Kutilayotgan ilmiy yangilik. Tilshunosligimizning barcha sohalarida nazariy muammolarni chuqurroq, teranroq tadqiq etish sari dadil qadamlar tashlanayotganidek, terminologiyani keng asosda ilmiy-nazariy jihatdan o‘rganishga bag‘ishlangan qator ishlar ham yuzaga kelmoqda. Turli tipdagi, ya’ni bir tilli, ikki yoki undan ortiq tilli, umumfilologik yoxud termiologik lugʻatlarning nashr etilganligi ham tilshunoslarimiz erishgan yutuqlarining yorqin namunasi bo‘la oladi. Ishimizning ilmiy yangiligi shundaki, unda tilshunoslik terminlarining amaliy ahamiyati umumiy o‘rta ta’lim maktablarining “Ona tili” darsliklari misolida tahlil etilganligidadir.
Tadqiqotning obyekti. Dissertatsiyaning tadqiqot obyekti filologik ta’lim tizimi va mavjud ilmiy asarlar, lingvistik lug`atlar, o‘rta ta’lim maktablarining 5-, 6-sinf “Ona tili” darsliklari hisoblanadi .
Tadqiqotning predmeti: o‘zbek tilshunosligi terminologiyasi, o‘rta ta’lim maktablarining “Ona tili” darsliklari va ta’lim jarayonida tilshunoslik terminlaridan samarali foydalanish.
Tadqiqotning tuzilishi va hajmi: ushbu magistrlik dissertatsiyasi kirish, uch asosiy bob, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat bo‘lib, jami 96 sahifani tashkil qiladi.
BIRINCHI BOB
O‘ZBEK TERMINOLOGIYASI VA TILSHUNOSLIK TERMINLARINING O‘RGANILISHI
I.1. O‘zbek terminologiyasi tarixidan.
Har qanday rivojlanayotgan mamlakat va jamiyat borki, uning taraqqiyotida yuz berayotgan har qanday rivojlanish jarayonlari uning xalqi hayoti va tili, adabiyoti, san’ati, madaniyati taraqqiyotida ham bevosita ko‘zga tashlanadi. Ilm-fanning turli sohalariga doir lugʻatlar yaratish qadimgi davrlardan boshlangan. Bunga eng qadimgi davrlardan bugungi kungacha, ya’ni bizgacha yetib kelgan o‘nlab tarixiy lugʻatalarni misol qilib keltirishimiz mumkin. Chunonchi, Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit turk” asari, turkiy tilning grammatikasi haqida bahs yurituvchi Abu Hayyonning (vafoti 1344-yil) “Kitob ul idrok li-lison ul-atrok”, 1245-yilda Mamluklar davlati(1250-1517)da Xalil bin Muhammad bin Yusuf al-Ko‘nyaviy tomonidan yaratilgan “Kitobi majmuayi tarjumoni turki va ajami va mugʻali”, muallifi noma’lum “Kitobi at-tuhfat uz-zakiya fil-lugʻatit turkiya”, Jamoluddin Turkiyning “Kitob bulgʻat al-mushtoq fil lugʻatat- turk va-lqifchaq”, XVI asr boshida Qohirada ta’lif etilgan “ Al-qavoninu-l kulliya lizabtil-lugʻatit-turkiya” singari asarlarda turkiy tilning so‘z boyligi, terminlar tizimi o‘z ifodasini topganligini alohida ta’kidlash lozim.
Ilm-fanning turli sohalari bo‘yicha zamonaviy terminlar tizimini yaratish va ularning lugʻatlarini to‘plab nashr etish hozirgi davrning eng muhim vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Chunki buni globallshuv jarayonida tezkor taraqqiy etayogan fan, texnika, sport, san’at, madaniyat, ma’naviyat va boshqa o‘nlab, yuzlab sohalarni o‘rganishning o‘zi taqozo etmoqda.
O‘zbek tili ham dunyoning rivojlangan va rivojlanayotgan boshqa tillari qatorida o‘zining betakrorligi bilan munosib o‘rniga ega. Hozirgi o‘zbek adabiy tili qurilishida terminologiya alohida ahamiyatga egaligi bilan ajralib turadi.
Terminologiyaning til lugʻat tarkibidagi o‘ni haqida ikki xil dunyoqarash mavjud. Birinchi qarashga ko‘ra terminologiya adabiy til leksikasining alohida yo‘nalishi tarzida e’tirof etilsa, ikkinchi ta’limotga ko‘ra u adabiy til so‘z boyligi tarkibidan ajratiladi, ya’ni “alohida turuvchi” obyekt tarzida baholanadi va nutqning turlari (sheva, jargon, jonli so‘zlashuv)ga tenglashtiriladi[12. 2019. 4-b].
Fan tili millatning umumadabiy tili asosida shakillanadi va rivojlanadi. Shu bois fan, ilm tili poydevorini umumadabiy tilning leksikasi, so‘z yasalishi va grammatikasi tashkil etadi deyish to‘gʻri bo‘ladi.
Hozirgi kunda yurtimizda bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy, molyaviy, siyosoy-huquqiy tizimlaridagi islohatlarning tilning leksik sathiga kirib kelayotgan xalqaro terminlar sonini ko‘paytirmoqda. Bu hol shu sohada faoliyat yuritayotgan insonlardan o‘z kasbiga oid termin va tushinchalar haqida to‘liq va aniq ma’lumotga ega bo‘lishlarini talab etmoqda. V.N.Shevchuk terminga quyidagicha ta’rif beradi: “termin” – bu so‘z bo‘lib, o‘rta asrlarda “aniqlash”, “ifodalash” degan ma’nolarni ifodalagan. Qadimgi Fransuz tilida mavjud bo‘lgan “terme” leksemasi “so‘z” degan ma’noni anglatadi. A.A.Reformatskiy esa buni quyidagicha izohlaydi: “Termin – bu so‘z bo‘lib o‘zining alohida va maxsus belgilari bilan chegaralanadi, fan, texnika, iqtisodiyot, siyosat va diplomatiya sohalarida bir ma’noli, aniq so‘zdir u eksprissivlikdan holi, muayyan predmet yoki tushinchani ifoda etuvchi, o‘zining qat’iy va aniq mazmuniy chegarasiga hamda izohiga ega bo‘ladi”. V.P.Danilenko termin so‘ziga quyidagicha aniqlik kiritadi: “Termin (lar) – lugʻat tarkibining bir qismi hisoblanib, muayyan fan va soha leksik birliklarning aniq nomi, ta’rifidir” B.N.Golovin esa termin haqida: kasb-hunar nuqtai nazaridan qaraganda termin o‘zida muayyan kasbiy tushinchalarni ifoda etadi, - deb yozadi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, hozirgacha ham termin so‘zini turlicha tushunish va talqin etish davom etib kelmoqda. Chunonchi mantiqshunoslar(logik)lar uchun termin – aniq obyektga tegishli tavsif (yoki tavsiflar) yigʻindisini nazarda tutuvchi va unda tatbiq etiluvchi so‘z hisoblanadi. Tildagi har qanday istalgan so‘z termin bo‘lavermaydi, ammo har qanday termin, albatta, so‘z hisoblanadi.
Fan va texnikada termin – sun’iy o‘ylab topilgan yoki jonli tilda iste’molda bo‘lgan so‘zlar ichidan tanlab olingan maxsus so‘z bo‘lishi mumkin. Bunday so‘zlarning qo‘llanilish sohasi u yoki bu ilmiy maktab vakillari tomonidan aniqlashtiriladi yoxud chegaralanadi. Umumtil terminlaridan farqli o‘laroq, ilm-fan, texnikaga xos terminlar iyerarxik birliklar sifatida terminologik tizimlarga birlashadi, ular o‘z ma’nolariga faqat ayni bir tizim ichida erishadi, bu tizimda ularga mantiqiy (tushunchaga oid) terminologik maydon mos keladi.
Fandagi har qanday rivojlanish, taraqqiyot ilmiy terminlarning yuzaga chiqishi yoki oydinlashishidan darak beradi. Xuddi shuningdek, o‘zbek terminologiyasi tizimi ham bundan mustasno emas. Adadiy tilning so‘z boyligi o‘z tarkibiga maxsus tushunchalarni ifodalovchi terminologik leksikani u yoki bu darajada qamrab olishi lingvistikada e’tirof etilgan voqelik hisoblanadi. Umumiste’mol so‘zlaridan farqli ravishda doim maxsus tushunchalarni anglatish, ifodalash uchun xizmat qilishga yo‘naltirilgan terminlar o‘zbek adabiy tilining tarixiy shakillanishi va taraqqiyoti bosqichlari zaminida tarkib topib, takomillashib bormoqda.
O‘zek adabiy tili leksikasi qonuniyatlari negizida shakllangan terminologik leksika tarixini qadimgi turkiy til(VII-X) terminologiyasi, eski turkiy til(XI-XIV) terminologiyasi, eski o‘zbek adabiy tili(XV-XXasr boshi) terminologiyasi va istiqlol davri o‘zek tili terminologiyasi tarzida davrlashtirish salkam o‘n to‘rt asrlik vaqt mobaynida terminologik leksika tizimida intralingvistik va ekstralingvistik omillar negizida sodir bo‘lgan jarayonlarni anglab yetish imkonini beradi. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, tilshunos olimlarimiz tomonidan o‘zek tili terminologiyasi tarixi quyidagicha davrlashtirilganligining guvohi bo‘lamiz: 1. Qadimgi turkiy til terminologiyasi – VII-X asrlarni qamrab oladi. 2. Eski turkiy tilterminologiyasi – XI-XIV asrlarni qamrab oladi. 3. Eski o‘zbek adabiy tili) terminologiyasi – XV-XX asr boshigacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. 4. Istiqlol davri o‘zek tili terminologiyasi – o‘tgan asrning 90-yillaridan bugungi kungacha bo‘lgan davrni qamrab oladi.
Hozirgi qardosh turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tili leksik xazinasida muayyan darajada qo‘llanishda davom etayotgan yoki bugun ite’moldan butunlay chiqib ketgan qadimgi turkiy tilga taalluqli leksik birliklar tarkibida terminologik leksika ham sezilarli o‘rinni egallaganligi bilan xarakterlidir. Qadimgi turkiy til manbalarida qayd etilgan turli soha terminologiyasi asosan sof turkiy tub va yasama so‘zlar hamda buddizm va moniyizm ta’sirida so‘gʻd, sanskrit, xitoy tillaridan kirib kelgan o‘zlashmalardan tashkil topgan edi. Jumladan, barğu – “o‘lja”, qarğu – “soqchi, dozor”; tamğa – “mugʻro”, kőrűg – “aygʻoqchi”, elči – “elchi; hukmdor, yurtboshi”; yolčï – “sardor”, čïğay – “yo‘qsil, kambagʻal”; qïšlağ(q) – “qo‘shinning qishki qarorgohi”, ayğučï – “davlat maslahatchisi” singari asl turkcha; čerig/čerik – “qo‘shin, armiya”; sart – “tojir, savdogar” kabi sanskritcha; xatun/qatun – “malika”, kent – “qishloq; shahar” singari so‘gʻdcha, qağan – “hukmdor”, xan – “hokim”, tegin – “xonzoda, shahzoda”; yabğu – “xoqondan keyingi oliy lavozim egasi”, seƞűn – “xitoy generali”, tarqan – “tarxon”, tutuğ – “tuman hokimi” kabi xitoycha; šad – “Turk xoqonligida oliy lavozim”, šadapït singari eroncha terminlar faol qo‘llanishda bo‘lganligini manbalar so‘z boyligi yaqqol ko‘rsatadi [ 12. 2018. 11-b].
Ayni chogʻda e’tirof etish joizki, sanskrit, eron, xitoy tillarida bitilgan asarlarning turkiy tilga qilingan tarjimalarida qayd etilgan ijtimoiy-siyosiy, harbiy, iqtisodiy, sotsial, hayvonot dunyosi – fauna, o‘simlik dunyosi – flora, ilmi nujum – astronimiya va h.k. sohalarga xos terminlar keyinchalik deyarli qo‘llanmadi, turkiy tillar, chunonchi, o‘zbek tili ularni o‘z leksik qatlamiga qabul qilmagan.
Sakkizinchi asrdan e’tiboran arab tili, arab yozuvi va islom mafkurasining Turonzaminda qaror topishi, bir qator mahalliy sulolalar (Qoraxoniylar, Gʻaznaviylar, Saljuqiylar)ning birin-ketin siyosat sahnasiga chiqishi singari obyektiv jarayonlar ostida o‘zligini yo‘qotmagan eski turkiy tilda(XI-XIV asrlar) terminologik leksika ko‘lamining bir qadar kengayayotganligini kuzatish mumkin.
Eski turkiy til terminologiyasi mavjud lisoniy qonun-qoidalar doirasida shakllandi va rivojlandi. Uning qadimgi turkiy til davriga nisbatan yanada taraqqiy etishida jonli so‘zlashuv tili, turfa sheva materiallari qatori so‘z yasash andozalari – modellari asosida yuzaga chiqqan istilohlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Qadimgi turkiy tildan farqli o‘laroq eski turkiy tilda sanskrit, so‘gʻd, xitoy tiliga oid o‘zlashmalarning ishlatilish sur’ati pasaydi, aksincha, arabcha va forscha-tojikcha o‘zlashmalarning qo‘llanish chastotasi va ko‘lami ancha kengaydi. Biroq eski turkiy til terminologiyasining o‘zagini asl turkiy qatlam tashkil qilishda davom edi. Alïm – “qarz, kredit”; berim – “to‘lov, qarzni qaytarish”; beglig – “beklik”, bitigči – “mirza, munshiy – kotib”, yatğaq – “tungi soqchi”, yarïša – “ko‘rshapalak”, yarğu – “ajrim”, yarğučï – “qozi, sudya”; qalïq – “havo”, obuz – “qattiq yer”, tirgäš – “ko‘lmak suv” kabi turkcha; rabat – “karvonsaroy”, malik – “hukmdor”, siyasat – “siyosat”, amil – “ish yurituvchi”, tib – “meditsina, tibbiyot”; nujum – “astrologiya”, handasa – “geometriya” singari arabcha; laškar – “qo‘shin”, mayfuruš – “may ichuvchi, may sotuvchi” singari forscha-tojikcha, daruğa – “qal’a, qo‘rgʻon komendanti”; műran – “daryo”, nűkär/nävkär – “navkar, askar” kabi mo‘gʻulcha terminlar bu davr terminologik tizimida nisbatan keng ko‘lamda ishlatilgan.
Eski o‘zbek adabiy tili terminologiyasining takomillashuvida, uning yanada yuqoriroq bosqichga ko‘tarilishida tilning ichki qonuniyatlari qatori tashqi ta’sir, ya’ni ekstralingvistik omillarning roli salmoqli bo‘lgan. O‘zbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiy, uning Lutfiy, Atoiy, Sakkokiy, Yaqiniy singari salaflari, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammad Solih, Ogahiy, Munis kabi izdoshlari tomonidan ta’rif etilgan badiiy, tarixiy, ilmiy asarlar leksik boyligi tahlilidan kelib chiqqan holda aytish joizki, o‘zbek tili ichki imkoniyatlaridan keng foydalanilgan tarzda termin yaratish bu davr uchun ancha sermahsul usul hisoblangan. Ona tiliga millatning bosh ko‘zgusi tarzida munosabatda bo‘lish zaruriyatining Alisher Navoiy tomonidan ziyolilar, olimlar, shoir-u yozuvchilar oldida kun tartibiga qat’iy va ro‘yi rost qo‘yilishi o‘z ijobiy aksini terminlar tizimida ham topgan edi. Aniq fanlar qatori ijtimoiy-gumanitar fanlar sohalarining shakllanib borish jarayoni ularga taalluqli maxsus tushunchalarni ifodalovchi terminlar yaratilish bilan baqamti kechdi. Bunda, birinchi galda, eski o‘zbek adabiy tili, jonli so‘zlashuv tili, lahja va shevalarda mavjud leksik birliklar terminlar safini kengaytirdi, o‘zbek tilida so‘z yasashda keng qo‘llangan qo‘shimchalar yordamida katta miqdorda terminlar hosil qilindi. Arab, fors-tojik, mo‘gʻul tillaridan o‘zlashgan terminlar soni shiddat bilan oshib bordi. Chet tillardan kirib kelgan so‘z yasovchi qo‘shimchalar ham terminlar yasashda muhim o‘rin egalladi. Xususan, harbiy qurol-yarogʻ, texnika bilan bogʻliq to‘p – “zambarak”, qazan – “ogʻir to‘p”, tűfäƞ – “miltiq” kabi asl o‘zbekcha terminlar bilan yonma-yon arabcha ra’d – “yonib turgan neftni dushman tomon irgʻituvchi to‘p”, arrada – “paloqmon”, manjaniq – “katapulta”, forscha-tojikcha zarbzan – “zambarak turi”, farangiy – “Yevropa, Kichik Osiyoda quyilgan to‘p”, zanburak – “zambarak” kabi terminlar jamiyat a’zolarining ma’lum qatlami tilidan o‘rin oldi. Ijtimoiy-siyosiy terminologiyada ham muayyan o‘zgarishlar yuz berdi. Chunonchi, davlat boshqaruvida yangidan yangi rutba, lavozim va mansablarning joriy qilinishi natijasida yasavulbašï, tabibbašï, qošbegi, naqib, ïnaq, biy, divanbegi, toqsaba, parvanačï, muhassil, mirab singari terminlar keng qo‘llanishga kirib keldi.
Har qanday tilning so‘z boyligi, u tarixiy yoki zamonaviy tusda bo‘lmasin, insonlar tomonidan tuziladigan rang-barang lugʻatlarda ma’lum darajada o‘z aksini topadi. Qiyosan aytish mumkinki, lugʻat tilning so‘z boyligini o‘zida saqlovchi akkumulyator vazifasini bajaradi. Bugun muayyan tilshunoslikning qay darajada rivojlangani, takomil topgani ayni tilda yaratilgan lugʻatlarning turi, miqdori va sifati bilan ham o‘lchanmoqda.
O‘zbek lugʻatchiligi tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, uning uzoq davrlarga borib taqalishining guvohi bo‘lishimiz mumkin. Hozirga qadar yetib kelgan lugʻatlar ichida atoqli lugʻatnavis bobokalonimiz Mahmud Koshgʻariy tomonidan 1074-1075-yillaarda tuzilgan “Turkiy so‘zlar devoni”, ya’ni “Devonu lugʻotit turk” ulkan ahamiyatga egaligi bilan xarakterlanadi. Zotan, arab millati vakillari uchun juda katta hududda istiqomat qiluvchi turkiy xalqlar til xususiyatlari, chunonchi, alifbosi, tovush qurilishi, lugʻat boyligi, so‘z turkumlari va gap qurilishi haqida ma’lumot berish uchun mo‘ljallangan mazkur asarning ilmiy ahamiyati shu kunga qadar dunyo olimlari qalamiga mansub bir ming sakkiz yuz atrofidagi ilmiy izlanishlarda e’tirof etilgan. Arab lugʻatchiligi an’analari va qoidalari asosida tuzilgan bu lugʻatda taxminan sakkiz mingga yaqin so‘zlar, birikmalar, iboralar, maqol va matallar, xalq ogʻzaki ijodi namunalari joy olgan. Buyuk tilshunos olim Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit turk” asari, garchi, lugʻat deb nomlansa-da, unda Qoraxoniylar davri eski turkiy tilining o‘ziga xos xususiyatlari juda yuksak tahlil qilinib, ko‘plab hayotiy misollar bilan asoslangan.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit turk” asaridan o‘rin olgan leksik birliklar qatori, Qoraxoniylar saltanatining ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, harbiy, maishiy turmush tarzida mavjud tushunchalarni ifodalovchi terminlar va leksik birliklar son jihatdan salmoqli o‘rin egallaydi. Turfa soha terminlari bilan yonma-yon onomastika, jumladan, atoqli otlar – antroponimlar, joy nomlari – toponimlar, geografik obyektlar nomi, gidronimlar, ekologiya, hayvonot (fauna) va o‘simlik dunyosiga (flora) oid talaygina leksemalar batafsil izohlangan.
O‘zbek terminologiyasining yuzaga kelishida XIV asrga oid arab tilida yozilgan grammatik (filologik) risolalarning sezilarli o‘rni borligi turkologiyada allaqachon e’tirof etilgan. Turkiy tilning grammatikasi haqida bahs yuritishga bagʻishlangan Abu Hayyonning (vafoti 1344-yil) “Kitob ulidrok li-lison ul-atrok”, 1245-yilda Mamluklar davlati(1250-1517)da Xalil bin Muhammad bin Yusuf al-Ko‘nyaviy tomonidan yaratilgan “Kitobi majmuayi tarjumoni turki va ajami va mugʻali”, muallifi noma’lum “Kitobi at-tuhfat uz-zakiya fil-lugʻatit turkiya”, Jamoluddin Turkiyning “Kitob bulgʻat al-mushtoq fil lugʻatat- turk va-lqifchaq”, XVI asr boshida Qohirada ta’lif etilgan “ Al-qavoninu-l kulliya lizabtil-lugʻatit-turkiya” singari asarlarda turkiy tilning so‘z boyligi, aytish mumkinki, terminlar tizimi ma’lum darajada o‘z ifodasini topgan.
Mazkur davr asarlarida qayd etilgan turkiy til leksikasi, chunonchi, terminlar tizimini “Kitobi majmuayi tarjumoni turki va ajami va mo‘gʻaliy”da keltirilgan quyidagi mavzu guruhlarining ajratilganini qayd etishimiz mimkin: kishi nomlari – Alaquš, Aqtay, Altuntaš, Baybars, Sonqur va h.k.; astroponimlar (kosmonim): Űlkär; geografik nomlar: Šam, Misr ; uy hayvonlari: at, őkűz, qatïr, boğa, ayğïr va h.k.; yirtqich hayvonlar: aslan, sïrtlan, bőri, tűlkű va h.k.; qush va hasharotlar: qartal – “burgut”, sarča – “chumchuq”, qaz – “gʻoz”, qarlağač – “qaldirgʻoch”, qarğa va h.k.; ekoterminlar: topraq – “tuproq”, qayïr – “shagʻal”, yaban – “cho‘l, yobon”, oy – “chuqurlik”, qol – “vodiy”, harbiy asbob-anjomlar: ya – “yoy, kamon”, kiriš – “yoy ipi”, sűƞű – “nayza”, qalqan, čoqmar va h.k.; tibbiy terminlar: yig/ig – “kasallik, illat”, ağrï – “ogʻriq”, sőkäl – “bemor, kasal”, isitmä – “harorat, isitma”, őtűrmäk – “yo‘tal” va h.k.; musiqiy terminlar: duduk – “musiqa asbobi”, tőmrű – “do‘mbira”, yaqlïq – “rubob”, sïbïzğu – “sivizgʻa” va h.k.
XIX asrning 70-yillaridan e’tiboran o‘zbek terminologiyasi rus tili orqali Gʻarbiy Yevropa tillaridan o‘zlashgan terminlar asosida rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ydi. Bu davrda rus tilining o‘zbek tili leksikasi, xususan, terminologiyasi rivojiga ta’siri masalasi hozirgacha har tomonlama chuqur ilmiy tadqiqot obyektiga aylanmagan. Vaholanki, manbalarda qayd etilgan faktik materiallar o‘zbek terminologiyasining zikr etilgan paytdagi taraqqiyotini bevosita ifodalagani bois muammoni ijobiy hal etishda o‘ta qo‘l kelishi aniq. O.Usmonov, Sh.Hamidovlar tomonidan 1981-yilda “Fan” nashriyotida e’lon qilingan “O‘zbek tili leksikasi tarixidan materiallar” (XIX asrning oxiri – XX asrning boshlari) nomli asarda atishma, atishuv – “otishma”, axtarish – “tintuv”, ariq – “kanal”, ashula oyuni – “konsert”, basma – “bosma, nashr etilgan”, bash vazir – “bosh vazir” kabi asl o‘zbekcha atamalar qatori barja – “yuk kema”, prizident – “prezident”, pratakol – “bayonnoma”, sayuz – “ittifoq”, iliktir – “elektr”, ikiskursiya – “sayohat”, fonograf, samavar, sod//sud – “sud” singari o‘zlashmalar ham o‘z aksini topgan. Keltirilgan misollar o‘zlashmalarning o‘zbek tili tovush tizimiga moslashtirilganidan dalolat beradi. Sobiq sho‘rolar hukmronligi vaqtida o‘zbek tili terminologiyasi yangi tushunchalar va ularni ifodalovchi haddan tashqari ko‘p miqdordagi o‘zlashma terminlar hisobiga kengaydi. Soha terminologiyasi tizimining vujudga kelishida sof o‘zbekcha leksik birliklar bilan birga ruscha-baynalmilal terminlarning roli yuqori bo‘ldi. Bu jihat ayniqsa, tabiiy fanlarga xos terminologik tizimda yaqqol ifodasini topdi. Mustaqillik davri o‘zbek terminologiyasi globallashuv va internetga qadam qo‘yilgan XXI asrda har tomonlama takomillashuv jarayonini boshidan kechirmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |