137
Marun Abbud 1886 yilning 9 fevralida tug‘ilib, 1962 yilda Aynu Kifah qishlog‘ida
olamdan o‘tdi. Adib dindorlar oilasida tarbiya ko‘rdi. Eng avval u qishloq maktabida ta’lim olib,
so‘ngra avliyo Ioann madrasasida o‘qidi. Madrasadan so‘ng Bayrutdagi falsafiy – diniy institutga
kirib, diniyotdan ta’lim oldi va ruhoniy bo‘lib ishlashi lozim edi. Ammo u boshqa yo‘lni tanladi,
uni jurnalistika qiziqtirar edi.
Abbud ruhoniy oilasidan bo‘lgani sababli diniy xurofotlardan yaxshi xabardor edi va
ularga qarshi kurashdi.
Abbud jurnalistik faoliyatini «an-Nasr» gazetasida boshladi, keyinroq o‘zi «Hikoya»
gazetasini nashr ettirdi. U Livanning ko‘pchilik gazetalari nashrida ishtirok etgan edi.
Adib 1926 yildan pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanadi. U o‘z mamlakatining ko‘zga
ko‘ringan ma’rifatparvarlaridan bo‘lib, maorifni rivojlantirishga katta ulush qo‘shdi,
ziyolilarning bir necha avlodini tarbiyalab yetishtirdi. U mamlakatning ijtimoiy va madaniy
hayotida faol
ishtirok etdi, Damashq ilmiy jamiyati a’zosi edi.
Marun Abbud Xalqaro tinchlik komiteti a’zoligiga saylangan. Adabiyot sohasida u,
asosan, novellist va adabiy tanqidchi sifatida tanildi. Abbud 50 yoshida adabiyotga kirib keldi va
50 ta asar yozdi. Ular orasida «Qizil amir» (1954) tarixiy romani, «Amin ar-Rayhoniy»
monografiyasi, adabiyotshunoslikka oid «Pakanalar va devqomatlar», «Shaxslar va
sarguzashtlar», «Uyg‘onish arboblari», «Qog‘ozdagi siyohlar», «Eski va yangi»,
«Laboratoriyada» kabi asarlar mavjud.
Yozuvchining estetik qarashlari haqida gapiriladigan bo‘lsa, ular voqelikni realistik aks
ettirish, zulmning barcha shakllariga qarshi kurashga asoslanishini ta’kidlash lozim. «Xalq
to‘g‘risida, uning yaxshi turmush uchun olib borayotgan kurashi haqida yozish naqadar zavqli.
Bu san’at, ijoddagi eng to‘g‘ri yo‘l», - degan edi adib.
Abbudning estetik qarashlari, adabiy didi rus adabiyoti ta’sirida shakllandi. Bu haqda
uning o‘zi yozgan edi: «Men rus mumtoz adabiyotini afzal ko‘raman, Gorkiyning «Ona» asarini,
unda o‘z ifodasini topgan badiiy tasvir va xalq ideallari uyg‘unligini yuksak qadrlayman».
Abbud rus yozuvchilari bilan xat yozishib turar, ulardan yozuvchilik sirlarini o‘rganib,
insonparvarlik g‘oyalari, ma’naviyatini qalbiga jo qilar edi. «Shafqatsiz mittilar» hikoyalar
to‘plami rus tiliga tarjima qilinganda u behad xursand bo‘lgan edi. «Bu to‘plam ingliz yoki
fransuz tiliga tarjima qilinganda men bunchalik to‘lqinlanmagan bo‘lur edim. To‘plamim
Tolstoy, Gorkiy, Dostoyevskiy tili bo‘lmish rus tiliga tarjima qilingani men uchun katta
sharafdir».
Abbud novellalarida, asosan, Livan qishlog‘ining hayoti va urf-odatlari tasvirlanadi. Adib
fallohlar hayotini yaxshi bilar, tashvishlarini yaxshi tushunardi. Shuning uchun ham u asarlarida
dehqonlarning haqqoniy obrazlarini chizishga muvaffaq bo‘lardi. Qahramonlar nutqi
individuallashtirilgan, adabiy til va sheva unsurlari katta mahorat bilan uyg‘unlashtirilgan holda
ishlatiladi, maqol va matallardan keng foydalaniladi.
«Milod» hikoyasida qishloq hayotining ayanchli manzarasi chiziladi. Dehqon bola Milod
omad ilinjida shaharga ketadi. Uning umri boshdan oxirigacha mehnat, ochlik, azob-uqubatdan
iborat. Bolaning hayotida birorta ham baxtli kun bo‘lmagan. Ammo Bayrutda ham hayoti
qishloqdagidan yaxshiroq emas. Bayrutda ham Milod oldida baxt eshigi ochilmadi. Shaharda
unga o‘xshaganlar son-sanoqsiz. Kimdir hammollik qiladi, boshqa birov gadoychilik, uchinchisi
esa o‘g‘irlik bilan kun ko‘radi. Adib och-nahor, juldurvaqi Milodning azob-uqubatlarini batafsil
tasvirlaydi. Nihoyat Milodning onasi kelib uni qishloqqa olib ketadi.
Hikoyada chuqur ijtimoiy xulosalar chiqarilmaydi, ammo u o‘quvchini benavo –
bechoralar taqdiri haqida o‘ylashga majbur qiladi, odamlarni bunday ahvolga solgan jamiyatga
nisbatan e’tiroz o‘yg‘otadi.
«Yo‘q, otajon» hikoyasida an’anaviy mavzu – ayollar taqdiri qalamga olingan. Hikoya
qahramoni Sitt al-Ixva yosh, go‘zal. Ota-onasi uni sevmagan, lekin boy odamga uzatmoqchi
bo‘lishadi. Qiz qalbida bu muhabbatsiz nikohga qarshi ixtiyorsiz e’tiroz tug‘iladi. Ammo na ota-
onasi, na atrofidagi boshqa odamlar uni tushunishmaydi yoki tushunishni xohlashmaydi. Faqat
uning xolasi Sitt al-Beytgina uning tarafini oladi, unga o‘zining boshidan o‘tgan voqealarni
138
gapirib beradi. Bir vaqtlar yoshlik paytida uni ham sevmagan kishisiga turmushga bermoqchi
bo‘lishgan, lekin u qat’iylik bilan harakat qilib, sevgilisi Mixailga sodiq qoladi. Cherkovda nikoh
marosimida ruhoniy undan «Parvardigorning bandasi Levandusni erlikka qabul qildingmi?» -
deb so‘raganda, u qo‘rqmasdan «yo‘q», - deb javob beradi. U bor kuchini yig‘ib, ruhoniyga
qarab qichqiradi: «Guvoh bo‘l, hazrat, men Mixail Butrusni erlikka qabul qildim!» Mixail ham,
o‘z navbatida, baland ovoz bilan shunday so‘zlarni aytadi. Bu qilmishlari uchun ular cherkov
la’natiga uchraydilar. Bu, ya’ni toj kiymasdan bir necha guvohlar huzurida nikohdan o‘tish
yevropacha nikoh deyiladi.
Adib turmushdagi xurofotlarga qarshi chiqadi, qizlar o‘z umr yo‘ldoshini o‘zi tanlashi
kerak deb hisoblaydi. Xolasining sarguzashti Sitt al-Ixvaga kuch bag‘ishlaydi. U o‘z baxti uchun
kurashga bel bog‘laydi. «Azmingni mahkam qil, boshingni baland ko‘tar. Qo‘ymijoz bo‘lma,
taqdiring o‘z qo‘lingda», - deydi unga xolasi.
Abbud voqelikni tanqidiy ko‘z bilan ko‘radi. U qoloq xurofotlar, feodal sarqitlarga
qarshi, ammo ma’naviy tanazzulga boshlovchi g‘arb san’atiga ko‘r-ko‘rona ergashishni, milliy
an’analardan uzilib qolishni ham yoqlamaydi. Marun Abbud o‘z asarlarida yoshlarni xalq
manfaati uchun faol ijtimoiy va mehnat faoliyatiga chorlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: