139
olingan. Asarda publisistik uslub ta’siri sezilib turadi va yozuvchining publisistikadan
belletristikaga o‘tishi jarayonini o‘zida ifoda etadi.
1955 yilda Jorj Xananing «Alp Ubayd» romani bosmadan chiqdi. Ubayd ismli yetim
bola taqdiri haqida hikoya qiluvchi bu asar ijtimoiy – maishiy roman janriga taaluqlidir.
Ubayd o‘rtog‘i bilan birga hayotning shafqatsiz sinovlaridan o‘tadi: qurilishda ishlaydi,
ko‘chada gazeta sotadi. Qahramonlarning quyi tabaqalardan tanlanishi yozuvchiga konkret
tarixiy sharoitda Livan dehqonlari va ishchilarining musibatli hayotini tasvirlash imkonini
beradi. Romanda qahramonlar ongining o‘sishi jarayoni ham ifodalangan. Ular inqilobiy faoliyat
bilan shug‘ullana boshlaydilar, shu yo‘l bilan o‘z hayotiy muammolarini hal qilishga umid
bog‘laydilar.
Roman qahramonlari o‘zlariga tarafdor topish maqsadiga «Xalq ovozi» gazetasini
chiqara boshlaydilar. Inqilobiy faoliyat tufayli ular ko‘p marta hokimiyat vakillari bilan
to‘qnashadilar, bir necha bor qamoqqa tashlanadilar. Ammo bunga qaramasdan ular kurashni
davom
ettiradilar, bir kuni g‘alaba qozonishlariga umid bog‘laydilar.
«A.F. oilasi» qissasi dehqonlar mavzusiga bag‘ishlangan. A.F. harflari asarning bosh
qahramoni obrazini bildiradi. A.F. livanlik dehqon, tirikchilik g‘amida oilasi bilan Bayrutga
keladi. Bu yerda to oila boshlig‘i nogiron bo‘lib qolguncha qadar ular amal-taqal bilan kun
kechiradilar. Ammo birin-ketin oila boshiga falokatlar yog‘ilib kelaveradi. A.F.ning xotini sil
kasaliga mubtalo bo‘ladi, yangi tug‘ilgan chaqaloqlari vafot etadi, qizlari Salma maktabni
tashlab, oilaga yordam berish uchun ishga kiradi.
Adib A.F., uning xotini, bolalari bu ko‘rguliklarga taqdir hukmi sifatida mo‘minlik bilan
chidaganlarini tasvirlaydi. Faqat kenja qiz Saad unday emas. U jiddiy hayotiy muammolar ustida
bosh qotiradi, odamlar taqdiri faqat yozug‘, tasodifga bog‘liq bo‘lmay, jamiyat, davlat ularni
himoya qilishi lozim, degan xulosaga keladi.
Asarda Saadning murakkab ichki kechinmalarini tasvirlashga ko‘p o‘rin ajratilgan, uning
uzoq ichki kurash natijasida jamiyatda o‘z o‘rni, huquqini qo‘lga olish uchun kurashish kerak,
degan xulosaga kelishi tasvirlab berilgan. U ham «Alp Ubayd» qahramoni singari mamlakatdagi
inqilobiy kuchlar kurashiga qo‘shiladi. Livanlik taniqli tanqidchi Husayn Muruvva romanni
yuqori baholaydi.
1962 yilda Jorj Xananing esdaliklari «G‘urub arafasi» nomi bilan bosilib chiqdi. Bu asar
o‘quvchini adib biografiyasi bilan tanishtirishi bilangina diqqatga sazovor emas. U mazkur
davrning ijtimoiy hujjati sifatida ham ahamiyat kasb etadi. Unda Xana mamlakatdagi ijtimoiy
ahvol, o‘zining hayotiy va falsafiy kredosini bayon etgan.
Moskvaga qilingan to‘rt safaridan keyin u 1963 yilda «Samolar darvozasi oldida»
pesasini yozadi. Pesa falsafiy mavzularga bag‘ishlangan, inson va samoviy kuchlar orasidagi
dialog shaklda yozilgan. Unda diniy bag‘rikenglik, jaholat va xurofotga qarshi kurash g‘oyalari
targ‘ib etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: