Ibn sino nomidagi nashriyot matbaa birlashmasi



Download 0,86 Mb.
bet1/21
Sana11.04.2020
Hajmi0,86 Mb.
#43957
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   21
Bog'liq
AGZAMOV-Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya

K. A. AGZAMOV
TOPOGRAFIK

ANATOMIYADAN AMALIY

QO‘LLANMA
Prof. I.Q.Qosimxo‘jaуev tahriri ostida
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta

ta'lim vazirligi tibbiyot Oliy o‘quv yurtlari

talabalari uchun o‘quv qo‘llanmasi sifatida

tasdiqlangan

TOSHKENT

IBN SINO NOMIDAGI

NASHRIYOT – MATBAA BIRLASHMASI

2009

UDK 617.5

54,54


А 94
T a q r i z ch i l a r:
Toshkent tibbiyot pediatriya Oliy bilimgohi operativ jarrohlik va topografik anatomiya kafedrasining professori S.A.Dolimov, shu kafedraning mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor SH.M.Ahmedov, Andijon tibbiyot oliy bilimgohi operativ jarrohlik va topografik anatomiya kafedrasining mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor I.Q.Qosimxo‘jaуev, Samarqand tibbiyot instituti Normal anatomiya kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor S.A.Ten, Samarqand tibbiyot instituti fakultativ jarrohlik kafedrasining mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor B.U.Sobirov.

Agzamov K.A.

Topografik anatomiyadan amaliy qo‘llanma: Tibbiyot Oliy o‘quv yurti, talabalari uchun o‘quv qo‘ll. / I.Q.Qosimxo‘jaуev tahriri ostida. – T.:Ibn Sino nomidagi nashriyot – atbaa birlashmasi, 1993. –256 b.

Topografik anatomiya bo‘yicha yozilgan ushbu amaliy qo‘llanma, tibbiyot oliy bilimgohlarida ta'lim olayotgan davolash kulliyotining 3-4 kurs talabalari uchun mo‘ljallangan. Qo‘llanma shu fanni o‘qitish dasturi talablariga to‘la rioya qilingan holda, o‘zbek tilida birinchi marta yozildi. Qo‘llanma topografik anatomiya fani bo‘yicha o’tiladigan barcha mavzularni o‘z ichiga olgan. Bunda odam tanasidagi barcha soha va a'zolar topografiyasi, ularning o‘zaro bog‘lanishlari va munosabatlari nuqtai nazaridan ko‘rib chiqilgan. Bu talabalarga kelgusida shu fanning operativ jarrohlik qismini o‘rganish va undan har xil operatsiya yo‘llari va turlarini to‘g‘ri olib borishlarida asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.

Агзамов К.А. Практическое руководство по топографической анатомии.

BBК 54.54 ya 73


4108050000-93

А------------------- E’lon qilinmagan

M 354 (04)- 93

ISBN 5-638 -01043-2 C K.A.A’zamov, 1993.




SO‘Z BOSHI
Operativ jarrohlik va topografik anatomiya fanini o‘qitish avvalo kishi tanasidagi to‘qima va a'zolarning o‘zaro topografik – anatomik munosabatlarini va tuzilishini murdada o‘rganib chiqishni taqazo qiladi. Bu borada nazariy bilimlar beradigan darslik talabalarning bilim saviyasini boyitishga imkon bersa, amaliy qo‘llanmalar ishlay bilish saviyasini oshirishga yordam beradi. Topografik anatomiyaning vazifasi talabalarga to‘qima va anatomik tuzilmalar to‘g‘risidagi tushunchalarni ularning o‘zaro bog‘liqliklari nuqtai nazaridan o‘rgatishdir. Bu esa keyinchalik talabalarga jarrohlikka oid bo‘lgan har xil ish – amallarni bajarishlarida, o‘z mahorat va malakalarini oshirib borishlarida kerak bo‘ladi.

A'zo va to‘qimalar topografik anatomiyasini talabalar murdada mustaqil ravishda, o‘qituvchilar rahbarligida o‘rganib boradilar. Ammo o’tiladigan mavzu bo‘yicha talaba mustaqil ish olib borishdan oldin, to‘la nazariy bilimga ega bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham ushbu amaliy qo‘llanma talabaga o’tiladigan mavzular bo‘yicha nazariy bilimlarni amaliy mashg‘ulotlar paytida mustahkamlab borishlari maqsadida yozilgan.

Kishi tanasidagi sohalar topografik anatomiyasini o‘rganish ko‘pincha bir xil bo‘lsa - da, lekin u ikkita asosiy guruxga bo‘linadi: 1) sohalarning topografik anatomiyasi va 2) a'zolar hamda boshqa anatomik tuzilmalarning topografik (jarrohlik) anatomiyasi. Bunda sohalarning topografik anatomiyasini talabalarga quyidagicha o‘rgatiladi.

1. O‘rganilishi lozim bo‘lgan sohalarning chegaralari aniqlanadi. Ular chegaralarining to‘g‘ri aniqlanishi katta ahamiyatga ega bo‘lib, ichki a'zolarda o’tkaziladigan har xil jarrohlik operatsiyalari va ularga borish yo‘llari a'zolar joylashgan chegaradan chiqib ketmasligi lozim. Bu chegaralarni aniqlashda talaba avvalo tashqi belgilardan (suyaklarning do‘mboqlari, mushaklarning do‘ngliklari, egatlar, chuqurchalar, balandliklar va h.k.) foydalanadi.

2. Sohaning topografik anatomiyasi va uning qavatlarini o‘rganish quyidagicha olib boriladi:

Teri – uning qalinligi, harakatchanligi, cho‘ziluvchanligi, undagi ter hamda yog‘ bezlarining miqdori, rangi, teri burmalarining yo‘nalishi, tuklar bilan qoplanishi, qon bilan ta'minlanishi va uning innervatsiyasi aniqlanadi.




Teri osti yog‘ to‘qimasi – miqdori, qavatlarga bo‘linishi, qalinligi va unda o’tgan qon tomirlar hamda nervlar o‘rganib chiqiladi.

Yuzaki fastsiyazichligi, tuzilish xususiyatlari, teriga yoki ostidagi to‘qimalarga munosabati, ikkinchi varag‘ining bor yoki yo‘qligi ham aniqlanadi.

Xususiy fastsiya – qalinligi, tuzilishi, mushaklararo to‘siqlar hosil bo‘lishidagi o‘rni, ularning g‘ilofli og‘riqsizlantirishdagi ahamiyati va boshqalar aniqlanadi.

Mushaklar – guruhlarga bo‘linishi, joylashish tartibi, boshlanish va birikish nuqtalari, o‘zaro topografik munosabatlari, mushaklararo bo‘shliqlarining hosil bo‘lishi, egatlar, kanallar va uchburchaklarning hosil bo‘lishida mushaklarning ahamiyatiga ham e'tibor beriladi.

Qon tomirlar (arteriya va venalar) – katta qon tomirlarning topografiyasi, ularning tarmoqlari, anastomozlari, kollateral va yonlanma qon aylanishlarining hosil bo‘lishi va ularning o‘zaro munosabatlari ham ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, “kava - kaval” va “porto - kaval” anastomozlar, ularning amaliy ahamiyati ham ko‘rib chiqiladi.

Limfa oqimi – limfa yo‘llarining asosiy yo‘nalishlari, borib quyiladigan limfa tugunlari, ularning joylashishi, regionar holati, yiringli infeksiyani tarqatishdagi roli va boshqalar e'tiborga olinadi.

Nerv – nervlarning topografiyasi, tolalari, bog‘lanishlari, segmentar holati, atroflaridan o’tadigan qon tomirlar bilan o‘zaro munosabati ko‘rib chiqiladi.

Suyak va suyak usti pardasi – suyaklarning odam tanasi uchun tayanch va harakat xizmatini o’tashdagi ahamiyati, ichki a'zolarning tashqi tasvirini aniqlashda ulardagi belgilardan (do‘mboq, o‘siq va h.k.) foydalanish, yumshoq to‘qimalar bilan o‘zaro munosabati va boshqalarga e'tibor beriladi.

Bo‘g‘imlar – ularning hosil bo‘lishi, tuzilish xususiyatlari, ularni o‘rab turgan to‘qimalar bilan o‘zaro munosabati, bo‘g‘im bo‘shliqlari, ulardagi burmalar, bo‘g‘im bo‘shlig‘idagi potologik (kasallik) suyuqliklar (qon, yiring, zardob va h.k.) ning yig‘ilishi, ularning punksiyasi va boshqa holatlari o‘rganiladi.

