Ben Jellun (1919 yilda tug‘.) Misrda o‘qidi. U yo‘nalish va uslub jihatidan turlicha
bo‘lgan bir necha kitob muallifidir. Ular orasida tarix, iqtisod, madaniyatga oid kitoblar bilan bir
qatorda badiiy asarlar – «Bu marokashdir» («Hazihi Marokesh»), «Bolaligim» («Fit-tufula»),
«Qonli vodiy» («Vadi ad-dima», 1948) hikoyalar to‘plami ham bo‘lib, ularda mustamlakachilik
yuki ostida ezilgan xalq taqdiri haqida hikoya qilinadi.
Gallab ham Ben Jellun kabi Misrda o‘qidi. U ijtimoiy-siyosiy va adabiy muammolarga
bag‘ishlangan «Madaniyat va adabiyot haqida» («Fi-s-saqafa va-l-adab») kitobi hamda «Yetti
eshik» («Sabatu abvab»), «Omadli kishi o‘ldi» («Mata karir al-ayn») romanlari muallifidir.
O‘zining oxirgi to‘plamiga yozgan so‘zboshisida Gallab «buyurtmali», ya’ni ijtimoiy faol,
167
ma’lum siyosiy dasturini targ‘ib qilishga qaratilgan adabiyotga nisbatan munosabat bildirdi.
Adib bunday asarlarning badiiy qimmati haqida ba’zibir tanqidchilar salbiy fikr bildirishlariga
qaramay, ular juda katta ijtimoiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidlaydi. O‘quvchi adibdan hayotda
uchraydigan insonlar obrazini chizishni, hayotda ro‘y beradigan voqealarni tasvirlashni talab
qilishga haqli, yozuvchi muxlislar talabini inobatga olishi lozim, deb hisoblaydi.
Marokashning hozirgi arabiyzabon poeziyasi o‘rta asrlar adabiyotining boy an’analarini
meros qilib oldi. Boshqa arab mamlakatlarida bo‘lganidek, Marokashda shoirlar mumtoz
adabiyotni «zamonaviylashtirish» ga, uni bugungi kun talablari darajasiga ko‘tarishga intiladilar.
Keksa avlod vakillari – Muhammad as-Sulimani (1863-1926), Abdulloh al-Fasi (vaf. 1930)
ijodlarida asta-sekin mumtoz adabiyotdan chekinish boshlanadi, bu jarayon XX asr boshlarida
Muhammad Garrit, Ahmad al-Balgisi, Muhammad as-Suleymaniy kabi liriklar ijodida tezlashib
bordi. Mazkur adiblar she’riyatida ijtimoiy hayot voqealariga munosabat, mustamlakachilik
zulmiga qarshi norozilik, islom dinini zamonaviylashtirishga, ma’rifatga chaqirish, zamonaviy
sivilizatsiya va texnik yutuqlarni ta’riflash ifodalanganini ko‘rish mumkin.
Marokashning hozirgi zamon shoirlari orasidan Muhammad al-Xalauini alohida ajratib
ko‘rsatish kerak. U Fesdagi Karauin universitetini tugatgan, asarlari mavzusi juda keng bo‘lib,
ham Marokashga oid ijtimoiy-siyosiy muammolarni, ham xalqaro hayot masalalarini qamrab
oladi. 1956 yilda uning birinchi she’rlar to‘plami – «Ohanglar va aks sadolar» («Angam va
asda») bosilib chiqdi.
Marokashning arabiyzabon poeziyasida borgan sari ko‘proq yangi tamoyillar ko‘zga
tashlanmoqda. An’anaviy lirikaning shakli va mazmunini yangilashga intilayotgan shoirlar
jumlasidan Abu Bakr al-Lamtuni, Mustafo Muhammad as-Sabbag‘a, Muhammad at-
Tanjaunlarni tilga olish mumkin.
Marokashning arabiyzabon dramaturgiyasi ham o‘zining ilk qadamlarini qo‘ymoqda.
Muhammad at-Tanjaui Marokashda birinchi bo‘lib «Ozodlar gimni» («Anashid al-ahrar») nomli
she’riy pesani ijod etdi. 1952 yilda esa, o‘quvchilar Bel Xashmining «Chodirni uloqtirgan ayol»
dramasi bilan tanishib, unga yuksak baho berdilar. Muhammad bin Zayyanning 1958 yilda
yozgan «Kanza» pesasi ayollarning jamiyatdagi o‘rni masalasiga bag‘ishlangan; 60-yillarda al-
Hasan as-Saihning «Arjluna», «Buyuk Sulaymon», «Malikshoh» kabi bir qator tarixiy pesalari
bosilib chiqdi.
Marokashning adabiy arab tilidagi adabiyoti shakllanishi yo‘llarini bosib o‘tmoqda.
Shoirlar, nosirlar, dramaturglar yangi badiiy metodni egallashga, boshqa arab mamlakatlari,
jahon yozuvchilari tajribasini o‘zlashtirishga harakat qilmoqdalar.
Marokashning fransuzzabon nasrining tug‘ilishi 1949 yilda Ahmad Sefreuining
«Qahrabo tasbih» novellalari to‘plami e’lon qilingan vaqtda boshlanadi. Bu to‘plam ma’lum
darajada an’anaviy adabiyot bilan bo‘lgan aloqani o‘zida mujassamlantiradi. Shu bois
Sefriuining ilk kitobida diniy pandgo‘ylik tamoyili ustunlik qiladi. Yozuvchi taqvodorlikni,
dindoshlarga muhabbatli bo‘lishni, halol yashashni targ‘ib etadi. Bu tamoyillar, ayni vaqtda,
mustamlaka mamlakatlar hayotiga kirib kelayotgan arab burjua merkantilizmiga qarshi norozilik
sifatida ham yangraydi. Pandomiz, majoziy novella janrining o‘zi Sefriui ijodida arab mumtoz
adabiyoti janri bo‘lmish – maqoma ta’sirida paydo bo‘lganini taxmin qilsa bo‘ladi.
Sefreuining ikkinchi asari – «Ajoyibotlar sandiqchasi» (1954) bolalik ayyomiga
bag‘ishlangan avtobiografik asar bo‘lib, Shimoliy Afrika yozuvchilari ijodiga xos maishiy
asarlarga yaqin turadi. Sefriui Marokashning shaharlik mohir hunarmandlarining an’anaviy
turmushini badiiylashtirib tasvirlaydi, mustamlakachilik davri ijtimoiy problematikasi esa
asardan tashqarida qolib ketadi. Yozuvchi tasvirlagan, Marokashning patriarxal davriga xos
farog‘atli turmush manzaralari uning ijodini G‘arbning eskicha romantik asarlariga
yaqinlashtiradi. Bu asarlarda ham sarmoyaning beshafqat zo‘ravonligi ostida parchalanib
borayotgan, ideallashtirib tasvirlangan patriarxal turmush aks etgan edi. Ayni vaqtda Sefriui,
birinchi galda, Marokash yozuvchisi. Uning asarlaridagi milliylik nafaqat ular mavzusida
(Marokashning o‘ziga xos shahar sivilizatsiyasi, unda o‘rta asrlar Andaluziyasining badiiy
an’analarini o‘zida aks ettiradigan amaliy san’atning gullab yashnashi kabi), balki tasvir
168
ob’ektiga munosabatda ham seziladi. Hatto Sefriui ijodining diniy qobiqqa egaligi ham
Marokash madaniyatining o‘ziga xosligi bilan, uning arab dunyosining ijtimoiy harakatlardan
yiroq chet o‘lkasi bo‘lgani bilan, boshqa Mag‘rib davlatlariga nisbatan ijtimoiy hayotning barcha
jabhalarida islom dinining arxaik institutlari tayziqi sezilib turishi bilan izohlanadi.
Dris Shraybi (1929 y. tug‘.) ijodi esa boshqacha yo‘nalishda davom etadi. U boshqa
adiblarga ko‘ra ko‘proq Mag‘rib ziyolilarining mustaqillik arafasidagi kayfiyatini aks ettiradi.
Uning ijodi «intellektual adabiyot» atalmish toifaga mansub. Bu adabiyot bevosita hissiyotga
ta’sir etadigan voqelikni emas, balki hayot haqidagi mulohazalarni, bugungi dunyo borasidagi
yozuvchi konsepsiyasini o‘zida aks ettiradi. Hayotiy materialga bunday yondashish oqibatida
Shraybi qonuniy ravishda haqqoniy tasvirdan chekinadi, to‘liq holda majozdan foydalanadi.
Uning «Eshak» (1956) va «Olomon» (1961) nomli romanlari aynan shu uslubda yozilgan.
Adib asarlarining asosiy mavzusi – g‘arbcha demokratiyaga erishgan mamlakat taqdiri
(qoloq, feodal Marokashda so‘nggi o‘n yilliklar davomida kapitalistik munosabatlar sur’at bilan
rivojlanib bormoqda), shuningdek, xuddi shu g‘arbcha demokratiyani fosh qilishdan iborat.
«Eshak» - mustaqillikni qo‘lga kiritgan mamlakat haqidagi majoziy asar bo‘lib, uni
shartli ravishdagina roman deb atash mumkin. Asarda «haddan tashqari to‘satdan, haddan
tashqari majburan asrlar davomida o‘ziniki bo‘lgan dunyodan yangi, ularni yutib yuborgan,
muvozanatdan chiqargan, oldindan mag‘lub qilib qo‘ygan dunyoga o‘tilgani» haqida gapiriladi.
Shraybi vatandoshlarining minglab yillar davomida hukmron bo‘lib kelayotgan qotib qolgan
turmush tarzidan undan battar mudhish muhitga, hozirgi G‘arbning «ommaviy jamiyati»
muhitiga kirib kelishida xavf-xatar his qiladi. «Eshak» romanida Shraybiga xos «olomon insoni»
iborasi paydo bo‘ladi. Bu tushunchani keyinchalik u «Olomon» nomli pamflet romanida izohlab
berdi. Uning ta’biricha, taraqqiyot va sivilizatsiya tanholikni tug‘diradi. «Biz qanchalik
madaniyroq bo‘lib borsak, shunchalik yashashni unutib boramiz. Oxir-oqibat, biz hayot haqidagi
tasavvurdan butunlay mosuvo bo‘lamiz, hayot bilan yuzma-yuz kelganda borgan sari ko‘proq
o‘zimizni tanholikda turmush girdobida g‘arq bo‘lgandek sezamiz. O‘shanda o‘zaro jipslashib,
podaga aylanamiz, millat, din, mafkura yoki iqtisodiy tizim doirasidagi to‘da shakliga kiramiz…
Hozirgi jamiyatshunoslik atamasi bilan aytganda, «ommaviy madaniyat» mevasi bo‘lgan
«olomon insoni» shunday paydo bo‘ladi».
79
«Eshak» romanida nimaga ko‘ngil qo‘yishni, nimaga ishonishni bilmagan olomon o‘z
kuchini ishlatadigan joy izlaydi, maqsadsiz ravishda yo‘lida uchragan barcha narsalarni yakson
qiladi. Kitob ramzli mudhish manzara tasviri bilan tugaydi: qop-qora olomon «sotqin»larni
qidirib harakatga tushadi, sotqin bo‘lsa bas, «vatanini sotgan, xudoni sotgan, ayniqsa, ana shu
olomonga xiyonat qilganlar»ni izlaydi. Bu omma kuchini qo‘zg‘ab, unga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata
olmaganlarning jazosi. Mana, qurbon ham tayyor – bu sartarosh Musa. U qilgan xatosini anglab,
odamlarni «chin hayotga» qaytarmoqchi bo‘lgan edi. Uni tiriklay o‘tda yoqishadi, ammo bu
qilmish olomonning ko‘r-ko‘rona g‘azabi tufayli yuz bermaydi. Olomon uni ur-kaltak qilmaydi,
balki oldindan belgilangan taomilga ko‘ra jazolaydi. Buning boisi, Shraybi fikricha, olomonning
uyushish kuchiga ishonishda, eng ishonchli uyushma esa kazarmadir.
Haqiqat qidiruvchi Musa obrazi o‘ta dramatik. Uning shartliligi ta’kidlanib tursa ham, bu
obraz nigeriyalik yozuvchi G.Okaraning «Ovoz» (1964) povestidagi Okologa o‘xshab ketadi. U
ham Musa kabi o‘zini o‘rab turgan ma’nosiz hayot qobig‘ini yorib chiqmoqchi bo‘ladi, lekin
muvaffakiyatsizlikka uchrab, vatandoshlarining ongsizligi, qo‘rqoqligi qurboniga aylanadi.
Marokashlik Shraybi va Nigeriyalik Okara yaratgan tasvirlardagi fojeaviylik Afrikaga xos
voqelikdan kelib chiqqan bo‘lsa ham, ammo Shraybining o‘z zamonasi haqidagi tasavvurlari
G‘arb mafkuraviy konsepsiyalari, ayniqsa, fransuz ekzistensializmining buyuk namoyandasi
Alber Kamyu (1913-1960) qarashlari ta’sirida shakllangani yaqqol sezilib turadi. Bu ta’sir
nafaqat «Eshak» romanida bot-bot uchraydigan dunyoning absurdligi, ma’no-maqsadsizligi
haqidagi fikrlarda, balki Kamyu qahramonlari singari kurashga qat’iyat bilan bel bog‘lagan,
Kamyuning «Nuzul» (1956) qissasi qahramoni aytganidek, atrofdagilarning tushunmasligidan,
79
Современные литераторы Африки. М.:1973, С.87.
169
«devorga gapirib» noumid bo‘lishdan qo‘rqmaydigan qaysar Musa obrazida ham ko‘zga
tashlanib turadi. Shraybi asarning parabolik – qabariq shaklini Kamyuning estetik prinsiplari
ta’siri ostida tanlagan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas, Kamyu ham o‘z kitoblarida muallif
falsafasini bayon etishga imkon beradigan shartli holatlarni tasvirlaydi. U o‘z kundaligida «faqat
obraz orqali fikrlash mumkin, faylasuf bo‘lishni xohlasang – roman yoz», - deb qayd qilgan.
Yozuvchi odamlar orasidagi parokandalikni yo‘qotish mumkin emasligi haqidagi o‘z
tasavvurini Musa va «belkurak ko‘targan odam» orasidagi suhbat tasvirida ifodalagan. Musa
uning ko‘zi oldida xuddi o‘zi kabi yaxshi hayot haqidagi orzulari chippakka chiqqan qiz o‘zini
o‘ldirganidan hayajonda. Bu haqda u tasodifiy suhbatdoshiga aytib bermoqchi bo‘ladi. «Ha, men
u yerda sakkiz kun qolib ketdim, sakkiz kun…», «Ha, - javob beradi unga belkurak ko‘targan
kishi, - bu juda yaxshi belkurak». Ko‘rinishdan, suhbatdoshi unga diqqat bilan quloq solib
turgandek». “Burab chiqarsangiz, - davom etadi u, - kurakka aylanib qoladi, o‘rniga qotirsangiz
uchli belkurak bo‘ladi. Bu belkurak Amerikada chiqqan…»
Musa, axiri, bu odamga gap uqtirishdan hafsalasi pir bo‘lib deydi: «Bir hisobdan kar
bo‘lganingiz ham ma’qul. Kar bo‘lmaganingizda ham, baribir, gaplarim qulog‘ingizga kirmasdi.
- Kasaba uyushmasining baholari qirq sakkiz soatlik hafta hisobidan qilingan, - deydi
belkurak ko‘targan kishi. U ayb ish qilib qo‘ygan odamdek tortinibgina kulib qo‘ydi.»
80
«Olomon» asarida tasvirlangan voqea o‘ta keskin, dramatik bayonga asoslangan,
«Eshak» romani bilan qiyoslaganda, yengil hazilga o‘xshab ketadi. Shunga qaramay asar
madaniy odam imkoniyatlari haqidagi zaharxandaga to‘la. Asar syujeti korchalon matbuot
tomonidan olomonning navbatdagi xudosi, joni – diliga aylantirilgan sobiq tarix o‘qituvchisi
Matyurenning hokimiyatni egallashi, farmonravonligi va ag‘darilishi tasviriga asoslangan.
Matyuren esi past, ahmoqni hokimiyat ustida ko‘rishni istab qolgan puldorlarning fitnasi
oqitabida hokimiyat tepasiga chiqib oladi. Ammo uning mustaqil ravishda sog‘lom fikrlashga
qobil ekanligini, ularning qudratini cheklashga qaror qilganini bilganlaridan so‘ng ag‘darib
tashlaydilar.
Falsafiy satira an’analariga ko‘ra yozilgan bu romanda Shraybi ijodiga xos milliy xislat
deyarli sezilmaydi. Ammo uning ijtimoiy konsepsiyasi birmuncha o‘zgargani, voqealarni
baholashda yozuvchining erkin harakat qilishi, bizningcha ijobiy xislat sifatida qaralishi
mumkin. Endi Shraybidagi voqelikka fatalistik qarash, hukmronlik qilayotgan ma’nosizlik,
absurdning mutloqligi borasidagi qarashlar yo‘qolib boradi.
Shraybi nazarida absurd falsafasi ilgarigi ko‘rkamligini yo‘qotgandek bo‘ladi, hatto bu
narsa burjua tuzumining hukmdorlargagina naf keltiradigan mevasi bo‘lib ko‘rinadi.
«Olomon» romanida Bi ismli qandaydir janobning obrazi chizilgan. U kerakli molni
yetkazib beruvchi monopolistik korchalonlarning malayi. Matyurenning o‘zi, uning biror-bir
siyosiy dastur mohiyatiga ega bo‘lmagan siyosiy dasturi ham shunday tovardir. Istisnosiz hamma
narsa bilan – o‘rgamchik va ustasi farang yozuvchilar uchun mo‘ljallangan adabiy syujetlar,
qahramonlar, situatsiyalardan tortib siyosiy partiyalar, BMTdagi eng chaqqon tovar – bu
tonnalab sotiladigan absurddir.
Marokashning fransuzzabon prozasi 60-yillarda rivojlanishdan to‘xtab qoldi – 1962
yildan, ya’ni Shraybining «Hammabop meros» romani nashr etilganidan boshlab 1967 yilgacha
bitta ham yangi asar nashr etilmadi.
Marokashda 60-yillarning oxirlarida yosh iste’dodli muallif Muhammad Xayriddin
maydonga chiqib, 1967 yilda «Agadir» qissasini, 1968 yilda bir kitob holida ikkita kichik qissa –
«Manfiy jism» va «Rahmdil tangricha tarixi»ni, 1969 yilda «O‘rgimchaksimon quyosh» she’rlar
to‘plamini bosmadan chiqardi. Yozuvchi syurrealizmning kuchli ta’siri ostida ijod qiladi. Uning
odatda birinchi shaxs tilidan qilingan, bir ko‘rinishda bir-biri bilan bog‘lanmagan bayonida
muallifning, xuddi Shraybi kabi, g‘arbning g‘ayriinsoniy sivilizatsiyasiga qarshi noroziligi o‘z
ifodasini topgan. «Atom portlaydi. Odamlar boyiydi. Buning uchun vayronalarni borib
ko‘rishning o‘zi kifoya. Odamlar yashirinadi. Faqat soldatlar bu yerdan o‘tish huquqiga ega.
80
Современные литературы Африки. М.: 1973. с.89.
170
Taqdiri azal tuni. Men Prometeyman. Men o‘z tanimdan voz kechaman, ichak-chavog‘imni
xomtalash qilaman, bu – oz narsa emas. Ha, mse, men haq berayapman. Siz so‘rov o‘tkazgani
kelgansiz. Mse, siz insonparvarsiz, siz tushunasiz, sizdan hech narsani yashirmayman. Sizni bu
yerga xo‘jayin yuborgan. Ammo qurib ketsin, qurigandan qurib ketsin, bu vayronalardan siz
nima olmoqchisiz? Xayr, mayli, bu gaplarni qo‘yaylik».
81
Marokashning fransuzzabon poeziyasida Jazoir adabiyotidagi o‘ziga diqqatni jalb
qiluvchi ko‘rkamlik – xalq og‘zaki ijodi bilan bog‘liqlik ko‘zga tashlanmaydi. To‘g‘ri,
Muhammad Aziz Lahbabi arab va berber poeziyasi antologiyasini tuzib, o‘zi barcha asarlarni
fransuz tiliga badiiy tarjima qilib berdi va bu to‘plamning eng katta va eng muvaffaqiyatli qismi
to‘y, marosim, qahramonlik qo‘shiqlari, boshqa xalq qo‘shiqlariga oid bo‘limidir. Muhammad
Aziz Lahbabi Marokash shoirlarining eng yirigi bo‘lib, birinchi galda serqirra iste’dodi bilan
mashhurdir. U ham tarjimon, ham folklor to‘plovchisi, ham shoir, ham faylasuf. U arab tilida
yozilgan quyidagi falsafiy asarlar muallifidir: «Islom mutafakkirlari» (1946), «Erkinlik yoki
erkin bo‘lish» (1956), «Yashirindan ochiqlik tomon» (1961). U fransuz tilida ham she’rlar
to‘plami nashr ettirdi va unga o‘zining 1959 yilda yozgan eng mashhur she’ri – «Qorong‘ulik va
yorug‘lik»ni kiritdi. 1969 yilda Laxbabining «Ovozim o‘z yo‘lini qidirmoqda» nomli yana bir
she’rlar to‘plami bosilib chiqdi.
Laxbabi she’rlarini chin ma’noda grajdanlik lirikasiga taaluqli, deyish mumkin. O‘z
she’rlarining shiormonandligi, xitobga, ochiqdan – ochiq chaqiriqqa moyilligi bilan u jazoirlik
shoir Anri Kreani eslatadi:
Yetar ko‘z yoshi, o‘kirib yig‘lashlar,
Endi g‘azabga o‘rganmoq vaqtidir.
Tiz cho‘kib yashash munosib emas,
Boshingizni ko‘taring, nurga intiling!
Salom sengi, mustaqillik!
Muhammad Xayriddinning ijodiy uslubi boshqacha. U Marokashdan ham ko‘ra Parijda
sevimli, avangardizmning namoyandalaridan biri hisoblanadi. «O‘rgimchaksimon quyosh»
to‘plami adibning katta ijtimoiy muammolar ustida bosh qotirayotganini, uning syurrealizm
qonuniyatlari hududida siqilib qolganini, bu qonuniyatlar uning asarlaridagi ijtimoiy jarangni
bo‘g‘ib qo‘yayotganini ko‘rsatadi. Bu jihatdan uning reaksionerlar tomonidan o‘ldirilgan
Marokashning ilg‘or jamoat arbobi Mehdi Ben Barqiga bag‘ishlangan she’rining so‘ngi satrlari
diqqatga sazovor:
O‘lim – bu tamaki bargidir,
G‘aliz narsani chaynagandeksan.
O‘lim – bu jasurlikdir.
To‘plamga kirgan yana bir she’r – «Janjal» qora tanli Afrikadagi fransuzzabon inqilobiy
poeziyaning rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgan Ema Sezerga bag‘ishlangan. Xayriddin o‘z she’rida
Afrika ijodiy intelligensiyasining bu peshqadam yo‘lboshchisini qutlaydi.
Kemal Zebdi ham o‘z vataniga ko‘ra Parijda ko‘proq shuhrat qozongan. U 1961 yilda
bosib chiqargan «Mulkim ovozi» to‘plami uchun Fransiya Akademiyasi mukofotiga sazovor
bo‘ldi. Zebdi asarlari Muhammad Xayriddin she’rlaridan o‘quvchilarga tushunarliligi bilan
ajralib turadi. U «avangardizm» cho‘qqilarini zabt etgan emas, uslubi Preverning bezaksiz
lirikasi kabi sodda, bolalar she’riyatiga xos qisqa va mug‘ombirona yarim ertak she’rdir.
Mening kichik bir uycham bor edi.
U «devordagi barmoqcha» deb atalar edi.
Biz ikkovlon unda rohat qilib yashardik,
So‘ngra esa,
Sen devordan oshib tushding, ketib qolding.
Bir o‘zim kirmoqchi bo‘lganimda
«Devordagi barmoqcha»ga
81
Современные литературы Африки. М.: 1973. с.90.
171
Buning uchun, albatta, barmog‘imni devorga qo‘yganimda.
Shunda devor –
Qulab tushdi, qulab tushdi barmog‘im ustiga.
Sindirganini sindirdi.
Sovuq qotayapman, og‘riqdan azob chekayapman.
«Mulkim ovozi» mavzu jihatidan ham, shakl jihatidan ham milliylikdan yiroq. Uning
asosiy mazmuni ishqiy lirikadan iborat, ba’zida esa shoir Parijning yengiltabiat udumlarini
tanqid qilib qo‘yadi. Shu bilan birga Marokashning fransuzzabon poeziyasini Yevropaning
modaga kirgan ana shu asarlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqlid qilish hamda antikolonial siyosiy
shiorsifat she’rlar bilan cheklab qo‘yish insofdan bo‘lmas edi. Marokashning yosh yozuvchilari
muhitida 60-yillarning oxirida, xuddi Jazoirdagidek, ajoyib bir harakat kuzatildi. Yosh
bo‘lishlariga qaramasdan «Suffl» («Epkinlar») jurnalida doimiy ravishda bosilib turadigan
asarlari orqali mamlakatda tanilgan bir necha shoir o‘zaro yaqin adabiy prinsipga asoslangan bir
guruh tuzadilar. Bu prinsiplar avangardizmga xos so‘z o‘yinlaridan voz kechish, ozodlikka
chiqqan Marokashning ichki muammolariga diqqatni qaratish, oddiy odamlar, xalq turmushiga
yaqindan nazar solishni ko‘zda tutadi.
Marokashning yosh shoirlari ovozi samimiy va qat’iy yangramoqda. Bu mamlakatdagi
fransuzzabon she’riyat kelajagini voqelikka ochiq ko‘z, murosasizlik bilan yondashayotgan ana
shu yoshlar belgilaydi, deb umid qilish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |