146
zamon madaniy taraqqiyot bosqichida ham arab, ham fransuz tilidagi adabiy an’analarni
rivojlantirishga, ularning bir-birini boyitib borishi imkoniyatlaridan foydalanishga undaydi.
Jazoirning fransuz tilidagi adabiyoti o‘zining XX asr o‘rtalaridagi
muvaffaqiyatlari nuqtai
nazaridan Afrikaning boshqa mamlakatlarida Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropa tillarida
tez sur’atlar bilan shakllanib borayotgan adabiyotlar orasida alohida ajralib turadi. Bu hol bir
qaraganda g‘alati
tuyulsa ham, ammo mohiyatan to‘g‘ridir.
Jazoir adiblarining fransuz tilida ijod qilishi mamlakatda yevropacha ta’limning joriy
qilinishi, musulmoncha ta’lim tizimining siqib chiqarilishi bilan bog‘liq. Mustamlaka davrida
xayriya hisobiga oz sonli eski maktablargina yashirin tarzda faoliyat ko‘rsatar edi. Ammo bu
harakatlardan mustamlakachilar kutgan natija teskari bo‘lib chiqdi. Ular bu yo‘l bilan yerli aholi
ichidan "evropalashgan" kolonial rejim tarafdorlarini yetishtirmoqchi bo‘lgan edilar, ammo
amalda fransuz tili yosh jazoirlik ziyolilar uchun ilg‘or ijtimoiy g‘oyalarni, hozirgi zamon
jamiyati taraqqiyoti muammolarini o‘rganish vositasi bo‘ldi, pirovard natijada bu til shimoliy
afrikaliklar uchun mustamlaka holatini yaxshiroq anglab, unga nisbatan o‘z munosabatlarini
ishlab chiqish imkonini yaratdi. Aytish mumkinki, fransuz tili orqali Jazoir adiblari jahon
adabiyoti va estetikasining eng yangi yutuqlari bilan tanishdilar, jamiyatning bugungi
ehtiyojlariga mos badiiy tasvir vositalarini o‘zlashtirdilar. O‘rta asr an’analari ta’siridan qutulib
ulgurmagan Jazoirning arabiyzabon adabiyoti uchun bu vositalar yangi edi.
Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda milliy o‘zlikni anglashning tez sur’atlar bilan
o‘sishi, Jazoir ziyolilari g‘oyaviy dunyoqarashining sezilarli darajada kengayishi, estetik
tasavvurining boyishi - bularning barchasi Jazoirning o‘ziga xos adabiyoti, ayniqsa, Jazoir
uchun, qolaversa, boshqa arab mamlakatlari uchun ham yangi bo‘lgan roman janrining gurkirab
taraqqiy etishiga olib keldi. Ayni paytda bir qarashda kutilmagan holat ham ko‘zga chalinadi:
Jazoir yozuvchisi o‘zini fransuz tili olamida qanchalik erkin sezsa, fransuz va jahon madaniy
boyliklari bilan qanchalik chuqurroq tanishib borsa, u shunchalik berilib o‘zining g‘arb olamidan
o‘zgachaligini, mustaqilligini ko‘rsatishga, tanqidiy fikrlarini yashirmaslikka harakat qiladi.
Hozirgi zamon Jazoir madaniyatining muammolaridan birini alohida ajratib ko‘rsatishga
to‘g‘ri keladi, bu haqda jazoirlik adiblar ham ko‘p gapiradilar: bu madaniy an’analarga vorislik,
jumladan, xalq og‘zaki ijodini o‘zlashtirish masalasidir. Hozirgi davrda Mag‘ribning ham
fransuz, ham arab tilidagi adabiyoti, birinchi navbatda, yozma adabiyot an’analariga tayanadi.
Jazoir yozuvchilari o‘z ijodida milliy madaniy merosga munosabat masalasini qanday hal
qilayotganini esa, ularning asarlarini tahlil qilish orqali bilish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: