30.SHAVKAT YO’LDOSHEV
Rivoyat qilishlaricha bir zulmkor shoh qazoga etganda hech jon berolmasmish. Tabibu -ulamolar
hayron. Kun kechib kech kirganda shoh ko’zlarini ochibdi.
-Shahanshohim, yana qanday armoningiz bor? Amr eting, bajo keltiraylik, –
debdi tabibi kalon.
-Vazirimning boshini tanidan judo qilinglar! – debdi shoh.
Hamma sukunatga cho’mibdi. Uch kun davomida shoh jallodlaru- zindonbonlar, devonbegiyu –
mushovirlarini o’limga buyurdi. Endi esa…
– Shahanshohim, ul zot sizning eng ishongan mudiringiz, soyai -obro’yingizlarku, axir, biz qanday
qilib…
Amrimni muhokama uchun emas, ijro uchun buyurdim!
Vazirning boshini keltirib ko’rsatganlardan so’ng:
-Xudoga shukur, – debdi shoh, – Endi jon bersam bo’lur. Lekin sen tabib nenidir so’ramoqchisan,
savolingni ber, javobingni oladursan!
-Shahanshohim, nechun ishongan odamlaringizni qatliom qildingiz?
-Ssiyosat bu, ular ishongan odamlarim emas, ular qullarim edilar, hatto sendek savol berishga
jur’at etolmasdilar. Biroq ko’p sirimni bilardilar. Men esa sirimni Tangridan boshqaga
ishonmayman! Ular yaxshi qul edilar, qul kabi jon berdilar, men esa shoh kabi… ,-deb javob
qilibdi shoh.
Bu albatta, rivoyat. Lekin ildizi hayotdadir.
1993 yil 29 dekabrda O’zbekiston Oliy Kengashining ikkinchi raisi «sog’ligi yomonlashgani
uchun» vazifasidan ketdi. Nega ikkinchi deyapmiz, chunki 1990 yilda Oliy Kengash O’zbekiston
mustaqilligi deklaratsiyasini qabul qildi. O’sha kezdagi Oliy Kengash raisi Mirzaolim Ibrohimov
“jilov”ni deputatlarga berib qo’ygani va ular Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilganlari bois
kommunistlar plenumida qattiq tanqid ostiga olindi. Ta’qiblarga dosh berolmagan Mirzaolim
Ibrohimov o’zi ariza yozdi va etmish yil davomida kadrlarga chiqariladigan hukm: «Sog’ligi
yomonlashgani uchun» ishdan ketdi.
U kishi oqsoqol edi, mayli. Lekin hali ellik yosh nari-berisidagi ikkinchi rais ham shu hukm bilan
ishdan olindi. Birovning mansabga minishi baxt, ishdan ketishi fojea emas. Qolaversa, yiqilganni
tepmaydilar. Bizning tepadigan fikrimiz ham yo’q. Ammo Vatan takdiri uchun murakkab bo’lgan
bir davrda O’zbekiston qonunchilik idorasini boshqargan kishi siyosiy maydondan quvilarkan,
uning faoliyatini tahlil etmoq burchimizdir. Istaymizmi, istamaymizmi u tarixda qoladigan
vazifada ishladi. Tarix esa bor gapni bilmog’i kerak. Qolaversa bu Islom Karimov shaxsiyati va
siyosatini anglashga ham yordam beradi.
Xo’sh, Shavkat Yo’ldoshev O’zbekistonning siyosiy maydonida qanday paydo bo’ldi va Vatanga,
millatga qanday naf keltirdi? U asli namanganlik. 1943 yilda tug’ilgan. Moskvada oliygohni
bitirgan. Uning Moskavdaligidayoq KGB tomonidan “rekrut” qilingani aytiladi. Shu bois
Namanganga qaytib, osongina partiya ishlariga o’tadi. 1984 yilda Namangan shahrining “birinchi
odami” bo’ladi. Bu ishda bir yil ham ishlamay Mosvaga KPSS MK apparatiga ishga olinadi.
Sovet Ittifoqi davrida O’zbekistonda partiya rahbarlari mahalliy xalqdan bo’lsa, uning yonidagi
ikkinchi shaxs Moskvaning odami-rus edi. Amalda “ikkinchi” hukmronlik qilgan. 1994-19887
yillarda Kreml O’zbekistondagi hamma “ikkinchi”larning o’rniga yangi desantlarni tashladi. Qiziq
voqea yuz beradi. Kreml Shavkat Yo’ldoshevni Sirdaryo “obkomi”ga ikkinchi etib jo’natdi. Bu
uning KGBga mansublini isbotlaydigan dalildir.
Uch yildan keyin u Farg’ona viloyatiga ijroqo’m raisi bo’ldi. O’zbeklar va Mesxet turklari orasida
chiqqan qonli to’qnashuvlarning tashkilotchilaridan biri sifatida nomi chiqdi. Farg’ona voqealari
munosabati bilan barcha rahbarlarning “boshi ucharkan”, Shavkat Y Yo’ldoshev O’zbekiston KP
MK Reviziya komissiyasining raisligiga “saylandi”. 1991 yilining 12 iyunida esa Islom Karimov
uni maqtay-maqtay O’zbekiston Oliy Kengashining raisi stoliga o’tqazdi.
U Moskvaning odami ekanligiga bizda zarracha ham shubha yo’q edi. Hatto O’zbekiston
KGBsining raisi G’ulom Alievning u bilan harbiychasiga salomlashganini bir necha marta ko’rib
qolganmiz. U SSSR KGBsining generali ekanligi aytilardi. Hujjatlarda qanday bilmadim, lekin
amalda u zulmning elchisi edi. Fitna uyutirishga, artislik qilishga, yig’lab turib kulishga juda usta
edi. Karimov demokrat deputalarni uning qo’li bilan bartraf etdi. Unda rahm-shavqatdan zarra ham
yo’q. Qalbi qotib qolgan askar kabi harakat qilardi. O’z yurib ketgan tankdek hamam narsani
majaqlab ketaverardi. Yuzingizga kulib gapirib, ayni paytda sizni o’limga yo’llaydigan hujjatni
ham imzolaydigan darajada sovuqqon edi.
Uni Mixail Gorbachyovning demokratik maktabida tahsil olgan odam deb targ’ib qilishgan.
Darhaqiqat, u jasorat bilan ishga kirishishi va O’zbekistonni demokratiya sari burishga sababkor
shaxs sifatida tarixga kirishi mumkin edi. Bunday imkoniyat har kimga nasib etavermaydi.
Lekin…
Moskva KGBsi Farg’onada millatni ikkiga bo’lib, urishtirganda olovga kerosin sepganlarning
boshida Shavkat YO’LDOSHEV turgandi. So’ng Kremldan Farg’onaga qo’shin kiritishni rasman
iltimos qilgan ham u. Toshloq, Qo’qonda xalq o’qqa tutilganda qurolli jallodlar oqasida turgan
ham u edi.
Lekin yuqorida aytganimizdek, uni partiya nazorati idorasiga rais qilib olib kelishdi. Bu idoraga
o’sha kezlarda hatto Markaziy Komitetdan ham so’roq so’rash huquqi berilgandi. Uning raisi
kommunistik tuzum sharoitida jumhuriyatda ikkinchi shaxs bo’lishi kerak edi. Partiyaning ichki
islohotlari asosan shu idoraga ishonilgandi. Shunday paytda Shavkat Yo’ldoshev gunoh
botqog’idan chiqib ketishi, Farg’ona voqealari birdaniga unga begona bo’lishi taajjubli hol edi.
U yangi ishni boshlar ekan, O’zbekiston oynaijahoni orqali o’zining katta vazifaga ko’tarilgani
xususida ko’rsatuvlar uyushtirdi. «Gdlyan va Ivanov degan bosqinchilar qo’shib yozish
bahonasida ko’p kommunistlarimizni aybsiz qamadilar, – dedi u oynaijahonda. – Men bu
kommunistlar takdiri bilan jiddiy shug’ullanaman.Ularning oilalari, bola-chaqalari chinqirib
yurishibdi».
Vaholanki, uning o’zi o’sha bosqinchilarning safida edi.
Moskvada SSSR xalq deputati o’larok Gdlyanlarga qarshi bir og’iz so’z aytgan emas, aksincha
aytganlarni tinchitishga uringan.
Oradan ko’p o’tmay O’zbekiston xalq deputatlaridan birining o’rniga uni deputat qilishdi.
Siyosatchini davr va dunyo etishtirmog’i kerak. Uni kimdir etishtirar ekan, u kimningdir mulkiga
aylanadi.
O’zidan baland turgan siyosatchiga qarshi fikr aytgan kundan boshlab kishi siyosat maydoniga
kiradi.
Shavkat Yo’ldoshev esa siyosatchilikni “tuhfa” sifatida oldi… U O’zbekiston Oliy Kengashining
12 chaqiriq 3 sessiyaga oddiy deputat sifatida emas, Kengash raisi sifatida ham keldi.
Sessiyada O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti birinchi kotibi Islom Karimov
“Yo’ldoshevni partiya shu ishga loyiq» deb topganini aytdi. Farg’onalik deputatlardan ayrimlari
g’azabga mindilar. Prezident Islom Karimov ularning hovurini bosdi.
-Shavkat Yo’ldoshev Oliy Kengash raisi sifatida Farg’ona voqealarini kim uyushtirganini
aniqlaydi. Bu vazifa unga imkon beradi. U qonli voqealarga guvoh bo’lgani uchun ham partiya
unga bu ma’suliyatli vazifani yuklayapti, – dedi u.
Oldindan tayyorlab qo’yilgan «navbatchi» deputatlar uni qo’llashdi. Qarshilik qilganlarga quloq
solinmadi. Oliy Kengash ham bitta odamning og’zidan chiqqanga mahliyo bo’ladigan olomonga
aylanib borayotgandi.
Jumhurrais kursisiga o’tirishi hamonoq, Shavkat Yo’ldoshev g’ayriqonuniy, g’ayriinsoniy hatti-
harakatlarga berildi. Shu darajaga borib etdiki, deputatlarni yakkama-yakka suhbatga chaqirib,
Prezidentning xatolarini aytib, «Buni siz gapiring, men sessiyada so’z beraman» dedi va darhol
Prezidentga “Bu deputatlar sizni tanqid qilishmoqchi” deb o’ziga xos o’yin boshladi.
Sessiyada tanqidiy fikr aytgan deputatni fitnachi deb aybladi. Mutloq bo’hton, tuhmat bilan 12
deputatning takdiriga bolta urildi. Na qonun, na insof tarozisida turadigan qabihliklar ochiq-oydin
amalga oshirilaverardi.
O’zbekiston iqtisodiy va siyosiy bo’hron qo’ynida qolishida Shavkat Yo’ldoshevning katta ayblari
bor. U iqtisodiy va siyosiy tanazzulga olib boradigan o’nlab qarorlarga imzo chekdi.
Uning Farg’onadagi ayblarini ochishga uringan deputatlrning hibs etilishi, bir qator deputatlarning
qmalishi, vakolatlari to’xtalishi, Oliy Kengashdan o’ttizga yaqin xalq deputati ishdan haydalishi
Shavkat Yo’ldoshevnig siyosiy maqsadlar yo’lida har narsadan qaytmasligini ko’rsatsa,
O’zbekiston yo’lini belgilaydigan qonunlar chetlab o’tilib, xalqni og’ir ahvolga soladigan qarorlar
paydo bo’lishi uning millatga xiyonat qilganini ochiqlaydi.
Shavkat Yo’ldoshev Oliy Kengash raisi o’laroq, bitta maqsad bilan yashadi׃ O’z xo’jayiniga
xizmat qilish, unga yaxshi ko’rinish.
1991 yil sobiq SSSR tarqalib ketgach, unga Moskvadan «Jiguli» mashinasi mukofotga berishdi.
Uni savdo vazirligi qimmatbaho narxdagisiga almashtirdi. Mashinani savdo markazidayoq
Buxoroga sotib yubordi. So’ng bu ish davom etaverdi. Mashinalar kelib ketaverdi. Bu orada
Toshkent shahrining Hamid Olimjon maydonidagi 18 qavatli uydan qiziga va jiyanlariga, hukumat
uyidan o’ziga, Turkiston harbiy okrugi generallari ko’chib ketgan uylardan uch o’g’li va
yugurdaklariga hashamatli uylarni olib berdi
Shavkat Yo’ldoshevning hatti-harakatlariga qarshi 1992 yilda «Xalq so’zi» va «Narodnoe slovo»
gazetalari jamoasi ish tashladi. Shu kuniyoq Shavkat Yo’ldoshev qaror chiqarib, uch yuz kishi
ishlayotgan gazetalarni yopdi. Qalamkashlar ish tashlash piketlarni davom yettiravergach, gazeta
tiklandi-yu, jamoa faollari quvg’inga uchradi. «Xalq so’zi» jasoratli, demokratik gazetadan
madhiyago’y hukumat gazetiga aylantirildi.
Shavkat Yo’ldoshev Karimovning bir og’iz gapi bilan qarorga imzo chekib, Oshkoralik
qo’mitasini qisqartirib yubordi. Deputatlarning noroziligi kuchayganini sezgach, qarorini bekor
qildi. Qisqa davrda o’n olti marta o’z qarorini bekor qilishga majbur bo’ldi.
U bilib turib g’ayriqonuniy va g’ayriinsoniy qarorlarga kelardi. Chunki topshiriq olgan mahali o’z
fikrini ayta olmas va «xo’p-xo’p» deya darrov ijroga kirishardi.
U imzolagan qarorlardan kuyganlar Prezidentga uchrashib, oradagi “mushukni” quvish yo’lini
topishsa, Yo’ldoshev qayta topshiriq olar va «xo’p» deya yana qarorni o’zgartirardi.
Oliy Kengash raisi o’yinchoqqa aylanganini xalq ham sezib qoldi. Shavkat Yo’ldoshev Oliy
Kengashni Prezidentning oyog’i ostiga tashladi.
Zero, Prezident uchun ayni shu kerak edi. Shavkat Yo’ldoshev vazifasini bajarib bo’ldi. U endi
keraksiz odam edi. “Genaral” iste’foga jo’natildi va uning o’rniga yangi askar -Erkin Xalilov olib
kelindi.
Uning ham vazifalari bor. U ham kerak. Vazifasi bitishi hamonoq undan ham voz kechiladi.
Prezidentning kadrlar bilan ishlashdagi bu «olamshumul» tajribasini hamma biladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |