Ibn sino nomidagi nashriyot matbaa birlashmasi



Download 0,86 Mb.
bet15/21
Sana11.04.2020
Hajmi0,86 Mb.
#43957
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   21
Bog'liq
AGZAMOV-Topografik anatomiya va Operativ Xirurgiya


Kindik (umblicus). Kindik o’rta chiziqda, taxminan to’sh suyagining xanjarsimon usig’i bilan qov suyagining o’rtasidagi masofada joylashadi. Uning shakli har xil: yassi, ichkariga tortilgan, tashqariga bo’rtib chiqqan va h. k. bo’lishi mumkin. Kindik sohasidagi teri yupqa, kindik halqasiga (anulus umbilicalis) mustahkam birikkan bo’ladi. Halqa esa, o’z navbatida, qorin oq chizig’i aponevrozidagi teshikdir. Kindik sohasida teri osti yog’ to’qimasi bilan yuzaki fastsiya yo’k. Ichki fastsiya bo’lsa, bir oz qalinlashgan bo’lib, uni o’sha yerda kindik fastsiyasi (fascia umbilicalis) deb ataydilar. Kindik fastsiyasi qorin pardaning pariyetal varag’i bilan mustahkam birikadi. Homila ona qornidalik paytida, kindik halqasi orqali ikkita kindik arteriyalari bilan siydik yo’li (urachus) o’tib, ular kindik halkasining pastki qismida joylashadi. Halqaning yuqori qismida esa, kindik venasi joylashadi. Bola tug’ilgach, bularning hammasi obliterasiyaga uchrab, siydik yo’li - o’rta kindik boylamiga, kindik arteriyalari - lateral kindik boylamlariga va kindik venasi jigarning yumaloq boylamiga aylanadi. Kindik venasi kindik kanalida o’tadi. Bu kanal oldidan oq chiziq bilan, orqadan - kindik fastsiyasi bilan chegaralanib turadi. Kanalning pastki teshigi kindik halkasining ustki sohasida, yuqori

teshigi - undan 5 – 6 sm yuqorida bo’ladi. Kindik halqasi qorin oldingi devorining eng zaif joyi hisoblanib, uning teshigi kengaysa yoki qorin bo’shlig’ida bosim oshib ketsa, u yerdan kindik churrasi chiqishi mumkin.

Qorin devoridagi teri limfa yo’llari ikki xil limfa chigallarini hosil qiladi. Bular yuzaki va chuqur limfa chigallari bo’lib, terining qo’shimcha to’qima qavatlarida hosil bo’ladi. Yuzaki limfa yo’llari asosan qo’ltiq osti va chov limfa tugunlariga borib ochiladi. Bunda, qorin devorining chap tomonidagi limfa yo’llari, o’ng tomonidagilar bilan va pastki sohaning limfa yo’llari - yuqori sohaning limfa yo’llari bilan anastomoz hosil qiladi. Chuqur limfa yo’llari bo’lsa, mustaqil ravishda hamda qon tomirlari bo’ylab, qorin oldingi yon sohalarining chuqur qavatlariga fastsiya va mushaklar orasiga kirib boradi. Ular o’z limfa suyuqliklarini nafaqat qo’ltiq osti va chov limfa tugunlariga, hatto qorin bo’shlig’i va qorin parda orqasidagi limfa tugunlariga olib borib quyadilar. Bundan ko’rinib turibdiki, qorin oldingi yon devorida joy­lashgan limfa yo’llarining anastomozlari juda keng tarqalgan bo’lib, faqatgina qorin devorlarida emas, boshqa qo’shni soha limfa yo’llari bilan ham aloqa qilar ekan.

Chov sohasi (reg. inguinalis). Chov sohasi to’g’ri burchakli uchburchak shaklga ega bo’lib, uning yuqori chegarasini yonbosh suyagining oldingi yuqori o’sig’idan, qorin to’g’ri mushagining tashqi qirrasigacha o’tkazilgan chiziq, pastki chegarasini - chov boylami va ichki chegarasini - qorin to’g’ri mushagining tashqi qirrasi tashqil qiladi.

Amaliy jihatdan chov sohasida joylashgan chov uchburchagi bilan chov kanali katta ahamiyatga egadir. Chov uchburchagini yuqoridan, chov boylamini yuqori va o’rta uchliklarga bo’ladigan nuqtadan, qorin to’g’ri mushagini tashqi qirrasigacha o’tkazilgan ko’ndalang chiziq, ichkaridan - qorin to’g’ri mushagining tashqi qirrasi va pastdan - chov boylami chegaralab turadi. Bu uchburchakda chov oralig’i bo’lib, u ichki qiyshiq va ko’ndalang qorin mushaklari orasidagi ensizgina joydir.

Bu oraliq mushaklar orasidagi eng zaif joy hisoblanib, qorin bo’shlig’i bosimi oshib ketganda (astsit, homiladorlik, og’ir yuk ko’tarish va h. k.) yoki shu joyning anatomik yetishmovchiligida, bu yerdan qorin bo’shlig’ining ichki a’zolari tashqariga - chov sohasiga chiqib, chov churrasining kelib chiqishiga sabab bo’ladi. Chov oralig’i yuqoridan, qorin ichki qiyshiq va ko’ndalang mushaklarining pastki qirralari bilan, pastdan - chov boylami bilan va

ichkaridan - to’g’ri mushak tashqi qirrasi bilan chegaralanadi. Chov oralig’ining to’rtta xili tafovut qilinadi: yoriqsimon, yumaloq, ovalsimon va uchburchaksimon. Eng katta hajmli oraliq uchburchaksimon shaklda, eng kichik hajmligi – yoriqsimon shaklda bo’ladi. Uning katta hajmdagi shakli ko’pincha erkaklarda uchraydi. Shuning uchun ham ularda ayollarga nisbatan chov churralari 5 - 6 marta ko’p uchraydi. Uchburchaksimon chov oralig’ida chov churrasi ko’pincha to’g’ri shaklda bo’ladi.

Chov sohasining terisi yupqa, harakatchan, cho’ziluvchan va jun bilan qoplangan bo’lib, ter hamda yog’ bezlariga boy bo’ladi. Teri osti yog’ to’qimasi yaxshi taraqqiy qilgan, yuzaki fastsiyasi ikki varaqdan iborat. Chov uchburchagi sohasidagi teri osti yog’ to’qimasida, yuzaki fastsiyaning ostida, son arteriyasidan chiquvchi quyidagi arteriyalar o’tadi: qorin tepasidagi yuza arteriya, uning ichkarisida tashqi uyatli arteriya, tashqarisida - yonbosh suyagini o’rab turuvchi yuzaki arteriya yotadi. Bu arteriyalarning shu nomli venalari ham shu sohada bo’ladi. Limfa yo’llari yuzaki chov limfa tugunlariga ochiladi.

Chov sohasining teri nervlari asosan qovurg’alararo, yonbosh-qorin osti va yonbosh - chov (nn. intercostalis, iliohypo - gastricus, et ilioinguinalis) nervlaridan keladigan tarmoq-lardir. Oxirgi ikkita nerv bel chigalining tarmoqlari bo’lib, qorin oldingi devori mushaklarini ichkaridan tashqariga qarab teshib o’tadi va yonbosh suyagining oldingi yuqori sohasida, ichki qiyshiq va ko’ndalang mushaklar orasiga chiqadi. So’ngra yonbosh qorin osti nervi, chov kanalining tashqi teshigidan 2 - 2,5 sm yuqorida, tashqi qiyshiq mushak aponevrozini teshib, teri osti yog’ to’qimasiga chiqadi. Yonbosh-chov nervi bo’lsa, chov kanalining ichida urug’ tizmasi yoki ko’ndalang boylam bilan birga o’tib, uning tashqi teshigidan chiqadi va qov sohasi terisiga boradi.

Chov kanali (canalis inguinalis). Chov kanali deganda, qorin tashqi qiyshiq mushagi aponevrozi ochilgandan keyin ko’rinadigan anatomik oraliqqa aytiladi. Chov churrasi bo’lmaganida chov kanali yaxshi rivojlanmagan bo’ladi. Kanalning amaliy ahamiyati shundaki, uning ichidan har xil chov churralari o’tadi. Kanalning to’rtta devori va ikkita teshigi tafovut qilinadi. Uning oldingi devorini, qorin tashqi qiyshiq mushagining aponevrozi, pastki devorini - chov boylami, yuqori devorini - ichki qiyshiq va ko’ndalang qorin mushaklarining

pastki qirralari va orqa devori­ni - qorin ko’ndalang fastsiyasi hosil qiladi (43- rasm).

Chov kanali chov boylamiga parallel holda joylashib, uning medial 2/3 kesimiga to’g’ri keladi. Uning uzunligi o’rtacha 4,5 sm cha bo’lib, bolalarda bir oz kalta va kengroq bo’ladi. Kanal ayollarda erkaklardagiga qaraganda tor va uzun bo’ladi. Chov kanalida ichki va tashqi teshiklar farq qilinib, uning tashqi teshigi (annulus inguinalis externa) qov suyagining yuqori-tashqi sohasiga to’g’ri keladi va tashqi qiyshiq mushagi aponevrozining qov suyagiga birikishidan oldin, ikkiga bo’linishidan hosil bo’ladi. Aponevrozning bo’lingan bu qismlarining yuqori bo’lagiga medial oyoqcha (crus medialis), pastki bo’lagiga - lateral oyoqcha (cms lateralis) deyilib, birinchisi qov suyaklarining birlashmasiga, ikkinchisi - qov do’mbog’iga birikadi. Natijada ikkala oyoqchalar orasida hosil bo’lgan yoriq orqali chov kanalidan chiqib

kelayotgan urug’ tizmasi (erkaklarda) yoki bachadonning yumaloq boylami (ayollarda) o’tganligi uchun unga chov kanalining tashqi teshigi deyiladi. Tashqi teshikning lateral sohasi oyoqchalararo fibroz tolalar (fibrae intercruralis) bilan, medial sohasi esa kaytalovchi boylamlar (lig. reflexum) bilan aylanasiga o’raladi. Natijada avval yoriqsimon shaklga ega bo’lgan tashqi teshik, ovalsimon shaklga kiradi. Bu teshikning kengligi mo’tadil holatda ko’rsatkich barmoqning uchini o’tkazadi.

Chov kanalining ichki teshigi (annulus inguinalis interna) qorin oldingi devorining ichki yuzasida, tashqi teshik ro’parasida joylashadi. Chov kanalining ichidan urug’ tizmasi (erkaklarda) yoki bachadonning yumaloq boylami (ayollarda) o’tadi. Chov kanalidan chov churralari kelib chiqadi. Ularni boshlanish va kelib chiqish joylarini hamda to’g’ri va qiyshiq chov churralarini bir - biriga nisbatan anatomik farqlarini bilishimiz, hamda to’g’ri tushunishimiz uchun qorin oldingi devorining ichkari (orqa) tomondan tuzilishi bilan tanishib chiqishimiz zarur.

Qorin oldingi devorining ichki sohasida qorin pardadan hosil bo’lgan beshta burma bor. Ularning ikkitasi juft, bittasi toq, bo’lib, toq, burma obliterasiyaga uchragan siydik yo’li (urachus) ning ustida hosil bo’ladi. Bu burma qovuq bilan kindik o’rtasida tortilib turganligi sababli, qovuq - kindik o’rta egati (plica vesicaumbilicalis mediana) deyiladi. Qolgan ikkita juft burmalarning ikkitasi obliterasiyalangan kindik arteriyalarining ustida hosil bo’lib, ular ham qovuqning yon tomonlari bilan kindik orasida hosil bo’lganliklari sababli, ularga siydik qopi - kindik ichki egat (plica vesicaumbilicalis media) lari deyiladi. Qolgan yana ikkita egatlar vasa epigasrica inferior ustida hosil bo’lib, ular ham qovuqning yon tomonlaridan, kindik sohasiga qarab yurgani uchun ularga qovuq – kindik lateral egat (plica vesicoumbilicalis lateralis) lari deyiladi. Qorinpardaning bu burmalari orasida har tomonda uchtadan, oltita chuqurchalar hosil bo’ladi. Bularning o’rta va medial burmalar orasida hosil bo’lganiga qovuq usti chuqurcha (fovia supravesicalis) si, medial burma bilan lateral burmalar orasidagisiga - medial chov chuqurchasi (fovia inguinalis medialis) va lateral burmadan tashqaridagi chuqurchaga - lateral chov chuqurcha (fovia inguinalis lateralis) si deyiladi. (44-rasm)

Medial chov chuqurchasi chov kanalining tashqi teshigi bilan bir chiziqda bo’lib, uning orqasida joylashadi. Shuning uchun ham u orqali chiqib kelgan qorin a’zolari, to’ppa - to’g’ri tashqi

teshikdan chov soxasiga chiqadi. To’g’ri tushib kelgan bunday churraga - to’g’ri chov churrasi (hernia inguinalis recta) deyiladi. Lateral chov chuqurchasi chov kanalining ichki teshigi hisoblanadi. Ammo, u ochiq bo’lmay, qorinning ko’ndalang fastsiyasi hamda qorin pardaning pariyetal varag’i bilan qoplangan bo’ladi. Agar qorin a’zolari shu chuqurcha orqali o’tib, chov kanali bo’ylab uning tashqi teshigidan chiqib kelsa, qiyshiq chov churrasi (hernia inguinalis obliqua) hosil bo’ladi.

Bu borada qorin bo’shlig’idan teri ostiga chiqqan a’zolarning churra deb hisoblanishi uchun churra belgilaridan uning uchta asosiy tarkibiy qismi bo’lishi kerak. Bular: churra darvozasi, churra xaltasi va churra xaltasining ichida Qorin a’zolarining birontasi (ichak, charvi va h. k.). Churra xaltasi qorin pardaning pariyetal varag’idan hosil bo’lib, to’g’ri chov churrasida teri va teri osti yog’ to’qimasi, yuzaki fastsiya hamda qorin parda oldi yog’ qavati bilan qoplangan bo’ladi.

Yuqorida aytganimizdek, qiyshiq chov churrasi butun chov kanali bo’ylab o’tib, urug’ tizmasi bo’ylab yorg’oqqa tushishi mumkin. Bunday churraga chov - yorg’oq churrasi deyiladi. Ayollarda u katta jinsiy lablar yog’ to’qimasigacha tushishi mumkin. Qiyshiq, chov churrasining churra xaltasi, urug’ tizmasi va moyakning umumiy qini qobig’i ostidan o’tib, urug’ tizmasi o’ralib turgan qavatlar bilan o’ralgan bo’ladi. Urug’ tizmasining tarkibiy qismiga, urug’ olib chiquvchi yul (ductus spermaticus), moyak arteriyasi (a. testicularis), moyakni ko’tarib turuvchi mushak arteriyasi (a. cremastrica) va urug’ olib chiquvchi yo’l arteriyasi (a. ductus deferentis) kiradi.

Urug’ tizmasi atrofida uzum mevasiga o’xshagan qalin vena chigallari (plexus pampiniformis) hosil bo’lib, keyinchalik bu chigal, moyak venasiga (v. testicularis) o’tadi. Bunda o’ng moyak venasi to’g’ri pastki kovak venaga, chapi bo’lsa - chap buyrak venasiga quyadi. Chov kanali sohasida yonbosh-chov va son - oraliq nervlarining oraliq, tarmoqlari o’tadi.

Qiyshiq chov churrasining churra xaltasi quyidagi qavatlar bilan yopilgan bo’ladi: teri va teri osti yog’ to’qimasi, yuzaki fastsiya, qorin tashqi qiyshiq mushagining aponevrozi va urug’ yo’li fastsiyasi (fascia spermaticus), moyakni ko’tarib turuvchi mushak (m. cremasterica) hamda shu nomli fastsiya. Bularning ostidagi qavat, moyak va urug’ tizmasini o’rab turgan umumiy qobig’i bo’ladi. Bu borada shuni ham aytib o’tish kerakki, qorin tepasidagi pastki arteriya va venalar (a. et v. epigastrica inferior) qiyshiq chov churrasida churra xaltasiga nisbatan ichkarida, to’g’ri chov churrasida esa - tashqarida yotadi.

Tug’ma chov churralarining (hernia inguinalis congenita) hosil bo’lishi, orttirilgan chov churralaridan (hernia inguinalis acquistica) farq qiladi. Odatda qorin pardaning yorg’oq ichiga kirgan o’sig’i (prosessus vaginalis) homilaning oxirgi oylari, ya’ni tug’ilish paytiga kelib bekiladi (obliterasiyalanadi). Bordiyu, shu bekilish jarayoni sodir bo’lmay, uning yorg’oqqa olib kiradigan yo’li ochiq qolsa, ayni paytda moyak hamda urug’ tizmasi uchun umumiy qobiq hisoblanib, bu o’siq, ichiga qorin bo’shlig’i a’zolarining o’tish imqoniyati tug’iladi va yopilmay qolgan bu o’siq, churra xaltasi vazifasini o’taydi. Natijada hali tug’ilib ulgurmagan bolada chov churrasi hosil bo’lib, u shu churra bilan tug’iladi. Bundan ko’rinib turibdiki, tug’ma chov churralari ham, orttirilgan chov churralaridek, urug’ tizmasi umumiy qobig’i


ichida o’tar ekan. Demak, har ikkalasida ham churra xaltasini o’rab to’rgan qobiq bir xil, ya’ni: tashqi urug’ fastsiyasi, moyakni ko’taruvchi mushak fastsiyasi, moyakni ko’tarib turuvchi mushak va urug’ tizmasining ichki fastsiyasi bo’ladi.



Qorin bo’shlig’i (cavitas abdominis). Qorin bo’shlig’ining hajmi, qorin devorining hajmidan ancha katta bo’lib, bunga sabab, yuqoridan diafragmani gumbazsimon bo’lib ko’krak qafasiga, pastdan - qorin pardaning pastga - chanoq bo’shlig’iga kirib borishi hisobiga, bu bo’shliqning kengayishidir. Qorin bo’shlig’i yuqoridan diafragma bilan, pastdan - katta va kichik chanoqni bir - biridan ajratib turuvchi chegara chiziq (linea terminalis) bilan, oldindan — qorinning oldingi-yon devorlari bilan va orqadan - qorinning orqa devorini hosil qiluvchi bel sohasi mushaklari va bel umurtqalari bilan chegaralanib turadi. Qorin devorlarining ichki yuzalari qorin ichki fastsiyasi (fascia endoabdominalis) bilan qoplangan. Qorin bo’shlig’ini ikki qismga bo’lib o’rganadilar. Bular: qorin parda ichki bo’shlig’i (cavitas peritonei) va qorin parda orqa satxi (spatium retroperitonealis). Qorin parda ichki bo’shlig’ini odatda qorin bo’shlig’i deb yuritganlari uchun biz ham shu iborani qo’llashni ma’qul deb topdik.

Biz bilamizki, qorin parda ikki varaqdan, ya’ni pariyetal (peritoneum parietalis) va visseral (peritonium visceralis) varaqlardan iborat bo’lib, pariyetal varag’i qorin devorining ichki yuzasini, visseral varaq esa — qorin a’zolarini o’raydi. Qorinpardaning o’zi serozli qobiqdan iborat, u cho’ziluvchan va mustahkam pardadir. Qorin parda pariyetal varag’ining, visseral varaqqa o’tishida, ularning orasida varaqlararo serozli xalta hosil bo’ladi. Bu xalta qorin bo’shlig’i deyilib, uning ichida seroz suyuqligi (liquor peritonei) bo’ladi. Bu suyuqlik ichki a’zolar satxini ho’llab, silliq va muloyim bo’lib turishini ta’minlaydi. Qorin bo’shlig’i hamma tomondan pariyetal varaq bilan o’ralgan yopiq bo’shliqdir. Faqat ayollardagina u bachadonning naylari orqali tashqi muxit bilan aloqa qiladi.

Qorin pardaning qorin devorlaridan a’zolarga yoki biron a’zodan ikkinchi a’zoga o’tadigan joylarida uning boylamlari (lig. peritonei) hosil bo’ladi. Ularning ayrimlari juda yaxshi rivojlangan. Ingichka ichak, ko’ndalang chambar ichak va sigmasimon ichak tutqichlari bunga yaqqol misol bo’la oladi. Pariyetal varaq qorinning oldingi va yon devorlarining ichki yuzalarini qoplab, yuqoridan diafragma­ni pastki yuzasiga, pastdan katta va kichik chanoq sohasiga o’tadi. Orqadan u qorin orqa devorini hosil qilgan mushaklarni,

umurtqalarga bir oz yetmasdan yopib, qarama - qarshi tomonga o’tib ketadi.

Qorin pardaning visseral varag’i, qorin a’zolarini har xil o’raydi. Bunda, bir xil a’zolarni hamma tomonidan o’rasa, ikkinchi xilini - uch tomondan va yana ayrimlarini - faqat bir tomondan o’raydi. Hamma to­mondan o’ralgan a’zolar - intraperitoneal a’zolar deyilib, bularga me’da, taloq, ingichka, ko’r, ko’ndalang, chambar va sigmasimon ichaklar kiradi. Uch tomonidan o’ralgan a’zolarga jigar, o’’t pufagi, yuqoriga ko’tariluvchi va pastga tushuvchi chambar ichaklar, 12 barmoq ichakning boshlanish va oxirgi qismlari kirib, bularga - mezoperitoneal a’zolar deyiladi. Faqat bir tomondan yopilgan a’zolarga - ekstraperitoneal a’zolar deyilib, bularga 12 barmoq ichak, me’da osti bezi (ayrim vaqtlarda o’t pufagi), buyraklar hamda qovuq kiradi.

Qorin pardaning visseral varag’i, jigarning diafragma yuzasini yopib, uning pastki sohasiga tushadi. Jigarning pastki - oldingi sohasidan pastga tushib, uning orqa sohasidan tushuvchi ikkinchi varag’i bilan jigar darvozasi yaqinida bir-biri bilan birlashadi. Bu birlashgan varaqlar me’daning kichik egriligiga va 12 barmoq, ichakning boshlanish qismiga borib birikib, kichik charvi boylamlarini: jigar - me’da (lig. hepatogastricum) va jigar - 12 barmoq, (lig. hepatoduodenale) boylamlarini hosil qiladi.

Kichik charvi varaqlari, me’daning kichik egriligi sohasida ikki varaqni hosil qiladi. Bu varaqlardan bittasi, me’daning oldingi, ikkinchisi — orqa tomondan o’rab, pastga va chap tomonga qarab o’tib, uning katta egriligida yana o’zaro qo’shilishib pastga tushadi va katta charvining (omentum majus) oldingi plastinkasini hosil qiladi. So’ngra bu plastinka katta charvi oldingi sohasi bo’ylab, pastga uning oxirigacha (ayrim paytlarda qov suyagigacha) ushgach, uning orqa sohasiga o’tadi. Bu yerdan yuqoriga qarab ko’tarilib katta charvining orqa devorini hosil qiladi. Katta charvining bu oldingi hamda orqa plastinkalari orasida torgina yoriqsimon bo’shliq hosil bo’ladi. Bu bo’shliq katta charvi bo’shlig’i (bursa omentalis majus) deyilib, katta kishilarda ko’pincha bitib ketgan bo’ladi. Qorinpardaning yuqorida ko’rsatilgan varaqlari ko’ndalang chambar ichakka yetgach, uning yuqori, oldingi sohasidan aylanib o’tib, qorin bo’shlig’ining orqa sohasiga chiqadi va orqa devorga o’tadi. Bu yerda yana ikki varaqda ajralib, ulardan biri yuqoriga ko’tarilib, me’da osti bezini, qorinorqa devorini va diafragmani bir qismini (pariyetal varag’i) yopib, jigarni pastki orqa yuzasiga chiqadi va u

yerdan uning pastki sohasiga o’tadi. Ikkinchi varag’i esa, orqaga qaytib, teskari tomonga qarab yuradi. Bunda u, qorinning orqa devoridan ko’ndalang chambar ichakka o’tib, uni o’raydi va yana qorinning orqa devoriga qaytadi. Shunday qilib, ko’ndalang chambar ichak tutqichini (mesacolon transversum) hosil qiladi.

Ko’ndalang chambar ichakning tutqichidan, qorin parda varag’i pastga va orqaga tushib, pariyetal varaq sifatida qorinning orqa devorini qoplaydi, keyin o’ng tomondan yuqoriga ko’tariluvchi, chap tomondan - pastga tushuvchi chambar ichaklarni uch tomonidan yopadi. Pariyetal varaq yuqoriga ko’tariluvchi va pastga tushuvchi chambar ichaklardan ichkarida qorin parda orqa satxida joylashgan a’zolarni yopib, ingichka ichakka boradi. U yerda, ingichka ichak tutqichini hosil qilib, ichakning o’zini hamma tomondan o’raydi.



Qorinpardaning pariyetal varag’i, qorin bo’shlig’ining orqa devoridan chanoq bo’shlig’iga tushadi va to’g’ri ichakni boshlangich qismini yopib, kichik chanoq devorlarini qoplay­di. U yerdan qovuqqa o’tib, uni ustidan (bir oz), orqasidan va ikki yon tomonidan yopadi (ayollarda to’g’ri ichakdan so’ng bachadonni orqasidan, ustidan, ikki yon tomonidan va oldidan yopgandan so’ng qovuqqa o’tadi). So’ngra qovuq usti bo’ylab, qorin bo’shlig’ining oldingi devoriga o’tib ketadi.

Ko’ndalang chambar ichak va uning tutqichi, qorin bo’shlig’ini yuqori va pastki qavatlarga bo’ladi. Bunda, ko’ndalang chambar ichakni tutqichi qorin orqa devoriga yopishgan holda, o’ng tomondan chap tomonga qarab qorin bo’shlig’ini quyidagicha kesib o’tadi: o’ng buyrakni yuqori 2/3 qismidan toq vena, pastki kovak vena, simpatik poya va ko’krak limfa yo’lini II bel umurtqasi ro’parasida kesib o’tgach, qorin aortasi va chap simpatik poya hamda 12 barmoq ichakni pastga tushuvchi qismining o’rtasidan o’tib, chap buyrakni teng ikkiga bo’lib o’tadi. Shu tutqich va ko’ndalang chambar ichakdan yuqorisi - qorin bo’shlig’ining yuqori qavati, pastkisi - pastki qavati deyiladi.



Qorin bo’shlig’ining yuqori qavatidagi a’zolarga jigar, o’t pufagi, me’da, me’da osti bezi, taloq, 12 barmoq ichakning boshlanish qismi, pastki qavati a’zolariga - 12 barmoq ichakning pastki, gorizontal va yuqoriga ko’tariluvchi qismi bilan ingichka hamda yo’g’on ichaklar kiradi.

Qorin bo’shlig’ining yuqori qavatida sanab chikilgan a’zolardan tashqari, to’rtta seroz xalta bo’lib, ularning eng kattasiga va chuqurda joylashganiga charvi xaltasi (bursa omentalis), qolgan kichkina va

yuzaki joylashganlariga me’da oldi (bursa prigastrica), jigarning o’ng va chap (bursa hepatica dextra et sinistra) seroz xaltalari deyiladi.