Sohalarning topografik anatomiyasini shu taxlitda ketma - ket o‘rganish natijasida talaba to‘qimalarning topografik anatomiyasi va ularning o‘zaro munosabatlari to‘g‘risida aniq tasavvurga ega bo‘ladi. Binobarin, bu usul talabada kishi tanasida o’tkaziladigan har

xil operatsiya yoki kesmalarda shu soha qavatlarining aniq topografiyasini oldindan ko‘ra bilish va to‘g‘ri qaror qabul qilish imkoniyatini yaratadi. Bularni bilmaslik o’tkazilayotgan operatsiyaning muvaffaqiyatli chiqishini ta'minlay olmaydi. Chunki jarroh operatsiya qilinadigan joyga yoki a'zolarga уetguncha, ko‘pgina qavatlardan o’tadi.

Odatda qilinadigan operatsiyalar ko‘pincha bitta a'zoda o’tkazilishini e'tiborga olib, kishi tanasidagi a'zolar topografik anatomiyasini o‘qitishda an'anaviy usullardan biri – har bir a'zoni alohida – alohida o‘rganish usuli qabul qilingan. Biz ham ushbu usulga amal qilib, a'zolar topografiyasini quyidagi tartibda yoritishni ma'qul ko‘rdik:



1. Golotopiya – o‘rganilayotgan a'zoni odam tanasiga nisbatan qaуerda va qanday joylashishi.

2. Skletotopiya – shu a'zoni odam skletiga nisbatan (qovurg‘alar, umurtqalar va h.k.) joylashishi, ularga munosabati.

3. Sintopiya – o‘rganilayotgan a'zoni o‘rab turgan to‘qima va a'zolar bilan o‘zaro munosabati.

4. A'zolarning anatomik ta'rifi – shakli, hajmi, holati, qismlari, qirralari va boshqa ma'lumotlari (rangi, zichligi va h.k.).

5. Tasviriy anatomiya – ichki a'zolar tasvirini terida yoki tana yuzasida aniqlash uchun shu a'zolar tasviriga mos keladigan har xil chiziqlar o’tkazib aniqlanadi.

6. A'zolarning joyida tutib turilishi – ularni har xil bog‘lamlar yordamida yaqin to‘qimalarga, a'zolarga birikib turishi, o‘z o‘rnida mustahkam joylashishi, bu bog‘lamlarning katta – kichikligi, uzun-kaltaligi, bog‘lamlar ichidan o’tadigan qon - tomir va nervlarning topografiyasi va h.k.

7. A'zolarning innervatsiyasi – a'zolarga keladigan nerv tolalarning yo‘nalishi, qaysi nervlardan yoki chigillardan chiqib kelishi, parasimpatik va simpatik nerv tolalarning qatnashishi, ularning o‘zaro munosabati.

8. Limfa oqimi – a'zolarning asosiy limfa yo‘llari, ularning borib ochiladigan regionar limfa tugunlari, xavfli shish metastazlari va yiringli infeksiyaning bular orqali tarqalish yo‘llari.

Ichki a'zolar topografik anatomiyasining bu tartibda o’tilishi keyinchalik talabalarda operativ jarrohlikdan o’tiladigan mavzu bo‘yicha уetarlicha bilim va malaka hosil qilishda qo‘l keladi.

Darslik Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan operativ jarrohlik va topgrafik anatomiya fani bo‘yicha tibbiyot

institutlari davolash fakultetining 3 - 4 kurs talabalari uchun tasdiqlangan dasturi asosida o‘zbek tilida yozilgan birinchi ishdir.

Ushbu darslik muallifining shu fan bo‘yicha ko‘p yillar davomida shug‘ullangan va o‘qigan leksiyalari hamda u ishlab turgan Samarqand tibbiyot instituti operativ jarrohlik va topografik anatomiya kafedrasi ish tajribasining mahsuli sifatida yuzaga keldi. Darslikni yozishda rus tilida yozilgan o‘quv qo‘llanmalaridan hamda tibbiyot institutlari uchun o‘zbek tilida yozilgan mavjud anatomiya darsliklaridan foydalanildi. Darslikdagi rasmlar, asosan, operativ jarrohlik va topografik anatomiya faniga oid o‘quv qo‘llanmalari va darsliklaridan olindi. Bunda hamma topografik – anatomik ma'lumotlar mashg‘ulotlarni o‘zbek tilida olib borish talablari e'tiborga olingan holda qayta ko‘rib chiqildi.

Amaliy qo‘llanmaning ayrim boblarini yozishda o‘zlarining qimmatli maslahatlarini bergan Toshkent tibbiyot pediatriya oliy bilimgohi operativ jarrohlik va topografik anatomiya kafedrasining professori marhum S.A.Dolimovga, shu kafedra mudiri, prof. Sh.M.Ahmedovga, Toshkent I tibbiyot oliy bilimgohi operativ jarrohlik va topografik anatomiya kafedrasining mudiri, professor N.H.Shomirzaуevga hamda Toshkent vrachlar malakasini oshirish ilmgohi operativ jarrohlik va topografik anatomiya kafedrasining mudiri, professor A.G‘.Mirzamuhamedovga muallif o‘z minnatdorchiligini bildiradi.

Qo‘llanma mazmuni bo‘yicha har qanday tanqidiy mulohazalarni muallif mamnuniyat bilan qabul qilib, kelgusi ishlarida inobatga oladi.

TOPOGRAFIK ANATOMIYA FANINING

QISQACHA TARIXI
Topografik anatomiya fani amaliy fanlardan hisoblanib, u normal anatomiyadan olingan ma'lumotlarni umumlashtirib, sohalar topografiyasini, qavatma – qavat tuzilishini, a'zolar topografiyasini esa joylashish o‘rni, ularning bir – biriga va qo‘shni sohalarga nisbatan o‘zaro munosabatlarini hamda tuzilishini o‘rgatadi.

Jarrohlikning boshlang‘ich davrlarida amaliy jarrohlar odam organizmi to‘g‘risida bunday umumlashtirilgan ma'lumotlarga ega bo‘lmaganliklari sababli, jarrohlik operatsiyalarini o’tkazishda qiynalishlar va bunga javob izlar edilar. Bunga javob XYI asr oxirlarida va XYII asr boshlarida fanda jarrohlik operatsiyalarini

tasvirlashda anatomik ma'lumotlar ham chop etila boshlandi. Bunday ma'lumotlarni birinchilardan bo‘lib 1672 yilda italiyalik jarroh va anatom Djenga, 1718 yilda belgiyalik jarroh va anatom Palfenlar e'lon qilishdi. Shunday qilib, fanda jarrohlik anatomiyasiga asos solindi. XIX asr boshlariga kelib jarrohlik anatomiyasini rivojlantirishga fransuz jarrohlari Velpo, Blanden, Malten va boshqalar o‘z hissalarini qo‘shdilar. Ularning ilmiy asarlarida to‘qima va a'zolarning anatomiyasi boshqalarnikidan farqli o‘laroq, batartib va sohalar bo‘yicha berilgan bo‘lib, shu tariqa topografik anatomiya faniga asos solina boshlandi.

Rus olimlaridan X.X. Solomon 1840 yilda operativ jarrohlikdan qo‘llanma chop ettirib, unda topografik anatomiyaga asos soldi. I.V.Buyalskiy (1789 -1866) “Odam tanasining qisqacha anatomiyasi” va “Anatomik – patologik suratlar” degan ikkita mashhur atlaslarni yaratib, operativ jarrohlik va topografik anatomiya fanini rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.

Lekin, topografik anatomiyani asosiy fan sifatida birinchi marta rus olimi N.I.Pirogov (1810-1881) ro‘yobga chiqardi. U topografik anatomiyaning jarrohlikdagi mislsiz rolini inobatga olib, uni operativ jarrohlik bilan birga “bir butun fan” sifatida maydonga olib chiqdi. N.I.Pirogovning ilmiy asarlari topografik anatomiya fanining mustaqil fan bo‘lib qolishiga zamin yaratdi. U 1837 yilda “Arteriyalar tanasi va fastsiyalarining jarrohlik anatomiyasi” degan ilmiy asarida arteriyalar topografik anatomiyasi to‘g‘risida to‘liq ma'lumot berib, ularning fastsiyalar bilan o‘zaro munosabati to‘g‘risidagi qonunlarni ishlab chiqdi.

N.I.Pirogov o‘zining “Odam tanasi amaliy anatomiyasining to‘liq kursi. Fiziologiya va jarrohlik bo‘yicha tasviriy anatomiya” (1843-1848) degan 3 jildli qo‘llanmasida kishi tanasining hamma soha va a'zolarining topografik anatomiyasini keltiradi. Bundan tashqari uni butun dunyoga mashhur qilgan asarlaridan biri “Muzlatilgan kishi tanasidagi uch xil yo‘nalishdagi kesmalari rangli suratlarining tasviriy topografik anatomiyasi” (1851 -1859) degan asar bo‘lib, bunda u muzlatilgan a'zolarning har xil kesmalarida ularning topografik anatomiyasini batafsil yoritgan.

N.I.Pirogov ishlarining davomchisi va topografik anatomiya fanining rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan olimlardan biri A.A.Bobrovdir (1850 -1904). U birinchi bo‘lib topografik anatomiya

va operativ jarrohlik fani bo‘yicha darslik yozgan olimlardan hisoblanib, jarrohlar uchun topografik anatomiyani mukammal bilish

juda ham zarurligi to‘g‘risida shunday deydi: “Jarrohlik klinikasiga olib boradigan yo‘l anatomiya teatridan o’tishi kerak va bu yo‘ldan o’tmagan jarroh o‘z istedodining yuqori cho‘qqisida tura olmaydi”. A.P.Gubarev bu so‘zlarni go‘yo tasdiqlab “Topografik anatomiyani bilmasa jarroh ham yo‘q, terapevt ham yo‘q, uning o‘rnida faqat belgi va bid'at qoladi” – deb bo‘lajak jarrohlarni ogohlantiradi.

Topografik anatomiyaning rivojlanishida V.N. Shevkunenkoning (1972 -1952) xizmatlari kattadir. U topograf – anatomlar maktabiga asos solgan olimlardan biri. Uning ilmiy ishlari qon tomirlar va nerv sistemasi hamda yoshga qarab o‘zgaradigan topografik anatomiya bilan bog‘liqdir.

Topografik anatomiyaning уechilmagan ko‘p masalalarini yoritishga N.N.Burdenko, A.V.Vishnevskiy, A.N.Maksimenkov, V.F.Voyno –Yasenetskiy, B.V.Ognev, V.V.Kovanov, A.A.Travin, G.E.Ostroverxov, YU.M.Lopuxin va boshqa olimlar o‘z hissalarini qo‘shdilar.

Topogafik anatomiya va operativ jarrohlik fanini munosib o‘ringa ko’tarishda jumhuriyatimiz olimlarining xizmatlari ham juda katta. 20 - yillarda Toshken davlat dorilfununining tibbiyot kulliyotida ishlagan atoqli olim Voyno-Yasenetskiy, professorlar G.A.Ilin, F.I.Valker, N.S.Pereshivkin, S.T.Novitskiy, B.A.Stekolnikov, professor F.F.Amirov va 1970 yildan beri professor N.H Shomirzaуev, Toshkent vrachlar malakasini oshirish ilmgohidan topografik anatomiya va operativ jarrohlik kafedrasining mudiri, professor A.G‘.Mirzamuhamedov, Toshkent tibbiyot pediatriya oliy bilimgohi kafedra mudiri, professor Sh.M.Ahmedov, Samarqand tibbiyot oliy bilimgohi topografik anatomiya va operativ jarrohlik kafedrasining mudirlari, professor V.A.Sushevskiy, G.N.Aleksandrov, M.T.Nasekin va V.YA.Barakov, Andijon tibbiyot oliy bilimgohining kafedra mudirlari, professor B.G‘.G‘aniуev hamda professor I.Q.Qosimxo‘jaуevlar bunga yaqqol misol bo‘la oladilar. Bu olimlarning ishlari jumhuriyatimizda va MDH dagina emas, balki xorijiy davlatlarda ham yuksak baholanmoqda.

Jarrohlik fani bilan bir qatorda topografik anatomiya fani ham muvafaqqiyat bilan rivojlanib bormoqda. Bu esa yangi – yangi jarrohlik operatsiyalarini ishlab chiqishni ilmiy asoslab berishga imkoniyat yaratadi. Shuning uchun ham topografik anatomiya talabalar uchun asosiy fanlardan biri bo‘lib qolmoqda.

I BOB

QO‘LNING TOPOGRAFIK ANATOMIYASI
Qo‘lning yuqori qismi, qo‘l bilan bo‘yin chegaralarining o‘rtasida joylashgan yelka kamari (yelka usti) sohasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lganligi sababli, odatda bu sohaning topografik anatomiyasini, qo‘lning topografik anatomiyasini o‘rganish bilan olib boriladai.

Yelka kamari (yelka usti). Yelka kamari to‘rtta sohadan tashkil topgan bo‘lib, bularga 1) o‘mrov osti (regio infraсlavicuularis); 2) deltasimon soha (regio deltoidea); 3)kurak sohasi (regio scapularis); 4)qo‘ltiq osti (regio axillaris) sohalari kiradi.

Yelka kamarining tashqi belgilari. O‘mrov suyagi oson paypaslanadi. Uning ichki uchini to‘sh suyagining yon o‘ymasida, tashqi uchini kurak suyagidagi akromion o‘simtasining ichki tomonida paypaslab aniqlash mumkin.

Orqada kurak suyagining do‘mbog‘i bilan akromionning o‘simtasi yaxshi paypaslanadi. Uning pastida esa yelka suyagining katta do‘mbog‘ini paypaslab aniqlash mumkin. Qo‘l orqada va yuqoriga ko’tarilsa, qo‘ltiq osti chuqurchasi yaqqol ko‘rinadi. Uning oldingi qirrasida katta ko‘krak mushagini va uning tagida yelkaning ikki boshli mushagi kalta boshchasining payini paypaslab aniqlasa bo‘ladi. Bu mushaklar payining ichki tomoni bo‘ylab tumshuqsimon o‘siqdan yelkaga boruvchi mushak yotadi. Yelka arteriyasi, venasi va nerv tutamlari shu mushakning ichki yuzasi bo‘ylab o’tadi.

Qo‘ltiq osti chuqurligida uning tashqi devori bo‘ylab yelka suyagining boshchasini paypaslab topishimiz mumkin. Chuqurchaning orqa devori aniq ko‘rinib turadi.

Qo‘lning o‘zi esa quyidagi sohalarga bo‘linadi: 1) yelkaning oldingi sohasi (regio brachii anterior); 2) yelkaning orqa sohasi (regio brachii posterior); 3) tirsakning oldingi sohasi (regio cubiti anterior); 4) tirsakning orqa sohasi (regio cubiti posterior); 5) bilakning oldingi sohasi (regio antibrachii anterior); 6) bilakning orqa sohasi (regio antibrachii posterior); 7) panjaning kaft sohasi

(regio ralmae manus); 8)panjaning orqa sohasi (regio dorsi manus); 9) barmoqlar sohasi (kaft tomoni - regio digiti palmaris va orqa tomoni- regio digiti dorsalis).

O‘mrov osti sohasi (regio infraclavicularis). Soha yuqoridan o‘mrov suyagi, pastdan – erkaklarda III qovurg‘a bo‘yi, ayollarda –

ko‘krak bezining yuqori qirrasi, ichkaridan – to‘sh suyagining tashqi qirrasi va tashqaridan – deltasimon mushakning oldingi qirrasi bilan chegaralanadi. O‘mrov suyagi, to‘sh suyagi, ko‘krakning tumshuqsimon va akromion o‘simtasi, katta ko‘krak mushagining usti bilan deltasimon – ko‘krak uchburchaklari (trigonum deltoideo - pectoralis) uning tashqi belgilari hisoblanadi.

Sohaning terisi yupqa, harakatchan bo‘lib, bo‘yin chigalidan chiquvchi o‘mrov usti nervlari (n.n. supraclavicularis) bilan innervatsiyalanadi. Teri osti yog‘ to‘qimasi yaxshi rivojlangan, bundan teri osti mushagining (m. platisma) tolalari va ko‘krak bezining ko’tarib turuvchi bog‘lami (lig. suspensorium mammae) o’tadi. Bo‘yin II fastsiyasining davomi bo‘lgan ko‘krak fastsiyasi (fascia pectoralis) katta ko‘krak mushagini qoplab, uni qobiq ko‘rinishida o‘raydi, ichkariga yo‘nalib to‘sh suyagiga birikadi, tashqaridan esa oldingi tishli mushakning fastsiyalarini hosil qiladi. Bundan tashqari, fastsiyaning tolalari mushaklar ichiga kirib, ularni 3 ta: o‘mrov, to‘sh-qovurg‘a va qorin bo‘laklariga bo‘ladi. O‘mrov osti sohasida katta ko‘krak mushagining o‘mrov bo‘lagi joylashadi. Katta ko‘krak va deltasimon mushaklari orasidagi egatdan qo‘lning lateral teri osti venasi (v. cephalica) o’tib, u deltasimon ko‘krak uchburchagi orqali chuqur joylashgan to‘qimalarni teshib o’tgach, qo‘ltiq osti venasiga quyiladi.

Katta ko‘krak mushagining ostida yog‘ to‘qima bo‘shlig‘i joylashadi. Bu subpektoral bo‘shliq (spatium subrectorale) o‘mrovga yaqinlashgan sari qalinlasha borib, uning ichidan ko‘krak – akromion arteriyasining (a. thoracoacromialis) tarmoqlari: ko‘krak tarmog‘i (r.r. pectoralis) – ko‘krak mushaklariga; deltasimon tarmoq (r. deltoideus)- deltasimon mushakka; akromion tarmog‘i (r. acromialis) – yelka bo‘g‘imiga boradi. Shu уerning o‘zida yelka chigalidan chiqib, ko‘krak mushaklarini innervatsiya qiluvchi medial va lateral ko‘krak nervlari (n.n. pectoralis lateralis уet medialis) va qo‘lning lateral teri osti venasi joylashadi. Yog‘ to‘qima bo‘shlig‘ining orqasini o‘mrov - ko‘krak fastsiyasi (fascia claviopectoralis) chegaralab, u o‘zining mustahkam tolalari bilan o‘mrov suyagiga, kurakning tumshuqsimon o‘simtasiga va I qovurg‘aga birikadi. So‘ngra ostida yotgan kichik ko‘krak va o‘mrov osti mushaklariga qin hosil qilib, katta ko‘krak mushagining pastki qirrasida u ko‘krak fastsiyasi bilan qo‘shilib ketadi. Bundan tashqari, qo‘ltiq osti sohasida bu fastsiya, qo‘ltiq osti fastsiyasi bilan birlashib,


qo‘ltiq ostini ko’tarib turuvchi bog‘lamni (lig. suspensorium axillae) hosil qiladi.

Kichik ko‘krak mushagi (m.pectoralis minor) III – Y qovurg‘alarning oldingi yuzasidan boshlanib, kurakning tumshuqsimon o‘simtasiga birikadi va o‘mrov – ko‘krak fastsiyasi hamda katta ko‘krak mushagi bilan qo‘ltiq osti chuqurchasining oldingi devorini hosil qiladi. Bu devorda 3 ta uchburchak: o‘mrov – ko‘krak (trig. clavipectorale) uchburchagi, ko‘krak uchburchagi (trig. pectorale) va subpectoral uchburchagi (trig. subpectorale) tafovut qilinadi. o‘mrov – ko‘krak uchburchagi yuqoridan o‘mrov va o‘mrov osti mushagi va pastdan kichik ko‘krak mushagining ichki qirrasi bilan chegaralanib uning asosi to‘sh suyagiga qaragan bo‘ladi. Ko‘krak uchburchagi kichik ko‘krak mushagining yotgan joyiga to‘g‘ri keladi. Subpektoral uchburchagi esa tepadan kichik ko‘krak mushagining tashqi qirrasi va pastdan katta ko‘krak mushagining pastki ozod qirrasi bilan chegaralanib, uning asosini deltasimon mushakning oldingi qirrasi tashkil qiladi.

O‘mrov- ko‘krak uchburchagi sohasida shu nomli fastsiya qo‘ltiq osti chuqurchasining apikal qismi, yog‘ to‘qimasini subpektoral yog‘ to‘qimasidan ajratib turadi. Tumshuqsimon o‘simta yaqinida fastsiyani subpektoral bo‘shlig‘iga boruvchi qon tomir va nervlar (qo‘lning lateral teri osti venasi, ko‘krak – akromion arteriyasining tarmoqlari va ko‘krak lateral nervlari) teshib o’tadi.

Qo‘ltiq osti chuqurchasi apikal qismining yog‘ to‘qimalari ichidan qo‘ltiq osti qon tomirlari va yelka chigali nervlari tutamlari o’tadi. Bularning tashqi tasviri o‘mrov suyagining o‘rtasidan o’tadi. Bunda qo‘ltiq osti venasi yuzaroq va medial, undan chuqurroqda hamda lateral tomonda – arteriya va yana lateralroqda – yelka chigali joylashadi.

O‘mrov – ko‘krak uchburchagining yog‘ to‘qimasi qon tomir tutamlari bo‘ylab ichki tomondan bo‘yin tashqi uchburchagining chuqur yog‘ to‘qimasi bilan tutashadi, lateral tomondan-

qo‘ltiq osti yog‘ to‘qimasi bilan tutashadi va bundan tashqari, qo‘ltiq osti arteriyasi, qo‘lning lateral teri osti venasi hamda oldingi ko‘krak nervlari bo‘ylab u subpektoral yog‘ to‘qimasi bilan ham tutashadi.

Deltasimon sohasi (regio deltoidea). Sohaning chegarasi shu mushakning joylashgan o‘rniga to‘g‘ri keladi. Tashqi belgilaridan yaxshi paypaslanadigan kurakning akromion va tumshuqsimon o‘simtalarini ko‘rsatib o’tish kifoyadir.

Terisi orqa tomonlarida qalinroq, oldinda esa yupqaroq bo‘ladi. Teri osti yog‘ to‘qimasida shu sohani innervatsiya qiladigan yuza nervlar: yelkaning yuqori lateral teri nervi (n. cutaneus brachii lateralis superior) va bo‘yin chigalidan chiquvchi orqa o‘mrov usti nervi bilan qo‘ltiq osti nervining tolasi (n. supraclaviculares rosteriores) uchraydi. Yuzaki fastsiya umumiy tana yuza fastsiyasining davomi bo‘lib, deltasimon sohani qoplab o’tadi. Xususiy fastsiyasi o‘mrov suyagining tashqi qismidan, kurak do‘mbog‘i va kurak qirrasidan boshlanib, deltasimon mushakka qin hosil qilgach, yelka suyagining deltasimon do‘mbog‘iga birikadi. Mushak ostida yog‘ to‘qima bo‘shlig‘i (spatium subdeltoideum) bo‘lib, unda yog‘ to‘qimadan va yelka suyagiga birikadigan mushaklar payidan tashqari, sinovial xaltalar, qon tomirlar va nervlar joylashadi.

Yelka suyagining katta do‘mbog‘iga qirra usti, qirra osti va kichik yumaloq mushaklar birikadi. Kichik do‘mbog‘iga esa kurak osti mushagi birikadi. Do‘mboqlararo egatchadan (sulcus intertubercularis) do‘mboqlararo sinovial qin (vagina sunovialis intertubercularis) bilan o‘ralgan ikki boshli mushak uzun boshchasining payi o’tadi. Shu payning ichkari tomonida ikki boshli mushak boshchasining va tumshuq – yelka mushaklarining paylari joylashadi.

Hali aytganimizdek, deltasimon mushak ostida sinovial xaltalar joylashadi. Ularning eng kattasi deltasimon osti xaltasi (bursa subdeltoidea) hisoblanib, qirra osti mushagi payining va yelka suyagi katta do‘mbog‘ining oldingi yuzasida joylashadi. Kurak do‘mbog‘i ostidan va qirra usti mushagining payidan yuqoriroqda, akromion osti xaltasi (bursa subacromialis) o‘rin oladi. Kurak osti mushagining kurak osti mushagi payi xaltasi (bursa subtendinea m. subscapularis) tumshuqsimon o‘simtaning asosida joylashgan bo‘lib, kurak osti mushagi payining tagida hosil bo‘ladi va yelka bo‘g‘imi bilan aloqada bo‘ladi.

Qo‘ltiq osti nervi (n. axillaris) bu уerga yelka suyagini aylanib o’tuvchi orqa arteriyasi bilan birga, qo‘ltiq osti chuqurchasidan uning to‘rt tomonli teshigi orqali kirib keladi. Nerv o‘zining harakat tolalari bilan deltasimon va kichik yumaloq mushaklarni ta'minlaydi hamda yelka bo‘g‘imiga ham o‘zining tolasini beradi. Bundan tashqari, bu nerv o‘zidan yelkaning tashqi teri tarmog‘ini ham beradi. Yelka suyagining aylanib o’tuvchi oldingi va orqa arteriyalari, yelka suyagining jarrohlik bo‘yinchasi sohasida bir - biri

bilan anastomoz hosil qiladi va deltasimon mushakka hamda yelka bo‘g‘imiga o‘z tarmoqlarini beradi.

Deltasimon osti yog‘ to‘qima bo‘shlig‘i, qon tomirlar va nerv tutamlari bo‘ylab to‘rt tomonli teshik orqali qo‘ltiq osti chuqurchasi yog‘ to‘qimasi bilan hamda kurakning qirra usti va qirra osti chuqurchalari bilan aloqada bo‘ladi.


Download 0,86 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   21




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish