Kurak sohasi (regio scapularis). Bu soha kurak suyagini qoplab turgan yumshoq to‘qimalarni o‘z ichiga oladi. Uning chegaralarini yuqoridan akromion o‘simtasini YII bo‘yin umurtqasining orqa o‘simtasi bilan birlashtiruvchi chiziq, pastdan – kurakni pastga qaragan burchagidan o’tkazilgan ko‘ndalang chiziq, ichkaridan – kurakni ichki qirrasidan o’tkazilgan to‘g‘ri chiziq, tashqaridan – akromion asosidan payga qarab o’tkazilgan to‘g‘ri chiziqlar tashkil qiladi. Kurakning baland qirrasi (spina scarularis) bu sohani ikkita: qirra usti va qirra osti chuqurchalar (fossa supraspinata уet fossa infraspinata) ga bo‘ladi.
Teri, teri osti yog‘ to‘qimasi va yupqa fastsiyadan so‘ng trapetsiyasimon (m. trapezius) va orqaning serbar (m. latissimus dorsi) mushaklari joylashadi. Ammmo bular kurakning butun yuzasini yopmay, qirra osti qismining tashqi tomonini ochiq qoldiradi.
Orqaning serbar va trapetsiyasimon mushaklari ostida kurak qirra osti va usti fastsiyasining varag‘i (fascia supra et infra spinata) yotadi. Bu varaqlar kurak orqa yuzasi bilan suyak - fibroz yopqichini hosil qilib, uning ichini mushaklar va yog‘ to‘qimalari to‘ldirib turadi. Qirra usti yopqichida qirra usti (m. surpaspinatus), qirra ostki yopqichida qirra osti (m. infraspinatus) joylashadi. Kurakning tashqi
qirrasidan kichik yumaloq (m.teres minor), pastki qirrasidan esa katta yumaloq (m. teres major) mushaklari boshlanadi.
Kurak sohasida ikkita qon tomirlar va nerv tutamlari bo‘lib (1 - rasm), bulardan birinchisi vasa suprascapularis (a.v.n. suprascarularis) bo‘lib, bular oldin m. suprasrinatum ostida joylashib, so‘ngra kurakning baland qirrasini aylanib o’tgach, baland qirra osti yopqichiga o’tadi va u уerda kurakni aylanib o’tuvchi arteriya (a.circumflexiae scapulae) tarmoqlari bilan tutashma hosil qiladi. Ikkinchi qon tomir va nerv tutamlari esa bo‘yin ko‘ndalang arteriyasining pastga tushuvchi shoxi va shu nomli vena hamda kurakning orqa nervlaridan hosil bo‘lib, kurakning ichki yuzasi bo‘ylab joylashadi. Bu arteriya kurak, sohasida arteriyalar anastomozini hosil qilishda qatnashib, qo‘ltiq osti arteriyasi
bog‘langanda, kollateral qon aylanishi tiklanishida muhim vazifani o’taydi.
Qo‘ltiq osti sohasi (regio axillaris). Bu soha chuqurcha shaklida bo‘lib, ko‘krak qafasi bilan yelkaning orasida joylashadi. U oldindan ko‘krak katta mushagining tashqi qirrasidagi teri burmasi bilan, orqadan orqa serbar mushagi tashqi qirrasidagi teri burmasi bilan, medial tomondan shu ikkala mushak burmalarini ko‘krak devorida, III qovurg‘a ro‘parasida birlashtiradigan gorizontal chiziq bilan va lateral tomondan shu burmalarni yelkada o‘zaro birlashtiradigan chiziqlar bilan chegaralanadi. Terisi junlar bilan qoplangan, yog‘, apokrin va ter bezlariga boy. Teri osti yog‘ to‘qimasida 5 - 6 ta yuza joylashgan limfa tugunlari va qovurg‘alararo yelka nervlari ( nn. intercostobrachiales), II - III qovurg‘alararo nervlari yelkaning medial teri nervlari bilan birlashtiradigan tolalari yotadi.
Yuza fastsiyasi uncha taraqqiy qilmagan. Ammo xususiy fastsiyasining tevaraklari qalin, markaziy qismida arteriya, nerv va
limfa yo‘llari o’tadigan teshiklari ko‘p. Xususiy fastsiyani oladigan bo‘lsak, bunda qo‘ltiq osti chuqurchasini chegaralab turgan mushaklarni va ular o‘rtasida joylashgan piramidaga o‘xshash, asosi pastga va lateral tomonga, cho‘qqisi – yuqoriga va medial tomonga qarab turgan chuqurchaga o‘xshaydi. Bu chuqurchaga qo‘ltiq osti chuqurchasi (fossa axillaris) deyilib, uning to‘rtta devori tafovut qilinadi.
Oldingi devorini katta va kichik ko‘krak mushaklari hosil qiladi va unda 3 ta uchburchak tafovut qilinadi: o‘mrov – ko‘krak, ko‘krak va subpektoral (o‘mrov osti sohasiga qaralsin) uchburchaklari. Orqa devorini kurak osti, orqaning serbar hamda yelka kamarining katta va kichik yumaloq mushaklari hosil qiladi. Bu mushaklar orasida uch va to‘rt tomonli teshiklar hosil bo‘ladi (kurak sohasiga qaralsin). Ichki devorni oldingi tishli mushak bilan qoplangan ko‘krak devori tashkil qiladi. Tashqi devorni esa yelka suyagining boshchasi bilan tumshuqsimon yelka mushagi (m. coracobrachialis) va yelka ikki boshli mushagining kalta boshchasi (caput brevis m. bicipitis brachii) hosil qiladi. qo‘ltiq osti chuqurchasini siyrak yog‘ to‘qimalari to‘ldirib, uning ichida limfa tugunlari, qo‘ltiq osti qon tomirlari va yelka chigali joylashadi (2-rasm).
Qo‘ltiq osti arteriyasi (a.axillaris) o‘mrov osti arteriyasining davomi bo‘lib, qo‘ltiq osti chuqurchasiga I qovurg‘aning tashqi qirrasi ro‘parasida kiradi va orqa serbar mushagining pastki qirrasi ro‘parasida yelka arteriyasiga aylanadi. Arteriyaning tashqi tasviri N.I.Pirogov bo‘yicha qo‘ltiq osti chuqurchasi tuklarining oldingi chegarasi bo‘ylab o’tadi, yoki qo‘ltiq osti chuqurchasi kengligini o‘rta va oldingi qismlarini ajratuvchi chiziq bo‘ylab o’tadi.Qo‘ltiq osti venasi butun uzunasi bo‘ylab arteriyaga nisbatan ichkarida va yuza joylashadi. Qon tomir va nervlar topografiyasi qo‘ltiq osti chuqurchasining oldingi devoridagi uchburchaklarga nisbatan o‘rganiladi.O‘mrov - ko‘krak uchburchagida qo‘ltiq osti venasi shu nomli arteriyaga nisbatan ichkarida, yelka chigali esa undan yuqorida va tashqarida joylashadi. Bu уerda qo‘ltiq osti arteriyasi o‘zidan ko‘krakning yuqori (a. thoracica superior) arteriyasini berib, ular yuqorigi ikkita qovurg‘alararo bo‘shliqlarda shoxlanadi. Bundan tashqari, undan yana ko‘krak – akromion (a. thoracoacromialis) arteriyasi ham chiqadi.
Ko‘krak uchburchagida arteriyaga nisbatan ichkarida yelka chigalining medial tutami (fasciculus medialis) va vena, tashqarida
shu chigalning lateral tutami (fasciculus posterior) yotadi. Qo‘ltiq osti arteriyasi o‘zidan ko‘krakning lateral arteriyasini (a. thoracica lateralis) ham beradi. Keyinchalik bu arteriya ko‘krakning uzun nervi (n. thoracicus longus) bilan birga, ko‘krakning yuzaki yon mushaklariga va ko‘krak beziga boradi.
Subpektoral uchburchagida yelka chigali tutamlaridan qo‘lga boruvchi nervlar hosil bo‘ladi. Bunda lateral tutamdan mushak-teri nervi (m. musculocutenus) va o‘rta nervning (n. medianus) lateral shoxchasi (radix lateralis) hosil bo‘ladi. Medial tutamidan o‘rta nervning medial shoxchasi (radix medialis) va tirsak nervi (n. ulnaris) bilan bilakning medial teri nerv (n. cutenus antibrachii medialis) lari hosil bo‘ladi. Orqa tutam esa ikkiga – bilak (n. radialis) va qo‘ltiq osti (n. axillaris) nervlariga bo‘linadi.
Nervlar qo‘ltiq osti arteriyasini hamma tomonidan o‘raydi. Bunda o‘rta nerv arteriyaning oldidan, tirsak nervi bilan bilakning hamda yelkaning teri nervlari uning medial tomonidan, mushak - teri nervi tashqaridan va bilak hamda qo‘ltiq osti nervlari orqasidan o’tadi. Qo‘ltiq osti venasi bo‘lsa, medial tutamlarni hosil qiluvchi nervlarning ichki tomonida yotadi. Bu sohada qo‘ltiq osti arteriyasi o‘zidan uchta katta shoxlarni: kurak osti arteriyasini
(a.subscapularis) hamda yelka suyagini o‘rab turuvchi oldingi va orqa arteriyalarni (a.a. circumflexae humeri ant. et posterior) beradi. Bularning ichida kurak osti arteriyasi eng katta bo‘lib, shu nomli vena bilan birga kurak osti mushagining pastki qirrasidan o’tib, o‘zining oxirgi tarmoqlariga ko‘krak - orqa arteriyasi (a. thorocodorsalis) va kurakni aylanib o’tuvchi arteriyaga (a. circumflexae scapulae) bo‘linadi. Bularning birinchisi yelka chigalidan chiquvchi ko‘krak – orqa nervi (n. thorocodorsalis) bilan birga pastga, kurakning tashqi qirrasi bo‘ylab borib, orqaning serbar va kurak osti mushaklarini qon bilan ta'minlaydi. Ikkinchisi esa uch tomonli teshikdan o’tib, qirra osti chuqurchasiga yo‘naladi. Yelka suyagini o‘rab turuvchi arteriyasi qo‘ltiq osti nervi bilan birga to‘rt tomonli teshikdan o’tgach, yelka suyagining jarrohlik boshchasini orqasidan aylanib o’tib, deltasimon mushakda tarmoqlanadi. Shu bilan birga yelka suyagini ham qon bilan ta'minlaydi.
Qo‘ltiq osti chuqurchasining limfa tugunlari o‘zaro birlashib, beshta guruxni (3 - rasm) tashkil qiladi. Bular, ko‘krak tugunlari (nodi lymphatici axillares pectorales) ko‘krakning lateral qon tomirlari bo‘ylab joylashadi. Bular limfa suyuqligini oldingi va yon ko‘krak hamda qorin devorlarining yuzaki qismlaridan va sut bezidan yig‘adi. Lateral limfa tugunlari (nodi lymphatici axillares lateralis) qo‘ltiq osti venasi bo‘ylab joylashib, sut bezi va qo‘ldan limfa suyuqligini yig‘adigan limfa tugunlarini o‘z ichiga oladi. Orqa guruh limfa tugunlariga kurak osti limfa tugunlari (nodi lymphatici axillares subscapulares) kirib, ular kurak osti lifa, qon tomirlari atrofida joylashadi. Limfa suyuqligini orqaning yuqori qismidan va yelka bo‘g‘imidan qabul qiladi. Markaziy limfa tugunlari (nodi lymphatici axillares centrales) qo‘ltiq osti chuqurchasi yog‘ qavatining markazida joylashib, ayrimlari qo‘ltiq osti chuqurchasi fastsiyasining yuzasida ham joylashishi mumkin. Bular qo‘ldan, ko‘krak devoridan, orqadan, ko‘krak ichidan limfa suyuqligini qabul qiladi. Qo‘ltiq osti venasi bo‘ylab joylashgan o‘mrov – ko‘krak uchburchagining limfa tugunlariga cho‘qqili limfa tugunlari (nodi limphatici axillaris apicales) limfa tugunlari guruhlarining yo‘llari ochiladi. Bulardan tashqari, cho‘qqili limfa tugunlari sut bezi, plevra, bo‘yin va o‘mrov usti limfa tugunlari bilan ham aloqada bo‘ladi.
Shunga alohida e’tibor berish kerakki, qo‘ltiq osti chuqurchalarining limfa tugunlari (o‘ng va chap) o‘zaro bog‘lanib turadi. Bu esa o‘z navbatida ular aloqa qilib turgan boshqa a'zolardan
rak metastazlarining biridan ikkinchisiga o’tish xavfini tug‘diradi. Bu borada (nodi lymphatici axillares pectorales) ning bitta (yoki bir nechta) tugunlari III qovurg‘a ro‘parasida ko‘krak mushagining ostida yotib (Zorgius limfa tuguni), sut bezidan limfa suyuqligini yig‘ishi yoki nodi lymphatici axillares apicales ning limfa tugunlari ham sut bezining yuqori qismidan limfa suyuqligini qabul qilishi tufayli, sut bezining rak kasalligida ular birinchilar qatorida rak metastazlaridan shikastlanishini aytib o’tishning o‘zi kifoyadir.
Bundan tashqari, qo‘ltiq osti chuqurchasining fastsiyasi ostida joylashgan yog‘ to‘qima oldindan katta va kichik ko‘krak mushaklari orasida joylashgan yog‘ to‘qima bilan, pastdan- ko‘krak oldi yorig‘i orqali kichik ko‘krak mushagi bilan, tishli mushaklar orasida joylashgan yog‘ to‘qima bilan, orqadan – qo‘ltiq osti arteriyasidan chiquvchi tomirlar orqali kurak osti yog‘ to‘qimasi bilan hamda qon
tomir va nerv tutamlari orqali – yelka sohasi yog‘ to‘qimasi bilan aloqada bo‘lib, yiringli infeksiyani tarqatishda muhim rol o‘ynaydi.
Yelka bo‘g‘imi (articulatio Humeri). Yelka bo‘g‘imi yelka suyagining boshi (caput humeri) bilan, kurak suyagining bo‘g‘im chuquri (cavitas glenoidalis) birikishidan hosil bo‘ladi. Ammo yelka suyagining sharsimon boshi bo‘g‘im chuqurligidan ancha katta bo‘lganligi sababli, unda yaxshi o‘rnasha olmaydi. Shuning uchun ham bo‘g‘im chuqurining atrofini fibroz tolali tog‘aydan hosil bo‘lgan lab (labium glenoidale) o‘rab turadi. Bu lab, birinchidan, kurakning bo‘g‘im yuzasini chuqurlashtirib, uni yelka suyagining boshiga moslasa, ikkinchidan, yelka suyagini har xil zarbalardan saqlaydi. Bo‘g‘imning ustini kurakning akromion va tumshuqsimon o‘simtalari va ularning orasidagi bog‘lam (ligamentum coracoacromialis) gumbaz sifatida yopib turadi. Oldindan va ichkaridan esa bo‘g‘imning kurak osti va tumshuqsimon o‘siq – yelka (m. subscapularis m. coracobrahialis) va yelka ikki boshli mushagining (m. biceps brachii) kalta boshchasi hamda yuza yotgan ko‘krakning katta mushaklari (m. pectoralis major) o‘rab turadi. Bo‘g‘imni orqa tomondan m.m. supraspinatus, infraspinatus va teres minor lar va nihoyat oldingi tomonidan deltasimon (m. deltoideus) mushak bilan uning tagida yotgan yelkaning ikki boshli mushagi (m. biceps brachii) uzun boshchasining payi o‘rab turadi.
Bo‘g‘imning kovagi torgina bo‘lib, uning tashqi tasviri oldindan kurak – tumshuqsimon o‘simtasining cho‘qqisiga, tashqaridan – akromionni tumshuqsimon o‘simta bilan birlashtiruvchi chiziqqa, orqadan – kurak akromion o‘simtasining pastiga to‘g‘ri keladi.
Bo‘g‘imga yaqin joyda sinovial xaltalar joylashgan bo‘lib, yelka suyagining katta do‘mbog‘i usti bilan m. supraspinata payi o‘rtasida deltasimon osti xaltasi (bursa subdeltoidea) joylashadi. Bu xalta akromion osti xaltasi (bursa subacromialis) bilan aloqada bo‘ladi. Bu ikkala sinovial xaltalar bo‘g‘im bo‘shlig‘i bilan aloqada bo‘lmasada, deltasimon soha bilan o‘mrov osti sohalar chegarasida va kurak suyagining bo‘yni bilan, kurak osti mushagining payi o‘rtasida joylashgan bursa m. suprascapularis yelka bo‘g‘imi bo‘shlig‘i bilan aloqada bo‘ladi. Ayrim vaqtlarda u tumshuqsimon o‘simta asosida joylashgan bursa subcoracoidea bilan ham aloqada bo‘lishi mumkin.
Bo‘g‘im qobig‘i kurakdagi bo‘g‘im chuquri atroflaridan boshlanib, yelka suyagining kichik va katta do‘mboqlarini tashqarida
qoldiradi va shu suyakning boshini o‘ragach, uning anatomik bo‘yinchasiga birikadi.
Bo‘g‘imni mustahkamlashda asosan bitta bog‘lam – lig. coracochumerale qatnashadi. U kurakdagi tumshuqsimon o‘siqdan yelka suyagining katta do‘mboqchasiga (tuberculum majus) tortilgan bo‘ladi. Shuning uchun ham bu bo‘g‘imda boylam kam bo‘lganligi sababli, yelka suyagining o‘z joyida qo‘zg‘alish (chiqish) hollari ko‘proq uchraydi.
Bo‘g‘im bo‘shlig‘i qo‘ltiq osti, kurak osti va do‘mboqlararo cho‘ntaklar (chuqurliklar) hisobiga ancha kengayadi. Qo‘ltiq osti cho‘ntagi (recessus axillaris) kurak osti mushagi bilan uch boshli mushakning uzun boshchasi orasiga to‘g‘ri keladigan bo‘g‘im qobig‘ining oldida joylashadi. Qo‘ltiq osti cho‘ntagining ichki tomonida qo‘ltiq osti nervi (n. axillaris) o’tgan bo‘lib, u yelka suyagining chiqishida zararlanishi mumkin.
Kurak osti cho‘ntagi (recessus subscapularis) kurak suyagi bo‘ynining oldingi - yuqori qismida joylashib, kurak osti mushagining sinovial xaltasidan (bursa sinovialis subscapularis) hosil bo‘ladi va bo‘g‘im bo‘shlig‘i bilan aloqa qiladi. Do‘mboqlararo cho‘ntagi esa, ikki boshli mushak uzun boshchasining qini (vagina sinovialis bicipitis) do‘mboqlar orasidagi egatda joylashgan sinovial qobig‘idan hosil bo‘ladi. Bu cho‘ntak yelka suyagining jarrohlik boshchasi ro‘parasida hosil bo‘ladi.
Bo‘g‘im bo‘shlig‘ida yiringlanish jarayonlari (yiringli artrit) hosil bo‘lsa, unda yig‘ilgan yiring oxirgi ikki cho‘ntakka ochilishi mumkin, chunki bular orasidagi bo‘g‘im devorlari shu joyda ancha zaif bo‘ladi. Natijada to‘plangan yiring kurak ostidagi suyak – fibroz yotqichiga yoki deltasimon mushak osti bilan bilakning oldingi yotqichiga o’tadi.
Yelka bo‘g‘imini qon bilan ta'minlash a.a. circumflexae humeri posterior va anterior lar hamda a. thoracoacromialis dan chiquvchi r.r. deltoideus va acromialis lar hisobiga bo‘ladi. Vena
qoni arteriyalarni kuzatib boruvchi shu nomli venalar orqali oqadi. Limfa suyuqligi bo‘g‘imning yuqori ustki qismidan o‘mrov usti tugunlariga quyadi. Orqa pastki qismidan esa qo‘ltiq osti limfa tugunlariga quyadi. Soha n.n. axillares va suprascapularis hisobiga innervatsiya qilinadi.
Yelka sohasi (regio brachii). Tashqi belgilari: deltasimon, ko‘krakning katta, orqaning keng, yelkaning ikki va uch boshli (m.m. deltoideu, pectoralis major, latissimus dorsi, biceps brachiis)
mushaklari hamda yelka suyagining ichki va tashqi do‘mboqchalari sohasi. Ikki boshli mushakni ikki yon tomonlari bo‘ylab tashqi va ichki egatchalar, ularning orqasida esa uch boshli mushakning do‘mbog‘i bilinib turadi. Yelka arteriyasining pulsi ikki boshli mushakning ichki yuzasida yaxshi aniqlanadi va uni shu yelka suyagiga bosib, qon ketishini to‘xtatish mumkin.
Yelka sohasining chegaralari yuqoridan (shartli ravishda) katta ko‘krak va orqa keng mushaklarining pastki qirralarini yelka ustida o‘zaro birlashtiradigan chiziq, pastdan yelka suyagining ichki va tashqi g‘adir- budur tepachasidan, ikki barmoq eni yuqoridan o’tkazilgan aylanma chiziq. Shu g‘adir - budur tepachalardan tepaga qarab o’tkazilgan ikkita tik chiziqlar yelkani oldingi va orqa sohalarga bo‘ladi.
Yelkaning yuzaki fastsiyasi (fascia superficialis brachii) odatda yaxshi rivojlangan bo‘lib, uni hamma tomondan o‘rab o’tadi. Uning xususiy fastsiyasi (fascia brachii) bo‘lsa, yelka qon tomir va nerv tutamlariga hamda mushaklariga qin hosil qiladi. Bundan tashqari, bu fastsiyadan ikkita to‘siq (septum intermusculare lateralis et medialis) ajralib chiqib, yelka suyagiga borib yopishadi. Natijada bu to‘siqlar bilan xususiy fastsiya hamda suyaklar orasida ikkita mushak yotqichlari hosil bo‘ladi. (4-rasm). Oldingi mushak yotqichlari ichida yelkaning oldingi guruh mushaklari: m.m. biceps brachii, coracbrachialis va m. brachialis lar joylashadi. Orqa mushak yotqichida esa – m. triceps yotadi.
Yelkaning oldingi sohasi (regio brachii anterior). Asosiy qon tomirlar va nerv tutamlarining (a. brachialis va n. medianus) tashqi tasviri qo‘ltiq osti chuqurchasi kengligining oldingi o‘rta qismidagi nuqtadan, tirsak chuqurchasining o‘rtasiga o’tkazilgan chiziqqa to‘g‘ri keladi. Yelkaning pastki uchligida n. medianus arteriyadan 1 sm. ichkariroqda yotadi.
Sohaning terisi yupqa va harakatchan bo‘ladi. Yuzaki hamda xususiy fastsiyalarning orasida qo‘lning ikkita asosiy yuza venasi: bosh vena (v. cephalica) va asosiy vena (v. basilica) yotadi. Bosh vena v. cephalica ikki boshli mushakning lateral qirrasidagi sulcus bicipitalis lateralis bo‘ylab o’tib, deyarli butun yo‘lida xususiy fastsiyaning ustida yotadi. Faqat sulcus deltoidopectoralis ga borgach, shu fastsiyaning ostiga o’tadi.
Asosiy vena (v. basilica). Sulcus bicipitalis medialis dan biroz ichkariroqda n. cutenus antibrachii medialis bilan birga yelkaning
pastki va o‘rta qismi chegarasigacha yuzaki fastsiyaning ustidan o’tadi, so‘ngra
ikkalasi ham xususiy fastsiyani teshib, shu fastsiyaning yelkaning o‘rta qismida ikkiga bo‘lingan oralig‘ida (Pirogov kanali) yotadi. Yelkaning yuqori qismida esa v. cephalika xususiy fastsiyaning ostiga o’tib, yelka venalarining biriga yoki v. axillaris ga ochiladi.
Yelka oldingi sohasining teri nervlari n. cutenus brachii medialis va intercostabrachialis ning (ichkaridan) hamda n. cutenus brachii lateralis (tashqaridan) n. axillaris ning tarmoqlaridir. Xususiy fastsiya ostida bukuvchi mushaklar (ichkari tomondan m. corocobrachialis va oldindan- m.m. biceps va brachialis) bilan asosiy qon tomirlar va nerv tutamlari (a.n.v.v.v. brachialis, n. medianus) yotadi. Bundan bir oz ichkariroqda v. basilika et n. cutaneus antibrachi medialis va bulardan yana ham ichkariroqda n. ulnaris o’tadi. Ikki boshli mushak bilan yelka mushagining orasida n. musculocutaneus yotadi. Yelka qon tomirlar va nerv tutamlarining
umumiy joylanish topografiyasi uning ko‘ndalang kesimining yuqori, o‘rta va pastki 1/3 qismlarida quyidagicha bo‘ladi (5- rasm).
Yelkaning orqa sohasi (regio brachii posterior). Terisi oldingi yuzasiga qaraganda qalinroq, ammo harakatchan. Teri nervlari qo‘ltiq osti chuqurchasi nervlarining (cutenus brachii lateralis va n. cutenus brachii posterior) tarmoqlari hisoblanadi.
Xususiy fastsiya ostida bilak nervi bilan ta'minlangan uch boshli mushak yotadi. Bundan tashqari, bilakni yozishda qatnashadigan kichik tirsak mushagi (m.anconeus) ham shu sohaning pastki qismida yotadi. Uch boshli mushak ostidan yelkaning orqa chuqur qon tomirlari va nerv tutamlari (n. radialis va a. profinda brachii) o‘zining ikkita venasi bilan o’tadi. Yelkaning pastki
uchligida bu qon tomirlar va nerv tutamlari yelkaning oldingi yotqichiga o’tadi.
Tirsak sohasi (regio cubiti). Buning chegarasi (shartli ravishda): yelka suyagining medial va lateral g‘adir - budur tepachalarini birlashtiradigan chiziqdan, ikki barmoq eni ustidan va ostidan o’tkazilgan ko‘ndalang chiziqlar o‘rtasiga to‘g‘ri keladi. Tepachalar orqali o’tkazilgan tik chiziqlar uni ikkita: oldingi va orqa sohalarga bo‘ladi.
Tashqi belgilari: ikki yon tomonda bilak suyagining medial va lateral g‘adir- budur do‘mboqchalari, orqadan tirsak suyagining tirsak o‘simtasi (olecranon) yaxshi bilinib turadi. Olekranon dan tashqarida, tashqi do‘mboqchadan taxminan 1 sm pastroqda, terida chuqurcha ko‘rinadi. Uning tubida bilak suyagining boshchasini paypaslab topish mumkin. Shu suyak boshchasining ustki yuzasida yelka suyagining bo‘g‘im yuzali boshchasi (capitulum humeri) paypaslanadi. Tirsak o‘simtasi bilan ichki g‘adir-budur do‘mboqcha oralig‘ida chuqur egatcha hosil bo‘ladi. Uning ichidan tirsak nervi o’tadi. Bilakni yozganda ikki boshli yelka mushagining payi yaxshi ko‘rinadi. Shu payning ostida yelka arteriyasining pulsini aniqlash mumkin. Tirsak sohasining tashqi tomonidan – v. cephalica, ichki tomonidan – v. basilica, o‘rtasida- v. mediana cubiti nomli teri osti venalari o’tadi.
Tirsakning oldingi sohasi (regio cubiti anterior) va tirsak chuqurchasi (fossa cubiti). Sohaning terisi ancha yupqa, teri osti yog‘ to‘qimasi bilan yuzaki fastsiya ostida yuzaki venalar: tashqi tomonida v. cephalica bilan n. cutenus antibrachii lat., ichki tomonida v. basilica bilan n. cutenus antibrachii medivlis o’tadi. Bu ikkala vena o‘zaro “M” yoki “I” shaklida anastomozlar hosil qilib birlashadi (6- rasm). Anastomoz “M” shaklida bo‘lsa, tashqi anastomoz v. mediana sephalica, ichki anastomoz esa v. mediana basilica deyiladi. Bordi –yu anastomoz “I” shaklida bo‘lsa, bularni birlashtirib turuvchi vena – v.mediana cubiti deb ataladi. Bu joyda yana limfa tugunlari uchrab, ular ichki g‘adir - budur do‘mboqchadan 1-2 barmoq eni yuqorida yotadi.
Tirsak sohasining xususiy fastsiyasi aslida o‘zi yupqa bo‘lsa-da, lekin ikki boshli mushak payining pay tolalari bilan qo‘shilib, ancha qalinlashadi.
Yuzaki fastsiyaning ostida tashqi tomonda ikkita mushak: yelka – bilak va supinatsiya qiluvchi (m.brachioradialis va m. supinator bilak nervi bilan innervatsiyalanadi), ichki tomonda esa
5 ta mushak (tashqaridan ichkariga): yumaloq pronator, kaftni bilak tomonga bukuvchi, kaftning uzun (m. pronator teres, flexor capri radialis palmaris longus – o‘rta nerv bilan innervatsiyalanadi), kaftni tirsak tomonga bukuvchi (flexor capri ulnaris – tirsak nervi bilan innervatsiyalanadi) va ularning ostida panjani bukuvchi yuza mushak (m.flexor digitorum superficialis) lar joylashadi. Bulardan tirsak chuqurchasining hosil bo‘lishida faqat ikkita mushak: tashqari tomondan – m. brachioradialis va ichkari tomondan – m. pronator teres lar qatnashadi.
Tirsak chuqurchasining tubini ikki boshli mushak payi bilan yelka mushagining pastki yuzasi to‘ldirib turadi. Mushaklarning birinchisi – bilak suyagining do‘mboqchasiga (tuberositas radi), ikkinchisi – tirsak suyagining do‘mboqchasiga (tuberositas ulnae) birikadi.
Ikki boshli mushak payi bilan bilak suyagining do‘mboqchalari orasida sinovial xalta (bursa bicipitoradialis) joylashadi.
Mushaklar orasidan ikkita- medial va lateral qon tomirlar va nervlar tutami o’tib, bularning birinchisi yelka mushagining ustida, ikki boshli mushak payining ichki tomonida yotadi. Undan 0,5 – 1 sm ichkarida o‘zining ikkita venasi bilan birga payga yaqin bilak arteriyasi (a. radialis), o‘rta nervi (n. medianus) joylashadi.
Ikkinchisiga, ya'ni lateral qon tomirlar va nerv tutamlari tarkibiga bilak nervi (n. radialis) bilan kollateral arteriyalari (vasa collateralis radialis) kiradi. Bilak nervi sohaning yuqori qismiga yelka mushagi bilan yelka- bilak mushaklari orasidan chiqib keladi, tashqi g‘adir - budur do‘mboqchalar ro‘parasida o‘zining yuzaki va chuqur tarmoqlariga bo‘linadi. Bularning birinchisi sulkus radialis orqali panjaning orqa yuzasiga, ikkinchisi- supinator mushagini teshib, bilakning orqa yuzasiga o’tadi. Ikki boshli mushak payining orqasida yoki undan pastroqda, yelka arteriyasi bilak va tirsak arteriyalariga bo‘linadi. So‘ngra, bilak arteriyasi yumaloq pronator bilan yelka- bilak mushaklari orasidan joy oladi. Tirsak arteriyasi esa yuzaki va chuqur bukuvchi mushaklar orasidan joy oladi.
Tirsak chuqurchasi sohasida bilak arteriyasidan (mushaklarga boradigan tarmoqlaridan tashqari) a. recurrens radialis (a. collateralis radialis bilan anastomoz hosil qiladi) tarmog‘i, yelka arteriyasidan esa a. interosseae communis (a. interosseae anterior va posterior larga bo‘linadi) hamda a. recurrens ilnaris (a. collateralis ilnaris bilan anastomoz hosil qiladi) tarmoqlari chiqadi.
Yonlama (collateralis) va qaytuvchi (recurrens) arteriyalari o‘zaro qo‘shilib tirsak bo‘g‘imi atrofida rete articulare cubiti hosil bo‘lishida qatnashadi.
Yelka arteriyasining bo‘linishi (bifurcatsiya) joyida bir nechta limfa tugunlari uchraydi (nodi limfatici cubitalis profundae). Ular qo‘lning distal qismidan limfa suyuqligini yig‘adi. O‘rta nervi tirsak sohasidan chiqqach m. pronator teres ning ikkala boshchasi orasida joylashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |