3. Adabiyot o‘qitish metodikasinit boshqa fanlar bilan aloqasi.
Estetika. Har bir fan, odatda, faqat o‘z qonuniyatlari bilangina yashamasdan, boshqa fanlardagi imkoniyatlarni ham e’tiborda tutadi. Bu bilan u o‘zidagi imkoniyatlarni yanada kengaytiradi. Adabiyot o‘qitish metodikasi ham bu borada istisno emas. Uning ko‘plab fanlar bilan barqaror aloqalari mavjud.
Yozuvchining o‘ziga xos adabiy-obrazli tafakkuri hamma vaqt hissiyotga yo‘qrilgan bo‘lib, bu tafakkur kitobxonning tasavvuriga va aqligagina emas, balki uning axloqiy va estetik hissiyotiga ham ta’sir etadi.
O‘qituvchi adabiy asarning ta’siri orqali o‘quvchilarning axloqini qay daraja takomillashtirish zarurligini hamda bu sohada estetik idrokning qanday rol o‘ynashini aniqlab olishi kerak.
Faylasuflardan biri ta'kidlaganidek, garchi estetika go‘zallik haqida so‘zlasa ham, go‘zallikni idrok qilish ong va axloq bilan uzviy bog‘lanadi. Kitobxonning estetik tushunchasi uning go‘zallik, latofat va ideal haqidagi tasavvuri bilan belgilanadi. Tarbiyalanuvchilar badiiy asarlarda tasvirlangan idealning nafaqat jismoniy, ayni paytda uning ma’naviy, ruhiy hamda axloqiy olamidagi go‘zallikni ko‘ra olishlari, tahlil orqali idrok eta bilishlari muhimdir.
Mumtoz she’riyat an'analarini zamonamizda muvaffaqiyat bilan davom ettirgan Erkin Vohidovning maktab darsliklaridan muqim joy olgan g‘azalidagi ushbu baytga diqqat qaratamiz:
Seni yotlar tugul hatto qilurman rashk o‘zimdan ham,
Uzoqroq termulib qolsam, bo‘lurman g‘ash ko‘zimdan ham.
Yorini begonalar (yotlar) tugul o‘zidan ham rashk qilish, uzoqroq termulganda ko‘zidan ham g‘ash bo‘lish - bu yangi ifoda. Aynan shu narsa uni shohbayt darajasiga ko‘targan. Baytda oshiqning ma’shuqasiga ehtiromi, cheksiz hurmati, uni yuragining qat-qatidan e’zozlashi, ta’riflarga ojiz sevgisi izhor etiladi. Bu oddiygina o‘zga jins vakilasiga bo‘lgan tuyg‘u emas, bu insonning mukammal tanasiga, qudratli aqliga bo‘ysunmovchi qalb sevgisi, balki ruh sevgisi desak, to‘g‘riroq bo‘lar. Ruhiyat bunday sevgi bilan har qanday muhitga moslashuvchi, turfa sharoitga ko‘nikuvchi inson tanasidan sevikli yorni rashk qiladi. Shuningdek, u har qadamda to‘qnashadiganimiz razolatni va qaboqatni ko‘ruvchi, ularga guvoh bo‘luvchi ko‘zdan bu shabnam tomchisiday sof vujudni qizg‘onadi va termulgan nigohlaridan g‘ash bo‘ladi. Chunki mahbubaning vujudigina go‘zal emas, uning musaffo qalbi buloq suvidek tiniq, go‘dak kulgusiday ma’sum, navro‘z tongiday beg‘ubor. Beqiyos go‘zallik sohibasini pokiza ma’naviyatini anglagan va uni ulug‘lagan oshiq ham ma’nan buyukdir. Ana shunday oshiqqina jannat hurlari kabi
ma’suma malakni tani, joni, ruhi bilan seva oladi. Faqat ugina ana shu sevgi orqali bu olamda bor bo‘lgan andishasizlig-u beibolikni, nafs-u xirsni, fahsh va sharmandalikni qoralaydi, ularga o‘zining tubsiz nafratini ifodalaydi. Faqat ugina ana shunday nafrat tufayli bu pastliklar-la murosada yashovchi vujuddan ma’shuqani rashk qiladi, bu tubanliklarni ko‘ra-ko‘ra ko‘nikkan ko‘zdan uni qizg‘onadi. Poklikning ul timsoliga bunday ko‘zlar bilan termulish nojoiz, boringki, so‘ngsiz gunoh. Shu o‘rinda Atoiyning quyidagi shohbayti beixtiyor yodga tushadi:
Ko‘z yuzini yoshim bila yuvay sizni ko‘rarda
Kim, pok sanamqa nazari pok kerakdur.
Bu ikki shoirni besh asrlik vaqt masofasi ajratib turadi. Ammo ulardagi hamohanglik, hamfikrlik, ma’naviy maslak birligi qanchalar yaqin. Mahbubaning muborak nomi tilga olingan paytda hatto zikr etilishi nojoiz bo‘lgan ishlarga ko‘zning guvohligi tufayli oshiq yurak betlab unga boqa olmaydi. Lekin u yorning jamolidan bebahra, uning zavqisiz, visolidan ayru, uning shavqisiz yashay olmaydi. Birdan-bir iloj - o‘sha nomaqbul va nomatbu' ishlar yuzida aks etgan yuzni tozartirmoq. Shuning uchun "pok sanamg‘a" boqmoq maqsadida "pok nazar" qilmoq uchun oshiq ko‘z yuzini yoshlari bilan yuvmoqchi bo‘ladi. Endi oshiqning ko‘z yoshlari o‘zida ma’naviy bir mohiyat kasb etadi. Ko‘z yosh to‘kmoq (ya’ni
yig‘lamoq) ham ruhiy holat. To‘kilgan bu ko‘z yoshlar sharofati bilan makruh gardlar yuvib tashlanadi va shundagina oshiq mahbubasining yuziga boqmoqlikka o‘zida ma’naviy huquq sezadi. Klassik adabiyotda ko‘z yosh bilan bog‘liq tasvirlarning ko‘p uchrashi sababini adabiyot o‘qituvchisi darsda to‘g‘ri anglatishi lozim. Shuningdek, bu bilan bog‘liq yana bir holat - ma’shuqaning jafokorligi, sitamgarligi tasviri ham aslida axloqiy mohiyatga borib taqaladi. Haqiqatan qiziq bir holat: oshiqning ma’shuqani ulug‘lab, unga tobe bo‘lib, vafo-yu sadoqatda barqarorligiga qarama-qarshi ravishda ma’shuqa ayyor-u makkorlikda, javr-u sitamda bardavom. Lekin oshiq buning uchun undan voz kechmaydi, aksincha, shu jafo sohibasini qattiqroq sevadi, uning qadam izlarini ko‘zlariga to‘tiyo qiladi. O‘quvchida savol tug‘ilishi tabiiy: buni qanday tushunish kerak. Axir jafo qilish, bag‘irtoshlik hamma vaqt ham qoralanib kelingan-ku! Adabiyotlarda bu turlicha talqin etiladi. Ba'zilar bu "tasvir shartli bo‘lib, haqiqiy oshiq sadoqatining chinakam barqarorligini ko‘rsatish uchun xizmat qiladi" deb aytsalar, yana boshqalar esa ma’shuqa sitami orqali zamona zulmi, davr nobopligi beriladi, deb tushuntiradilar. Bizningcha, adabiyot darslarida ushbu izohlar bilan cheklanib qolmaslik maqsadga muvofiq. Qo‘shimcha qilib aytish mumkinki, so‘fiy shoirlar ijodida sitamkorlik Vujudi mutlaqqa yetishish yo‘lidagi qiyinchiliklar timsolidir. Lekin tasavvufga mansub bo‘lmagan shoirlarda ham bu tasvir ko‘plab uchraydi. Nazarimizda, bu o‘rinda Sharq xalqlariga xos bo‘lgan axloqiy qarashlarning yana bir qirrasi yashiringan ko‘rinadi. Kishi boshiga oshiqlik savdosi tushar ekan, doimo yor visoliga oshiqadi, uning ko‘z-qoshi yodi fikr-zikrini band etadi, vasl oshiqning doimiy orzusi bo‘lib qoladi.
Ma’shuqa-chi? U o‘zini olib qochadi, oshig‘ini dildan sevsa-da, uning bag‘riga har vaqt otilavermaydi. Sharq ayollariga, qizlariga xos bo‘lgan hayo, iffat tuyg‘ulari bunga yo‘l bermaydi. Sharq ayoliga bo‘lgan bu xususiyat shoira Zebunnisoning quyidagi baytida o‘z ifodasini topgan:
Layli zotidan esamda dilda Majnuncha havo,
Tog‘-u tosh kezgum kelur, lekin yo‘lim to‘sgay hayo.
Ana shu hayo va iffat adabiyotda zulmkorlik va jafokorlik deya ramziy talqin etilgan. Chunki u borki, muhabbatning qadri ortadi, ko‘ngilda ishq yanada yolqinlanadi. Shuning uchun Huvaydo "Ishq lazzat bermagay, dilbarki ayyor bo‘lmasa" deydi. Shu bois Bobur "Ishq dardini chekib har kimki topsa vasli yor,Ul zamon bo‘lg‘ay unut yuz yilgi hijron shiddati" baytini yozgan. Atoyining 7-sinf darsligiga kiritilgan bir g‘azalidagi "Yururda yeng bila og‘zingni tutma, Nimaki yo‘qturur yoshurmog‘ing ne" baytida mubolag‘a bilan yor og‘zining torligi tasvirlanishi barobarida qizning andisha bilan og‘zini yengida to‘sib yurishida ham milliy xarakter, ham milliy ko‘rinish (kiyinish) berilgan. Sharq yigitlarining faxri, Sharq qizlarining ko‘rki bo‘lmish bu "sitam-u jafokorlik" xislatlarini hamma davrlarda barqaror ko‘rish istagi qadimdan bu motivni adabiyotda barqaror qilganini adabiyot muallimi tarbiyalanuvchilariga alohida urg‘u berib anglatishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |