Adabiyotshunoslik fanisiz adabiyotni o‘qitishni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki o‘tmishda yaratilgan madaniy-adabiy meros dastlab "Adabiyot tarixi" fanining bahosini oladi. Yoki hozirgi zamon asarlarining tarixiy, adabiy hamda badiiy estetik bahosi "Adabiy tanqid" orqali reallashadi.
So‘z san’atining o‘ziga xos qonuniyatlari, adabiyotning ijtimoiy hayotdagi o‘rni, badiiy adabiyotning o‘ziga xos xususiyatlari, badiiy ijod turlari, ijodiy jarayon haqidagi fikrlar esa "Adabiyot nazariyasi" fani orqali ayon bo‘ladi. Bularsiz "Adabiyot o‘qitish metodikasi" bir qadam ham bosa olmaydi. U yoki bu ijodkor yoxud asarning metodologik asosini bilmay turib, uni to‘g‘ri talqin ham, tahlil ham qilib bo‘lmaydi.
Tilshunoslik ham adabiyot o‘qitish metodikasi uchun katta ahamiyatga egadir. Adabiyot - so‘z san’atidir. Til - badiiy asarning jonli to‘qimasi, yozuvchining asosiy qurolidir. Yozuvchi asar g‘oyasini ochish va obrazlarni gavdalantirish uchun tildan foydalanadi. Badiiy asarning tili haqida so‘zlanar ekan, yozuvchining tili bilan qahramon tilini bir-biridan farq qilish zarur. Bu ikki vosita ham asarning badiiy-g‘oyaviy mazmunini ochish uchun xizmat qiladi.
Til va uslub masalasi ham o‘qituvchining diqqat markazida turishi zarur. Uslub yozuvchi ijodining g‘oyaviy-tematik, janr, kompozitsiya va til xususiyatlarini o‘z ichiga oladi, nutqiy uslub yoki yozuvchining tili uning leksikasini, frazeologiyasini, morfologiya, sintaksis va ularning badiiy funksiyasini o‘z ichiga oladi. O‘qituvchi asar ustida ishlash jarayonida asar leksikasi, morfemikasi, matnning grammatik o‘ziga xosligi, kezi kelganda fonetik birliklarning ham bajarayotgan badiiy-estetik vazifasiga ham e’tibor qaratishi lozim.
Ayrim asarlarning yaratilishi, asar muallifi, asardagi qahramon va obrazlar, unda tasvirlangan voqea-hodisalar mohiyatini chuqurroq anglash uchun tarixiy sharoit va geografik muhitni bilish zarurati ham paydo bo‘ladi. Bu o‘z-o‘zicha adabiyot o‘qitish metodikasi fanining tarix va geografiya fanlari bilan doimiy aloqada bo‘lishini taqozo etadi.
Biz bu yo‘nalishda pedagogika va psixologiya turkumidagi fanlarni alohida ta'kidlashimiz joiz. Modomiki, badiiy adabiyotni o‘rganishdan ko‘zda tutilgan bosh maqsad insonning tarbiyasiga ijobiy ta’sir o‘tkazish ekan, demak, bunda ayrim pedagogik hamda psixologik qonuniyatlarning hech bo‘lmaganda umumiy qonuniyatlarini bilmasdan turib olg‘a qadam tashlashning imkoni bo‘lmaydi.
Adabiyotlar:
1. Dolimov S, Ubaydullaev Q., Aqmedov Q. Adabiyot o‘qitish metodikasi. T,: "O‘qituvchi", 1967.
2. Yo‘ldoshev Q. Adabiyot o‘qitishning ilmiy-nazariy asoslari. T. 1996.
3. To‘xliyev B. Adabiyot o‘qitish metodikasi. T.: Yangi asr avlodi", 2006.
4. Qodirov V. Mumtoz adabiyot: o‘qitish muammolari va yechimlar. T.: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashr., 2009.
Do'stlaringiz bilan baham: |