek, shu onda jon berdi. “Albatta biz Ollohning (bandalarimiz) va albatta biz U zotga qaytguvchilarmiz«42.

Shundan so’ng Mustafo (Salomlar bo’lgay!) Hamzaning shahid bo’lganini eshitdilar. Oyoqlari yaralangan, g’animlar muborak tishlarini sindirgan va ancha-muncha qon yo’qotganlariga qaramay, Hamzaning o’limi xabarini eshitib — barini unutdilar. Borib Hamzaning boshini bag’irlariga bosdilar va qutlug’ yenglari bilan yuzlarini artdilar. “Sen uchun yovlarni shunday qirayinki, sanog’iga yetolmasinlar”, deya ont ichdilar. Nihoyat, oyat tushdi: “Biz Hamzani baland davlatlarga musharraf qilmadikmi? O’ch olishni o’ylamang! Chunki sizning yo’l-yo’rig’ingiz lutfdir, afv etishdir”. Erkagu ayol shahid ketgan o’z yaqinlari ketidan yum-yum yig’lab, faryod chekardi. Mustafo buyurdiki, (Olloh rahmatiga olgay!) “Ey, mening amakim, Hamza! Sening ortingdan hech kim ko’z yosh to’kmayapti. Holbuki, kuyunishlarga eng munosibi sensan. Aslida, seni yo’qotganlaridan faryod chekib, ko’z yosh to’kishlari joiz edi”.

Yig’lay-yig’lay masjidga tomon ketdilar. Ayollar kelishdi. Hamzaga (Olloh undan rozi bo’lgay!) masjid eshigida faryod eta-eta aza ochdilar. Payg’ambar yana bir muddat yig’ladilar-da, Hamzaga motam tutgan ayollarni duo qildilar. Jangda shahid ketganlar haqqiga birma-bir namoz o’qidilar. Hamzaga esa yetmish marotaba namoz o’qidilar.

Vahshiy noumid bo’ldi: “Hatto la’natlangan Iblisning butun avlodpari gunohlaridan o’tilganda ham, mening tavbam qabul bo’lmaydi. Men shunday bir ish qildimki, shu jinoyatim boisidan payg’ambarlarning eng maqbuli, eng ustunining, samodagi barcha malaklar ko’ngil qo’ygan zotning muborak qalbi qattiq ozor topdi. Endi Nuh umri qadar hayot sursam ham, yana bundan o’n barobar uzoqroq yashasam ham, umr bo’yi sabr qilgan Ayubdek sabr qilsam ham, tavbam qabul bo’lishiga, afu etilishimga ishonmayman”. Uning ohlari osmonni tutdi. Shu kundan boshlab Makkaning qaysi tomonida aza bo’lsa, Vahshiy o’sha o’lik qabri tepasiga borib, boshidan tuproq sochar, ayollarga qo’shilib yig’lay ketardi. Undan: “Ey, Vahshiy, sen marhumimizning aqrabolaridanmisan?” deb so’rashardi. U esa: “Jonim shunday azaga botgan, shunday motamsaroki, butun dunyoning azalari mening motamimga aylangan kabi», deb javob berardi.

Rahmat dengizi jo’shib ko’pirdi. Jannat irmoqlari rahmat sutlari bilan qirg’oqlarga qadar to’ldi. “Rahmat asarlariyu ehson dengizi jo’shib-toshishining guvohi bo’lib turibmiz. Ko’ramiz, rahm-shafqat to’lqini sohilga qandayin ko’z ko’rib, quloq eshitmagan durlarni otar ekan”, deya yetti osmon farishtalari qanotlarini yozdilar.

Farishtalar shunday mahtal bo’larkan, azalu abad Podshoh, bechorayu ehtiyojmandlarning qo’llaridan tutuvchi, behisob mag’firat sohibi Rahmon habibi Mustafoga (Olloh rahmatiga olgay!) vahiy yubordi: “(Ey Muhammad, turli gunoh ma’siyatlar qilish bilan) Mening o’z jonlariga jinoyat qilgan bandalarimga ayting: “Ollohning rahmat-marhamatidan noumid bo’lmangiz!” Albatta Olloh (O’zi xohlagan bandalarining) barcha gunohlarini mag’firat qilur” 43. Ey, mening bag’ri qon qullarim! Ey, mening xirmoni kuygan qullarim! Ey, dardga mubtalo, g’am-g’ussaga giriftor bo’lgan, zindonband etilgan, pushaymonlik otashida yonib, bilimsizlik ortidan uy-joyini kuydirgan qullarim! Ey, olov yutib, qon yig’lagan, haddidan oshib umidsizlikka tushgan qullarim! So’ngsiz rahmatimdan noumid bo’lmangiz! Bandalarimga g’amxo’rlik, marhamat qiluvchi karamimdan umid uzmangiz! Olloh, shubhasiz, barcha gunohlarni mag’firat qilur. «Albatta, Olloh (O’zi xohlagan bandalarining) barcha gunohlarini mag’firat qilur”. Boshqa bir oyatda kufrdan bo’lak barcha gunohlarni afu etaman, degan bo’lsa, bu oyatda Vahshiyning dardiga darmon bo’lmoq uchun bari gunohlarini kechiraman, deb buyurdi. Bu safar “O’zim xohlagan bandamning” demadi, chunki ayni jumlaning qilichi Vahshiy jigarini yaralab, tilka-pora qilib yuborgandi. “Ey, “O’zim xohlagan bandamning” so’zi, sen jigarimni tilyapsan, yo’llarimda olovlar bilan liq to’la yetmish xandaqsan. Bularni hatlab o’ta olishimga qandoq ko’zim yetsin? Tutunlar chulg’agan qattolligim bilan u olovli xandaqlardan qandoq oshib o’tayin? Bu hatto xayolga ham sig’maydi, aql esa bovar qilmaydi” deb nadomat chekardi.

Bayt: O’zingdan kechmas ekansan, jismingga o’ralib olgancha asirlikdan netib qutulmoqchisan?


Sen bir o’tinsan. Jahannamni — u kuydirgi olovni qandoq kechib o’tmoqchisan 44?

Karam sohibi, lutfkor Haq taoloning beqiyos rahmat ziyosidan taralmish marhamat shu’lalari, o’sha “O’zim xohlagan bandamning” oyatidagi harflardan ham dud chiqarib yubordi-da, alangali olov xandaqlar bilan Vahshiyning ko’z yoshlaridan Ibrohim olovidek gul, rayhon, yosuman o’stirdi — guliston holiga keltirdi. “Olloh ana o’shalarning yomonlik — gunohlarini yaxshilik — savoblarga aylantirib qo’yur”, hukmidagidek olov bilan to’ldirilgan xandaqni va “O’zim xohlagan bandamning” so’zini maydondan chiqarib yer yuziga ham, osmonlarga ham rahmat yog’dirdi.

Bayt: Suyukligim, yasanib oldi — husniga husn qo’shildi. Umr bo’yi — ko’z tegmasin! Kufri butunlay iymonga aylanib qoldi — sirayam ko’z tegmasin!
Achchiqpanib zahar sochgan o’sha dudoqlaridan shakaru bol toma boshladi — sirayam ko’z tegmasin 45!

Bayt: Sen hukm surgan o’lkada davlating soyasida aftoda —


parishon bo’lish foydali bo’lmasligi mumkin, lekin ziyon ham emas.

Ruboiy: Sen mening tulkim emasmisan, arslondan qo’rqqaning nimasi?


Sening davlating men emasmanmi, yo’qsillikdan cho’chiganing nimasi?
Samodagi oy sening yo’ldoshing emasmi? Tong er kishi maqomiga yetdi,

Ota-bobolari asli xorazmlik Jaloliddin Rumiy tugʻilishidan ruhiy quvvat sohibi boʻlgan. Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asarida yozilishicha, Mavlono Muhammad Jaloliddin Rumiy olti yoshida ekanida uylarining tomida oʻz tengqurlari bilan oʻynab yurardi. Tengqurlardan biri unga: “Keling, birga tomdan sakraymiz”, deydi. “Bu it va mushuklarning ishidir. Agar sizning joningizda quvvate boʻlsa, osmon tomiga sekreli”, deydi va shu holatda tomdan havoga koʻtarilib, koʻzdan gʻoyib boʻladi. Bolalar iztirobdan qichqirishib, yigʻlab qoladilar. Bir lahzadan keyin Jaloliddin Muhammad oʻsha tomga tushadi va deydi: “Men sizlarga u soʻzlarni aytib turganimda yashil kistvatligʻlar (yashil kiyimli farishtalar) meni osmonga eltdilar, ajoyib malaklarni koʻrsatdilar, sizlarning yigʻi-faryodingiz koʻkka chiqqach, yana olib tushib qoʻydilar”.

Jaloliddin Rumiy Balxda tugʻilgan. Uning otasi Muhammad Bahouddin Valad zamonasining mashhur kishisi, notiq, voyiz (vaʼzxon) boʻlgan. U Najmiddin Kubroning yaqin shogirdlaridan boʻlib, “Sulton ul-ulamo” darajasiga erishgan. Mavqeyi baland boʻlgan Bahouddin Valad Xorazmshoh bilan munosabati buzilgach, oilasi, yaqinlarini olib Balxdan Bagʻdodga koʻchib ketadi. Otasi bilan Xuroson, Hijoz, Bagʻdod, Shomga qilgan safarlaridan soʻng Mavlono Jaloliddin Koʻniyoda (Turkiya) qoʻnim topadi. Jaloliddin Rumiy otasi vafotidan soʻng uning oʻrniga madrasaga bosh mudarris boʻlib tayinlanadi. Shu madrasada fiqh (diniy huquqlar) ilmidan dars bera boshlaydi. U oʻqigan vaʼzlar shuhrati keng tarqaladi.

Mavlono Rumiy umr boʻyi diniy aqidalar istibdod (jabr-zulm)iga qarshi inson ruhi erkinligini himoya qilgan, irqi, tili va diniy mazhabidan qatʼi nazar, insonlar tengligini tashviq etgan. U diniy aqidalarga, fikr va tuygʻularni zanjirband etuvchi urflarga qarshi kurashgan.

Jaloliddin ota yurtiga qaytmadi, oʻzini anatoliyalik hisoblab, Rumiy taxallusini oladi. Uning ilmiy va adabiy merosi gʻoyat katta. Gʻazal, masnaviy va ruboiylardan ibo-rat “Devoni kabir” (“Ulugʻ devon”)da uch mingdan ziyod sheʼr mavjud, “Masnaviy” asari oʻttiz bir mingdan ortiq misradan iborat. Shoirning qoʻliga qalam olib yozgani atigi oʻn sakkiz misra boʻlib, qolganlari “kotibi asror”lar tomonidan koʻchada, uyda, majlisi samoda yozib olinaverilgan.

Rumiyning musulmon olamida mashhur asari “Masnaviy” oldindan oʻylangan rejaga ega emas. Uning yagona nizomi erkinlik. Fikr, ruh erkinligi, ifoda erkinligi, holat-kayfiyat erkinligi. Avlodlar “Forsiy Qurʼon” deb atagan bu kitobni u oddiygina qilib “Masnaviy” deb atadi.

“Masnaviy” olamni egallashga va oʻz-oʻzini anglashga intilgan inson ruhining taronasi. Asar yozilib, nihoyasiga yetishi bilan uni yodlashga kirishilgan, uni yod bilganlar “masnaviyxon” nomini olgan. “Masnaviy” asosida oʻnlab toʻplamlar, arab, fors, turk tillarida yuzlab jild tahlil va talqinlar bitilgan. Rumiy “Masnaviy” asaridagi murakkab falsafiy muhokama va mushohadalarni “Ichingdagi ichingdadir” asarida ravshan va sodda shaklda tushuntirib bergan. Gegel, Kant, Shopengauyer, Freydlar falsafasi bilan tanish odam “Ichingdagi ichingdadir”ni oʻqisa, hammasi Sharqda allaqachon aytib qoʻyilgan ekanligiga ishonch hosil qilishi tabiiy.

Rumiyning gʻazal va ruboiylari ham oʻta maroqli. Uning ruboiylari nafaqat falsafiy qarashlarni, balki samimiy his-tuygʻularni bayon etadi. Oʻqigan kishi koʻnglini goʻzallikka oshno qiladi. U insonni oʻziga tanishtiradi.

Jaloliddin uchun muhabbat butun borliqni harakatga keltiruvchi kuch edi. Uning fikricha, don ham, maysa ham, jonivor ham seva oladi. Lekin faqat tana va terisi bilan. Insongina ham jismi, ham aql-idroki, ham xayoli, ham xotirasi ila sevishga qodir.

Rumiy ayolga muhabbatni olqishlaydi. Zero, inson oʻziga oʻxshagan insonga muhabbat qoʻyish bilan oʻz ruhiyatini, umuman, insonlik mohiyatini anglab yetadi:

Ayo gʻuncha, qizil qonlar aro sen oʻzni tark etding,

Ayon etgil, nadir sevgi, nadir ul oʻzni tark etmoq!

Rumiy tiyrak va hushyor koʻz bilan dunyoga nazar soladi, insonni qanday boʻlsa, shunday olib oʻrganadi. Inson qalbi toʻridagi eng nozik, eng yashirin sirlarini oshkor etadi, ruhiyat qatlaridagi qonuniyat va zaruratlarni koʻrsatib beradi. Uning asarlarini oʻz-oʻzini, oʻzlikni tanish kitobi deb aytish mumkin.

Rumiy asarlarining bu darajada maroq va hayrat bilan oʻqilishiga, jozibadorligiga yana bir sabab isteʼdodli shoir Jamol Kamolning tarjimonlik mahorati, ruboiylarni aruz vazniga solib oʻzbek tiliga oʻgirganidadir.

Mavlono Jalol id-Din Muhammal Rumiy yoki Mavlono nomlari bilan taniqli - asosan, fors tilida sharq she’riyati asarlarini yaratgan atoqli fors-tojik shoir-so‘fisi. Ba’zida uni Mavlono Jalol id-Din Muhammad Balxiy, ya’ni tug‘ilgan yeri bo‘lmish ona shahri nomi bilan ham chaqirishgan.

1207 yilning 30 sentabr kuni Vaxsh (hozirgi Tojikiston) shahrida, o‘sha vaqtlar Xurosonning yirik poytaxt viloyatining shimoliy Baxl hududida, xalqda mashhur saroy din-huquq va xatib-so‘fi olimi - Baxouddin Valid (1148-11231) nomi bilan mashhur Muhammad bin Husayn al-Xatib al Balxiy oilasida dunyoga kelgan. Otasi mo‘g‘ullar istilosi subab, ona shahridan qochib, ko‘p yillik darbadarlikdan so‘ng, Kichik Osiyoning (Rum) Kunya shahrida, turk-saljuqlar saroyida o‘rnashadi.

Jaloliddin nafaqat diniy-huquqiy, balki, aniq fanlar sohasida ham yaxshi tahsil olgan, arab, yunon tillarini, “Qur’on”ni va uni tavsirini yaxshi bilgan.

XIII asrda Kunya shahrida Sulton Valad so‘filik Mavlono ordenini ta’sis etib, marosimlarda Rumiy asarlaridan foydalanilgan. Rumiy — Usmoniylar Turkiyasidagi eng obro‘li darveshlarning hamda bizning davrimizdagi mavjud tariqatning ma’naviy davomchisi.

Bolaligidayoq u Xurosonning asosiy shahri - ona yeri Balxni tark etishga majbur bo‘ladi. Uning otasi Muhammad Baxouddin Valad so‘fi va diniy-olim bo‘lgan. Shuning uchun ham u Xorazm shohi Muhammaddan saroyida xizmat qilish taklifini oladi. Ammo Valad o‘z e’tiqodida mustahkam, chuqur bilimga ega va juda haqqoniy bo‘lgan. Turli vajlarga ko‘ra, u shohning iltimosini rad etib, bolalarga dars berish uchun maktabda qoladi va ilmiy hamda ijodiy faoliyatini davom ettiradi. Shu sabab Xorazm shohi bilan o‘rtalarida kelishmovchilik yuzaga keladi. Haj safarini amalga oshirish maqsadida, u oilasi bilan Balxni tark etadi.

Makkaga safari chog‘i, Nishopurda u shayh Farididdun Muhammad Attor bilan suhbat qurish sharafiga muyassar bo‘ladi. Qiziquvchan shayh Rumiyga bog‘lanib qoladi va unga o‘zining “Asrornoma” kitobini bag‘ishlab, Jaloliddin uni doim yonida olib yuradi. Rumiy she’riyat, falsafa va dinshunoslik bobida bu qadar cho‘qqilarga erishishiga o‘sha davrlarning ma’rifatparvarlari shayh Shams Tabriziy va Farididdun Attorlarning hissasi beqiyosdir. Shams Tabrizdan u falsafa, xususan, so‘fichilik bilan tanishadi.

1228 yil Valad Kunyadagi madrasasida muallimlik o‘rnini egallash taklifini oladi va o‘sha yerga ko‘chib o‘tib, tez orada, 1231 yil vafot etadi va uning madrasadagi o‘rnini Jaloliddin egallaydi. Bir yildan so‘ng Jaloliddin madrasada dars berish bilan birga, Valadning fikrdoshi Burxon id-Din Muhaqqiqning shogirdiga aylanadi. Bu ma’naviy tarbiya, deyarli o‘n yil davom etdi: u barchaning hurmatiga sazovor mudarris va masjid xotibi bo‘lib qolish barobarida, o‘z oilasi bilan bekamu-ko‘st va xotirjam hayot kechiradi.

Jaloliddinning so‘filik yo‘liga tushishi daydi so‘fi va’zxoni Shamsiddin Tabriziyning ismi bilan bog‘liq. Bu darveshning xutbalari va u bilan shaxsiy suhbati va keyinroq sirli g‘oyib bo‘lishi Jaloliddin qalbini butunlay o‘zgartirib yuboradi. Uchrashuv quvonchi-yu, do‘stiga bo‘lgan kengqamroqli muhabbat va judolik fojiasini tuyib, u butun dunyoga taniqli daho shoirga aylandi.

Ammo Jaloliddin 1247 yili g‘oyib bo‘lgan, unga ma’naviy fazilatlarini yodga solib turuvchi o‘qituvchisi Shamsiddinsiz ortiq yashay olmay, ijodini ham davom ettirolmasdi. Yosh zargar Salohiddin Zarkub ham sevimli ustoziga aylanib qolgan edi, u 1258 yili vafot etganidan so‘ng, uning o‘rnini Husamiddin Hasan bosadi.

Aynan Husamiddin oldida Jaloliddin ko‘plab she’riy asarlari insoniyat uchun yozib, saqlanib qolinganligi uchun qarzdor, zero, shoir ularni odatda o‘qib berar yoki hirgoya qilib berardi. Uning taklifiga va yordamiga binoan, Jaloliddinning asosiy asari - olti bobli “Masnaviy” (“Yashirin ma’no haqida doston”) yaratilgan. O‘zining yashirin ma’nosida ushbu doston so‘fichilik ensiklopediyasi hisoblanadi, lekin unga bu jihatdan faqat so‘fichilik yo‘lidagilargina baho bera olib, unda G‘azaliy, Sanoiy, Attor va o‘z davrining boshqa bao‘bro‘ so‘fichilarining taraqqiy g‘oyalarini ko‘ra oladilar.

Rumiyning salobati shundaki, u buyuk shoirlik maqomiga ega bo‘lib, turkiy olamga tanilgan. Islom dinining barcha oqimlari va boshqa dinlar uchun u yagona g‘oyani ilgari surib, unda Yaratganga bo‘lgan muhabbatni, uning kuchiga bo‘lgan e’tiqodni, niyat va ishlarning pokligini tarannum etgan. U shunday yozgan: “Yo‘llar turli bo‘lishi mumkin, ammo yakuniy maqsad yagona - Allohning oldiga borish”. U umrining oxirigacha Xudoning oldida barcha tengligini targ‘ibot qilgan.

Rumiyning “Bilim mohiyati” asari bu uslubda yozilgan tengi yo‘q kitob sanaladi. Uni Rumiy ruboiy emas, nasr uslubida yozgan. Kitobda so‘zlar bulbul og‘zidan chiqqani kabi erkin uzuladi. Unda barcha narsa erkin: qalb ham, fikrlar ham, jumlalar ham, holat ham. Rumiydan sakkiz asr o’tib, XX asr shoirlari oq she’r deb nomlanuvchi adabiy uslubdan foydalana boshlashdi. Bu uslubni hali XIII asrda Jaloliddin Rumiy ochib, o‘z ijodida foydalangan edi.

O‘zining sevimli asarini u 15 yoshida yozgan. Unda yigirma besh ming olti yuz o‘n sakkiz bayt mavjud. Kitobni jahon adabiyoti shoh asari deb hisoblasak mubolag‘a bo‘lmaydi. Uni, shuningdek, “So‘fichilik qonunlari” deb ham atashadi.

U vaqtlar insonlarning yerdagi yagona kelib chiqishi haqida gapirish jasorat hisoblangan.

Jaloliddin o‘z asarlarini turli taxalluslar bilan imzolagan: “Balxiy” - tug‘ilgan yeri bo‘yicha, “Shams Tabriziy” - do‘sti va ma’naviy ustozi, ammo eng tanilgan taxallusi “Rumiy” - u va uning yaqinlari ikkinchi vatanini topgan mamlakat.

Jaloliddin Kunyada 1273 yilning 17 dekabrida vafot etgan va otasining oldidagi maqbaradan qo‘nim topgan. Ularning maqbarasi ziyoratchilik yeri hisoblanadi.

Rumiyning adabiy faoliyati serqirra emas, lekin muhim ahamiyatga ega. Jaloliddin avvalam bor, shoir bo‘lgan. Uning lirik “Devon”i xali batafsil o‘rganilmagan, qasidalar, g‘azallar va to‘rtliklar - ruboiylardan iborat. Shoir dunyo ulug‘vorligidan qat’iy nazar unda insonning qadr-qimmati g‘oyasini ilgari suradi; u so‘nib borayotgan diniy urf-odat rasmiyatchiligi va safsatabozligiga qarshi chiqadi.

Bu g‘oyalar otashin tilda o‘ziga xos shaklda bayon etilgan. Bir qator lirik she’rlar so‘fichilikning amaliy qulayligi, hayotiy va falsafiy aqidaparstligi haqida so‘zlaydi.

Barqarorlik va amaliyotchilikning uyg‘unlashuvi Jaloliddinning “Masnaviy” - ulkan (50000 ga yaqin misra) epik-didaktik dostonlari bilan xarakterlanadi. Bu yerda epik shakldagi ibratli hikoyalar nasihat yoki lirik chekinishlar bilan kuzatiladi, xuddi shu g‘oyalar faqat ommaboproq shaklda keladi. Umuman olganda, hikoyalar so‘filik ensiklopediyasini tashkil etadi.

“Masnaviy”da syujet yaxlitligi yo‘q; ammo barcha asarlari yagona kayfiyatda; uning shakli — bir xil ohangdagi qofiyali baytlar. Epik qismlarida Jaloliddin barqaror-rassom sifatida, ba’zida esa tabiatshunos (uning tabiatshunosliligi ovrupalik kitobxonni lol qoldirishi mumkin, ammo Sharq uchun bu oddiy holdir) sifatida namoyon bo‘ladi.

Jaloliddin “Masnaviy”sini sevimli o‘quvchisi va vorisi Xasan Husamiddinga (so‘filar yetakchisi sifatida) qisman so‘zlab bergan, ehtimol, ustozini ijodga u undagan (to‘g‘rirog‘i, og‘zaki nutq orqali qayd etishni).

“Masnaviy” — musulmon olamidagi eng ko‘p o‘qiluvchi va hurmatga sazovor kitobdir. Jahon adabiyotida ham Jaloliddin, ehtimol juda muhim shoir-panteist sanalgan. Uning nasr shakldagi “Fixi ma fixi” (Uning ichidagi ichida) panteistik risolvlarining qo‘l yozmalari mavjud.

Mavlaviylik ordeni Turkiya Usmoniylari orasida eng nufuzli aslzodalarga tegishli bo‘lganligini inobatga olgan holda, XIII asrning boshqa buyuk shoiri - shaharning savdo sinfiga tegishli ideologi Saadiga qarama-qarshi ravishda – Jaloliddin ko‘proq ziroatchilardan ko‘ra, ko‘proq dehqonlar aslzodalariga yaqinroq bo‘lgan.

Rumiy hayoti Orxan Pamukaning “Qora kitob” (1990) hamda Elif Shafaqning “Sevgi” romanlaridagi syujetlar bilan tutashib ketadi.

Rumiyning so‘filik hikoyatlari

Jaloliddin Rumiy so‘fichilikning arkonlaridan biri hisoblanadi. Ko‘plab odamlar uning oldiga maslahat va dono so‘zlarini tinglagani kelishgan. Bir kuni uning oldiga qo‘shni ayol o‘g‘li bilan kelib, shunday deydi:

- Men allaqachon barcha usullarni qo‘llab ko‘rdim, lekin o‘g‘lim menga quloq solmaydi. U juda ko‘p miqdorla shakar yeydi. Iltimos, bu yaxshi emasligini unga ayting. U sizning gapingizga quloq soladi, zero, sizni juda hurmat qiladi.

Rumiy bolakayga qarab, uning ko‘zlaridagi ishonchni ko‘rib dedi:

- Uch haftadan so‘ng keling.

Ayol taajjubda edi. Axir, bu oddiy narsa-ku! Tushunmadim... Odamlar uzoq o‘lkalardan o‘z muammolarini hal qilish uchun kelishgan va Rumiy ularga shu zahotiyoq yordam bergan... Shunga qaramay, ayol uch haftadan so‘ng keladi. Rumiy bolakayga yana qarab, deydi:

- Yana uch haftadan so‘ng keling.

Shunda ayolning toqati toq bo‘lib, gap nimada ekanligini so‘rashga qaror qiladi. Ammo Rumiy oldinroq aytganini qaytaradi. Ular uchinchi hafta kelishganda, Rumiy bolakayga deydi:

- O‘g‘lim, maslahatimga quloq tut, ko‘p shakar yema, bu sog‘liq uchun zararli.

- Siz menga aytyapsizmi, boshqa yemaganim bo‘lsin, deya javob berdi bolakay.



Shundan so‘ng ona o‘g‘lidan ko‘chada poylab turishini so‘raydi. Bola ko‘chaga chiqqach, ona Rumiydan nima uchun birinchi kuniyoq nasihat qilmagani haqida so‘raydi. Jaloliddin iqror bo‘lib, o‘zi ham shakar yeyishni yaxshi ko‘rganligini, boshqalarga maslahat berishdan oldin, avvaliga o‘zi bu odatdan voz kechishi lozim bo‘lganligini aytadi. Avvaliga, buning uchun uch hafta yetarli, deb hisoblaydi, ammo adashadi...

Ustaning sifatlaridan biri shunday: u boshqalarni o‘zi bosib o‘tmagan yo‘ldan yurishga undamaydi. Usta avvalam bor, o‘ziga to‘g‘ri. Uning so‘zlari haqiqat bilan uyg‘un. Bu yerda chanlik hikmatni eslamay iloj yo‘q: “Qachonki, rahmdil inson yolg‘on ilmni targ‘ib etsa, u haqiqatga aylanadi. Qachonki, axmoq odam haqiqatni aytsa, u yolg‘onga aylanadi”.
Download 40,89 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish