Reproduktiv metod o‘rgatilganlarni eslash, qaytarib so‘zlab berishga asoslanadi. Bunda asosan o‘qituvchi mavzuni tushuntiruvchi, o‘quvchilar esa uni tinglab, qabul qiluvchilar sifatida darsda ishtirok etadilar. Bu metod qadimdan barcha xalqlar ta’lim tizimida qo‘llab kelingan. Ijobiy tomoni shundaki, o‘qituvchini doimo izlanishga, o‘quvchilar diqqatini davomli tutib turish uchun o‘z ustida ishlashga majbur qiladi. O‘quvchilardan esa davomli e’tiborni, eshitgan va yozganlarini esda saqlab, so‘zlab berishni talab etadi.
Bu tarbiyalanuvchilarning nutqini oshirishga, xotirasini mustahkamlashga turtki beradi. Metodning kamchiligi o‘qituvchi avtodidaktizmiga yo‘l ochadi, o‘quvchilarni passiv iste'molchi darajasiga tushirib qo‘yadi, mustaqil ishlash va fikrlash qobiliyatlarini o‘sishiga monelik qilishi mumkin.
Produktiv metod ijodiy yaratish, izlanish metodidir. Ilg‘or o‘qituvchilar reproduktiv metodning cheklangan tomonlariga qarama-qarshi sifatida shu metodni qo‘llaydilar. Ijodiy insholar biron bir asarga taqriz yozish, asar qahramonlari yoki obrazlar tavsifi yoxud asar badiiyatiga oid mustaqil jadvallar kabilarni yozish, yaratish va ularni darsda muhokama qilish kabilarni keltirish mumkin. Sinfda o‘qib o‘rganilgan ijodkor uslubi va mahoratining qirralarini o‘rganishda bu metodga murojaat etish tavsiya qilinadi. Tayanch (5-7-) sinflarda asar qismlari bo‘yicha o‘quvchilarga mustaqil tarzda reja tuzdiriladi. Yuqori (8-9-) sinflarda esa, mavzu yuzasidan o‘qituvchi o‘z ma’ruzasining rejasini beradi. Mazkur rejalarda belgilangan masalalarga oid adabiyotlar ko‘rsatiladi. O‘quvchilar qo‘shimcha adabiyotlar, matbuot materiallari yordamida rejadagi masalalarni to‘ldirgan holda o‘rganadilar. Mustaqil holda, insho, bayon adabiy taqriz tayyorlaydilar. Produktiv metodini qo‘llashda o‘qituvchi boshlovchi, yo‘naltiruvchi va darsni yakunlovchi sifatida harakat qiladi. Uning afzal tomoni o‘quvchilarni mustaqil ta’limga yo‘naltiradi, tadqiqotchilik qobiliyatini shakllantiradi, yozma va og‘zaki nutqini o‘stiradi. Kamchiligi esa o‘quvchilar ko‘rsatilgan adabiyotlardagi ma’lumotlarni o‘zgarishsiz va munosabat bildirmay to‘lig‘icha ko‘chirib kelishlari mumkin. Natijada kutilgan ijodkorlik, izlanuvchanlik faoliyati amalga oshmay qoladi.
Ushbu metodlardagi kamchilik va cheklanganlik jihatlarni qanday bartaraf etish mumkin?
Ijodkor hamda tadbirkor o‘qituvchi bu metodlardagi kamchilik va cheklanganlik jihatlarni oqilona metodik, didaktik tadbirlar bilan bartaraf etadi. Masalan, ma’ruza metodida o‘quvchilarni jonlantirish, darsga faol jalb etish maqsadida suhbat, ba’zan sharhli o‘qish, munozaraga tortish unsurlarini mashg‘ulotga kiritadi. Bunda metod sifatida taniganlarimiz shakllar usul maqomini
oladi. Suhbat metodida esa nofaol o‘quvchilarni munozaraga tortish uchun ularga o‘z bilim, saviyalariga muvofiq savollar berib, munosabatga kirishishiga yo‘l ochiladi. Vaqt yo‘qotilayotgani sezilganda o‘qituvchi tashabbusni o‘z qo‘liga olib, bahs-munozara xulosasini tezlatishga muvaffaq bo‘ladi. Sharhli o‘qishda ko‘p vaqt yo‘qotmaslik uchun oldingi darsda asar tahlilini uyda qilib kelish topshirig‘ini berishi va uni mashg‘ulotda butun sinf bilan sharhlash kabi tadbirni qo‘llasa bo‘ladi. Shuningdek, tahlil yakuniga yetmagan taqdirda ham sharhlash yo‘sini, usulini o‘quvchilarga singdirish orqali mustaqil tarzda tahlilni yakunlashni uyga topshiriq qilib berish mumkin. Produktiv metodida ko‘chirmachilikning oldini olish uchun shunday reja va topshiriqlar berish kerakki, toki o‘quvchilar ko‘rsatilgan adabiyotlar bilan tanishib, ularni umumlashtirgan holda yangi yoki shaxsiy mulohaza tarzidagi fikrlarini yozishlari kerak bo‘lsin va ko‘chirib yozishga butunlay yo‘l qo‘ymasin. Demak, metodlardan to‘g‘ri va oqilona foydalanish, ulardan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarni bartaraf qilish o‘qituvchiga, uning saviyasiga bog‘liq ekan.
Do'stlaringiz bilan baham: |