Metodik qo‘llanmalar o‘qituvchilar uchun ularga metodik tavsiyalar sifatida yoziladi. Metodik qo‘llanmalarni uch guruhga ajratish mumkin:
1. Muayyan muammo yechimiga bag‘ishlangan qo‘llanmalar. Masalan, R. Usmonovning "Yuqori sinflarda yozuvchi biografiyasini o‘rganish" risolachasi. (T.: "O‘qituvchi", 1968.)
2. Muayyan adib ijodini yoki biror asarni o‘qitish masalalariga bag‘ishlangan qo‘llanmalar: Zunnunov A. Maktabda G‘afur G‘ulom hayoti va ijodini o‘rganish. (-T.: O‘qituvchi, 1977.)
3. Bir sinf uchun yozilgan darslik yuzasidan yozilgan metodik qo‘llanmalar: Yo‘ldoshev Q., Qodirov V., Adabiy sabog‘lar - 7. O‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanma. ( - T.: "Sharq", 2005)
Metodik qo‘llanmalardagi tavsiyalarni qat'iy hukm sifatida qaramaslik kerak. Ular metodist olimlarning o‘qituvchilarga maslahat va yo‘riqlaridir. Qo‘llanmadagi ayrim qarashlar amaliyotga muvofiq kelmasa yoki o‘qituvchi qo‘llanma muallifi fikriga qaraganda boshqacha yondashuv, qarashda bo‘lsa, uni qabul qilmasligi, rad qilishi mumkin.
Adabiyotlar:
1. Dolimov S, Ubaydullaev H., Ahmedov Q. Adabiyot o‘qitish metodikasi. T.: "O‘qituvchi", 1967.
2. Yo‘ldoshev Q. Adabiyot o‘qitishning ilmiy-nazariy asoslari. T. 1996.
3. To‘xliyev B. Adabiyot o‘qitish metodikasi. T.: Yangi asr avlodi", 2006.
4. Qodirov V. Mumtoz adabiyot: o‘qitish muammolari va yechimlar. T.: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashr., 2009.
4-mavzu. ADABIY TA’LIM METODLARI VA USULLARI
Reja:
1. Metod. Dars metodini belgilash.
2. Adabiyot darslarida qo‘llanadigan metodlar tavsifi.
3. Usul. Adabiyot darslarida qo‘llanadigai usullar.
4. Adabiyot darslarida muammoli ta’limning o‘rni va ahamiyati.
1. Metod. Dars metodini belgilash.
Bugungi ta’limda o‘quvchi faoliyatini jonlantirish, uning ijodiy qobiliyatini o‘stirish, mustaqil amaliy ish yuritish malakasiga ega bo‘lishini ta’minlash vazifasi muhim hisoblanadi. Bunda tanlangan metod ayricha ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumki, metod ilmiy tadqiqotning yoki amaliy faoliyatni amalga oshirishning usullari, yo‘l-yo‘riqlaridir. Adabiyot darslarida badiiy asar mazmunini o‘rganish, matnini estetik idrok etish bosh maqsad bo‘lsa, uni amalga oshirish yo‘l yo‘riqlari, usul, vositalari hamda shakllari shu darsning metodi sanaladi. Dars metodini belgilashda quyidagi jihatlar e’tiborga olinadi:
1. O‘quvchilarning yosh xususiyati.
2. O‘rganiladigan asar janri, hajmi.
3. O‘rganiladigan asar mazmuni.
4. O‘quvchilarning tayyorgarlik darajasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |