Boldir (reg. cruralis). Boldir sohasi yuqoridan katta boldir suyagi do’ngligi, pastdan – to’piqlar asosidan o’tkazilgan aylanma chiziqlar bilan chegaralanib turadi. To’piqning medial qismidan katta boldir suyagining medial do’mboqchasiga, to’piqning lateral qismidan kichik boldir suyagini boshchasigа o’tkazilgan ikkita vertikal chiziqlar orqali boldir oldingi va orqa sohalarga bo’linadi.
Boldirning oldingi sohasi (reg. cruralis anterior). Boldirning oldingi yuzasida butun uzunasi bo’ylab katta boldir suyagining medial yuzasini, uning g’adir-budur chizig’ini hamda kichik boldir suyagi boshchasini paypaslab aniqlash mumkin. Soha ichki yuzasining terisi tashqi sohasinikiga qaraganda kam harakatchan bo’ladi. Sohani uchta nerv: teri osti nervi - ichki yuzasini boldirning tashqi teri nervi - tashqi yuzasining yuqori sohasini va yuzaki kichik boldir nervi (p. peroneus superfi - cialis) va tashqi yuzasining pastki sohasini innervatsiya qiladi.
Teri osti yog’ to’qimasi siyrak, boldirning medial yuzasida kamroq uchraydi. Shuning uchun ham oyoq biron joyga urilganda qattiq og’riydi. Soha qon bilan kam ta`minlanganligi sababli, to’qimasining jarohati sekinlik bilan bitadi. Yog’ to’qimadan teri nervlari hamda katta teri osti venasi o’tadi (katta boldir suyagining oldingi yuzasida).
Sohaning yuzaki fastsiyasi bir varaqdan iborat. Boldirning xususiy fastsiyasi (fascia cruris) son serbar fastsiyasining davomi bo’lib, juda pishiq. U boldirning yuzaki sohasidagi mushaklarga birikib, katta boldir suyagining medial yuzalari bo’ylab uning suyak usti pardasiga birikadi. Kichik boldir suyagining oldingi va orqa yuzalariga, boldir xususiy fastsiyasidan ikkita, oldingi va orqa mushaklararo to’siqlar (septum intermuscularia anterius et posterius cruris) ajralib, ikkita (oldingi va tashqi) fastsial g’iloflarni hosil qiladi. Bu gi’loflar mushaklar bilan birikkani uchun tarang holatda bo’ladi. Shuning uchun ham har xil jarohatlarda bu erda anaerob mikroblarning rivojlanishiga etarli sharoit hosil bo’ladi.
Oldingi fastsiyalararo g’ilof oldindan - boldir fastsiyasi bilan, ichkaridan - katta boldir suyagi bilan, tashqaridan - oldingi mushaklararo to’siq bilan, orqadan - boldirning suyaklararo pardasi bilan chegaralanadi. Uning ichida uchta mushak: boldirning oldingi mushagi (m. tibialis anterior) - ichkaridan, barmoqlarni yozuvchi uzun mushak (m. extensor digitorum longus) - tashqaridan va ularning orasida hamda boldirning pastki qismida - bosh barmoqni yozuvchi uzun mushak (m. extensor hallicis longus) lar joylashadi.
Tashqi fassial g’ilofni oldindan va orqadan - mushaklararo to’siqlar, tashqaridan - boldirning xususiy fastsiyasi va ichkaridan - kichik boldir suyagi chegaralab turadi.
Bu g’ilofda boldirning uzun va kalta kichik boldir mushaklari yotadi.
Tashqi mushaklar g’ilofida tizza osti chuqurchasidan umumiy kichik boldir nervi o’tadi. Bunda u, kichik boldir uzun mushagining boshchalari oralari bilan kichik boldir suyagining boshchasi orasidan o’tadi. Shuning uchun ham kichik boldir suyagida va uning bosh qismi sohasida operatsiyalar o’tkazilayotgan vaqtda, bu nerv zararlanmasligi uchun suyakka, uning pardasi ostidan borish kerak. Umumiy kichiк boldir nervi bu erda uzidan bir nechta mushak tolalarini chiqarib, g’oz panjasini hosil qiladi, so’ngra ikki qismga: yuzaki hamda chuqur kichik boldir nervlariga bo’linadi.
Yuzaki kichik boldir nervi, kichik boldir suyagi bilan kichik boldirning uzun mushaklari orasida pastga tushadi. Bu oraliqqa yuqorigi mushak - boldir kanali (canalis musculoperoneus superior) deyiladi. Nerv kanaldan chiqqach kichik boldirning uzun va kalta mushaklari oralig’iga o’tadi va bu mushaklarga tarmoqlar berib, boldirning o’rta va pastki uchliklarida xususiy fastsiyani teshib o’tadi. So’ngra teri osti yog’ to’qimasiga chiqqach, teri nerviga aylanadi.
Chuqur kichik boldir nervi oldingi mushaklararo to’siqni teshib, oldingi mushaklar g’ilofiga o’tadi. U erda ancha chuqur joylashib, suyaklararo parda ustida, katta boldir oldingi mushagi bilan barmoqlarni yozuvchi uzun mushaklar orasida yotadi. Boldirning pastki yarmida esa, katta boldir oldingi mushagi bilan bosh barmoqni yozuvchi uzun mushaklar orasida joylashadi.
Chuqur kichik boldir nervi bilan birga, o’zining ikkita venasi kuzatuvida, oldingi katta boldir arteriyasi (a. tibialis anterior) ham o’tadi. Bu arteriya taqim arteriyasining tarmog’i bo’lib, boldirning oldingi sohasiga boldir - tizza osti kanalidan (canalis cruropopliteus) o’tib, suyaklararo pardadagi teshik orqali chiqib keladi.
Qon tomir va nerv tutamlarining tashqi tasviri yuqoridan katta boldir suyagi do’mbog’i bilan kichik boldir suyagi boshchasining o’rtasidan, pastdan - ikkala to’piqlarning o’rtasigacha o’tkazilgan to’g’ri chiziq bo’ylab o’tadi.
Bunda boldirning yuqori uchligida nerv, arteriyadan tashqarida yotadi, o’rta uchligida – arteriya uni oldindan kesib o’tadi, pastki uchlikda - undan ichkarida joylashadi (22- rasm).
Oldingi fassial g’ilofning mushaklarini (panja va barmoqlarni yozuvchilar) chuqur kichik boldir nervlari innervatsiya qiladi.
Umumiy kichik boldir nervi jarohatlanganda boldir - tovon bo’g’imida yozish harakati chegaralanib qoladi. Bunda oyoq panjasi deyarli osilib (antagonist mushaklari tortishi natijasida) ”ot tuyog’i” ga o’xshash holatni egallaydi.
Boldirning orqa sohasi (regio cruris posterior). Terisi yupqa, harakatchan, boldirning lateral va medial teri nervlari bilan innervatsiyalanadi. Teri osti yog’ to’qimasi yaxshi rivojlangan, unda oyoqning kichik teri osti venasi bilan teri osti nervlari o’tib, vena boldirning pastki uchligida uning medial va lateral teri nervlaridan hosil bo’lgan boldir nervi (n. suralis) bilan birga yotadi. Boldirning o’rta uchligida, kichik terи osti venasi xususiy fastsiyani teshib, uning ichida - Pirogov kanalida joylashadi. Boldirning yuqorigi
uchligida bo’lsa, xususiy fastsiyaning ostida, boldir mushagi boshchalarining orasida medial teri nervi bilan birga yotadi.
Boldirning xususiy fastsiyasi tizza osti fastsiyasining davomi bo’lib, bu sohada u o’zidan boldirning chuqur pardasini (lamina
profunda fasciae cruris) beradi. Bu chuqur parda boldirning orqa yuzasida joylashgan mushaklarni yuzaki va chuqur qismlarga bo’ladi. Yuzaki joylashgan mushaklarga boldir mushagi (m. gastrocnemius), tovon mushagi (m. plantaris) va kambalasimon (m. soleus) mushaklari, chuqur mushaklarga - katta boldir orqa mushagi (m. tibialis posterior), bosh barmoqni bukuvchi uzun mushak (m. flexor hallicis longus) va barmoqlarni bukuvchi uzun mushak (m. flexor digitorum longus) lar kiradi.
Boldir mushagi son suyagining medial va lateral o’siqlaridan boshlanib, boldirning pastki qismida kambalasimon mushak payi bilan birga qo’shilib, kuchli pay - Axill payini (tendo calcaneus
Achillis) hosil qiladi va tovon suyagining orqa do’mbog’iga (tuber calcanei) birikadi.
Boldir mushagining ostida yupqagina tovon mushagi joylashadi. Bu mushak son suyagi lateral o’sig’ining yuqorisidan boshlanib, tovon suyagining do’mbog’iga birikadi. Uning ostida kambalasimon mushagi joylashib, u kichik boldir suyagi yuqori uchligining orqa sohasidan boshlanib, boldir mushagi payi bilan birga, tovon suyagining orqa do’mbog’iga birikadi. Shunday qilib, ikki boshli boldir mushagi bilan kambalasimon mushaklarini o’zaro Axill payi orqali qo’shilishiga, boldirning uch boshli mushagi (m. triceps surae) ham deyiladi.
Kambalasimon mushakning boshlanish qismidan yuqoriroqda, taqim mushagi (m. popliteus) yotadi. U son suyagining medial o’sig’idan boshlanib, katta boldir suyagi yuqori uchligining orqa yuzasiga birikadi.
