Fransh Konte – hududning nomlanishi boʻlib, X asrdan Burgundiya grafligi nomini olgan va XI asrda "Muqaddas Rim imperiyasi" tarkibiga kirgan. 1316-1322-yillarda Fransiya qiroli Filipp V hukmronligi ostida boʻlgan. 1322-1361-yillar va 1384-1477-yillarda Burgundiya gersoglari mustaqil boshqargan. 1477-yildan boshlab gabsburglar sulolasining boshqaruvi ostiga oʻtgan.
Fransiskanlar – Fransisk Assizskiy tomonidan tashkil qilingan qashshoqlik rohiblik ordeni. Orden barcha a’zolar uchun shaxsiy boylik toʻplashni taqiqlagan holda umumiy boylik toʻplashni taqiqlamagan. Dastlab F.ning ta’siri juda kam boʻlgan. Shu sabab ularning doimiy monastirlari va qarorgohlari boʻlmagan. Ammo orden tarafdorlarining soni juda tez ortib borgan. 1217-yilda Fransisk Assizskiyning 5 mingdan ortiq tarafdorlari boʻlgan. Ordenga turli ijtimoiy toifa kishilari a’zo boʻlishgan. Ordenning nizomiga koʻra orden tepasida saylab qoʻyilgan general turgan. U oʻz xohishiga koʻra Bosh kapitul nomli kengashni toʻplashi mumkin edi. Orden a’zolarining ortib borishi natijasida hududlarda provinsial rahbarlar tayinlangan. Ularga orden safiga yangi a’zolarni qabul qilish huquqi berilgan. F. xristian dinini targʻib qilish ishlarida juda faol ishtirok etgan. XIII asr oxirlarida orden a’zosi boʻlgan Ioann Montekorvina xristian dinini targʻib qilish uchun Xitoyga yuborilgan. Undan tashqari F. dominikanlar bilan universitetlarda ta’lim berish masalasida raqobat qilgan. Natijada ularning orasidan yirik olimlar yetishib chiqqan. Mas. Rodjer Bekon, Uilm Okkam va boshqalar. Daxriylarga qarshi kurashish uchun F. inkvizitsiyaga yordam bergan. Ammo orden a’zolarining bir qismi ham inkvizitsiyadan jabr koʻrishgan. Ular "spiritual" lar deb nomlanib, cherkov boyliklariga qarshi chiqishgan. Papa Innokentiy IV orden ustavini oʻzgartirishi va uning boshqaruvini papa olib borishi toʻgʻrisidagi qarori spirituallarni qarshi chiqishiga sabab boʻlgan. Ularning yetakchilari Jerardo di Borgo San Donino va Pyotr Olivilar boʻlgan. Spirituallar cherkov va papaga qarshi chiqishlari ularning ham daxriylar sifatida jazolanishiga sabab boʻlgan va XIV asr 30-yillarida spirituallar butunlay magʻlub boʻlishgan.
Fratichelli (ital. fraticelli – birodarlar) – Italiyada vujudga kelgan daxriylik harakati. XIII asr oxirlarida spiritullar qatorida turib papa va cherkovga qarshi chiqishgan. Ular Iso paygʻambarning qashshoqligini targʻib qilib, cherkov boyliklariga qarshi chiqishgan. 1317-yilda ular cherkovdan chetlashtirilgan va 1318-yilda oʻzlarining mustaqil diniy sektasini tashkil qilishgan. Sektaga dehqonlar va kambagʻal shaharliklar kirishgan. Italiya va Sitsiliyada XIV asrda ommalashgan. XV asrda cherkovning inkvizitsiyaga qarshi kurashi sharoitida a’zolari soni kamayib ketgan.