Feod, fyev (frans.), Fi (ingl.), Len (nem.) (lot. feodum – chorva, narsa-buyum) – Gʻarbiy Yevropa davlatlarida oʻrta asrlar yer egaligining koʻrinishi. Unga koʻra, katta yer egasi oʻz vassallariga xizmatlari evaziga ma’lum miqdorda yer ajratib bergan. Vassallar harbiy majburiyat, saroy ichki ishlarini bajarishgan. Natijada yer egalarining oʻziga xos pogʻonasi vujudga kelgan. Ya’ni vassalning ham vassallari vujudga kela boshlagan.
Fessalonika qirolligi – 4-Salib yurishi natijasida Gretsiyada salibchilarning Bonifatsiy I Monferatskiy boshchiligida tuzilgan davlati (1204-1224). 1224-yilda Epir hukmdori Feodor Komnin Duka tomonidan poytaxti egallanishi bilan barbod boʻldi.
Filiokve haqida bahs (lot.filiogue – oʻgʻildan boshlanish) – xristian dinining gʻarbiy va sharqiy cherkovlari oʻrtasidagi asosiy bahslardan biri. Mazkur masaladagi ishonch ramzi 325-yildagi Nikeya va 381-yildagi Konstantinopol butun jahon soborlarida qabul qilingan. Unga koʻra, Muqaddas Ruh, Ota Xudodan boshlangan. Oʻrta asr Gʻarbiy Yevropa xristianligida Muqaddas Ruh, Ota Xudo va Oʻgʻil Xudodan (Iisus Xristos) boshlangan. Bu qoida 589-yil Toledo (Ispaniya) da boʻlgan vestgotlarning mahalliy va 787-yil boʻlib oʻtgan Nikeya butun jahon soborlarida qabul qilingan. Franklar qiroli Buyuk Karl ham shu masalaga e’tibor qaratib, Rim papasidan mazkur masalani tezroq aniq hal qilishni talab qilgan. XI asr oʻrtalarida xristian cherkovining uzil-kesil ikki qismga ajralib ketishi natijasida filiokve masalasida ikki xil qarash mavjud boʻlib qolgan.
Finansist (moliyachilar) – oʻrta asr Fransiyasida faoliyat olib borgan soxta soliq yigʻuvchilar. Ammo ular davlatning soliq yigʻuvchilariga yordam berishgan va ularni qonuniy soliq yigʻuvchilar yollagan. Ular shu orqali yirik mablagʻlarga ega boʻlishgan va keyinchalik bankir va sudxoʻrlarga aylanishgan.
Fisk (lot.) – 1) ilk oʻrta asrlarda, Franklar davlatida davlat yerlari va inshootlarining majmui; 2) franklar davlatida alohida feodal mulklarining nomlanishi; 3) davlat gʻaznasi.
Flagellantlar (lot. flagellans – qamchilamoq, savalamoq) – Gʻarbiy Yevropada diniy harakat a’zolari. Ular ibodat vaqtida oʻzlarini savalaganlar. Harakat XIII asrda Italiya shaharlarining qashshoqlari orasidan shakllangan. 1348-1349-yillarda Yevropani qamrab olgan vabo davrida ular oxir zamon keldi deb da’vo qilishgan va natijada Janubiy Fransiya, Germaniya, Niderlandiya, Elzas, Lotaringiya, Angliya va Daniyaga tarqalgan. Papa Kliment IV (1349) harakat a’zolarini tanqid qiladi va Konstans soborida (1417) harakat qonundan tashqari deb e’lon qilinadi.
Flandriya – V asrdan franklar davlati tarkibida boʻlgan Shimoliy dengiz sohillarida joylashgan tarixiy viloyat. 843-yildagi Verden shartnomasidan keyin viloyat Gʻarbiy Franklar davlati tarkibiga kirgan. IX asrning 2-yarmidan graflikka aylangan. Natijada Fransiya va "Muqaddas Rim imperiyasi"dan mustaqil davlatga aylangan. 1384-yildan Burgundiya tarkibiga kirgan. 1477-yilda uning inqirozidan keyin gabsburglar hukmronligi ostiga tushib qolgan. 1526-yildan Fransiya tarkibiga kirgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |