Xitoy Xalq Respublikasi xo‘jaligi
1949-yil respublika deb e’lon qilingunga qadar Xitoy qoloq agrar mamlakat edi. Kam sonli sanoat markazlari asosan dengiz bo‘yidagi chet el kapitaliga "ochiq" xududlarda to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoat tarmoqlari, mashinasozlikni ba’zi kichik tarmoqlari nisbatan yaxshi rivojlangan edi. Bu markazlardagi korxonalar import xom ashyosini qayta ishlar edilar, bu esa mamlakatni ichki rayonlaridan xom ashyo keltirishdan ancha arzon tushar edi. Qishloq xo‘jaligi ham rivojlandi. Natijada dengiz bo‘yi mamlakatning qolgan hududlariga xuddi "orqa o‘girgandek" bo‘lib qoldi.
Shimoli-Sharqiy Xitoyda ko‘mir, temir rudasi, yonuvchi slanes zahiralari to‘plangan qismida og‘ir sanoat rivojlandi. Dengiz bo‘yi zonasining markaziy va janubiy qismi yengil va to‘qimachilik sanoatlarini rivojlanishi bilan ustun edi. Yirik iqtisodiy markazlar - Shanxayda ip gazlama, ipak, jun gazlama ishlab chiqarishni katta qismi to‘plandi.
Ichki rayonlar sanoatining rivoji asosan qishloq xo‘jalik xom ashyosini qayta ishlash va tog‘-kon sanoatiga qaratilgan edi.
XXR tashkil topgandan so‘ng xo‘jalikni tiklash ishlari olib borildi. Birinchi besh yillik (1953-1957) davrida mamlakatni sanoatlashishga o‘tkazildi, natijada YAIM va YAMMda sanoatning hissasi o‘sdi. Asosan og‘ir sanoat shiddat bilan rivojlandi. Sanoat gigantlari - Anshan metallurgiya zavodi, Loyan traktor zavodi, Uxan og‘ir mashinasozlik zavodi kabilar qurildi. Sobiq Sovet hukumati bu davrda katta yordam ko‘rsatdi.
1958 - yil kuzida XKPning VIII syezdi 2-sessiyasida "katta sakrash"ni e’lon qilinishi Xitoy xo‘jaligini rejali rivojlanishini izdan chiqardi. 7 yil ichida Angliyani quvib yetish va o‘zib ketishga hamda rivojlangan mamlakatlar darajasiga ko‘tarilishga bo‘lgan urinishdagi harakat inqiroz bilan tugadi. "Kommunizatsiya" kompaniyasi qishloqlarda kuch ishlatish yo‘li bilan olib borildi. Dehqonlar ertadan kechgacha dalada ishlashiga qaramay qishloq xo‘jaligi tushib ketdi va ocharchilik boshlandi.
70 - yillar oxiri Xitoy iqtisodni isloh qilishga majbur bo‘ldi. 1978 - yil dekabrda iqtisodiy islohot e’lon qildi.
Zamonaviy Xitoy sotsializmining o‘ziga xosligi ko‘p ukladli iqtisodga egaligidir. Zarar ko‘rib ishlovchi davlat korxonalarini hissasi asta-sekin kamayib, kollektiv sektor korxonalarining hissasi oshdi. 80-yillar oxiridan xususiy sektor korxonalari ko‘paydi. Qo‘shma korxonalar soni tezlik bilan o‘sdi.
Qishloq xo‘jaligida ham islohotlar o‘tkazildi. Dehqonlar yerlarni uzoq muddatli ijaraga olishdi. (15 yildan ortiq, ba`zi hollarda meros qolish huquqi bilan 50 y.dan 100 y.gacha), oilaviy pudrat tizimiga o‘ta boshlandi. Natijada oziq - ovqat mahsulotlari hosili, moyli o‘simliklar, paxta, go‘sht yetishtirish keskin oshdi. Ocharchilik muammosi hal qilindi.
80 - yillarning o‘rtalariga kelib, markazlashgan davlat xarididan shartnoma tizimiga o‘tildi, qishloq sanoati tez sur’atlar bilan o‘sa boshladi.
Tashqi iqtisodiy aloqalar siyosatidagi o‘sishlar katta rol o‘ynadi. 1979 - yildan Xitoy "ochiq eshiklar" siyosatiga o‘ta boshladi, ya’ni chet mamlakatlar bilan keng har tomonlama hamkorlik qilish siyosati, chet el kapitalini jalb etish, bir qator hududlarni tashqi iqtisodiy faoliyatga "ochish" shular jumlasidandir. Mamlakatning tashqi savdo aylanmasi oshdi.
Zamonaviy Xitoy industrial - agrar mamlakat, zamonaviy xo‘jalik va an’anaviy iqtisod bir-biri bilan uyg‘unlashib ketgan. Zamonaviy infratuzilma tezlik bilan o‘sa boshladi (telefonlar soni bo‘yicha Xitoy faqat AQSHdan keyin), yangi yo‘llar, portlar qurila boshlandi.
Mamlakatda kosmik va atom sanoati, neftkimyo, elektronika rivojlana boshladi. Shu bilan birgalikda ko‘pchilik korxonalardagi jihozlar o‘nlab yillar orqada qolgan, yarim qishloqlarda elektroenergiya yo‘q, ko‘p qishloq xo‘jalik ishlari qo‘l bilan bajariladi. Korxonalar hajmida ham keskin tafovutlar bor: yirik korxonalar bilan birga kichik va mayda korxonalar ham bor.
Xitoy katta iqtisodiy potensialga ega. YAIM hajmi bo‘yicha, kapital qurilish, muhim qishloq xo‘jalik va sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoning yetakchi mamlakatlari qatoriga kiradi.
YAIMning o‘sish sur’ati juda yuqori (yiliga 9% atrofida), bu esa dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkich. Lekin juda yuqori ko‘rsatkichlar bilan birgalikda, uning 1,5 mlrd.ga yaqin aholisi bilan mahsulotlarni asosiy turini ishlab chiqarish bo‘yicha, aholi jon boshiga to‘qri keladigan YAIM bo‘yicha dunyoning kambag‘al davlatlari qatoriga tushib qoldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |