Funt sterling – qadimgi ingliz kumush tangasi. XII asrdan zarb qilina boshlagan.
Futgerlar – XV-XVII asrlarda butun Yevropaga mashhur boʻlgan, Janubiy Germaniyadagi yirik savdo va bankirlar xonadoni. Qishloq toʻquvchilaridan kelib chiqqan. Familiya asoschisi Gans Futger 1367-yilda Augsburgga koʻchib keladi va toʻquvchilik sexini ochadi. Keyin, hunarmandchilik bilan birga ip-gazlamalar sota boshlaydi. F.ning keyingi avlodlari gazlama savdosi bilan shugʻullangan hamda augsburglik toʻquvchilarni Venesiyadan xom ashyo olib kelib ta’minlab turgan. F.ning faoliyati eng kengaygan davri, Boy laqabli Yakob II Futger Kichik (1459-1525) davriga toʻgʻri keladi. Ular katta soʻdxoʻr boʻlganlar: 1488-yilda gabsburglarga katta miqdorda pul krediti bergan, Rim papasi va boshqalarni pul bilan ta’minlagan.
Fuqaro gumanizmi – ilk uygʻonish davrida ijtimoiy qarashlar yoʻnalishi. Bu qarashlar etika, tarix, pedagogika kabi fanlar bilan bogʻliq ravishda qayta ishlangan.
Fyer – feodga qarang.
~ G ~
Gabel (arab. al kabala-soliq) – Fransiyada tuz soligʻi. Lyudovik IX ning 1246-yildagi ediktida tilga olingan. 1341-yilda qirol Filipp VI oʻz domenida davlat monopoliyasi sifatida doimiy soliqqa aylantirgan. G.ning 3 turi ajratib koʻrsatilgan boʻlib, ular Katta G. – markaziy provinsiyalarda, Kichik G. – janubda doimiy, mamlakatning janubiy-sharqida doimiy boʻlmagan G. soligʻi. G.ning miqdori absolyut monarxiya oʻrnatilishi bilan ortib borgan. Shu sababli, mamlakatdagi har bir oila davlat tomonidan belgilangan miqdordagi tuzni sotib olishga majbur boʻlgan.
Gabsburglar – “Muqaddas Rim imperiyasi”ning imperatorlari sulolasi boʻlib, Rudolf I (1273–1291) tomonidan asos solingan. G. dastlab Shveytsariya va Elzas yerlarida u qadar katta boʻlmagan yerga va mulkka ega boʻlgan. Shveytsariyaning Aargauda viloyatida Gabsburg qal’asini qurgan va sulola nomi shundan olingan. Rudolf I davrida G. mulklariga Avstriya, Shtiriya, Karintiya, Krayna va boshqa yerlar qoʻshib olindi. 1273-yildan Germaniyaning ikkinchi darajali knyazlari boʻlgan. 1298-yilda imperiya toji birinchi marta G.ga, aniqrogʻi, Rudolf I ning oʻgʻli Albertx I Avstriyskiy (1298-1308) ga kiydirildi. G.ga yakuniy ravishda 1438-yilda Sigizmund Lyuksemburgskiy vafotidan keyin Albertx II (1438-1439) ga toj kiydirildi. Uning vafotidan keyin taxtga G.dan Fridrix III (1440-1493), Maksimilian I (1493-1519) va boshqalar navbati bilan oʻtirishgan. G. 1273-1291, 1298-1308, 1438-1740, 1745-1806-yillarda “Muqaddas Rim imperiyasi”, 1804-1918-yillarda Avstriya imperatorlari, 1515-1700-yillarda Ispaniya, 1437-1439, 1526-1918-yillarda Chexiya va Vengriya qirollari boʻlgan.
Galera – Yevropada VII-XVIII asrlarda yelkanli, oʻtkir burunli harbiy kemalar. Dastlab venetsiyaliklar tomonidan qurilgan boʻlib, eshkakchilari qullar, jinoyatchilar va harbiy asirlar boʻlgan. Ispaniya va Fransiyada bunday kemalarda katorgaga duchor boʻlganlar eshkakchi sifatida qoʻllanilgan.
Gallar – keltlarning rimliklar tomonidan aytilishi. Galliya (hozirgi Fransiya, Belgiya va shimoliy Italiya)da rimliklar istilosi boshlangunga qadar yashagan qabilalarning umumiy nomlanishi. Mil. avv. 58-51-yillarda Yuliy Sezarning Galliyaga harbiy yurishi natijasida Reyn daryosiga qadar boʻlgan yerlar imperiya tarkibiga qoʻshib olingan. Galliya bosib olingandan keyin mahalliy qabilalarning rimlashuvi jarayoni sodir boʻldi. V-VI asr boshlarida Galliya frank qabilalari tomonidan bosib olinib, Franklar davlati markaziga aylandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |