partiya komitetiga bu “jo’jaxo’rozlar”ning ta’zirini berish topshiriladi.
Muborak shahri ayni paytda Muborak tumanining markazi ham bo’lgani uchun kommunistik
partiyaning tuman qo’mitasi ularga qarshi kurash boshlaydi. Viloyat kuchlari ularga qarshi
safarbar etiladi. Ular esa shahar prokuraturasi va ichki ishlar bo’limini “partiyadan xoli
tashkilotlar” deb e’lon qiladilar.
Bunga qarshi hukumat ularning televideniesini yopib qo’yadi.
Islom Karimov topshirig’i bilan bu “o’jar”lardan” qutulish uchun shahar kengashini tugatish
haqida qaror qilishdi. Kengash raisi O’zbekiston xalq deputati Murod Jo’raev ishsiz qoldi. Uni
quvg’inga olishdi.
Shu kunlari u Toshkentga kelib-ketib yurdi. Unga o’zim ishlayotganim ERK partiyasiga a’zo
bo’lishni, kurashni biz bilan birga davom yettirishni taklif qildim. U, “Yo’q” dedi. “Muhammad
Solihda ham Karimov xarakteridagi belgilar bor, sizlar bilan hamkorlik qilsamda, lekin partiyaga
kirmayman” dedi.
Keyinchalik u qamalgach, Muhammad Solih uni ham “ERK partiyasi a’zosi” deb e’lon qildi. U
sudda “Men ERK partiyasiga a’zo bo’lgan emasman” desa-da buning ziddiga “U a’zo edi” deb
bayonotlar berildi va bu Karimovga juda qo’l keldi.
Qatag’on avjiga mingan pallada biz Murod Jo’raev bilan Boku shahrida shoir Yodgor
Obid turgan uyda uchrashdik. U ichi tor va bir ish qilmasdan turolmaydigan yigit edi. Har kun
ertalabdan turib, ko’chaga otilar va nimadir qilishimiz kerak, deb fig’oni falak bo’lardi.
U Bokuga kelgan Muhammad Solih bilan yaqinlashib qoldi va uni Ashgabatda bir uy sotib olishga
ko’ndirdi. Bunga qarshi bo’ldim. Chunki Turkmanboshining burn tagida turib, hech ish qilib
bo’lmasligini bilar edim.
Bu uyda Murodning Turkmanistondagi singlisi va kuyovi Baxtiyor yashay boshladilar. Biz ham
bordik. Shu kunlari Yusuf Ro’zimurodov Turkiyadan qaytib, bizning huzurimizga keldi. U
Solihning kitoblarini O’zbekistonga olib borayotgan edi.
Ko’p o’tmay bizning bu yerda turganimizni bilib qolishdi va ketishga majbur bo’ldik.
Ozarbayjonga, keyin esa Turkiyaga ketdik.
Men Istanbulda qoldim. Murod kelib-ketib yurdi. Oxirgi kelishida ham Solih unga o’z kitoblarini
berib yubordi.
Oilamni olib kelish uchun Bokuga ketdim. Chunki Samarqandda umr yo’ldoshimni sud
qilishayotgan va bolalar taqdiri haqida ham o’ylashim kerak edi.
Muhammad Solih Murodni Karimovning sobiq maslahtchisi Anvar Oltoylining singlisi
Suxayloning turmush o’rtog’i nomiga Almatida olingan kvartiraga yuborgan ekan. Telefonini
topib, sim qoqdim va Murodga:
-Do’stim iloji bo’lsa, boshqa joyda turinglar, bu joy Anvar Oltoyliga oid, demak O’zbekiston
hukumati ham biladi,- dedim.
Murod har kuni Solih bilan telefonda gaplashib turgani va xavotir olmasligim kerakligini aytdi.
Uning boshqa joyga o’tishini qattiq turib so’radim. Chunki Turkiyadagi har bir harakatning
O’zbekiston hukumatiga yetib turgani ancha shubhaga solgandi.
Oxiri Murod:
-Erta-indin xotinim keladi va uni ham olib, bu yerdan ko’chaman,- dedi.
Murod sodda edi, desam yanglish bo’ladi. U jasoratli edi. Ammo bu ko’zi ochilmagan jasorat .
O’zini olovga ham, o’tga ham uraveradigan bir jasorat.
Bundan biroz oldin Murodning 14 yoshlardagi o’g’li kasalxonada sirli ravishda olamdan o’tdi.
Uni tanirdim, mening she’rlarimni yodlab, xirgoyi qilib yurardi. Ayniqsa, Amir Temur
haqidagilarni “Ashula qilib aytaman”, derdi. Juda odobli va qobiliyatli bola edi. Uni yo’qotish, bu
og’ir dard Murodni ancha bukib qo’ygandi.
“O’g’li o’lsa keladi va ushlaymiz” degan mirshablarning rejasi amalga oshmadi. Shu sabab ham
endi uni Alamatidan ushlab ketishga qaror berishlari aniq edi va unga bu uyda turma deganimning
yana bir sababi ham shu edi.
Xullas, uni Almatidan ushlab ketishdi. Eshiklarni sindirib kirishgan va kaltaklab, behush qilib,
qopga solib, qopni mashina motorining ustiga tashlab olib ketishgan. U keyin sudda vujudidagi
kuygan izlarni ko’rsatganda ham Karimovning malaylari yetiborga olishmagandi.
Uni ushlashgan kun 1994 yil 17 aprel. Tasodifni qarang, bir yil oldin 17 aprel kuni meni ushlashgan
edi. Bilmadim, balki 17 aprel Karimov uchun qandaydir ma’noga ega kunmikan?
Murod Jo’raevning qamoq muddati bitishiga sanoqli kunlar qolganda yoki umum avf e’lon
qilinishi bilan unga yana bir jazo berilishi odatga aylandi.
Ma’lumotlarga ko’ra so’nggi avf chiqqan kunlar unga “Ko’kragingga ismingni kichikroq harflar
bilan yozibsan” deb jazo berishibdi.
Undan oldin esa “Madhiyani aytganda boshingni egib turding!” deb ayb qo’yishgan.
U qamoqdan chiqargan bir xatida “Endi shu erda o’lib ketsam kerak” degan.
Yo’q, Murod, xalqning murodi zindonda o’lmasligi kerak!
Do'stlaringiz bilan baham: |