Taqim mushagi bilan kambalasimon mushakning payli yoyi (arcus tendineus) oralig’ida boldirning orqa yuzasiga, tizza osti chuqurchasidan qon tomir va nerv tutamlari o’tadi. Ularning boshlang’ich qismi boldir mushagining boshchalari ostida yotadi.
Yuqorida aytganimizdek, yuzaki mushaklarning ostida parda bilan ajralib turgan boldirning chuqur joylashgan mushaklari joylashadi. Bulardan katta boldir orqa mushagi (m. tibialis posterior), o’rtaroqda - suyaklararo parda ustida yotadi. Bosh barmoqni bukuvchi uzun mushak - undan tashqarida va barmoqlarni bukuvchi uzun mushak - undan ichkarida yotadi. Bularning hammasi ham boldir suyaklaridan va suyaklararo pardadan boshlanadi.
Yuzaki va chuqur guruh mushaklari orasida, tizza osti - boldir kanalida (canalis cruropopliteus Gruberi) boldirning orqa sohasidagi qon tomir va nerv tutamlari o’tadi. Bular: katta boldir orqa arteriyasi (a. tibialis posterior), shu nomli ikkita vena va katta boldir nerv (n. tibialis) laridir. Nerv butun soha bo’ylab arteriyadan tashqarida va orqada joylashadi. Bularning tashqi tasviri: yuqoridan - katta boldir suyagining medial qirrasidan 1 sm orqadan, pastda - Axill payi bilan medial to’piq o’rtasigacha o’tkazilgan chiziqqa to’g’ri keladi.
Taqim - boldir kanali (Canalis poplitea cruralis). Bu kanal asosan boldirning orqa tomonidagi boldir mushagi bilan chuqur mushaklar orasida hosil bo’lib, uning 4 ta devori va 3 ta teshigi tafovut qilinadi. Devorlari: oldindan - katta boldir orqa mushagi, orqadan - kambalasimon mushagi tashkaridan - bosh barmoqni
bukuvchi uzun mushak va orqadan - barmoqlarni bukuvchi uzun mushak.
Kanalga olib kiruvchi teshik orqadan, kambalasimon mushakni payli yoyi, oldindan - taqim osti mushaklari oralarida hosil bo’ladi. Bu teshikka tizza osti chuqurchasidan katta boldir nervi bilan taqim arteriyasi kirib keladi va undan taqim venasi chiqadi. Bu erda taqim arteriyasi oldingi va orqa katta boldir arteriyalariga bo’linadi. Orqa katta boldir arteriyasi kanalda qoladi. Oldingisi suyaklararo pardani teshib, boldirning oldingi yuzasiga o’tadi. Shunday qilib, arteriya chiqqan suyaklararo pardadagi teshik kanalning oldingi teshigi hisoblanadi. Ikkinchi (pastki) teshigi Axill payi bilan katta boldir orqa mushagi orasida bo’lib, undan katta boldir orqa qon tomirlari bilan katta boldir nervi chiqib, medial to’piqning orqasiga o’tadi.
Kanalning yuqori yarmida nervdan tashqarida ikkinchi, yana bitta arteriya - kichik boldir arteriyasi (a. peronea) yotadi. U katta boldir orqa arteriyasidan chiqib, tashqi tomonga - bosh barmoqni bukuvchi uzun mushakning orqasiga o’tadi va shu mushak bilan kichik boldir suyagining orasida - kichik boldir kanalida (canalis musculoperoneus inferior) yotadi. So’ngra orqa mushaklararo to’siqni teshib, tashqi fassial g’ilofga o’tadi.
Boldirning orqa yuzasidagi barcha mushaklar katta boldir nervi bilan innervatsiyalanadi. U jarohatlansa, oyoq panjasi yozilgan holatda (yozuvchi antagonist mushaklarning tortishishi natijasida) bo’ladi va kasal butun oyoq panjasini bosa olmasdan, faqat tovoniga bosadi. Bunday hodisaga tovon panja (pes calcaneus) deyiladi.
Boldir orqa sohasining chuqur yog’ to’qima qavatlari, tizza osti yog’ to’qimalari bilan, medial to’piqning kanali orqali - oyoq panjasining chuqur yog’ to’qimalari bilan va taqim-boldir kanalining oldingi teshigi orqali - boldirning oldingi sohasidagi yog’ to’qimalari bilan aloqa qiladi.
Oshiq-boldir bo’g’imi sohasi (reg. articulationis talocru-ralis). Oshiq-boldir bo’g’imi sohasining ustki chegarasi, medial va lateral to’piqlarning asosidan o’tkazilgan ko’ndalang chiziq bilan, pastki chegarasi - shu ikkala to’piqlar cho’qqisidan, oyoq kafti va tovonga o’tkazilgan to’g’ri chiziqlar bilan chegaralanib turadi.
Oshiq-boldir bo’g’imini deyarli hamma tomondan ko’pgina mushaklarning paylari o’rab turadi. Bularning ko’pchiligini paypaslab topish mumkin. Masalan, orqa tomonda - аxill payini, oldinda - oldingi katta boldir mushagi bilan bosh barmoqni yozuvchi
uzun mushaklarning paylarini, lateral to’piq orqasida - kichik boldir mushagi payini va medial to’piq orqasida – orqa katta boldir mushagining payini hamda medial to’piq bilan Axill paylarining o’rtasida - katta boldir orqa arteriyasi pulsini aniqlash mumkin.
Oshiq - boldir bo’g’imi to’rtta: oldingi, orqa, medial va lateral sohalarga bo’linadi.
Oldingi soha (reg. anterior). Boldir suyaklarining medial va lateral to’piqlari orasida hosil bo’ladi. (23- rasm). Terisi yupqa, harakatchan. Teri osti yog’ to’qimasida medial to’piq oldidan, oyoqning katta teri osti venasi va teri osti nervi o’tadi. Ularning tashqarisidan kichik boldir nervining yuzaki tarmog’I o’tadi.
Sohaning xususiy fastsiyasi boldir xususiy fastsiyasining davomi bo’lib, o’zidan ikkita boylamni hosil qiladi. Bular oyoq panjasini yozuvchi mushaklarning payini siqib ushlab turuvchi yuqorigi va pastki boylamlar (retinaculum musculorum extensorum superius et inferius) deb ataladi. Ular o’zlaridan suyaklarga fibroz to’qima to’siqlarini beradi.
Natijada, uchta suyak - fibroz kanali hosil bo’ladi. Medial kanaldan oldingi katta boldir mushagi, o’rtangisidan - bosh barmoqni
yozuvchi uzun mushak payi bilan, qon tomir nerv tutamlari (oldingi katta boldir arteriyasi va kichik boldirning chuqur nervi) va tashqi
kanaldan - barmoqlarni yozuvchi uzun mushakning payi o’tadi. Barcha paylar o’zlarining alohida-alohida sinovial qiniga ega bo’lib, ular oshiq-boldir bo’g’imi bilan aloqa qilmaydi. Yozuvchi mushaklar paylari ostida oshiq-boldir bo’g’imining qobig’i joylashadi.
Orqa soha (reg. posterior). Axill payini egallagan joyiga to’g’ri kelib, tushib kelayotgan boldir fastsiyasining ikkigа bo’lingan varaqlari orasida hosil bo’ladi. Axill payining tovon suyagiga birikadigan joyida tovon suyagining xaltasi (b. tendines calcanei Achillis) joylashadi.
Medial to’piq sohasi (reg. malleolaris medialis). Bu soha medial to’piq bilan (oldindan) tovon suyagining (orqadan) orasiga to’g’ri keladi. Terisi yupqa, fastsiyadan yog’ to’qimasi bilan ajralib turadi. Uning xususiy fastsiyasi, boldir xususiy fastsiyasining davomi bo’lib, boylam shaklida medial to’piq bilan tovon suyagining orasida tortilib turadi. Bu boylamga bukuvchi mushaklar paylarini siqib ushlab turuvchi boylam (retinaculum musculorum flexorum) deyiladi. Shu boylam bilan tovon suyagi orasida to’piq kanali (canalis malleolaris) hosil bo’ladi. Bu kanaldan boldirning orqa sohasidagi chuqur joylashgan mushaklar payi bilan, qon tomir va nerv tutamlari o’tadi. Medial to’piq orqasidan katta boldir orqa mushagining payi bilan barmoqlarni bukuvchi uzun mushak paylari o’tadi. Ularning ostida esa, katta boldir orqa arteriyasi, o’zining ikkita venasi bilan, yana orqada - katta boldir nervi va uning ham orqa qismida hamda undan chuqurroqda - bosh barmoqni bukuvchi uzun mushakning payi o’tadi. Barcha paylar bir - biri bilan hamda oshiq - boldir bo’g’imi bilan aloqada bo’lmay, o’zlarining sinovial qinlariga egadirlar.
Qon tomir va nerv tutamlarining tasviri medial to’piq bilan tovon suyagining orasidagi masofaning o’rta qismiga to’g’ri keladi. Bu sohada katta boldir orqa arteriyasi va nervi oyoq kaftining ichki va tashqi tarmoqlariga (a. a. et n. n. plantares lateralis et medialis) bo’linadi. So’ngra bular barmoqlarni bukuvchi uzun mushakni hamda bosh barmoqni bukuvchi uzun mushakni paylari bilan birga oyoq panjasining kaft sohasiga o’tib, tovon kanaliga (canalis calcaneus) o’tadi. Bu kanal bosh barmoqni olib qochuvchi mushakning (m. abductor hallucis) boshlang’ich qismi bilan tovon suyagining orasida hosil bo’ladi.
Lateral to’piq sohasi (reg. malleolaris lateralis). Sohani lateral to’piq bilan tovon suyagi chegaralab turadi. Terisi yupqa, teri osti yog’ to’qimasi siyrak. Yog’ to’qimada lateral to’piq orqasidan
aylanib, oyoqning kichik teri osti venasi bilan boldir nervi o’tadi. Xususiy fastsiya bu erda tovon suyagiga va lateral to’piqqa birikib, ikkita qalinlashgan: kichik boldir mushaklarini siqib ushlab turuvchi yuqorigi va pastki boylamlarni (retinaculum musculorum peroneorum superius et infe rius) hosil qiladi. Shu boylamlar ostida suyak - fibroz kanali hosil bo’lib, undan kichik boldirning kalta va uzun mushaklari bitta umumiy sinovial qinda o’tadi. Bu sinovial qin, oshiq-boldir bo’g’imi bilan aloqa qilmaydi. Pastroqda kichik boldir uzun mushagining payi o’zi uchun alohida sinovial qinga ega bo’ladi.
Oshiq - boldir bo’gimi (articulatio talocruralis). Katta va kichik boldir suyaklarining (tibia, fibula) pastki uchlaridagi bo’g’im yuzalari, oshiq suyagining (talus) ustki va ikki yon tomonidagi yuzalari bilan qo’shilib, oshiq-boldir bo’g’imini (articulatio talocruralis) hosil qiladi. Bunda katta boldir suyagining pastki bo’gim yuzasi oshiq suyagining ustki yuzasiga va boldir suyaklaridagi ichki hamda tashqi to’piqlarning yuzalari - oshiq suyagining ikki yon yuzasiga to’g’ri keladi. Buning natijasida birlashgan boldir suyaklarning pastki yuzalari, oshiq suyagining g’altaksimon yuzasiga (trochlea tali) mos keladi.
Oshiq-boldir bo’g’imining sinovial xaltasi, bo’g’imning oldingi va orqa tomonlarida birmuncha erkin tortilgan bo’lib, har uchala suyaklar bo’g’im yuzalarining cheti bo’ylab yopishadi. Faqat bo’g’imning oldingi tomonida, u boldir suyaklaridan bir oz uzoqlashadi. Shuning uchun ham bo’g’imning harakati shu tomonlarga (old va orqa) ancha engilroq bo’ladi. Bo’g’im bo’shlig’I boshqa bo’shliqlarga tutashmaydi.
Bo’g’im ikki yon tomondan, qisman old tomondan to’rtta boylam vositasida mustahkamlanib turadi. Bular: 1) deltasimon boylam (lig. deltoideum). U uchburchaksimon shaklga ega bo’lib, medial to’piqdan boshlanib, pastga yelpig’ichsimon ravishda yo’nalgan holda qayiqsimon suyak, oshiq hamda tovon suyaklariga birikadi; 2) oldingi oshiq - boldir boylami (lig. talofibular anterius) - kichik boldir to’pig’ining oldingi yuzasidan boshlanib, oshiqning tashqi tomoniga birikadi; 3) tovon-boldir boylami (lig. calcaneafi-bulare) - kichik boldir to’pig’ining tashqi sohasidan boshlanib, pastga va orqaga yo’nalib, so’ngra tovon suyagining tashqi yuzasiga
birikadi; 4) orqa oshiq - boldir boylami (lig. talofibulare posterius) - kichik boldir to’pig’ining orqa yuzasidan boshlanib, oshiq suyagining orqa o’sig’iga birikadi. Bu boylam boshqa boylamlarga qaraganda ancha kuchli bo’ladi.
Bo’g’imning qon bilan ta`minlanishi asosan o’ziga yaqin o’tadigan qon tomirlari: oldingi va orqa katta hamda kichik boldir arteriyalari hisobiga boradi. Uni katta va kichik boldir teri osti nervlari innervatsiyalaydi.
Oyoq panjasi sohasi (reg. pedis). Oyoq panjasi skeleti ettita: tovon oldi (tartus), oshiq (talus), tovon (calcaneus), qayiqsimon (os. naviculare), uchta ponasimon (ossa cuneiforma mediale, intermedium, laterale) va kubsimon (os cuboideum) suyaklaridan, beshta oyoq - kaft (metatarsus) suyaklaridan (ossa metatarsalia I, II, III, IV, V) hamda oyoq barmoqlarining falangalaridan (phalangus digitorum pedis) tashkil topgan.
Bunda oshiq – tovon - qayiqsimon (articulatio talocalcaneo - navicularis) hamda tovon-kubsimon (articulatio calcaneocuboidea) bo’g’imlarini bitta bo’g’im - Shopar bo’g’imi yoki tovon oldi-ko’ndalang bo’g’imi ham deb ataydilar.
Shopar bo’g’imi ayrisimon boylam (lig. bifurcatum) bilan tashqi tomondan mustaxkamlanadi. Bu boylam tovon suyagining tashqi yuzasidan boshlanib, yuqoriga yo’naladi va ikkiga bo’linadi, ularning biri (lig. calcaneo naviculare) - qayiqsimon suyakning ustki chetiga, ikkinchisi (lig. calcaneo cuboideum) - kubsimon suyakning ustki yuzasiga birikadi. Agar oyoq panjasining shu Shopar bo’g’imidan ajratish kerak bo’lib qolsa, ayrisimon boylamni kesmasdan turib bo’g’imni ajratish qiyin. Shu sababli ayrisimon boylamni Shopar bo’g’imining kaliti ham deb ataydilar.
Bundan tashqari, kaft usti suyaklari bilan kaft suyaklari orasida ko’ndalangiga joylashgan kaft usti - kaft bo’g’imi (articulationes tarsometatarsae) bo’lib, bunga Lisfrank bo’g’imi deyiladi. Hozir aytilganidek, bo’g’im ikki qator suyaklar orasida bo’lib, yoy shaklida, o’rtasi yuqoriga ko’tarilgan, ikki cheti pastga tomon egilgan, harakati ancha chegaralangan, yarim bo’g’imlar qatoriga kiradi. Bo’g’imning orqa tomonida medial ponasimon suyakni oyoq kaftining ikkinchi suyagi bilan birlashtirib turadigan boylam - suyaklararo kaft - pona medial boylami (lig. cuneometatarsium interosseum mediale) bo’lib, buni Lisfrank bo’g’imining kaliti deb ataydilar.
Oyoq panjasi sohasida tovon suyagining, uning medial tomonida qayiqsimon suyakning do’ngligini, I kaft suyagi boshchasini hamda I barmok falangalarini, lateral sohasida esa V kaft suyagi do’ngligini paypaslab aniqlash mumkin. Panjaning ustki (orqa) yuzasida bosh barmoqni yozuvchi uzun mushakning payidan tashqarida, oyoq panjasi orqa arteriyasi (a. dorsalis pedis) pulsini ham aniqlash mumkin.
Oyoq panjasining ustki (orqa) sohasi (regio dorsum pedis). Terisi yupqa, cho’ziluvchan bo’lib, sohaning medial tomonini - teri osti, lateral tomonini - boldir nervlari va o’rta qismini – kichik boldir nervining yuzaki tolalari innervatsiya qiladi. Birinchi barmoqlararo sohaning terisini, kichik boldir nervining chuqur tarmog’I innervatsiya qiladi.
Teri osti yog’ to’qimasida oyoqning katta va kichik teri osti venalarining boshlang’ich tarmoqlari, ularning o’zaro birlashtiruvchi tarmoqlari, juda ko’p orqa vena to’rlarini (rete venosum dorsale pedis) hosil qiladi. Panjaning orqa vena ravog’idan (arcus venosus dorsalis pedis), bosh barmoq sohasida - oyoqning teri osti katta, V barmoq sohasida - uning teri osti kichik venalari boshlanadi. Bularning birinchisi, yuqoriga medial to’piqning oldingi sohasidan, ikkinchisi - lateral to’piqning orqa sohasidan ko’tariladi. Sohaning xususiy fastsiyasi qalin, proksimal qismida yozuvchi mushaklar paylarini ushlab turuvchi pastki boylamni hosil qiladi.
Xususiy fastsiyaning ostida oldingi katta boldir mushagining (medial ponasimon suyak bilan birinchi kaft suyagining asosiga birikadi), bosh barmoqni yozuvchi uzun mushakning (bosh barmoqni ikkala falangasiga birikadi) va barmoqlarni yozuvchi uzun mushakning paylari (II - V barmoqlarning payiga aylanadi) joylashadi (24-rasm).
Bularning ichida barmoqlarni bukuvchi uzun mushak payining tarkibida beshinchi kaft suyagining asosiga borib birikadigan beshinchi pay bo’lib, unga kichik boldirning uchinchi mushagi (m. peroneus tertius) deyiladi.
Ularning ostida suyaklararo fastsiya (fascia interossea) bilan qoplangan orqa suyaklararo mushaklar (m.interossei dorsalis) yotadi.
Qon tomir va nerv tutamlari asosan oyoq panjasining orqa arteriyasi (a. dorsalis pedis) - (oldingi katta boldir arteriyasining davomi) hamda kichik boldirning chuqur nervidan iborat bo’lib, nerv yuqorida, bosh barmoqning yozuvchi uzun va kalta mushaklarning paylari orasida, pastda - bosh barmoqni yozuvchi kalta mushak
payidan tashqarida yotadi. Bu nerv arteriyaga nisbatan har xil (ichkarida yoki tashqarida) o’tishi ham mumkin.
Qon tomir va nerv tutamlarining tashqi tasviri ikkala to’piqlarni o’zaro birlashtiruvchi chiziqning o’rtasidan, birinchi barmoqlararo bo’shliqqa qarab o’tkazilgan chiziqqa to’g’ri keladi. Ammo oyoq panjasining orqa arteriyasi ko’pincha o’z yo’lini o’zgartirib turadi (u panjaning o’rtasidan o’tishi yoki o’z yo’lidan tashqi tomonga qiyshaygan bo’lishi ham mumkin). Arteriya obliteratsiyasi kasalligida uning pulsini aniqlash maqsadida buni esda tutish lozim.
Oyoq panjasining orqa arteriyasi o’zidan ravoqsimon arteriya (a. arcuata) tarmog’ini beradi. Bu arteriya o’zidan oyoq-kaft arteriyalarini beradi. Oyoq panjasi orqa arteriyasining ikkinchi katta tarmog’i - oyoq kaftining chuqur arteriyasi (a. plantaris profundus) bo’lib, u panja suyaklari oralig’ini teshib, oyoq panjasining orqa (kaft) sohasiga qarab o’tadi va u erda kaft ravogi (arcus plantaris) hosil bo’lishida qatnashadi.
Kichik boldir chuqur nervi oyoq panjasi barmoqlarini yozuvchi kalta mushaklarni hamda birinchi barmoqlararo soha terisini innervatsiya qiladi.
Oyoq panjasining ostki (kaft) yuzasi (plantar pedis). Terisi qalin, dag’al, chuqur joylashgan aponevroz bilan birikkanligi uchun harakatsiz. U kaft nervlari bilan innervatsiyalanadi. Medial kaft nervi I - IV barmoqlarning, lateral kaft nervi - IV – V barmoqlarning terisini innervatsiyalaydi.
Teri osti yog’ to’qimasi zich joylashib, unda terini aponevroz bilan birlashtirib turadigan aponevroz pay tolalari o’tganligi tufayli, ayrim-ayrim bo’laklarga bo’lingan bo’ladi. Yog’ to’qima ayniqsa kaftga gavda bosimi tushadigan sohalarda (tovon hamda kaft suyaklar boshchalari) ko’p joylashgan.
Kaft aponevrozi (aponevrosis plantaris) qalin va zich joylashgan pay tolalaridan hosil bo’lib, tovon suyagidan, barmoqlarning asosigacha bo’lgan masofada joylashadi. Shakli uchburchaksimon bo’lib, kaft sohasining o’rta qismini yopib turadi. Shuning bilan bir qatorda bu aponevrozdan I - V barmoqlarning mushaklariga pay tolalari tarqaladi. Kaft aponevrozida, xususan uning distal qismlarida, bir nechta teshiklar bo’lib, ular orqali mayda qon tomir va nervlar kaft sohasining teri osti yog’ to’qimalariga chiqadi. Kaft aponevrozidan suyaklararo fastsiyalarga ikkita payli to’siq ajralib chiqib, aponevroz ostidagi bo’shliqni uchta bo’shliqqa ajratadi. Bu bo’shliqlar, bosh barmoq mushaklari yotqichi (medial yotqich), V barmoq mushaklari yotqichi (lateral yotqichi) va o’rta yotqichlardir.
Medial yopqichning ichidan bosh barmoqni uzoqlashtiruvchi mushakning (m. abductor hallucis), bosh barmoqni bukuvchi kalta mushakning (m. flexor hallucis brevis) va bosh barmoqni bukuvchi uzun mushakning paylari o’tadi. Lateral yopqichning ichidan jimjiloqni uzoqlashtiruvchi mushak (m. abductor digiti minimi), uni bukuvchi mushak (m. flexor digiti minimi) va V barmoqni qarama-qarshi qo’yadigan mushak (m. opponens digiti minimi) lar yotadi.
O’rta yotqichda esa barmoqlarni bukuvchi kalta mushaklar (m. flexor digitorum brevis), oyoq kaftining kvadrat mushagi (m. quadratus plantae) va barmoqlarni bukuvchi uzun mushakning payi hamda undan boshlanadigan chuvalchangsimon mushak (m. lumbricales)lap o’tadi. Bularning hammasidan chuqurlikda bosh barmoqni uzoqlashtiruvchi (m. abdector hallucis) mushak bilan kichik boldir uzun mushagi qiyshiq va ko’ndalang boshchalarining
(caput obliquum et caput transversum) paylari yotadi. Keyinchalik bu pay, kaftning uzun boylami (lig. plantare longum)ning ichidan o’tib, kaft sohasini qiyshiq holda kesib o’tadi va medial ponasimon hamda I panja suyaklariga birikadi.
Panja kaftining suyaklararo mushaklari (mm. interossei plantaris) suyaklararo fastsiyalar yordamida alohida yotqichda yotadi. Oyoq panjasining kaft yuzasidan qon tomir va nerv tutamlari o’tadigan ikkita egatchalar mavjud. Bularning ichki tomonidagi medial egatcha (sulcus plantaris medialis) deyilib, u barmoqlarni bukuvchi kalta mushaklar bilan bosh barmoq mushaklari orasida hosil bo’ladi. Tashqi egatcha - lateral egat (sulcus plantaris lateralis) deyilib, barmoqlarni bukuvchi kalta mushaklar bilan jimjiloq mushaklari orasida hosil bo’ladi.
To’piq kanallaridan chiqqan kaft qon tomirlari va nervlari kaftga tovon suyagi bilan bosh barmoqni uzoqlashtiruvchi mushak orasidan o’tib keladi. Bu oraliqqa - tovon kanali deyiladi. Bu erdan kaftning medial qon tomiri va nervlari medial egatga qarab yo’naladi. Lateral qon tomir va nervlari esa avval o’rta yotqichda, barmoqlarni bukuvchi kalta mushak bilan kaftning kvadrat mushagi orasidan o’tib, so’ngra kaftning egatiga boradi. Keyinchalik kaft suyaklarining boshchalari ro’parasida yana kaftning lateral arteriyasi o’rta yotqichiga qaytadi va oyoq panjasining orqa arteriyasi bilan anastomoz hosil qilib, oyoq kaftining arteriya ravog’ini (arcus plantaris) hosil qilishda qatnashadi. Bu ravoqdan to’rtta oyoq-kaft arteriyalari (aa. metatarseae) chiqib, ularning har qaysisidan oyoq - kaft umumiy barmoq arteriyalari (aa. digitalis plantaris communis) va teshib o’tuvchi arteriyalar (aa. perforantis) chiqadi.
Oxirgi, ya`ni teshib o’tuvchi arteriyalar oyoq panjasining ustki (orqa) yuzasiga o’tib, oyoq panjasi orqa arteriyasi tarmoqlari bilan anastomoz hosil qiladi. Shunday qilib, bu erda oldingi va orqa katta boldir arteriyalari orasida anastomoz hosil bo’ladi. Kaftdagi nervlar teridan tashqari, yana oyoq panjasi kaft yuzasidagi mushaklarni ham innervatsiya qiladi.
Shunday qilib, kaftda to’rtta fassial g’iloflar tafovut qilinadi. Bular: medial, lateral va o’rta g’iloflar bilan suyaklararo mushaklar yopqichidir. Bularning ichida medial va lateral g’iloflar yopiq bo’ladi. O’rta g’ilof esa qon tomir va chuvalchangsimon mushaklar bo’ylab oyoq panjasining orqa sohasidagi yog’ to’qimalari bilan, to’piqlar va tovon kanallari orqali - boldirning orqa yuzasidagi chuqur yog’ to’qima bo’shliqlari bilan aloqa qiladi. Kaftning chuqur
fastsiyasi barmoqlarni bukuvchi kalta mushaklar bilan oyoq kaftining kvadrat mushaklari o’rtasidan o’tib, o’rta yotqichni ikki bo’shliqqa bo’ladi. Yuzaki bo’shliqni ichida barmoqlarni bukuvchi kalta mushaklar, chuqur bo’shliqda – o’rta g’ilofdagi hamma mushaklar bilan kaftning ikkala qon tomir va nerv tutamlari joylashadi.O’rta yopqichning chuqur bo’shlig’iga kaft kanali (canalis plantaris) deyiladi. Bu kanalning yon tomonlarini aponevrozdan chuqurlikka ketuvchi to’siqlar, pastini kaftning - chuqur fastsiyasi vа ustini - kaftning uzun boylami chegaralab turadi. U yuqoriga, tovon kanaligacha davom etib, undan to’piqlar kanallarigacha boradi. Oxirgilari o’z navbatida, boldirning orqa sohasidagi chuqur yotqichlar bilаn aloqada bo’ladi. Shunday qilib, oyoq panjasining kaft yuzasidagi yiringli jarayonlari ushbu yo’llar orqali ma`lum joylargacha tarqalishi mumkin.
Kaft sohasida bo’lgan kichik limfa tomirlari oyoq panjasining orqa sohasiga o’tib, u erda kollektor limfa olib chiqib ketuvchi yo’llarni hosil qiladi. Shuning uchun ham kaft sohasidagi yallig’lanish jarayonlarida oyoq panjasining orqa sohasi shishadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |