Folklend (ingl.folkland – xalq yeri) – Angliyada anglo-saksonlar davrida katta oilalarga, urugʻlarga va qishloq jamoalariga tegishli katta yer maydoni. F.lar yaylov yerlar tarkibiga kiritilib, ularni har bir a’zoga 80 akrdan 120 akrgacha boʻlgan miqdorda ajratib berishgan. Bunday yerlarni sotish, garovga qoʻyish va qizlariga meros sifatida qoldirish mumkin boʻlmagan. Faqatgina oʻgʻilga meros sifatida qoldirishgan. F. yerlariga egalik qilganligi uchun yer egasi yoʻllar va koʻpriklarni ta’mirlash ishlarida ishtirok etishlari majburiy boʻlgan. Feodal munosabatlarning oʻrnatilishi natijasida F. yerlari bokland yerlari tarkibiga kirib keta boshlagan.
Folvark (polyak.xutor – ajralib turadigan hovli) – qaram dehqonlarning barshina mehnatiga asoslangan va bozorlar uchun qishloq xoʻjalik mahsulotlarini ishlab chiqarishga moʻljallangan pomeshik xoʻjaligi. Polsha, Chexiya va Germaniyaning sharqiy hududlarida keng tarqalgan.
Fondako – nemis savdogarlarining Italiya shaharlaridagi doimiy idoralari.
Formaryaj (lot. foris – tashqari va marito – nikoh tuzish ) – oʻrta asrlar davrida feodallarning huquqlaridan biri boʻlgan va u orqali dehqonlarning huquqlari cheklangan. Ilk oʻrta asrlarda servlarga nisbatan senorning huquqi boʻlib, ular senorning roziligi bilan nikohdan oʻta olgan. XII asr oʻrtalariga qadar boʻlgan davrda esa senor har bir nikohdan oʻtgan oʻzining yerida yashovchi kelin va kuyovning oilasidan maxsus soliq yigʻib ola boshlagan. Fransiyasida qaram dehqonlar boʻlgan servlarning oʻz xoʻjayiniga farzandini senor mulkidan tashqariga turmushga berganligi yoki uylantirganligi uchun toʻlaydigan soliq koʻrinishini kasb etib, odatda u servning oʻz senoriga shaxsiy qaramligini ifoda etuvchi 4 ta asosiy majburiyatdan biriga aylangan. XII asr va XIII asr boshlarida F. faqat servlar uchun saqlanib qolgan va boshqa barcha dehqonlar undan ozod boʻlishgan. XIV-XV asrlarda Gʻarbiy Yevropaning deyarli barcha mamlakatlarida F. yoʻqolib ketgan.
Formula (lot. formula – hujjat, farmoyish) – ilk oʻrta asrlarda tarixga oid yozma manbalar. Ular farmonlar, yorliqlar, hujjatlar va cherkov hujjatlari asosida yaxlit kitob holiga keltirilgan. F.larda aniq geografik nomlar, aniq sanalar keltirilmagan. Undan tashqari ularda qullarni sotish va sotib olish, toʻlov evaziga ularni ozod qilish borasidagi hujjatlar ham koʻp uchragan. Shunga qaramay F.lar ilk oʻrta asrlar tarixi, dehqonlarning shaxsiy erkinligi masalasi va jamiyat-da mavjud boʻlgan ijtimoiy qatlamlar borasida ma’lumot olish imkonini bergan. Qoʻshimcha ravishda geografiya, geneologiya, xronologiya fanlari uchun muhim manbadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |