127
Ko‘m-ko‘k kengliklaringga.
Ular xuddi dengiz misoli -
Hudud bilmas.
Unda muhabbatning ilk to‘lqinlari
Yashil gilam bo‘lib hayqirar.
Unda barcha firoq durrachalari,
Qushlar qanotidek hilpirar.
Bu o‘rinda shoir nafaqat eng qadimgi arab adabiyoti an’analariga, balki G‘arb
adabiyotiga ham ergashadi. Olmoshlar, istioralar, majozlar - bularning barchasi ashyolarni
ob’ektiv holatdan sub’ektiv idrok sohasiga ko‘chirish vositasidir. Shu yo‘l bilan shoir bu
ashyolarni nafaqat o‘z holicha, bir biridan ajralgan holda, balki ularning tabiat va inson
tasavvuridagi o‘zaro haqiqiy yoki xayoliy aloqalari orqali ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bunday uslub syurrealistlar ijodida o‘zining avj nuqtasiga yetdi.
Syurrealizm (ma’nosi-realizmdan yuqori) XX asr adabiyoti va san’atidagi o‘ta
formalistik yo‘nalishlardan biri bo‘lib, freydizm, intivituizm kabi sub’ektiv - idealistik
nazariyalarga suyanadi. Syurrealistlar san’atda bilimning ob’ektivligini, aql va tajriba rolini
inkor etadilar. Ular ijod sarchashmalarini ongning g‘ayrishuuriy, beixtiyor sodir bo‘ladigan
faoliyati - tushlar, gallyusinatsiyalar, instinktlardan qidiradilar. Bu esa ularni mantiqiy
bog‘lanishlarni inkor etishga, sub’ektiv tasavvurlar - assotsiatsiyalarni qalashtirib yuborishga
olib keladi.
Al-Bayotiy "Bolalar va zaytun daraxtlariga olqish" to‘plamida syurrealistik usuldan
uzoqlashgan bo‘lsa, "Quvg‘inda bitilgan she’rlar" to‘plamida u yana syurrealizmga qaytdi.
Ammo bu qaytish aslo uning she’riyatiga xos kurashchan mazmundan voz kechish ma’nosini
bildirmas edi. Bayotiy o‘z asarlarida syurrealizmning ba’zibir xususiyatlarini saqlab qolgan
bo‘lsa ham, ammo u har doim voqelik bilan aloqada bo‘ladi, shoirning jamiyatni o‘zida aks
ettiruvchi oyna sifatidagi vazifasini to‘g‘ri tushunadi.
Bayotiy she’riyatining aksariyati milliy muammolardan bahs yuritadi. U o‘z xalqining
qalb urishini yaxshi his etadi, uning hayoti bilan yashaydi. Bayotiy o‘z hayotini kurashga
bag‘ishlagan, fransuzlar qamoqxonada o‘ldirgan vatanparvar hayoti bilan mengzab yashaydi.
Uzun tunlarni uyqusiz o‘tkazar-
Qamoqxona derazasi yonida,
U - yashiringan
bir sirdir,
Bezabon bandi,
O‘lim kutayotganidan bexabar.
U o‘ldi, ammo maslakdoshlari barhayot.
U o‘ldi... Lekin notinch qalblar tepmoqda.
U Aljazoir tuprog‘i uzra ozodlik kelishiga ishonadi.
Bayotiy vatani Iroqning fojealarini o‘ylab motam tutadi, hukmdorlarning jinoyatlarini
birma-bir sanab beradi:
Mening yurtimda ko‘z yoshi va qondan-
May qilurlar. Quyoshni esa soqchiga haydatib,
Barcha eshiklari qulf shaharni kezdirurlar.
Bu o‘lik shahar - mening ona Bag‘dodim.
Al-Bayotiy Port-Said jangi haqida bunday yozadi:
Tarixning marmar lavhasiga yozilgan,
Jang haqidagi
qonli qasida, ey Port Said.
Undagi har bir harfdan tomchilaydi qon.
Mag‘lubiyat bilmaslikdir uning ma’nosi.
Axir u momoqaldiroqdek xalq g‘azabidan yasalgan,
Satrlaridan miltiqlar o‘qtalib turar,
Botir jangchilarning qurolidir bu,
Va go‘daklarning ochiq ko‘zlari.
128
"Quvg‘inda bitilgan she’rlar"ning har bir bandida, har bir parchasida arab yurti mavzusi,
xalq
haqidagi, uning intilishlari haqidagi o‘ylar o‘z ifodasini topgan.
Shoir sof sevgi tuyg‘ulari, go‘zalligi haqida kuylaganida ham katta, hayotiy
muammolarni unutmaydi. Masalan, "Malika va bulbul" she’rini u turmush o‘rtog‘i Hind bilan
birinchi bor uchrashgan bog‘ manzarasi tasviridan boshlaydi.
Bir tong g‘amgin limonzor bog‘ga,
Yugurib kelding men bilan uchrashmoq uchun.
Shoxda oshiq bulbul sayrar edi u mahal,
Jannat bo‘ylari taralardi har tomon.
Shunda to‘qnash
keldi ikki olovli nigoh,
Jahon yaproqlar o‘yinidek shivirlab ketdi.
"Ertaga bog‘ yo‘lagida uchrashamiz", deya,
Va’da berdi menga totli ovozing.
Ammo Bayotiy bu lirik bayonni to‘xtatib o‘z malikasiga achchiq voqelik to‘g‘risida
xabar beradi:
Yillar uchib o‘tdilar,
Bulbul ham endi yo‘q.
Mening malikam - olis yulduzdir,
Yangi yaproqlar horg‘in shivirlar.
Shaharda dushmanlik qahrin sochmoqda,
Limon bog‘i -
jim qoldi xavotirlik qo‘ynida.
Gitara ovozini jimjitlik yutar,
Qamoqxonalar do‘stlarimizdan to‘lib toshgan,
O‘lim panjalari bahorga chang solmoqda.
Bayotiy har doim, hatto muhabbat tasvirida ham kurashchi bo‘lib qoladi. Nozim Hikmat
u haqda bunday yozgan edi: "Uning muhabbati kurash rangiga bo‘yalgan".
Shoir o‘z hayotida ko‘p g‘amli voqealarni boshdan kechirgan bo‘lsa ham, uning
she’riyatida tushkunlik, umidsizlik motivlari sezilmaydi. Uning og‘zidan faqat bir shikoyat
chiqadi, u ham bo‘lsa, o‘z xalqi, ona shahri Bag‘doddan judolikdan shikoyat. Uning shikoyatida
umidsizlik sababi bayon etiladi, bir kun kelib ona yurtida istibdodning ildizlari qo‘porilishiga
umid aks etadi.
Bayotiy she’rlari o‘ta uyg‘un va musiqali. Shoir o‘z asarlarining musiqiyligini oshirish
uchun ba’zan ayrim qofiya so‘z, iboralarni takror-takror qo‘llaydi va bu o‘quvchida chuqur
taasurot qoldiradi.
Xomush sidiradi uning qo‘llaridan
jinoyat izlarini
Qora oy, jinoyat izlarini
Yoki:
Tunda sevganlarim
birin-ketin
Eshigimni qoqadilar, sevganlarim.
"Jinoyat izlarini", "sevganlarim" so‘zlarining takror kelishi shoir niyat qilgan obrazning
o‘quvchi ongida mahkamroq o‘rnashib qolishiga xizmat qiladi:
Ko‘pincha al-Bayotiy so‘zlarni tanlab, ularning ma’nolarini qator tizilgan birikmalarda
qiyoslab zikr etish usulidan foydalanadi.
Tun - miltiqlar,
Tun - yong‘inlar.
Tun - aldov nafasi,
Tun - qonli zarbalar.
She’rni qiyoslar bilan boyitib, "tun" so‘zini qayta-qayta takrorlar ekan, shoir misralarni
xuddi janglar aks sadosidek quyilib, jaranglab kelishga majbur etadi, shu yo‘l bilan vahima va
o‘lim muhitini tasvirlashga erishadi.
129
Ba’zan shoir yumshaydi, so‘zlar uning qalami ostida yaproq yozib gullaydi, ajib nur va
go‘zal jarang kasb etadi:
Ko‘m-ko‘k qushcha nilufar
qafasda-
Qo‘shiq kuylar: "muhabbat, vatan, erk!"
("Nilufar va erk")
Bayotiyning she’riyati uning o‘ziga xos iste’dod, did egasi, xasos shoir ekanligi
guvohidir.
"Quvg‘inda bitilgan she’rlar" majmuasi tanqidchilar tomonidan yaxshi kutib olindi. Ali
Said bunday yozadi: "Uning she’rlari yetuk, ular uchqur arg‘umoqqa yoki o‘tkir tig‘ga
o‘xshaydi".
Bayotiy boshqa shoirlarga nisbatan balandparvoz va tumtaroq ifodalarga kamroq
murojaat etadi. Uning she’rlarida so‘zlar tabiiy holda qo‘shilib, oqib keladi, ular go‘yo tirik
mavjudotlar kabi shoir niyatini payqab qatorlashgandek tuyuladi.
Iroq she’riyati yangi davrda voqelikka yaqinlashdi, unda bechorahol aholi qatlamlarini
umid, ehtiyojlarini aks ettirishga moyillik seziladi. Suriya va Livan adabiyotidagi ilg‘or oqimlar
ta’siri, boshqa mamlakatlar adabiyoti bilan kengroq tanishish Iroq adabiyotida realistik
yo‘nalishning quvvat olishiga sabab bo‘ldi. Bu davr shoirlari ko‘pincha mumtoz she’riyat
qoidalaridan voz kechadilar. She’r qofiya va aruz kishanlaridan ozod bo‘ladi, erkin she’r
atalmish shakl tug‘iladi. Erkin she’r baytning vazifasini o‘zgartirdi, uning mustaqilligini, asosiy
band sifatidagi maqomini yo‘qqa chiqardi, uni yaxlit badiiy asar tarkibiga boshqa baytlar bilan
bog‘langan holda kirishga majbur etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: