IROQ HIKOYaChILIGI
Iroq she’riyati mamlakatning o‘zidek qadimiy tarixga ega bo‘lsa, uning nasri nisbatan
yosh - XX asrning boshlarida tug‘ildi.
O‘rta asrlarda ham nasr - sehrgarlik va maishiy ertaklar, roman - maqomalar mavjud
bo‘lgan, ammo ular "quyi" janrlar hisoblanib, avomga mo‘ljallangan edi.
Iroq tarixida XIX asrning ikkinchi yarmidan umumjahon madaniy jarayonlar ta’siri sezila
boshladi. Natijada, XIX asrning oxirlariga kelib ilk ijtimoiy hikoyalar, she’rlar yuzaga keldi, XX
asrning boshlaridan esa, nasrda yozilgan dastlabki gazeta feletonlari paydo bo‘ldi. Adabiy
hayotda ro‘y bergan bunday siljish o‘sha vaqtlarda Usmonli saltanatining chet o‘lkasi
hisoblangan Iroqda ijtimoiy ongning o‘sishi, xalqning siyosiy jarayonlarga tortilishi sababli ro‘y
bergan edi.
1908 yilda amalga oshgan yosh turklar inqilobi Usmonli saltanatining barcha
go‘shalarida ijtimoiy - siyosiy hayotning jonlanishiga sabab bo‘ldi. Faqat Bag‘dodning o‘zida 69
gazeta va 20 jurnal chiqa boshladi, ularda ijtimoiy - siyosiy feletonlar ham e’lon qilina boshladi.
Feletonlarda sharq ertaklari, xususan, 1001 kecha ertaklari uslubidan keng foydalanilar, shoir M.
ar-Rusafiy turk ma’rifatparvari Nomiq Kamolning "Tushlar" nomli asarini turk tilidan tarjima
qilgandan so‘ng esa, feletonda qahramonlarning tush ko‘rishi uslubini qo‘llash juda ham keng
tarqaldi. Ana shu tamsiliy vosita orqali feletonchilar yosh turklar hukumatdorlarining nuqsonlari,
jinoyatlarini fosh etar, ijtimoiy hayotning xunuk tomonlarini aks ettirar va vatandoshlarning urf-
odatlari ustidan kulishar edi.
Masalan, Al-Amin o‘zining "Iroq qanday qayta tiklandi" feletonida vatanining ko‘p
jihatdan usmonliklardan ustun turadigan shavkatli o‘tmishi bilan g‘ururlanishi tuyg‘usini
ifodalaydi. Gazeta feletonining siqiq hajmi imkon bergan darajada u mazkur asarda ideal
davlatning xayoliy manzarasini chizadi.
67
Amin hikoyasi, har qanday ilk xayoliy asarda bo‘lganidek, kelib chiqish jihatidan folklor
bilan bog‘liq edi. Asarda sotsial utopiya va cho‘pchak yaxlit holda keladi. Har qanday utopiyada
bo‘lganidek, bu feletondagi siymolar individual insoniy xislatlarga ega emas, inson tafakkuri esa
asl estetik zavq manbaidir.
67
Письмена на дереве. М.1983. Б.4.
130
Aminning xizmati shundaki, o‘z asarlarida u dolzarb ijtimoiy muammolar doirasini
belgilab berdi, keyingi o‘n yilliklar davomida ana shu muammolar Iroq yozuvchilari ijodining
grajdanlik qimmatini o‘zida ifodalab berdi.
Feleton XX asrning 30-yillarigacha rivojlanib bordi, Abdulvahob al-Amin (1912), Ja’far
al-Halimiy (1904), Ibrohim Solih Shukr, Mixael Tesi, Nuri Sobit va boshqalar bu janr
taraqqiyotiga katta hissa qo‘shdilar. Ularning feletonlarida ma’rifatparvarlik g‘oyalari - zararli
urf - odat va xurofotlardan xalos bo‘lishga, jamiyat manfaatlarini ko‘zlab halol va erkin mehnat
qilishga, qashshoqlik bilan kurashishga chaqirish o‘z ifodasini topardi.
Mahmud Amin as-Said (1901-1937) satirik va yumoristik hikoyalar yozar, ular o‘zining
o‘tkir siyosiy yo‘nalishi bilan diqqatni tortar edi. Yozuvchi adabiyotni ijtimoiy taraqqiyot
vositasi deb bilar, ko‘ngilxushlik uchun yozilgan asarlarni rad qilardi. Xalq turmushi, Iroq
ijtimoiy hayoti muammolari uning diqqat markazida turar edi. Ammo shunga qaramay nasr
ancha vaqtgacha arab o‘quvchilari muhabbatini qozona olmadi.
Abulvahob al-Amin g‘arb mamlakatlarida son-sanoqsiz nasriy asarlar yozilgan bo‘lsa
ham, arab adabiyotida ularning soni barmoq bilan sanarli ekani, Iroqda ba’zi noshirlar nasrga
salbiy munosabatda bo‘lishi, yosh ijodkorlarni nasrdan sovutib poeziyaga targ‘ib qilishlari
haqida o‘kinch bilan yozadi.
Iroqdagi adabiyot ixlosmandlari 30-yilargacha Misr va Suriya yozuvchilarini ko‘proq
mutolaa qilishar, ularning asarlari badiiy jihatdan yetukroq deb hisoblashardi.
Iroqda hikoya janrining shakllanishi Zunnun Ayyub nomi bilan bog‘liq. U o‘z
hikoyalarini 1933 yildan e’lon qila boshladi va 20 dan ortiq to‘plam nashr ettirdi. Zunnun Ayyub
adabiyotga, Iroqning ijtimoiy-siyosiy hayotiga bag‘ishlangan bir qator maqolalar ham e’lon
qilgan.
Iroq hukumati Zunnun Ayyub asarlarini nashr etishni tez-tez taqiqlab turar, ularda
mavjud tuzumga xavf soluvchi g‘oyalarni ko‘rar edi. Adib uch roman muallifi hamdir, ular
"Doktor Ibrohim", "Mehnatkashlar", "Er, qo‘l va suv" asarlaridir.
Zunnun Ayyub - realist yozuvchi. "Men qat’iy ishonamanki, - deb yozgan edi u, -
madaniyat xodimlari, birinchi navbatda, yozuvchilar zimmasidagi eng jiddiy vazifa bu haqiqiy
hayot manzaralarini, atrofimizda bo‘layotgan voqealarni qayta jonlantirish, badiiy ifodalashdan
iboratdir". Bu so‘zlar Iroqning barcha ilg‘or yozuvchilari, eng avvalo, shu satrlar muallifining
ijodiy kredosini o‘zida mujassamlantiradi. Adibning birinchi hikoyalar to‘plami - "Orzu"dayoq
birovlar qashshoqlikda, boshqa birovlar boy-badavlat yashashlari, musulmon ayolining
huquqsizligi, xalqning yoppasiga savodsizligi manzaralari tasvirlangan edi. 1945 yilda
yozuvchining "Doktor Ibrohim" romani bosmadan chiqdi. Asarda yozuvchi Iroqning hokim
tabaqalari kirdikorlari, ularning firibgarliklari, laganbardorliklarini ayamay fosh etdi. Bu roman
yozuvchiga katta shuhrat keltirdi. Hokimiyat vakillari asarni o‘zlariga qarshi qaratilgan xuruj deb
qabul qildilar, Zunnun Ayyub davlat idorasidagi xizmatdan quvildi. Adib sargardonlikda hayot
kechira boshladi, mamlakatni deyarli u boshidan bu boshigacha aylanib chiqdi, Iroq dehqonlari
hayoti bilan yaqindan tanishdi. Bu safarlar unga "Er, qo‘l va suv" qissasini yozishga material
berdi.
Rus tiliga Ode Vasilyev tomonidan "Majid Rahimning ishi" nomi bilan tarjima qilingan
bu asar erksevar Iroq xalqi, uning yer uchun olib borgan kurashi haqida hikoya qiladi.
O‘tgan asrning 50-yillarida Zunnun Ayyub milliy frontdan parlamentga deputat bo‘lib
saylanadi. Ammo 1954 yilda bu parlament tarqatib yuboriladi va Ayyub muhojirat qilishga
majbur bo‘ladi. Iroqdagi 1958 yil inqilobgacha u Venada yashadi. Inqilob g‘alaba qozongach u
tezda Bag‘dodga qaytib ijtimoiy va madaniy-oqartuv faoliyatiga kirishib ketdi. Dastlab u Iroq
radiosining direktori, Iroq Yozuvchilar Uyushmasi raisining o‘rinbosari, Iroq tinchlik tarafdorlari
komiteti a’zosi lavozimlarida ishladi.
Zunnun Ayyub tarjimon sifatida ham yaxshi tanilgan. Uning xizmati tufayli arablar
ko‘pgina rus klassiklari asarlari bilan tanishdilar. Bular jumlasida Gogolning "Shinel",
Dostoyevskiyning "Aka-uka Karamazovlar", Turgenevning "Otalar va bolalar", Gorkiyning
"Ona" romanlari bor. Shunday bo‘lsa ham, u ko‘proq novellist sifatida tanilgan.
131
Ayyub hikoyalarining asosiy qahramonlari o‘rta tabaqa vakillaridir. Ularning bosh
mavzusi esa, ezilgan musulmon ayolining azob-uqubatlari, dehqonlarning og‘ir turmushi, davlat
amaldorlarining poraxo‘rligi, hokimiyat vakillarining zo‘ravonligi va adolatsizligidan iborat.
Yozuvchining ilk asarlarida hali tasvirda yorqinlik, aniqlik yetishmas edi. Ularda
voqelikka nisbatan sub’ektiv yondashuv sezilib turar, ba’zan esa bu hol nasihatgo‘ylik,
didaktikaga aylanib ketar edi. Muallif faktlarni umumlashtirishga harakat qilmas, jamiyat
nuqsonlarini tanqid qilish bilan cheklanar edi. Ammo bu kamchiliklar asta-sekin Ayyub ijodidan
yo‘qola bordi, hikoyalarning badiiy saviyasi o‘sdi, ularda birovlarning huquqsizligi,
boshqalarning mustabidligiga nisbatan isyonkorona ruh paydo bo‘ldi.
Yozuvchi ijodida Iroq fallohlari hayoti va kurashi katta o‘rin egallaydi. Bu jihatdan uning
yuqorida ko‘rsatilgan "Er, qo‘l va suv" qissasi diqqatga sazovordir.
Qissada yersiz dehqonlarga yordam berishga bel bog‘lagan advokat Majid rahbarligidagi
bir guruh vatanparvarlar haqida hikoya qilinadi. Guruh a’zolari o‘z jamg‘armalarini to‘plab
davlatdan anchagina maydondagi ekilmaydigan yerni ijaraga olib, kooperativ tashkil qilish
uchun yersiz dehqonlarga berishni mo‘ljallashadi. Ammo mahalliy feodallar bu ish ularga zarar
keltirishini sezib, dehqonlarning orzusi ro‘yobga chiqishiga qarshilik qiladilar. Qissa hukumat
namoyandalarining adolatsizligiga qarshi uyushtirilgan namoyish bilan tugaydi, o‘quvchini
korrupsiya va ochiqdan-ochiq talonchilik hukm surgan feodal tuzumga qarshi albatta kurashish
lozim, degan fikrga olib keladi.
Fallohlarning og‘ir turmushi tasviri, personajlarning alangali nutqlari, Iroqdagi progressiv
kuchlar rahbarligida tobora kengayib borayotgan hayot-mamot kurashi – bularning barchasi
Zunnun Ayyub qissasini endi tug‘ilib kelayotgan tanqidiy realizm adabiyoti jumlasiga kiritish
imkonini beradi. Muallifning o‘zi asarni erkparvarlik g‘oyalari bilan mashhur bo‘lgan
Muhammad Mahdiy al-Javohiriyga bag‘ishlagan edi.
"Tangrichalar" hikoyasi ham feodallar istibdodi va bedodligi tasviriga bag‘ishlangan.
"Shayx dehqonlarning barcha ekinlariga, mollariga, o‘zlariga xo‘jayin. Quyosh, yomg‘ir,
shamollar ham unga xizmat qiladi. Bu bir tirik xudo, u buyuradi, taqiqlaydi, tiriltiradi,
o‘ldiradi."
68
"Tangrichalar" hikoyasida qul holiga tushib qolgan fallohlarning shafqatsizlarcha ezilish,
ularning mehnati esa, katta yer egalariga mo‘may daromad keltirayotgani ochib berilgan.
"Tangrichalar" hikoyasi Iroqning podshohlik davridagi feodallar - shayxlarning istibdodi va
zo‘ravonligiga qarshi qaratilgan g‘azabli e’tirozdir.
Zunnun Ayyub musulmon ayolining huquqsizligi, azob-uqubatlari haqida ham ko‘p
asarlar yozdi, ularda ayollar chekayotgan ruhiy qiynoqlar, ularning ozodlikka bo‘lgan
intilishlarini tasvirladi.
«Qurbonlar» nomli (1938) to‘plamga kirgan uch hikoyada uch ayolning fojeali taqdiri
haqida hikoya qilinadi. Ulardan biri - "Nomus" hikoyasi qahramoni, nomus haqidagi xunuk
xurofotlar va eskirib ketgan chirik tushunchalar qurboni bo‘lgan yosh qiz. Ikkinchisi badavlat
xonadonning o‘ta kamtar va o‘qimishli qizi. Uni zo‘rlab yomon ko‘radigan kishisi - axloqsiz va
qimorboz bir odamga uzatishadi ("Najot yo‘li"). Uchinchisi sevgisiga sodiq, ammo tashlab
ketilgan ayol. U insoniy azob-uqubatlarga befarq bo‘lib ketgan jamiyatda tanholikda umidsiz
yashaydi.
Abdulhaq Fozil (1919 y.tug‘.) yuqori diplomatik lavozimlarda xizmat qilgan yozuvchi,
shuning uchun bo‘lsa kerak, u o‘z asarlarida o‘tkir ijtimoiy muammolarni chetlab o‘tar edi.
Uning ijodiga xos narsa oilaviy munosabatlarni ko‘tarib chiqish va qadimgi rivoyatlarga taqlid
qilish edi.
Abdulmajid Lutfiy (1908 y.tug‘.), Abdulmalik Nuriy (1921 y.tug‘.), Anvar Shaulni bu
vaqtda kun tartibiga qo‘yilgan "Ochlarga - non" shiori ilhomlantirar edi. O‘quvchining aqli,
vijdoniga qattiq ta’sir o‘tkazish maqsadida novellistlar mumtoz adabiyot va milliy folklor ifoda
68
Письмена на дереве. Б.10.
132
vositalariga murojaat qilishar, Anvar Shaul o‘z qahramonlari qiyofasini "1001 kecha" ertaklariga
o‘xshatib chizardi.
Iroq novellistikasi XX asrning 50-yillari boshidan G‘arb adabiyoti ta’siriga tusha
boshlaydi. Ba’zibir yozuvchilar "tafakkur oqimi", psixoanaliz usullaridan foydalana
boshlaydilar. Bu hodisa badiiy ijodning yangi ma’naviy - estetik bazasini yaratish yo‘lida
qilingan harakatlar bilan bog‘liq edi. Voqelikni rad etish, ammo uni o‘zgartirish imkoniyatidan
mahrumlik yozuvchilarda umidsizlik, tushkunlik kayfiyatini uyg‘otar, shu sababdan ularning
qahramonlari yov muhitda tanho va begona bo‘lib yashayotgandek tasvirlanar edilar.
Yangi uslubning ayrim belgilari ilk bor yozuvchi, rassom va aktyor Nizor Salim ijodida,
uning "Toshqin" (1952), "Qonunchilik uyi" asarlarida namoyon bo‘ldi. Adib ijodida Jeyms Joys
ijodidagi irrasionalizm ta’siri sezilib turadi. G‘anim ad-Dabbag‘a asarlarida ham anglanmagan
tuyg‘ular tasviri yaqqol ko‘zga tashlanadi. Lekin bu davrda bo‘lib o‘tgan jo‘shqin siyosiy
voqealar, 1958 yil 14 iyul inqilobi ma’lum muddatga Iroq novellistikasini publisistik yo‘nalishga
qaytardi.
Monarxiya zamonida polisiyaning zo‘ravonliklari va shafqatsizligi inqilobdan keyingi
davr hikoyalarining mavzusi bo‘lib xizmat qilar edi. Abduljabbor al-Hakim, Hozim Murd kabi
yozuvchilar kitoblari sahifalaridan o‘tmish xunuk va qora ranglarda chizilardi - davlat
apparatidagi korrupsiya tasviri, amaldorlarning vazifasi xalq qonini so‘rish va uni tahqirlashdek
ko‘rsatilishi, odamlarni misrlik sotsialist Saloma Muso iborasi bilan aytganda "mash’um uchlik"
- kasallik, qashshoqlik, jaholat ixtiyoriga topshirib qo‘yilgandek chizilishi bu davr adabiyotiga
xosdir. Hikoyalar qahramonlari yoki ochlik, g‘am, kasalliklar, qamoqxonadagi kaltaklashlardan
halok bo‘ladilar, yoki aqldan ozib o‘z jonlariga qasd qiladilar. Zamondoshlar "Qora tuzum" deb
nomlangan hukumat tobora tarix qa’riga cho‘mib, uzoqlashib borsa ham, kitoblar sahifasidan
jaranglagan faryodlar tinmas edi. Bu hikoyalarning o‘ziga xos xususiyati, bir tomondan
voqealarning noizchil, uzuq-yuluq, publisistik jo‘shqin bayon qilinishi, sergaplik, kompozision
bo‘shlik, obrazlarning yaxshi ishlov berilmagani, syujetlarning odmiligi bo‘lsa, ikkinchi
tomondan, ularda muallifning xalq g‘amiga sherik qilib tasvirlanishi o‘quvchilarga ularni
haqqoniy, ishonarli qilib ko‘rsatishida edi.
1958 yilgi burjua-demokratik inqilob tomonidan e’lon qilingan ijtimoiy-iqtisodiy
islohotlarning hayotga sust tatbiq etilishi, mamlakatni larzaga solib turgan siyosiy to‘ntarishlar,
ommaviy qatag‘onlar, vatanparvar kuchlarning tarqoqligi Iroq yozuvchilari muhitida tushkunlik
kayfiyatini uyg‘otar edi.
Edmon Sabri (1921-1975), yigirmadan ortiq hikoya, pesa, qissalar to‘plami muallifi,
mehnatkashlarning feodal-monarxiya tuzumi davridagi azob-uqubatlari haqida yozdi. Uning
1958 yil inqilobidan bir necha yil keyin bosilib chiqqan kitoblarida qahramonlarning hayoti
ilgarigidek nursiz tasvirlanadi. Yozuvchining tushkunlik ruhida yozilgan hikoyalaridan Iroq har
qanday harakat chippakka chiqadigan mamlakat, degan mazmun kelib chiqadi. Sabriyning
talqinida 1958 yilgi inqilob dehqonga yer, ishchiga yetarli maosh, ziyoliga ijodiy erkinlik olib
kelmadi, degan xulosa chiqadi.
Abdullo Niyoziy (1926 y.tug‘) inqilobdan oldin hayotni azob-uqubat sifatida tasvirlar
edi. Uning "Muhabbatning intihosi" (1949) qissasi, "Tuman bo‘laklari" hikoyalarida shaxs va
uning muhit bilan kurashi, oddiy hayot qiyinchiliklari qalamga olingan. Bu asarlar qahramonlari
arzimas qiyinchiliklar oldida ham sarosimaga tushib qoladilar.
Inqilobdan keyin yozuvchining "Bayram" nomli hikoyalar to‘plami nashrdan chiqdi. Bu
asarlarda ham qahramonlar ruhiy nomutanosib tasvirlangan, ammo endi bu ruhiy qusur ularning
qashshoqligi, huquqsizligi, hukumat namoyandalarining shafqatsizligi, kelajakning mavhumligi
oqibati sifatida talqin etiladi.
"Vahimali shivirlash" (1971) to‘plamiga kirgan shu nomdagi hikoya ichki monolog
uslubida yozilgan. Hikoyada har xil masalalar mavhum tarzda qo‘yilgan: insonning vujudga
kelishining ilk sabablari, hayotning maqsadi va ma’nosi, inson hayotidagi haqqoniy va to‘qima
tasavvurlar va hokazolar. Lekin bu savollarning javobi aniq shaklda ifodalanadi: qaxramonni
qamoqqa oladilar, chunki adib talqinida yorug‘ dunyoda chin haqiqat bitta-yu bitta - qamoqxona.
133
Qahramon monologi quyidagi so‘zlar bilan nihoyasiga yetadi: "Men o‘zim bilan o‘zim
gaplashishimni ular qaerdan bilishdi ekan?" muallifning fikricha, Iroqning tarixi bir terroristik
tuzumning boshqa xuddi shunday tuzum bilan almashuvidan iborat, unda hech qanday ma’no
yo‘q, uning harakatlantiruvchi kuchi - siyosiy terror, qotillik, o‘lim.
Abdusattor Nosir (1947 y.tug‘.), Sa’d al-Bazzoz (1951 y.tug‘.), G‘ozi al-Ibodiy (1935
y.tug‘.) asarlari o‘zining keskin psixologizmi, yolg‘iz shaxsning qalbini ezayotgan g‘am-alamni
chuqur tadqiq etishga harakat qilinishi bilan ajralib turadi. Ularning qahramonlari - sil kasali,
ruhiy kasallik, o‘limga maxkum etilgan bandilar, bangi va ichuvchilar, irodasiz odamlar.
Ularning barchasi o‘limga mahkum, yozuvchilar ularni shunday sharoitda tasvirlaydilarki,
bunday holatda taslim bo‘lishdan, o‘zining chorasizligini, qarshilik ko‘rsatishga ojizligini tan
olishdan o‘zga chora yo‘q. Ular davlatning beshafqat qonunlari, hokim axloq yuki ostida
ayanchli ahvolda turmush kechiradilar, har xil adolatsizlik va azoblarni boshdan kechiradilar. Bu
- voqelik bilan yovlashib, u bilan to‘qnashuvda majruh bo‘lib yashayotgan odamlarning
kechinmalari tasviri.
Iroq yozuvchilarning fikricha, zamona zayli va yangi o‘quvchining tajribasizligi ulardan
dahshatga soladigan darajadagi tasvir vositalaridan foydalanishni taqozo etadi. Shu sabab tufayli
ko‘p hollarda voqelik nomutanosib, nosog‘ taxayyulning qiyshiq oynasida aks etgandek
tasvirlanadi. Ularning metodi "tutaqtiruvchi poetika"dir. Yozuvchilar xuddi teskari dalil
keltirgandek: personaj qanchalik ojiz va g‘ayritabiiy qilib tasvirlansa, ularni shu ahvolga solgan,
go‘yo saranjom - sarishtaday ko‘ringan voqelik shunchalik ayanchli ko‘rinadiki, inson
hayotining ma’nosizligi, uning bu muhitdan begonaligi shunchalik yaxshi ochiladi.
Iroq novellistlarining ko‘pchilik asarlari umidsizlik ruhi bilan shunchalik to‘lib -
toshganki, boshqa arab mamlakatlari adiblari aksar hollarda ularda ifodalangan badiiy va estetik
konsepsiyani tushunishdan ojiz qoladilar. Livanlik adiba Aida Matrixi Idris Abdusattor
Nosirning "Uylarning hidi", Muhammad Xueyrning "Faryod" to‘plamlariga taqriz yozar ekan,
quyidagicha fikr bildirgan edi: "Hikoyalar dahshatli taasurot qoldiradi. Bu novellistlar
tasvirlagan voqelik shu darajada jirkanch bo‘lishi mumkinmikan? Ularda hatto tabiat ham
yig‘loqi, bir uyum axlatdek tasvirlangan".
69
Taniqli fransuz arabshunosi Gaston Vet 60-yillarning o‘rtasidayoq bunday yozgan edi:
Ularda «uzluksiz isyon, metafizik bezovtalik haqida so‘z boradi, har qanday harakat, intilish
foydasizdek ko‘rsatilishi bu sho‘rliklar haqida xuddi doira bo‘ylab aylanib, suv chig‘irig‘ini
harakatga keltirayotgan, ammo o‘zi atrofidagi biror narsani ko‘rmayotgan ko‘zi bog‘langan
tuyadek tasavvur uyg‘otadi... Inqilobiy harakatlarning vahshiylarcha bostirilishigina iroqliklar
yondashuvini oqlashi mumkin. Shu bois Iroq yozuvchilari "misli ko‘rilmagan qotilliklar" haqida
yozadilar».
70
Inson va muhit orasidagi murosasizlikni grotesk usulida tasvirlash bilan bir vaqtda Iroq
yozuvchilari boshqa adabiy usullardan, tagdor majozlardan ham foydalanganlar.
Mamlakatda adabiyot muxlislarining o‘qimishlilik darajasi o‘sib borishi bilan ularga
mo‘ljallangan adabiyotning intellektual saviyasi ham ko‘tarilib bordi. Bundan yigirma yil
muqaddam badiiy shaklning bunday nozik uslublari Iroq o‘quvchilari tomonidan qabul
qilinmagan bo‘lur edi. Chalasavod yoki tajribasiz o‘quvchilar qisman mumtoz poeziyadan,
qisman esa G‘arb adabiyotidan o‘zlashtirilgan har xil, ba’zan qarama-qarshi ma’nolarda talqin
qilinadigan murakkab ramzlarni tushunmagan bo‘lar edilar.
Yozuvchilar Iroq jamiyatidagi turli qatlam va guruhlar taqdiri haqidagi o‘z fikr-
mulohazalarini ana shu ramziy obrazlar bilan ifodalab izxor etardilar. Ularning qahramonlari
duch keladigan ziddiyatli holatlar zamirida yechimini kutib yotgan ijtimoiy va siyosiy
muammolar yashirinib yotardi.
Bayonga qadimiy rivoyatlandan lavhalar kiritish, ularni real voqelikka nisbat berish,
ko‘plab ramzlardan foydalanish, ko‘tarinki romantizm metodini naturalizm unsurlari bilan
chatishtirib qo‘llash qishloq qasoskorlari va jinoiy dramalar kuylovchisi sifatida nom chiqargan
69
Письмена на дереве. Б.12.
70
Письмена на дереве. Иракский рассказ. М., 1983, Б.12
134
Muhammad Abdulmajid (1943 y.tug‘.), Faqh as-Asadiy (1939 y.tug‘.) va boshqalar ijodiga
xosdir.
Abdurahmon Majid ar-Rubayi (1939 y.tug‘.) Iroq va umuman Sharq uchun yangi bo‘lgan
tasvir uslubidan foydalandi. U bir hikoyaning o‘zida qo‘rqmasdan shafqatsiz satira va nozik
lirizm, yuksak poeziya va qo‘pol fiziologizmni chatib ishlatdi. Ar-Rubayi o‘z hikoyalarida
hamma qabul qilgan adabiy me’yorlarga amal qilmas, tugun, portret chizgilarini tashlab o‘tardi.
Bu "mayda-chuydalar" orqali u hikoya mazmunini insonlar dunyosida hukm surayotgan alg‘ov-
dalg‘ovliklarga mos ekanini ta’kidlaydi. Topqir o‘quvchi esa ar-Rubayi hikoyalaridagi ichki
yaxlitlikni osongina ilg‘ab oladi.
Ar-Rubayining "Qilich va kema" novellasi Alber Kamyuning "Quvg‘in va podsholik"
(1957) asariga arabcha o‘xshamadir. Unda "qilich" "podsholik"ka aylanadi va kemaga tomon
shoshayotgan quvg‘indining boshi uzra ko‘tariladi. Ar-Rubayining talqinicha, reaksion hukumat
qilichi qashshoqlik, milliy ayirmachilik, fitna va xudbinlik tufayli parokandalikka yo‘liqqan
butun Iroq xalqini quvg‘indiga aylantirdi.
Iroq novellistlari har doim o‘zlarini ro‘y berayotgan voqealar, Iroq xalqi taqdiri uchun
mas’ul sezar, o‘quvchilarni o‘z hayotlari borasida fikrlashga majbur qilishga harakat qilishar,
buni o‘zlarining yozuvchilik va grajdanlik vazifalari deb bilishar edi. Uzoq muddat davomida
ular ijodi rivojlana borib, bayonning sodda, bir chiziqli uslubidan rang-barang, boy badiiy
vositalardan foydalanish darajasiga ko‘tarildi. Hayot haqiqatini tasvirlashda turli-tuman ifoda
usullaridan foydalanish hozirgi zamon kishisi tasvirining jozibali bo‘lishiga olib keldi.
Bu yozuvchilarning xizmati ijodiy o‘ziga xoslik va milliy xususiyatlarni saqlashga
bo‘lgan intilishda namoyon bo‘ladi. Ularning bo‘hronli davrlarda chekilgan umidsizlik alami
tufayli bo‘g‘ilgan badiiy asarlari insonlar qalbining eng nozik intilishlarini ijtimoiy tengsizlik va
zulmni tugatish uchun kurashga yo‘naltirdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |