2. Ta’lim bosqichlarida adabiyotni o‘quv fani sifatida o‘rganish xususiyatlari.
Adabiyot o‘qitishning bosh yo‘nalishi ta’limning turli bosqichlarida o‘quvchilar ongiga badiiy asarning mo‘jizakor ta’sir kuchini amaliy jihatdan ta’minlashga qaratilgan. Maktabgacha tarbiya muassasalari, boshlang‘ich ta’lim, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar ta’limida o‘sib kelayotgan yosh qalbda go‘zallikka bo‘lgan ijobiy va ijodiy munosabatni shakllantirishdan, ularga badiiy asarga - kitobga bo‘lgan mehr va muhabbatni o‘stirishdan, bularning zamirida esa undagi badiiy-estetik didni takomillashtirishdan iborat.
Badiiy matn ustida ishlash, uning badiiy-estetik jihatlarini ochishga yo‘naltirilgan tadbirlar adabiyot darslaridagi o‘qituvchi-o‘quvchi faoliyatining mazmuni bo‘lishi darkor. Shunga ko‘ra ta’lim bosqichlari uchun yaratiladigan darslik va o‘quv qo‘llanmalari, ularning tarkibiga kiradigan badiiy asarlarning namunalari o‘quvchilarning adabiy tayyorgarligi va didlariga, yoshiga mos va munosib bo‘lishi, ularning barkamol inson sifatida shakllanishlarida muhim omil vazifasini ado etishi kerak.
Boshqa fanlardagi ta’lim mazmuni bilan adabiy ta’lim mazmuni o‘rtasida jiddiy farq mavjud. Boshqa fanlar ta’lim mazmuni o‘quvchiga insoniyat tajribasi davomida kashf etilgan ilmiy haqiqatlar tizimini o‘rgatishni ko‘zda tutadi. Bunda o‘quvchi ta’lim mazmunini o‘zlashtiradi, lekin hech narsani kashf etmaydi, chunki bola o‘rganadigan haqiqatlar oldindan kashf etilgan, ilmiy isbotini topgan haqiqatlar bo‘ladi. Tarbiyalanuvchi g‘oyatda kam vaqt va kuch sarflab, minglab yillar davomida qilingan kashfiyotlarni, chiqarilgan xulosalarni o‘zlashtirib oladi. Adabiy ta’limning mazmuni mutlaqo o‘zgacha xarakterga ega, negaki badiiy asar har safar o‘quvchilar tomonidan aynan kashf etilishi talab etiladi.
Adabiy ta’limning yana bir o‘ziga xosligi shundaki, boshqa fanlarni o‘qitishda dars jarayonida o‘quvchilar yagona yechim va xulosaga keladilar. Bu ularning muvaffaqiyati sanaladi. Adabiyot darslarida esa bir asar yuzasidan sinfdagi har bir o‘quvchi o‘zgacha yechim, boshqacha xulosaga kelishi mumkin. Bu adabiyot darslarida tabiiy sanaladi.
Har qanday pedagogik faoliyatga kirishishdan oldin kimni?, nima uchun?, nimani? degan savollarga javob berish zarur. Kimni? degan savol pedagogik faoliyatning maqsadini, nima uchun? savoli uning vazifasini, nimani? so‘rog‘i esa, mazmunini belgilab beradi. Adabiyot o‘qitishning bosh maqsadi - bu komil shaxsni shakllantirish deya belgilanadi. Maqsadga erishish uchun amalga oshiriladigan pedagogik tadbirlar yiqindisi va erishiladigan tarbiyaviy natijalar adabiy ta’limning vazifasini ifodalaydi. Adabiyot o‘qitish oldida oddiy o‘quvchidan kitobxon o‘quvchini tayyorlash, bolalarni badiiy so‘zdan ta’sirlanadigan, uning jozibasini his qiladigan, badiiy asarni taniydigan, o‘qigan asarini tahlil eta biladigan va undan o‘ziga xos xulosa chiqarishga qobil, o‘z qarashlarini og‘zaki va yozma ravishda ravon va ta’sirli ifoda eta biladigan, badiiy asar o‘qishni hayotiy ehtiyojga aylantirgan o‘quvchi shaxsini shakllantirish bosh vazifa sifatida turadi.
Bir qancha o‘qituvchilar, metodik qo‘llanmalarning mualliflari adabiyotni faqat o‘quv materiali deb hisoblab, adabiyot darslari bolalarga faqat reja tuzishni, qahramonga tavsif berish yo‘llarini, ularning og‘zaki va yozma nutqini o‘stirishni o‘rgatadi, deb talqin qiladilar. Ular adabiyotning estetik ta’sirini, shaxsning har tomonlama kamol topishiga yordam berishini ikkinchi o‘ringa qo‘ydilar, ba’zan adabiyotning bu xususiyatini batamom unutib qo‘ydilar.
O‘qituvchi o‘quvchilarga adabiyot fani asoslarini, adabiyot tarixi va nazariyasini puxta tushuntirib berishi lozim. Lekin fan asoslarini tushuntirishda uning hayotiyligini, biror maqsadga qaratilganligini o‘quvchilar ongiga singdirib borish zarur. Shundagina adabiyotning zamonaviyligi to‘g‘ri ochiladi va o‘quvchilar adabiyotni o‘z hayotiy tajribalari bilan bog‘lay oladilar.
Ma’lumki, maktabni bitirgan o‘quvchilarning hammasi oliy o‘quv yurtiga kiravermaydi. Shuning uchun o‘rta maktab bolalarini kitobni mutolaa qilishga o‘rgatish, ayniqsa, ularni nazariy jihatdan qurollantirib, badiiy asarlarga muhabbat uyg’otish zarur. Adabiy asarlar yosh avlodning saviyasini oshiradi. Badiiy adabiyot o‘quvchilarninq tasavvurini kengaytiradi, ularning ko‘zi oldida yangi dunyo, yangi hayot ochadi, ularni xilma-xil davrlarga olib kiradi, har xil odamlar va ijtimoiy sinflar bilan tanishtiradi. Shu tariqa badiiy adabiyot o‘quvchilarning inson va jamiyat haqidagi tasavvurlarini kengaytirib boradi, ularning shaxsiy tajribalarini tartibga soladi va chuqurlashtiradi, kuzatishlarini o‘tkirlashtiradi, insonning tabiatini bilishga o‘rgatadi.
Adabiyot o‘qitishning yana bir fazilati shundan iboratki, o‘qish va asarni o‘rganish o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutqini o‘stirishga kuchli ta’sir etadi.
O‘quvchilarga badiiy adabiyot vositasi bilan axloqiy-estetik tarbiya berish hozirgi maktablarimizning asosiy vazifasidir.
O‘qituvchi har bir asarni o‘rgatishda o‘quvchilar o‘sha asaraning g‘oyaviy-badiiy xususiyatlarini qanchalik ibrat qila olishlarini hisobga olishi zarur. Asarni tahlil qilishda o‘qituvchi o‘quvchilar tushunchasiga yaqin bo‘lgan obrazlar, voqealar va ko‘rinishlarni ajratib olishi hamda ularni o‘quvchining hayotiy tajribalariga bog‘lab tushuntirishi lozim. Bularning hammasi o‘quvchilarning ishonchini tarbiyalab borishi uchun xizmat qiladi.
Ishonch bilimdan farq qiladi. Ishonch uzoq vaqt kuzatishlar shaxsiy tajribalar, shaxsiy kechinmalar orqali yaratiladi. Bola maktabga kirgan vaqtida unda chuqur axloqiy e'tiqod, shakllangan dunyoqarash, voyaga yetgan estetik zavq bo‘lmaydi. Maktab o‘quvchilarning e'tiqodlarini tarbiyalash uchun zamin hozirlaydi. Bu sohada badiiy adabiyotning o‘rni muhim.
Do'stlaringiz bilan baham: |