JAHONGIR MAMATOV: IAK
Memuar
1. UMID YOKI KIRISH O’RNIDA
Bu kitobni “Quvg’in” romanidan oldin qoralay boshlagandim. Lekin butun voqealikni ifodalash
va zulm xarakterini ochish hamda o’quvchiga yetib borishini qulaylashtirish maqsadida
“Quvg’in”da badiiy yo’lni tanlagandim.
Ma’lumki, O’zbekistonning Islom Karimov davridagi asl tarixi ustidan qora chaplanib, uning
o’rniga yolg’on tarix yozildi. Voqealar mutloq buzib ko’rsatildi. Xoinlar qahramonga,
qahramonlar xoinga aylantirildi
Shularni e’tiborga olgan holda va badiiy asar chetida qolgan hujjatlarni qayta ko’zdan kechirgan
vaziyatda “IAK” hujjatli kitobini yozdim.
Bu yerda asosan tarixni, ya’ni bo’lgan voqealarni o’z holicha keltirishga, tarix o’lmasligini
ko’rsatishga, zulmning ildizi va asl qiyofasini bor holicha chizishga urindim. Bilmadim, bajara
oldimmi, yo’qmi?
Har birimiz ana shunday ko’rganlarimizni va bilganlarimizni yozsak, tarixni tiklagan bo’lamiz.
Kamina bo’sh qoldirgan joylarni bu voqealarga guvoh bo’lganlar to’ldirishar, degan umidim ham
bor.
2.TARJIMAI HOL
Ismi va sharifi: Islom Abdug’aniyevich Karimov.
Tug’ilgan vaqti: 1938 yil, 30 yanvar.
Tug’ilgan joyi: Samarqand shahri.
Oilaviy ahvoli va oilasining tarkibi: ikki marta uylangan.
Rasman e’lon etilmagan ma’lumotlarga ko’ra Islom Karimovning birinchi xotinidan Petr ismli
o’g’li bor.
Ikkinchisi bilan, ya’ni Tatyana Akbarovna Karimova bilan birga yashaydi. Qizlari-Gulnora va
Lola. Gulnora Karimova Amerika fuqarosi Mansur Maqsudiyga turmushga chiqqan va 2002 yilda
ajralgan. Ikki bolasi bor: Islom va Iymon.
Millati: aslida tojik, rasmiyatda o’zbek.
Ona tili: tojik. Lekin rus tilida ona tili kabi gaplashadi.
Keyinchalik o’rgangan tili: o’zbek.
Ma’lumoti va mutaxassisligi: O’rta Osiyo politexnika institutining injener-mexaniklik fakultetini
1960 yilda bitirgan.
Toshkent Xalq xo’jaligi institutining iqtisod bo’limini 1967 yilda bitirgani haqida diplomga ega.
Norasmiy ma’lumotlarga ko’ra bu diplomni o’qimasdan olgan. Tekshirishning iloji yo’q, chunki
bilim dargohining o’sha yillardagi arxiviga sirli ravishda o’t ketgan..
Prezidentlik davrida iqtisod fanlari doktori va O’zbekiston fanlar akademiyasining hamda
Rossiyadagi bir qator akademiyalarning a’zosi bo’lgan.
Xizmat pillapoyalari:( Rasmiy e’lon qilingan ma’lumotlarga ko’ra)׃
1960 – Toshkent qishloq xo’jalik mashinasozligi zavodida master yordamchisi, master, texnolog.
1961–1966 – injener, Toshkent aviasozlik birlashmasida injener-konstruktor..
1966–1983 – O’zbekiston SSR Davlat planlashtirish qo’mitasining bo’limida bosh mutaxassis,
qo’mita raisining yordamchisi, bo’lim boshlig’i, boshqarma boshlig’i, qo’mita raisining birinchi
o’rinbosari.
1983–1986 – O’zbekiston SSR Moliya vaziri.
1986 – O’zbekiston Davlat planlashtirish qo’mitasining raisi, Bosh vazir o’rinbosari.
1986–1989 –O’zbekiston Kompartiyasi Qashqadaryo viloyat qo’mitasining birinchi kotibi.
1989–1991 –O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti(MK)ning birinchi kotibi.
1990–1991 – KPSS MK a’zosi, KPSS MK Siyosiy Byurosining a’zosi.
1990 yil 24 mart – O’zbekiston Oliy Kengashining sessiyasida O’zbekiston prezidenti etib
saylandi.
1991 yil 29 dekabrda – umumxalq saylovida prezident etib saylandi.
1995 yil 26 mart kuni prezidentlik muddati referendum yo’li bilan 2000 yilga qadar uzaytirildi.
2000 yil 2 yanvarda takror prezidentlikka saylandi, deb e’lon qilindi.
2002 yilda referendum yo’li bilan prezidentlik davri yetti yilga uzaytirildi va uning 2007 yilga
qadar taxtda qolishi kafolatlandi.
Mukofotlari: “Mehnat qizil Bayroq” ordeni va “Xalqlar do’stligi” ordeni (SSSR paytida
olgan), “O’zbekiston Qahramoni” birinchi raqamli oltin medali bilan (Prezidentligi davrida ta’sis
etgan va birinchisini o’zi olgan), Mustaqillik ordeni va Prezidentligi davrida ta’sis etgan va o’zi
olgan ordenlari, birinchi darajali Rus pravoslav Cherkovi ordeni va boshqa bir qator xorijiy
davlatlar mukofotlari, Misrdagi Al-Ahzar universitetining professori unvonini olgan.
Asarlari: 10; 12 tomlik to’plamlar. (Boshqalar yozib u o’qib bergan nutqlar va boshqalar yozib
uning nomi bilan nashr etilgan asarlardan iborat).
Sevgan sport turi tennis o’yini.
Boshqaruv usuli: lenincha kommunistik boshqaruv usuli.
Boshqaruvdagi mahorat maydoni: “Hammani bir-biriga dushman qilib qo’y va boshqar!”, usuli.
Istagi: tarixda ikkinchi emas, birinchi “Amir Temur” bo’lib qolish.
Do'stlaringiz bilan baham: |