Florensiya kompaniyasi – XIII-XVI asrlarda sanoat, savdo va bank sohalarida ma’lum bir xoʻjaliklarning birlashgan jamoasi. Bu kapitalizmning dastlabki koʻrinishlaridan biri boʻlib, Italiyada banklar va aksionerlik jamiyatlarining birinchi koʻrinishlari boʻlgan. Shu davrning mashhur kompaniyalari sirasiga Bardi, Perussiy va boshqalarni kiritish mumkin. Kompaniyalar odatda bir urugʻ a’zolariga tegishli boʻlgan va ular orasidan kompaniya direktori saylangan. XIII-XIV asrlarda F.K.sining Italiyadagi ta’siri ortib, mamlakatning Angliya, Ispaniya va Shimoliy Amerika bilan savdo aloqalarini boshqarishgan. Ular asosan mazkur mamlakatlardan jun olib kelib, ularni turli xil rangdagi mayin movutga aylantirib, Yevropa va Sharq mamlakatlariga sotishgan. F.K. 300 taga qadar boʻlgan hunarmandlarni ham birlashtirgan. 1 yilda 1 mln 600 ming metrgacha movut tayyorlashgan. XV asrda Florensiyada Medichilar oilasining ta’siri natijasida F. k.sining mavqeyi tushib ketgan.
Florensiya uniyasi (1439) – katolik va pravoslav cherkovlarining birgalikda oʻtkazilgan Bazel–Florensiya sobori qarorlari asosida tuzilgan. Shartnoma natijasida Vizantiya va papalikning ahvoli yanada ogʻirlashgan. 1430-yilda Fessalonika turklar tomonidan egallangan. Imperiya hududlari faqatgina Konstantinopoldan iborat boʻlib qolgan. Shu vaziyatda imperator Ioann VIII Paleolog Rim papasi Yevgeniy IV dan turklarga qarshi salib yurishini uyushtirish uchun yordam soʻrab murojaat qilgan. Papa bir tomonlama yordam berishga rozi boʻlib, ikki cherkov oʻrtasidagi kurashni va ziddyatni shu tariqa gʻalaba bilan yakunlashga qaror qilib, ikki cherkovning birgalikdagi soborini 1431-yil Bazelda chaqiradi. Soborda papa katoliklarni Florensiyaga borib vizantiyaliklar bilan muzokaralar olib borishga chaqiradi va unga koʻpchilik rozi boʻlgan. Imperiya vakillari imperator boshchiligida 700 dan ortiq kishini tashkil qilgan. Uzoq davom etgan munozaralardan keyin 1439-yil 6-iyul kuni shartnoma imzolangan. Unga koʻra, katolik va pravoslav cherkovlari yagona uniyaga birlashgan va pravoslavlar tomonidan papa tan olingan. Ammo Vizantiya aholisi uniyani tan olmagan. Ayniqsa rus pravoslav cherkovi va uning patriarxi Isidor shartnomani imzolashdan bosh tortgan. 1443-yil pravoslavlarning Iyerusalimda boʻlgan soborida F.U. anafema (la’natlash) qilingan.
Florin –1252-yilda ilk bora Florensiyada zarb qilingan oltin tanga, Florensiya nomidan olingan. F. 3,53 gramm deyarli sof oltindan zarb qilingan. Mazkur tangalar Angliya va Fransiyada keng miqyosida muomalada boʻlgan. 1296-yilda kumush F. – popolino zarb qilina boshlandi. F. Venetsiya dukat yoki sexin, Germaniya va Niderlandiyada gulden deb atalgan. F va dukat sinonimi tarzida qabul qilingan.
Fogt – cherkov va monastirlarda faoliyat olib borgan dunyoviy (ruhoniy boʻlmagan) kishi. Odatda ular cherkov sudyasi vazifasini bajargan. Dastlab karolinglar qirolligi va keyinroq Fransiya hamda Germaniyada sud, politsiya va xazinaga oid vazifalarni bajargan. Buyuk Karl davridan F.ni graflar yoki oʻsha hududning boshqaruvchilari sifatida tayinlash holati koʻpaygan. Ular asosan, ma’muriy ishlarni bajargan. Germaniyada F.lar monastirlarning tashkilotchilari sifatida koʻrsatilgan va ularga qarashli yerlarda monastirlar mavjud boʻlgan. Shu sabab ular cherkov yerlaridan foydalanish, sud qilish va daromad olish huquqlariga ega boʻlgan.
Foliant (lot.folium – sahifa) – oʻrta asrlarda katta hajmli qoʻlyozma kitoblar shunday nomlangan. Ular pergament boʻlaklarini teng ikkiga boʻlib, yaxlit sahifaga aylantirishgan. Bunday qogʻoz sahifalarini tayyorlash uchun monastirlarda maxsus F. lar (hunarmand) faoliyat olib borishgan.