Sombrevin anesteziyasi
Sombrevin propanidid ultra qisqa ta`sirli anestetik bo’lib, faqat vena orqali yuboriladi. Anestetik, asosan 5-10 mg\kg dozada, keksa va zaiflashgan bemorlarga esa 3-5 mg\kg hisobidan beriladi. Bir marta yuboriladigan maksimal dozasi -500 mg. Sombrevin anesteziyasi 3-4 min. davom etadi. Sombrevinning 5% li eritmasidan foydalaniladi.
Sombrevin anesteziyasi tinch va qo’zg’alishsiz, 10-30 sek. ichida yuzaga keladi. Bemorning hushi yo’qolishi bilan nafas olishi o’zgaradi. Nafas faoliyatining o’zgarishi ikki fazali bo’ladi, avval giperventilyatciya kuzatiladi, ketidan esa gipoventilyatciya va qisqa vaqtli apnoe ro’y beradi. Yurak urishining tezlashishi, arterial qon bosimining pasayishi kuzatiladi. Ko’z shox pardasi va qorachiq reflekslari yuqoladi. Skelet mushaklari bo’shashib, amaliyotlarni bajarish uchun qulay sharoit tug’iladi. Anesteziyadan uyg’onish tekis va keskin ro’y beradi. Anesteziya mobaynida allergik asorat ro’y berishi mumkin. Allergik reaktciya mayda toshmalar, og’ir hollarda anafilaktik shok ko’rinishida namoyon bo’lishi mumkin. Bu asorat ro’y berganda kortikosteroid, diuretik preparatlar, qon tomirlar tonusini oshiruvchi, yurak faoliyatini yaxshilovchi dorilar yuborilishi bilan bir paytda o’pka sun`iy ventilyatciyasi ham ishlatilishi mumkin.
Sombrevin vena devorlarini yallig’lantiradi. Sombrevin markaziy venaga yuborilganda va ketidan natriy xloridning izotonik eritmasi yuborilsa yuqoridagi asorat xavfi kamayadi.
Sombrevin anesteziyasi kichik hajmda va qisqa vaqt ichida bajariluvchi amaliyotlar va muolajalarni og’riqsizlantirish uchun qo’llaniladi. Sombrevin induktiv anestetik sifatida fentanil va barbituratlar bilan birga ishlatiladi.
Natriy oksibutirati anesteziyasi
Natriy oksibutirati ko’proq induktiv anestetik o’rnida qo’llaniladi. Induktciya maqsadida 70-90 mg\kg hisobidan, yuzaki anesteziyani ta`minlab turish uchun 120-150 mg\kg dozada yuboriladi. Natriy oksibutirati 50-100 ml. natriy xlorid yoki 5% li glyukoza eritmasi tarkibida 10-15 min davomida venaga tomizilishi ham mumkin.
Natriy oksibutirati kuchsiz analgetik xususiyatga ega. Baquvvat bemorlarda anesteziyaga kirish kuchli qo’zg’alish bilan kechadi.
Natriy oksibutirati anesteziyasining klinik ko’rinishi 5 bosqichdan iborat:
1-engil uyqu bosqichi. Bu bosqich anesteziyasi yuzaki bo’lganligi tufayli, jarrohlik aralashuvlarini bajarish uchun qo’shimcha anestetik yoki analgetik ishlatish talab qilinadi. Bemor bu holatdan osonlikcha chiqarilishi mumkin.
2-qo’zg’alish bosqichi. Bunda nafas ritmining buzilishi, arterial qon bosimining ko’tarilishi, taxikardiya, mushaklar tonusining oshishi va fibrillyatciyasi kabilar kuzatiladi.
3-chuqur uyqu bosqichi. Bu bosqichga kelib bemor tinchlanadi. Ko’z soqqasi o’rta holatga keladi, qorachig’i torayadi.
4-analgeziya bosqichi. Bu bosqichda yuzaki analgeziya kuzatiladi va kichik hajmli, engil jarrohlik aralashuvlarini bajarish mumkin.
5-chuqur anesteziya bosqichi. Bunda og’riq sezgisi yo’qoladi, mushaklar bo’shashadi, nafas olish susayadi. Halqum va tomoq reflekslari pasayadi. Bu bosqichda relaksant ishlatmasdan traxeya intubatciyasini bajarish mumkin.
Natriy oksibutiratning uyg’onish davri tekis va noxush sezgilarsiz kechadi, oxirgi dozasi yuborilganidan 2-3 soat o’tgach bemor o’ziga keladi. Natriy oksibutirati katta dozada nafas faoliyatini susaytiradi, tez yuborilsa klonik va tonik tutqanoq paydo bo’ladi.
Natriy oksibutirati plazmadagi kaliy miqdorini kamaytiradi.
Natriy oksibutirati induktiv va bazis-anestetik sifatida qo’llanilishi mumkin. Bu preparat uzaytirilgan o’pka sun`iy ventilyatciyasini o’tkazishda, psixoz va tutqanoq sindromlarini davolash jarayonida, shuningdek akusherlik amaliyotida ham ishlatiladi.
Kalipsol anesteziyasi
Kalipsol 2-2,5 mg\kg dozada venaga va 3-6 mg\kg dozada esa mushaklar orasiga yuboriladi. Venaga yuborilgandan so’ng 30-40 daqiqa o’tgach anesteziya holati vujudga keladi va 10-15 minut davom etadi. Kalipsol mushaklar orasiga yuborilsa 2-3 minut o’tgach, 20-30 minut davom etuvchi anesteziya ro’y beradi. Anesteziyani saqlab turish uchun preparat har 5-10 minutda 1-1,2 mg\kg hisobidan venaga va har 20-30 minutda 3 mg\kg dozada mushaklar orasiga yuborib turiladi.
Kalipsol induktiv va bazis-anestetik sifatida hamda qisqa vaqtli jarrohlik amaliyotlarini og’riqsizlantirish uchun mustaqil holda qo’llaniladi. Kalipsol anesteziyasining boshida bemor bezovtalanadi, uning mushaklari taranglashadi, yurak urishi tezlashadi, arterial qon bosimi ko’tariladi. Bemorning hushi yo’qoladi, ko’zlari esa ochiq holda qoladi. Nistagm kuzatiladi.
Kalipsol ta`siridan bosh miyadagi assotciatciyalanish jarayonining ishdan chiqishi-dissotciativ holat vujudga keladi. Dissotciativ holat alahsirash, ko’rish va eshitish gallyutcinatciyalari, betartib harakatlanish ko’rinishlarida namoyon bo’ladi. Bu asorat miya yarim sharlaridagi qo’zg’alish va tormozlanish muvozanatining buzilishi oqibati bo’lib, ko’pincha anestetikning dozasi etarli bo’lmaganidan kelib chiqadi deb hisoblanadi. Dissotciatciya jarayonini chetlashtirish uchun droperidol yoki seduksen yuboriladi. Kalipsol zaminida mushaklar tortilishi 5-10 mg seduksen yuborish orqali bartaraf qilinadi.
Kalipsol anesteziyasidan uyg’onish davrida ham harakat notinchligi, alahsirash, ko’rish va eshituv gallyutcinatciyalari uchraydi. Bu asorat ham seduksen yoki droperidol bilan chetlashtiriladi. Arterial gipertenziyada va eklampsiyada bemorlarga kalipsol anesteziyasi ishlatilishi aslo mumkin emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |