32.KARIMOVNING KOMANDASI
Karimov demokratiya uchqunlarini o’ldirib, diktatura o’rnatgan dastlabki yillarda uning
komandasida kimlar bor edi?
-Shavkat Yo’ldoshev, Oliy Kengash raisi
-Ismoil Jo’rabekov-Bosh vazir o’rinbosari
-Temur Alimov- Prezident maslahatchisi
-Bo’ritosh Mustafoyev, Bosh prokuror
-G’ulom Aliyev-KGB(MXX) raisi
-Zokir Almatov-Ichki ishlar vaziri
-Bobur Malikov, Oliy Sud raisi, Adliya vaziri
-Anatoliy Efimov-O’zkompartiya MK ikkinchi kotibi
-Ubaydulla Abdurazzoqov-Tashqi Ishlar vaziri
-Rustam Shog’ulomov- Davlat Matbuot qo’mitasining raisi
-Erkin Hayitboev- O’zTeleradio qo’mitasining raisi
-Adham Fozilbekov- Toshkent shahar hokimi
-Sayfullo Saydaliev -Toshkent viloyat hokimi
-Po’lat Abdurahmonov-Samarqand viloyat hokimi
-Mavlon Umurzoqov, Prezident maslahatchisi
-Shoxobiddin Ziyomov- Prezident maslahatchisi
-Aziz Nosirov, Komsomol yoshlar rahbari.
-Jahongir Hamidov, O’zkompartiya ideologiya kotibi.
-Baxtiyor Nazarov- Prezident maslahatchisi
-Damir Yodgorov-Buxoro viloyat hokimi
-Shavkat O’razaev-Konstitutsiyaviy qo’mita raisi
-Jamol Kamol- Yozuvchilar soyuzining raisi
-Alisher Toshkentboev-Jizzax viloyat hokimi
-Burgut Rapig’aliev-Namangan viloyat hokimi
-Marks Jumaniyozov-Xorazm viloyat hokimi
-Baxtiyor Hamidov- Bosh vazir o’rinbosari
-Erkin Samandarov-Bosh vazir o’rinbosari
-Shavkat Mirziyoev- Oliy Kengash Sanoq komissiyasining raisi
-Erkin Xalilov-Oliy Kengash Huquq-tartibot qo’mitasining raisi
-Urayim Abdug’aniev-Bojxona rahbari va boshqalar.
33. XULOSA O’RNIDA
Siyosat ham san’at deyishadi. Aslida san’at ham siyosatdir. Siyosat san’at ekanligi sezilib
qolganda, emirila boshlaydi. San’at ham siyosatligi bilindimi ”oyog’i sinadi”. San’atning go’zal
bir bo’lagi – raqs, o’yin. Siyosatning harom bir bo’lagi – o’yin. Biri teatr, tomosha sahnasida,
kichik davralarda hukm sursa, ikkinchisi juda o’lkan sahnada – mamlakat, dunyo sahnasida “jilva”
qiladi.
Bugun bizning yurtimiz sahnasida – ham siyosat, ham san’at sahnasida iftixorga aylangan hayosiz
o’yinlar ko’payib ketdi.
O’zbekistonning yangi Konstitutsiyasi qabul qilingan sessiya arafasida mamlakatda terror
boshlangan, diktatura quloch yozgandi. Muxolifat qatag’onga olingan, quvg’in, surgunlar
boshlangandi. Sessiya ham ana shu ruh, ana shu kayfiyatda o’tdi. Bosh qonun deyarli
muhokamasiz qabul qilindi. Shu kuni kechqurun prezident poytaxtning “Navro’z” koshonasida
millatvakillariga, saroy a’yonlariga ziyofat berdi.
Ziyofat oqshomi prezidentning ko’zlaridagi tahlika yo’qolmagandi. U shu kuni qandaydir noxush
xabar olgani sezilib turardi. Sessiyaga kirishda deputatlarni lazerli maxsus uskunalar yordamida
“bojxona”dan o’tkazishdi. Ayol deputatlardan birining sumkasidan temir kuldon chiqib qoldi.
Yarim soat so’roq qilishdi. Biz kuldik: “Agar kuldon bilan kimningdir joniga qasd qiladigan
bo’lsa, demak yapon maktabida o’qigan”.
Ziyofat zalida mehmonlardan qo’riqchilar ko’proq edi. Sigaret chekmoq uchun joyimdan
qo’zg’algandim, yigirmaga yaqin yigit men tomonga o’tdi. Yonimga Milliy Xavfsizlik xizmati
qo’mitasining raisi G’ulom Aliev keldi.
-G’ulom aka, “qo’ylar ham cho’chqa holiga” tushibdi-ku? – dedim ziyofat oldidan maxsus
aravachalar ustida cho’chqaga o’xshab yotqizilgan, boshi va oyog’i kesilmasdan pishirilgan
qo’ylarga sha’ma qilib.
-Bugun shod-hurramlik, shunaqa gaplarning o’rnimas, – dedi G’ulom Aliev. Sezdimki, suhbatimiz
yozib olinmoqda. Chunki G’ulom aka bilan yon qo’shnimiz. Yakkama-yakka qolganda tuzumdan,
prezidentdan noroziligini gap orasiga qistirardi. Bu ham balki “lambada”dir? Har holda, o’yinni
samimiy o’ynardi.
Birdan Olmaxon Hayitovaning jarangdor ovozlari yangradi. O’rtaga Xorazm viloyati hokimi
Marks Jumaniyozov chiqdi. U va Vazirlar Mahkamasi raisining muovini Erkin Samandarov
O’zbekiston mustaqilligining bir yilligi tantanasida birga raqsga tushib, prezidentdan
tashakkurnoma olishgandi. Marks Jumaniyozov qarsaklar og’ushida goh qosh uchirib, goh o’tirib-
turib o’ynardi.
Odamlarning ko’zi prezidentda edi. U zaharli jilmayib turardi. Bu jilmayishni tashakkurnoma deb
anglashdi, shekilli, birin ketin-viloyat hokimlari raqsga tusha boshladilar. Samarqand viloyat
hokimi Po’lat Abdurahmonov raqsga usta emas ekan. Deputat Oygul Mamatovaning jozibador
o’yini bu qusrni yopib yubordi. Buxoro viloyat hokimi Damir Yodgorovning “badani”da bor ekan,
ancha vaqt davra aylandi. Hatto, bir qo’li bilan qoshini yuqori ko’tarib, prezidentga qarab “hunar”
ham ko’rsatdi.
Xullas, hokim raqqoslar musobaqasi prezidentning xijil ko’nglini yozdi.
Navbat millatning guli va aqli bo’lmish ijodkorlarga keldi. To’g’rirog’i, prezident so’zni avval
Said Ahmadga, so’ng Odil Yoqubovga berdi.
Said Ahmad mikrofonni ikki qo’llab ushlagancha davraga bir nazar soldilarda yuraklarini ochdilar.
-Men ham mustaqillik uchun kurashganlardan biriman, – dedi u kishi. – Sovetlar imperiyasida
mustaqillik haqida gapirish u yoqda tursin, hatto fikrlash ham qo’rqinchli edi. Lekin biz
yuragimizdagi bu dardni asarlarimizga singdirdik. “Kelinlar qo’zg’oloni”ni yozarkanman, dilimda
shu maqsad edi. Markaz zulmidan ozod bo’lish g’oyasi asarimning boshidan oxirigacha
chekinmaydi. Bu asarda o’n besh mustamlaka jumhuriyatning dardi, tashvishlarrini berishga
intildim. Bosh qahramonlarimning har biri bir jumhuriyatning obrazidir…
Davrada o’tirganlardan biri “O’zbekiston kim ekan?” deb shivirladi. “Sottixon bo’lsa kerak”
degandim, yonimizdagilar kulib yuborishdi. Said Ahmad esa hali so’zlarida davom etmoqda
edilar.
-Muhtaram prezidentimiz Islom aka Karimov mustaqilligimizni e’lon qilgan pahlovon
xalqimizning Alpomish o’g’li, umidlarimizning yorqin sho”lasidirlar. Mana, yana u kishining
dadil va jasoratli odimlari bilan yurtimizning yangi Bosh qonuni qabul qilindi…
Said Axmad bisotidan terib – terib hamdu sano yog’dirgani prezidentni shod qildi. Ammo Odil
Yoqubov yanada jozibali, yanada obrazli nutq irod etdi:
-O’zbekiston yarador, majruh bir ot, to’g’rirog’i toychoq edi. Rus mustamlakasi paytida ezilgan
bu toychoqning ko’zlari yosh, dardi og’ir edi. Islom Abdug’aniyevich uning yoshlarini avaylab,
yollarini tarab, silliqlab, yarasiga malham bosib parvarishladilar. Bu toychoq tezda kuch to’plab,
parvozga shaylangan ot holiga keldi. Bugun Islom aka sohibi davlat sifatida uni egarladilar. Dul-
dul yuksak parvozlarga shaylandi. U o’z chavandoziga, chavandozi esa unga yarashib turibdi…
Balki vaqt o’tib adiblarimizni “O’shanda obrazli qilib, Karimov xalqning elkasiga minib oldi”
deganlar topiladi va hech kim e’tiroz qilmaydi. Chunki “lambada” har qanday kishining sog’lom
fikrlarini toptab, or-nomus ko’chasidan uzoqlashtiradi.
-Bugun Islom akaning mardligini ko’rolmayotganlar bor, – deya davom etdi O. Yoqubov. – Ular
adashgan, kimdandir, nimadandir norozi kishilardir. Shu sabab, Siz Islom aka, undaylarga e’tibor
ham bermang. Xalq ularga allaqachon baho berib bo’lgan. Shunday deymizu, ammo ular asabni
egovlab, katta ishlar va maqsadlar yo’lida to’siq bo’lishgani ayanchlidir…
So’ng Ortiq Otajonov prezidentga “bir kapgir” maqtov yog’dirib, qo’shiq boshladi.
Davraga raislik qilayotgan Namangan viloyati hokimi, prezident iborasi bilan aytganda “oqsoqol”
Burgutali Rapiqaliev ishorasi bilan o’rtaga yana hokimlar chiqdilar. Raqs tugagach, Karimov “ikki
ulug’ adib” sharafiga qadah ko’tarishni buyurdi.
Stol ustidagi shishalar allaqachon bo’shab qolgani uchun ba’zi a’yonlar bo’sh qadahlarni ko’tarib,
buyruqni bajardilar.
Vaqt kelib, ular ham o’zlarini oqlashlari uchun imkon bo’ladi. Ya’ni: “Biz o’shanda fikrlarga
qo’shilmaganimiz uchun bo’sh qadahni ko’targandik”, deya. Ularni hozir ham ayblamoqchi
emasmiz. Ular “lambada” asirlari. Asir esa buyurilganni bajarishga mahkum. Asirlar sud
qilinmaydilar.
Qo’shiq aytib turgan G’ulomjon Yoqubovga prezident nimanidir ishora qildi. U kuy ohangini
o’zgartirib, Karimovga Mustaqillik kuni yoqib qolgan nasihat – qo’shig’ini boshladi. Shu payt
uning yonida hofiz Sherali Jo’raev paydo bo’ldi.
Sherali Jo’raev haqida shu kunlari turli mish-mishlar tarqalgandi. “Karimov uni televizordan,
radiodan olib tashlabdi”. “U hajga borganda prezidentni Xudosiz debdi”. Bu gaplarda jon bor edi.
Rostdan ham Karimov bir majlisda TV “katta”siga Sherali Jo’raevni ko’rsatmaslikni buyurgandi.
Hofiz hamkorining qo’lidan torni olib: ”Men O’zbekiston gimnini yozganman, shuni ijro
etaman”, dedi. Prezident boshini quyi solib, yonidagi maslahatchisi Mavlon Umrzoqovga nimadir
dedi. Uning rangi oqadi. Har holda javob qildi. Nazarimda, u “Sherali Jo’raev ro’yxatda yo’q edi”,
deb qutuldi.
Qo’shiq tugagach, ”ob-havo” buzilaganini sezgan a’yonlar qarsak chalmadilar. Hofiz engil kuy
chalib, o’tirganlarni raqsga “da’vat” etdi. Hamma jim.
Ko’p o’tmay bu “noxushlik”ni prezident unutdi va o’zi raqsga tushdi. Juvon deputatlar, hokimlar
uni qurshab oldilar…
“Navro’z” koshonasidan qaytarkanmiz, ko’ngil xira, chunki Karimov “o’rmonga o’t qo’ygandi”.
Yong’in yashin tezligida viloyatlarga, tumanlarga tarqalayotgandi. O’rmon ichida ming-
minglab gunohsizlar azob o’tida qovrilayotgandilar.
Ko’ngilni ana shu yong’in yoqmoqda edi…
1992-2005 yillar.
Toshkent-Baku-Istanbul-Vashington.
Muallifdan:
Ushbu memuar yozilish jarayonida, undan keyin ham yillar davomida saytlarimda
turdi. Boshqa saytlarda ham qayta-qayta e’lon qilindi. Oshkoralik nuqtai nazaridan jamoatcilik
tasdig’idan o’tdi. Shundan so’nggina kitob holida chop etildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |