Ayollar chanog’ining a`zolari, qovuq (vesica urinaria). Ayollar qovug’i ham oldindan qov simfiziga tegib turadi. Orqadan esa u bachadon tanasining oldingi yuzasiga tegib, ikkalasining o’rtasida siyrak yog’ to’qimasi joylashadi. Bunda qovuqning pastki qismlari bachadon bo’yniga va qorin parda ostida yotgan qinga juda yaqin turadi. Uning pastki qismini yon devorlari bo’lsa, orqa teshikni ko’taruvchi mushakka tegib yotadi, yuqoridan qovuqqa ichak qovuzloqlari tegib turadi. Bunda chanoq vistseral fastsiyasi qov simfizidan qovuqqa o’ta turib qov - qovuq boylami (lig. pubovesicalis) ni hosil qiladi.
Siydik chiqarish kanali (urethra feminina). Ayollarda ancha kalta, 3 - 3,5 sm, cho’ziluvchan bo’ladi. Uning ichki teshigi ham erkaklarnikiga qaraganda ancha pastda, simfizning pastki qirrasiga to’g’ri keladi. U pastga, oldinga tusha borib, siydik - tanosil diafragmasini teshib o’tgach, siydik chiqarish kanali qinning dahliz (vestibulum vaginae) iga ochiladi. O’z yo’lida bachadon - qin to’sig’i (septum uterovaginalis) yordamida qinning oldingi devoriga mustahkam birikkan bo’ladi.
Diafragmadan yuqorida siydik chiqarish kanalining oldida uyatli vena chigallari (plexus pudendalis) joylashadi. Bu vena chigallari qovuq venalarini bachadon hamda qin venalari bilan birlashtirib turadi. Diafragmaning pastida esa, kanaldan oldinda klitor (shaxvoniy do’ng) oyoqchalarining birlashgan joyi bo’ladi. Ayollar qovug’i hamda siydik chiqarish kanalining qon bilan ta`minlanishi erkaklarnikidan fark qilmaydi. Faqat bunda qovuqning pastki arteriyasi o’rnida bachadon arteriyasi (a. uterinae) ning tarmog’i bo’ladi.
Bachadon (uterus). Bachadon qalin mushakli kovak a`zo bo’lib, shakli nokka o’xshaydi. U kichik chanoq bo’shlig’ida qovuq bilan to’g’ri ichak o’rtasida joylashadi. Unda tana (corpus), bo’yin oldi (isthmus), bo’yin (cervix) va tub (fundus) qismlari farq qilinadi. Bachadonning tepasi oldindan orqaga qarab bir oz yassilashgach, keng tepa qismi, yuqoridan pastga qarab kichrayib, uzaygan uchburchak shaklini oladi. Uning davomi bachadon bo’yniga aylanib, boshlanish qismiga bo’yin oldi qismi deyiladi. Umuman bachadon bo’yni joylashgan (o’tgan) joyiga qarab ikki qismga bo’linadi. Uning
oxirgi, qin ichiga chuqur botib kirgan uchiga qin qismi (portio vaginalis) deyiladi. Bachadon teshigi shu yerda qinga ochiladi. Bo’yinning qolgan ustki qismiga qin ustidagi qismi (portio supravaginal) deyiladi.
Bachadonning devori seroz (tun. serosa), mushak (tun. muscularis) va shilliq (tun. mucosa) qavatlardan tashkil topgan. Seroz qavati bachadonning ustki ko’p qismini qoplasa, shilliq qavati - uning mayda bo’yin kanalining ichini qoplaydi. Seroz qavati bilan mushak qavatlari orasida yog’ to’qima bo’lib, unga adventitsiyali qavat – parametrium deyiladi.
Qorin pardaning parietal varag’i qovuqni yopib o’tgach, bachadonning pastki sohasida uning oldingi va qin usti sohalariga o’tib, oldingi devorini, tubini va uning orqa devorini yopadi. Pastga tusha borib, bachadon tanasini, bo’ynini va qinning orqa gumbazini yopgach, to’g’ri ichakning pastki oldingi sohasiga o’tib ketadi. Qorin pardaning bunday yurishidan qovuqning orqa devori bilan bachadonning va bachadonni orqa devori bilan to’g’ri ichaklar orasida ikkita qorin parda chuqurligi hosil bo’ladi. Ularning birinchisiga – qovuq - bachadon, ikkinchisiga - to’g’ri ichak - bachadon chuqurliklari (excavatio vesicouterina va excavatio rectouterinae) deyiladi. Bu chuqurliklar yon tomonlaridan qovuq - bachadon va to’g’ri ichak - bachadon (plicae vesico uterinae et plicae recto uterinae) burmalari bilan chegaralanib turadi.
Bachadonning oldingi va orqa yuzalarini qoplagan qorin parda uning yon qirg’oqlariga yetganda o’zaro birlashib, anchagina masofaga birga boradi va chanoqning yon devorlariga o’tib ketadi. Qorin pardaning ana shu bachadon bilan chanoq devori o’rtasidagi qismi bachadonning keng boylami (lig. latum uteri) deb ataladi. Bu boylamning bachadon nayi bilan tuxumdon o’rtasidagi bachadonga yaqinroq turgan qismi bachadon tutqichi (mesometrium) deb ataladi. Keng boylamning orqa yuzasiga tuxumdon tutqichi (mesovarium) yopishgan. Ana shu tutqich bilan bachadonning yuqoridagi ikki burchagidan fallopiy nayi boshlangan joyining old tomonidan yana bitta yumaloq boylam (lig. teres uteri) boshlanib, chov kanalining ichki teshigi tomon yo’naladi, so’ng chov kanalining ichidan o’tib, qov sohasidagi terida va katta uyatli lablarda tugaydi. Bu boylamning tarkibida mushak tolalari ham bor.
Bachadon keng boylamining oldingi va orqa varaqlari chanoqning devorlariga yetgach, qorin pardaning parietal varag’iga o’tib ketadi. Shunday qilib, bachadonning yon tomonlari qorin parda
bilan yopilmay qoladi. Keng boylamning bu varaqlari orasida, uning asosidan siydik yo’li, bachadon arteriyasi, bachadon - qin, vena va nerv chigallari o’tadi. Bunda bachadon arteriyasi bo’ylab bachadonning toj boylami (lig.cardinale uteri) o’tadi.
Bachadonning mustahkamlanib turishida uning keng, bachadon - dumg’aza va yumaloq boylamlardan tashqari, siydik yo’li va tanosil diafragmasidan o’tib, unga mustahkam birikkan
qinning ahamiyati ham katta. Umuman olganda, bachadon kichik chanoq o’rta chizig’i bo’ylab, qovuq bilan to’g’ri ichak orasida oldinga egilgan holatda (anteversio) bo’ladi. , Shunday bo’lsada, uning chanoqdagi holati qovuq, to’g’ri ichak va ichaklarning to’lgan yoki to’lmagan holatiga ham bog’liq bo’ladi.
Bachadon ichki yonbosh arteriyasidan chiquvchi bachadon arteriyasi (a. uterina) bilan va qorin aortasidan chiquvchi tuxumdon (a. ovarica) arteriyasidan qon bilan ta`minlanadi. Uning uchinchi arteriyasi qorin tepasi pastki arteriyasining tarmog’i bo’lmish yumaloq boylamlar arteriyasi (a. lig. teretis uteri) dir. Bu arteriya tashqi yonbosh arteriyasini bachadon arteriyalari bilan birlashtirib turadi.
Bachadon devorining yon tomonlarida juda ko’p vena chigallari (plexus venosus uterinus) joylashadi. Bu venalar bachadon arteriyasini o’rab, bachadondan vena qonlarini ichki yonbosh vena (v. iliaca interna) ga quyadi.
Bachadonning tana qismida limfa yo’llari qorin aortasi va pastki kovak vena atroflaridagi limfa tugunlariga ochiladi. Uning bo’yin qismidan esa, yonbosh va dumg’aza arteriyalari bo’ylab joylashgan limfa tugunlariga ochiladi. Bachadon tubidan va uning yumaloq boylamidan chiqadigan limfa yo’llari chov limfa tugunlariga ochiladi.
Bachadonni simpatik va parasimpatik nerv tolalari innervatsiya qiladi. Bachadonning qo’shoqlari bo’lib, bularga ikkita tuxumdonlar bilan ikkita bachadon (Fallopiy) naylari kiradi.
Tuxumdon (ovarium). Tuxumdon ayollar tanosil a`zolariga kirib, jinsiy hujayra (tuxumlarini) ishlab chiqaradi. U bir juft bo’lib, bachadon naylarining tagida ko’ndalangiga joylashadi. Uning tepaga va pastga qaragan ikkita uchi, ichkariga va tashqariga qaragan ikkita yuzasi (facies medialis et lateralis) va orqaga qaragan ikki qirg’og’i tafovut qilinadi. Pastki qismi bachadonga qaragan bo’lib, u bilan bachadon keng boylamidan hosil bo’lgan xususiy (lig. ovarii proprium) boylami orqali birikib turadi. Yuqori uchi tashqariga
qarab, bachadon nayi uchiga chanoq - gajim boylami (lig. infundibulo pelvicum) vositasida birikkan bo’ladi.
Tuxumdon umumiy yonbosh arteriyasining ichki va tashqi yonbosh arteriyalariga bo’linadigan yerida joylashadi. Uning yotgan
joyi kichik chanoqda kiradigan joydan bir oz pastda, chanoq devoridagi tuxumdon chuqurchasi (fossa ovarica) da bo’ladi.
Bachadon nayi (tuba uterina). Bachadon nayi tuxumdon tuxumini bachadonga olib keluvchi yo’l vazifasini bajaradi. U bachadonning yuqori burchagidan boshlanib, uning keng boylami varaqlarining ichida, yuqori qismi bo’ylab chanoq yon devorlariga qarab yo’naladi. Bu yerda bachadon nayining teshigi bo’lib, bu teshik to’g’ridan - to’g’ri qorin bo’shlig’iga ochiladi. Bachadon nayining uzunligi 13 - 15 sm kelib, uning to’rtta qismi farq qilinadi; 1) bachadon devori ichidagi qismi (pars interstitialis), eng kalta va tor qismi; 2) ko’ndalang holatda bo’lib, bachadondan tashqarida joylashgan qisilgan bo’yin oldi (pars isthmica) qismi; 3) eng uzun, kengayib borib, hajmi kattalashgan ampula qismi (pars ampullaris); 4) nayning voronkasimon kengaygan (tubae infundibulum) qismi. Uning bu uchidagi teshik (ostium abdominale tubae) orqali bachadon nayi qorin bo’shlig’iga ochiladi. Teshik atrofi shokildalar bilan o’ralib turadi. Bachadon keng boylami yuqori qismining bachadon nayi bilan tuxumdon tutqichi o’rtasidagi qismiga bachadon nayi boylami (mesosalpinx) deyiladi.
Qin (vagina). Qin deb, bachadon bo’ynini tashqi tanosil a`zolari bilan qo’shib turgan kanalga aytilib, uning uzunligi 7 - 8 sm keladi. Qinning yuqori qismiga bachadon bo’yni ancha kirib turadi, pastki teshigi esa tashqi tanosil lablari orasiga ochiladi. Qin ozgina orqa tomonga egilgan bo’lib, uning orqa va oldingi qismlari (pars anterior et posterior) farq qilinadi.
Bachadon bo’ynining oxirgi qismi qin ichiga chuqur kirgani uchun shu bo’yin atrofida gumbaz shaklidagi oldingi va orqa bo’shliqlar paydo bo’ladi. Bulardan orqa gumbaz (fornix vaginae posterior) chuqurroq bo’ladi, chunki qinning devori bachadon bo’yniga bu tomonda ancha yuqorida yopishadi, oldingi gumbaz (fornix vaginae anterior) esa yuzaroq bo’ladi. Pastga tushgan sari bu ikki gumbazning orasi uzayaveradi. Oldingi devorning ustki, ozroq qismi qovuq tubi qarshisida tursa, pastki, ko’p qismi - siydik chiqarish kanaliga qo’shni turadi.
Qinning orqa gumbazi to’g’ ri ichak - bachadon chuqurligiga juda yaqin tegib turganligi sababli, bu chuqurni orqa gumbaz orqali punktsiya qilib, ichidagi suyuqlikni olish mumkin.
Qinning oldingi devori qovuq - qin va siydik yo’li - qin to’siqlari orqali qovuqning pastki orqa devori va siydik chiqarish kanali bilan mustahkam birikkan bo’ladi. Chanoqning o’rta qavati bilan qinning o’rtasida siyrak yog’ to’qimasi ularni bir - biridan ajratib turadi. Qin bilan to’g’ri ichak o’rtasi oraliq mushaklari bilan to’lib turadi.
Qin devorlarining ichi shilliq qavatdan (tunica mucosa), mushak qavatdan (tunica muscularis) va tashqi zich fibroz parda (tunica adventitia) dan iborat. Ichki shilliq qavati juda ko’p ko’ndalang burmalar (rudae vaginales) ni hosil qiladi. Mushak qavati ko’ndalangiga va bo’ylama joylashgan bo’lib bir - biri bilan betartib chatishib ketgan tolalardan tuzilgan.
Ayollar oralig’i ham erkaklarnikiga o’xshab siydik - tanosil va orqa chiqaruv teshigi sohalariga bo’linadi. Orqa chiqaruv sohasining topografik anatomiyasi erkaklarnikidan farq qilmaydi. Siydik -tanosil sohasidagi farq shundan iboratki, ayollarning bu sohasidan siydik chiqarish kanalidan tashqari yana qin ham o’tadi. Siydik - tanosil uchburchagi ham ayollarda ancha keng, lekin uning chegarasi erkaklarnikiga o’xshashdir.
Bu soha oraliq tomondan tashqi tanosil a`zolari hamda fastsiya va mushaklar bilan yopilgan bo’lib, mushaklari tanosil yorig’idan chetda uchburchaksimon bo’lib joylashadi. Bunda uchburchakning tashqi tomonini klitor g’ovak tanasi yopib, g’ovak tana - quymich mushagi orqasida oraliqning yuzaki ko’ndalang mushagi (m. transversus perinei superficial) joylashadi (57-rasm).
Qin daxlizidan ikki yon tomondan piyoz - g’ovak tana mushagi (m. bulbospongiosus) bilan yopilib, daxliz piyozchasi (bulbus vestibuli) yotadi. Bu mushak o’z tolalari bilan qin teshigini, klitorni va siydik chiqarish kanalini xalqadek o’rab turadi. Daxliz piyozchasining orqasida bartolin bezlari joylashib, ularning chiqaruv teshiklari siydik - tanosil sinusi (sinus urogenitalis) ga ochiladi.
Tashqi chiqaruv teshigini qisuvchi tashki muskul (m. sphincter ani externus) ning tolalari erkaklarda erlik olatining o’zagiga borib tugasa, ayollarda bir - biri bilan kesishib, qarama - qarshi tomonga o’tadi va yuqoriga tomon davom etib, qinning kirish teshigini ikki tomondan o’raydi.
Tanosil sohasi (reg. pudendalis). Ayollarning tanosil sohasiga qov supachasi, katta va kichik uyatli lablar, qin daxlizi va klitor kiradi.
Qov supachasi (mons pubis) deganda qorin oldingi devorining pastki sohasida ikkala chov boylamlarining o’rtasidagi uchburchaksimon joyni tushunamiz. Soha jun bilan qoplanib, bir oz ko’tarilgan supachani eslatadi. Teri ostidagi yog’ to’qima qalin, yaxshi rivojlangan. Supachaning pastki qismi katta uyatli lablarga o’tib ketadi.
Katta uyatli lablar (labia majus pudendi). Katta uyatli lablar tanosil yorig’ini chegaralab turadi. Chov va qov sohalarini hamda ikkala sonning ichki soxalarini qoplagan teri - tanosil sohasiga kelganda ikkita tik yo’nalgan katta teri burmalarini hosil qiladi. Ana shu teri burmalariga katta uyatli lablar deyiladi. Terisi jun bilan qoplangan, ter hamda yog’ bezlariga boy. Teri ostidagi yog’ to’qima
yumaloq - yumaloq bo’lib, ichida vena chigallari joylashadi. Uning ostidan oraliq qon tomir va nervlari o’tadi. Katta lablarning ustki va qov sohasida bachadonning yumaloq boylami tugaydi. Ikkala katta lablarning o’rtasida hosil bo’lgan yoriq - rima pudendi deb ataladi.
Kichik uyatli lablar (labia minora pudendi). Kichik uyatli lablar ham kattalari singari tik joylashadi. Ular katta uyatli lablarning ichki tomonida joylashib, ulardan kichik lab egati (sulcus pympha labialis) bilan ajralib turadi. Kichik uyatli lablar qin daxlizini chegaralab turadi. Ular teri burmasidan hosil bo’lib, ularning har qaysisi oldinda ikkita oyoqchalarga bo’linadi. Oyoqchalarning bittasi klitorga birikib, klitorning yuganchasini (frenulum clitoridis) hosil qiladi. Ikkinchisi - klitor ustidan aylanib o’tib, uning ustida bir - biri bilan qo’shiladi. Klitorni o’rab turgan parda uyatli lablar orqasida o’zaro birikadi va tanosil lablar yuganini (frenulum labiorum pudendi) hosil qiladi. Bularning oldingi sohasida uncha katta bo’lmagan qayiqsimon chuqurcha (fossa navicularis) joylashadi. Kichik lablarning old tomonida joylashgan klitordan 1,5 - 2 sm pastroqda ostin - ustin joylashgan ikkita teshik bor. Bularning yuqoridagisi siydik chiqarish kanalining tashqi teshigi (ostium uretrhae), pastkisi - kattaroq bo’lib, qin teshigi (ostium vaginae) dir.
Qin daxlizi (vestibulum vaginae). Qinga kirish joyining daxlizi oldindan - klitor, yon tomonlardan - kichik uyatli lablar, orqadan - tanosil lablar yuganchasi, yuqoridan - qizlik
pardasi yoki uning qoldig’i bilan chegaralanib turadi. Klitorning orqasida qin daxlizining oldingi sohasiga siydik chiqarish kanalining tashqi teshigi ochiladi, undan orqada - qinning tashqi teshigi ochiladi. Qinga kirish qismining yon tomonlarida, kichik uyatli lablarning ichki yuzalariga bartolin bezlarining chiqaruv teshigi ochiladi.
Klitor (clitoris). Klitor ikkita g’ovak tanadan hosil bo’ladi. Klitorni tashkil qiluvchi g’ovak tanalar qov suyaklarining pastki butoqlarini o’ragan pardadan boshlanadi. Ana shu joyga klitor oyoqchasi (crus clitorius) deyiladi. Ular 3 - 4 sm uzunlikda bo’lib, simfizning pastki qirrasida o’zaro birikib, klitor tanasi (corpus clitoridis) ni hosil kiladi. Klitorning bu tanasi o’z fastsiyasi (fascia clitoridis) bilan o’ralib, maxsus boylam (lig. suspensorium clitoridis) orqali mustahkamlanib turadi. Klitor qoldiq a`zo bo’lib, hech qanday vazifani bajarmaydi.
TEKSHIRISH UCHUN SAVOLLAR
1. Ko’krak -bel fastsiyasi qanday varaqlardan tashkil topgan va ular
qayerdan boshlanadi?
2. Qorin parda orqa bo’shlig’ining yuqorigi va pastki chegaralari
qayerda va ichkaridan hamda tashqaridan qayergacha davom
etadi?
3. Qorin parda orqa bo’shlig’ida nechta yog’ to’qima
bo’shliqlari bor, ularning nomlari va ular bir - biridan qanday
ajralib turadi?
4. Qorin parda orqa bo’shlig’ida qanaqa a`zolar joylashgan?
5. Buyraklar skletotopiyasi, ularning teridagi tashqi tasviri,
chegaralari qanday bo’ladi?
6. O’ng va chap buyraklarning sintopiyasi qanday farqlanadi?
7. Buyraklarning nechta va qanaka qobiqlari (kapsula) bor ?
8. Buyraklar darvozasining topografiyasi qanday?
9. Buyraklarning qon bilan ta`minlanishi, innervatsiyasi va
limfa yo’li?
10.O’n ikki barmoq ichakning skletotopiyasi va sintopiyasi
qanday?
11.O’n ikki barmoq ichakning teridagi tashqi tasviri?
12.O’n ikki barmoq ichak bilan me`da osti bezining o’zaro
topografo-anatomik munosabatlari qanday?
13.Umumiy o’t yo’li o’n ikki barmoq ichakning qayeriga
ochiladi va u joyning tuzilishi qanaqa?
14.O’n ikki barmoq ichakning qon bilan ta`minlanishi,
innervatsiyasi va limfa yo’li qanaqa?
15. Me`da osti bezining skletotopiyasi va sintopiyasi qanday?
16. Me`da osti bezining teridagi tashqi tasviri?
17. Me`da osti bezi asosiy yo’lining umumiy o’t yo’li bilan
o’zaro munosabati?
18. Me`da osti bezi boshini, tanasini va dumini qaysi
Arteriyalar qon bilan ta`minlaydi?
19. Chanoq qanday suyaklardan tashkil topgan?
20. Chanoq tubining chegaralari qanaqa?
21. Siydik - tanosil diafragmasi nima?
22. Chanoq diafragmasi nimalardan hosil bo’lgan?
23. Yorg’oqning qavatlarini aytib bering
24. Moyak istisqosida suyuqlik qayerda to’planadi?
25. Chanoq bo’shlig’ining uchta qavati qanday hosil bo’ladi va
nima bilan bo’linadi?
26. Chanoq qavatlarida qanday a`zolar joylanishini aytib
bering
27. Qorin pardaning chanoqdagi yo’li qanaqa va u qanqay
chuqurchalarni hosil qiladi?
28. Denonvil’e aponevrozi nima va uning amaliy ahamiyati nimada?
29. Chanoqning qanaqa vistseral (a`zolar oldi) va parietal to’qima
bo’shliqlari bor?
30. Quymich - to’g’ri ichak chuqurligi qayerda joylashgan va uning
amaliy ahamiyati?
31. Qovuq ichidagi uchburchak qanday hosil bo’ladi va ta`rifi?
32. Qovuqning qaysi joylarida siydik toshlari hosil bo’ladi?
33. Qovuqning qon bilan ta`minlanishi, innervatsiyasi va limfa
yo’llari qanaqa?
34. To’g’ri ichakning skletotopiyasi va joylanish holatlari qanaqa?
35. To’g’ri ichakning qobig’i va yog’ to’qimasi qanaqa?
36. To’g’ri ichak qanday qavatlardan tashkil topgan va bu
qavatlarning yo’g’on ichak qavatlaridan farqi qanaqa?
37. To’g’ri ichakni qaysi arteriyalar qon bilan ta`minlaydi va ular
qaysi arteriyalardan chiqadi?
38. To’g’ri ichakning vena qoni va limfa suyuqligi qanday oqadi?
39. To’g’ri ichakda bavosil xalqasi qanday hosil bo’ladi?
40. Bachadonning sintopiyasi qanday?
41. Bachadonning chanoq fastsiyasi, yog’ to’qimasi va qorin parda
bilan munosabati qanday?
42. Bachadonning serbar va boshqa boylamlari qanday hosil bo’ladi
va uning topografiyasi qanday?
43. Bachadon qon bilan qanday ta`minlanadi, uning innervatsiyasi
va limfa yo’li qanaqa?
44. Bachadon arteriyasi bilan siydik yo’lining o’zaro munosabati
qanday?
45. Bachadon naylarining anatomik tuzilishi va ularning
topografiyasi qanday?
46. Tuxumdonlarning anatomik tuzilishi va ularning topografiyasi
qanday?
47. Bachadon qo’shoqlari qon bilan qanday ta`minlanadi, ularning
innervatsiyasi va limfa yo’li qanday?
48. Moyak va yorg’oq qavatlarini aytib bering.
49. Erkaklar va ayollar oralig’ini o’zaro farqlari qanaqa?
50. Qovuqning qon bilan ta’minlanishi qanaqa?
MUNDARIJA
So‘z boshi..............................................................................................3
Topografik anatomiya fanining qisqacha tarixi.................................... 6
I bob. Qo‘lning topografik anatomiyasi................................................ 9
Tekshirish uchun savollar...........................................................44
II bob. Oyoqning topografik anatomiyasi ............................................45
Tekshirish uchun savollar ..........................................................83
III. bob. Boshning topografik anatomiyasi ..........................................84
Bosh miyani o‘rovchi pardalar ..................................................97
Miya qattiq pardasining sinus (bo‘shliq) lari ............................ 98
Tekshirish uchun savollar...........................................................116
IY bob. Bo‘yin topografiyasi ...............................................................117
Tekshirish uchun savollar ..........................................................139
Y bob. Ko‘krakning topografik anatomiyasi .......................................140
Ko‘krak qafasining a'zolari ........................................................151
Tekshirish uchun savollar...........................................................172
YI bob. Qorinning topografik anatomiyasi ..........................................173
Qorin bo‘shlig‘i yuqori qavati a'zolarining topografik
аnatomiyasi ................................................................................193
Qorin bo‘shlig‘ining pastki qavatidagi a'zolar topografiyasi..... 205
Bel sohasi va qorinparda orqa bo‘shlig‘i................................... 216
Tekshirish uchun savollar.......................................................... 230
YII bob. Chanoq va oraliqning topografik anatomiyasi...................... 232
Erkaklar chanog‘ining a'zolari................................................... 245
Tekshirish uchun savollar…...................................................... 262
O’quv nashri
KAMOL AGZAMOVICH AGZAMOV
Tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent
TOPOGRAFIK ANATOMIYADAN
AMALIY QO’LLANMA
TOSHKENT. 700129, Ibn Sino nomidagi nashriyot – matbaa birlashmasi, Navoiy ko’chasi. 30.
На узбекском языке
КАМАЛ АГЗАМОВИЧ АГЗАМОВ
ПРАКТИЧЕСКОЕ РУКОВОДСТВО
ПО ТОПОГРАФИЧЕСКОЙ АНАТОМИИ
Tahririyat mudiri B. Mansurov
Muharrir A.Kamolov
Badiiy muharrir M.Ergasheva
Texmuxarrirlаr V. Mesheryakova,
T. Xijova, N. Abdualimova
Musahhih S.Abdunabiuуeva
IB № 2073
Bosmaxonaga berildi. 05.05.93.- Bichimi 84 X 108 1/32. Gazeta qog‘ozi. Ofset bosma. Adabiy garnitura. Shartli bosma toboq 13,44. shartli bo‘yoq taboq 13. 65, Nashr. bosma taboq 15.0.93-92 raqamli shartnoma. Jami 15.000 nusxa. 7619 raqami buyurtma. Narxi shartnoma asosida.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat matbuot qo‘mitasi Toshkent matbaa kombinatining ijara korxonasi. Toshkent, Navoiy ko‘chasi, 30.
Do'stlaringiz bilan baham: |