Bu seroz xaltalar, qorin pardaning qorin devoridan, Qorin a’zolariga va a’zolardan yana qorin devoriga o’tishi natijasida uning varaqlari orasida hosil bo’ladi. Charvi xaltasi yuqoridan, jigar va diafragma bilan, pastdan - ko’ndalang chambar ichak va uning tutqichi bilan, oldindan - kichik charvi, me’daning orqa devori va me’da - chambar ichak boylami (lig. gastrocolicum) bilan, orqadan - me’da osti bezini va qorin orqa devorini yopib turuvchi qorin parda bilan, chapdan - me’da - taloq va diafragma taloq, boylamlari (lig. gastrolienal et phrenicolienalis) bilan va ungdan - jigar bilan chegaralanadi.

Charvi xaltasi hamma tomondan yopiq, bo’lib, faqat bitta teshik orqali qorin bo’shlig’i bilan aloqa qiladi. Bu teshik uning oldingi o’ng tomonida hosil bo’lib, unga charvi teshigi (foramen epiploicum Winslovi) deyiladi.Teshik devorlarini oldindan jigar - 12 barmoq ichak boylami (lig. hepatoduo-denale), pastdan 12 barmoq, ichakning yuqori qismi (pars duodeni superior), orqadan - pastki kovak venani yopuvchi Qorin parda bilan 12 barmoq - buyrak boylami (lig. duodenorenalis) va yuqoridan - jigarning dum bo’lagi (lobus caudatus hepati) chegaralab turadi. Teshikning kengligi 3 - 5 mm cha bo’lib, charvi xaltasi bo’shlig’ini qorinning yuqori qavati bilan aloqa qildirib turadi.

Me’da oldi seroz xaltasi yuqoridan jigarning chap bo’lagi bilan, oldindan - qorin oldingi devorini yopuvchi qorin pardaning pariyetal varag’i bilan, orqadan - kichik charvi va me’daning oldingi devori hamda pastdan - ko’ndalang chambar ichak tutqichi bilan chegaralanib turadi.

Jigarning o’ng seroz xaltasini yuqoridan, diafragmaning pay qismi, pastdan - jigar o’ng bo’lagining diafragma yuzasi, orqadan - o’ng toj boylam, chapdan - o’roqsimon boylam va o’ngdan - diafragmaning mushak qismi chegaralab turadi.

Jigarning chap seroz xaltasi esa o’z navbatida yuqoridan - diafragma bilan, orqadan — chap toj boylam bilan, ungdan o’roqsimon boylam bilan, chapdan - ji­garning chap uchburchakli boylami bilan va pastdan jigar chap bo’lagining diafragma yuzasi bilan chegaralanib turadi.

Bu xaltalarning amaliy ahamiyati shundaki, bularda har xil patologik jarayonlarda (me’da yarasi teshilganda, o’’t pufagi yorilganda, o’tkir yiringli jarrohlik kasalliklarida, qorin bo’shlig’i

a’zolari yoki qon tomirlari jarohatlanganda va h. k.) qon, yiring, o’t suyuqligi, me’da yarasi teshigidan chiqqan oziq-ovqatlar va h. k. yig’ilib, jarroh. ko’zidan yashirinib qolishi mumkin. Yuqoridagi sabablar bo`yicha jarrohlar qorin bo’shlig’ida operasiya qilayotgan bo’lsalar, shu xaltalarni ham taftish qilishlari kerak.

Qorin bo’shlig’ining pastki qavatida yuqoriga ko’tariluvchi va pastga tushuvchi chambar ichaklarning tashqi tomonlari bilan qorin yon devorining ichki sohalari orasida, qorin bo’shlig’ining o’ng va chap kanallari (canalis abdominalis dextra et sinistra) hosil bo’ladi. Ular qorin pardaning qorin yon devoridan chambar ichakka o’tishidan hosil bo’lib, amaliy jixatdan o’ng kanal katta ahamiyatga egadir. Chunki u, qorin bo’shlig’ining yuqori qavati bilan aloqada bo’lib, me’da yarasi teshilganda yoki o’t pufagi yorilganda ulardan chiqqan oziq-ovqatlar, o’t suyuqligi shu kanal orqali qorinning pastki qavatiga tushib o’ng yonbosh sohasida yalliglanish jarayonini qo’zg’atishi mumkin. Bu esa o’z navbatida appendisit belgilarini berib, noto’g’ri diagnoz quyilishiga olib keladi. Qorin bo’shlig’ining chap kanalining yo’lida diafragma – chambar ichak boylami (lig. frenico - colicum) borligi tufayli u, yuqori qavat bilan aloqa qila olmaydi.

Kanallardan tashqari, pastki qavatda tutqich bo’shliqlari (sinuslari) bor. Yo’g’on ichakning yuqoriga ko’tariluvchi, ko’ndalang va pastga tushuvchi qismlari to’g’ri burchak hosil qilib joylashadi. Burchakning diagonali bo’ylab yuqoridan pastga, chapdan o’ngga qarab, ingichka ichak tutqichi o’tadi. Buning natijasida uchburchak shaklga o’xshagan ikkita (o’ng va chap) bo’shliq (sinus) hosil bo’ladi. O’ng bo’shliq (sinus mesenterica dextra) deyilib u o’ngdan yuqoriga ko’tariluvchi chambar ichak bilan, yuqoridan - ko’ndalang chambar ichak bilan va chapdan - ingichka ichak tutqichi bilan chegaralangan bo’ladi. Chap bo’shliq (sinus mesenterica sinistra) - chapdan pastga tushuvchi chambar ichak bilan, ungdan - ingichka ichak tutqichi bilan va yuqoridan - ko’ndalang chambar ichak bilan chegaralanadi. Uning pastki sohasi chanoq bo’shlig’i bilan aloqada bo’ladi. Qorin bo’shlig’ining pastki qavatini orqa sohasidan yopgan qorin pardaning ichak qovuzlogining bir qismidan ikkinchi qismiga o’tadigan joylarida cho’ntaklar (chuqurliklar) hosil bo’ladi. Bular

ham amaliy jihatdan katta ahamiyatga ega bo’lib, qorin ichki churralari hosil bo’lishida xizmat qiladi. Bunday cho’ntaklardan beshtasi mavjuddir.


Cho’ntaklarning uncha katta bo’lmagan birinchisi, 11 bel umurtqasining chap tomonida joylashib, 12 barmoq ichakning och ichakka o’tadigan joyida joylashadi va 12 barmoq - och ichak yuqori cho’ntagi (recessus duodenojejunal superior deyiladi. U o’ng tomondan 12 barmoq - och ichak egriligi (flexura duodenojejunalis) bilan, yuqori va chap tomondan - ichakning pastki tutqich arteriyasi o’tadigan Qorin parda burmasi bilan chegaralanib turadi.



Ikkinchi cho’ntak, ingichka ichakning ko’r ichakka ochiladigan joyini tepasida bo’lib, unga yuqori ileosekal cho’ntagi (recessus iliocaecalis superior) deyiladi. Bu cho’ntak yuqoridan yonbosh-chambar burmasi (plica iliocolica) bilan, pastdan - yonbosh ichakning oxirgi qismi bilan va tashqaridan - yuqoriga ko’tariluvchi chambar ichakning boshlanish qismi bilan chegaralanib turadi.

Uchinchi cho’ntak, pastki ileosekal cho’ntagi (resessus iliocaecalis inferior) deyilib, yonbosh ichakning ko’r ichakka ochiladigan joyi ostida joylashadi va yuqoridan yonbosh ichakning oxirgi qismi bilan, orqadan - chuvalchangsimon o’simtaning tutqichi bilan va oldindan - qorin pardaning ileosekal burmasi (plica iliocaecalis) bilan chegaralanib turadi.



To’rtinchi cho’ntak, ko’r ichakning orqasida joylashib, unga ko’r ichak orqa chuntagi (recessus retrocaecalis) deyiladi. U oldindan ko’r ichak bilan, orqadan - qorin pardaning pariyetal varag’i bilan va tashqaridan - ko’r ichak oldingi yuzasi hamda qorin devori orasida tortilgan qorin parda burmasi bilan chegaralanadi.

Cho’ntaklarning beshinchisi, chap tomonda sigmasimon ichak tutqichida joylashib, sigmasimonaro cho’ntagi (recessus intersigmoideus) deyiladi. Bu cho’ntaklar ichiga ichak qovuzloqlari kirib, qisilib qolishi va qorin ichki churralari sodir bo’lishiga olib kelishi mumkin. Bunday churralar juda kiyin aniqlanib, ko’ngilsiz jarrohlik xatolariga olib kelishi mumkin. Shuning uchun zudlik bilan operatsiya qilishni talab qiladi. Aks holda, qisilgan ichak qovuzloqlarining nekrozga uchrash xa’fi tug’iladi, Ichaklar ko’pincha, 12 barmoq - och ichak; ko’r ichak orqasi va pastki ko’r ichak orti cho’ntaklarida qisilib qolishi mumkin.


Download 0,86 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   11   12   13   14   15   16   17   18   ...   21




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish