2. Adabiyot darslarida qo‘llanadigan metodlar tavsifi.
Hozirgi kun metodikasida metod va usul tushunchalari keng qo‘llaniladi. Lekin mavjud darslik va qo‘llanmalarda bu tushunchalar ko‘p hollarda qorishtirib yuborilganligi kuzatiladi. Ilmda metod va usul tushunchalari borasida qat'iy bir to‘xtamga kelinmaganligi bois bir kitobda metod deb berilgan didaktik tadbir usul sifatida taqdim qilinadi. Boshqa kitoblarda esa ayrim usullar metod sifatida nomlanganligiga guvoh bo‘lamiz. Shuning uchun bu o‘rinda biz o‘z kuzatishlarimiz asosida adabiy ta’limda qo‘llanadigan metodlar haqida to‘xtalamiz. Bizningcha, hozirda adabiy ta’limda qo‘llanayotgan metodlarni beshga ajratish mumkin:
1. Shartli va keng ma’noda tushuniladigan ma’ruza metodi.
2. Suhbat metodi.
3. Sharhli o‘qish metodi.
4. Reproduktiv metod.
5. Produktiv metod.
O‘qituvchi o‘z darsiga u yoki bu metodni asos qilib oladi va turli usullar bilan uni qo‘llay boradi. Lekin shuni aytib o‘tish kerakki, bu bir darsda faqat bitga metod qo‘llash shart degani emas. Dars mashg‘ulotining bosqichlarida maqsadga ko‘ra bir metod ikkinchisi bilan almashishi mumkin. Masalan, yangi mavzuni tushuntirishda o‘qituvchi ma’ruza metodini qo‘llagan bo‘lsa, uy vazifasini so‘rash yoki yangi mavzuni mustahkamlash qismida suhbat yoxud sharhli o‘qish metodiga murojaat qilishi mumkin.
Ma’ruza metodi ta’limda qadimdan qo‘llanib kelinadi. U asosan yuqori sinflar hamda o‘rta maxsus bilim yurtlarida faol qo‘llanadi. Bunda o‘qituvchi, ba’zan esa ilg‘or o‘quvchilardan biri mavzuni hikoya qilish, sharhlab berish tarzida tushuntiradi, qahramonlarga xarakteristika beradi, o‘quvchilar esa bularni tushunib esda saqlaydilar va darslik yordami bilan takrorlab, mustahkamlab va yoki yod olib, keyingi darsda o‘z tushunchalarini so‘rovlar asosida namoyon qiladilar. Metodning ijobiy tomoni o‘qituvchi mutaxassis sifatida yangi mavzuni har tomonlama ilmiy jihatdan yoritadi, o‘quvchi-talabalarning savollariga yetarli darajada javob beradi Bu metodning cheklangan tomoni shuki, mashg‘ulot ko‘pincha monologik xarakterda bo‘lib qoladi, o‘quvchilar faolligi ko‘rinmaydi, ular passiv iste'molchi darajasida bo‘ladilar.
Suhbat metodi adabiyot o‘qitishda keng qo‘llaniladi, u o‘qituvchi va o‘quvchilar yoki o‘quvchilarning o‘zaro muloqotiga savol-javoblariga asoslanadi, ayrim paytlarda bahs-munozara yetakchilik qiladi. Bu metodning ijobiy tomoni o‘quvchilar faolligining maksimal darajada oshishida ko‘rinadi. Bunda tarbiyalanuvchilarning og‘zaki nutqi, mustaqil fikrlash, tez fahmlilik kabi qobiliyatlari shakllanadi, rivojlanadi, shuningdek, suhbat, bahsga kirishish madaniyati ortadi. Cheklangan tomoni esa vaqt byudjetini nazoratdan chiqishida, ayrim o‘quvchilarning o‘ta faollashgani holda ba’zi passiv o‘quvchilarning suhbatdan chetga chiqib qolishida namoyon bo‘ladi.
Sharhli o‘qish metodidan mumtoz matnlarni, murakkab bo‘lgan she’riy asarlarni, ba’zan esa nasriy va dramatik asarlarning o‘quvchilar tushunishi qiyin bo‘lgan qismlarini o‘rganishda qo‘llaniladi. Bunda har bir jumla, satr, kezi kelganda so‘z va birikmalar, shuningdek, lavha va ifodalar alohida olingan holda izohlanadi, so‘ng yaxlitlanib sharhlanadi. Mazkur metodning fazilati shundaki, o‘quvchilar murakkab matnlarning ma’nosini, mazmun-mohiyatini anglab yetadilar, asarni to‘g‘ri idrok qiladilar, badiiy-g‘oyaviy xususiyatlarini tushunishga yo‘l ochiladi hamda bu kabi asarlarni mustaqil holda tahlillash ko‘nikma va malakalari shakllanib, rivojlanib boradi. Cheklangan tomoniga kelsak, ko‘p vaqt sarflanib, tahlilga ajratilgan soatga sig‘may qolishi, bir asar tahlili mashg‘ulot oxirigacha yakunlanmay qolishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |