Xitoy Xalq Respublikasi tarixi. Birinchi Xitoy sulolasi - Sin (mil.av. XVIII - XI asrlar), mil.av. XIV asrda In nomini olgan. Mil.av. 1111 yilda davlat chjou qabilalari tomonidan zabt etilgan. Mil. av. VII asrda Chjou davlati bir nechta podsholiklarga bo‘linib ketgan. Mil. av. III asrda 36 ta provinsiyaga bo‘lingan. Markazlashgan Sin imperiyasi paydo bo‘ldi. Bu imperiya davrida xunnlar hujumidan himoyalanish maqsadida Buyuk Xitoy devori qurilgan.
Mil. av. 206 - yilda Sin imperiyasi o‘rnida paydo bo‘lgan Xan imperiyasi mil. av. 140 - 87 yillarda o‘z rivojlanishining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan. "Uch qirollik" davridan keyin mamlakatda hokimiyat 907 - yilgacha hukmronlik qilgan Tan sulolasi qo‘liga o‘tgan. 1226 - yilda mo‘g‘ullar bosqinidan keyin mamlakatda mo‘g‘ullardan bo‘lgan Yuan sulolasi hukm surgan. 1368 - yilda hokimiyat Xitoy imperatori qo‘liga o‘tadi va Min dinastiyasi davri boshlanadi.
Xitoy hukmronlari 1628 - 1645 yillarda ko‘tarilgan qo‘zg‘olonlarni bostirish uchun manchjur qabilalari ko‘magiga tayanadi. Manchjurlar 1644 - yilda hokimiyatni qo‘lga kiritadi va 1912 - yilgacha mamlakatni idora qiladi. Imperiya hududini Sibir, Oltoy, Pomir va Nepalgacha kengaytirgan manchjurlar hukumati XIX asrda ko‘plab ichki va tashqi muammolarga duch keladi. 1912 - yilda Sun Yatsen Gomindan hukumatiga asos soladi. Sun Yatsen o‘limidan keyin Chan Kayshi guruhi kommunistlar bilan aloqani uzib Nankinda milliy hukumat tuzadi. 1938 yilda yapon qo‘shinlarining bostirib kirishidan keyin gomindanchilar bosqinchilarga qarshi kurashish uchun kommunistlar bilan birlashadilar. Gomindanchilar mag‘lubiyatga uchrab, Tayvanga qochadi, kommunistlar esa Mao Tsedun boshchiligida 1949 - yil 1- oktyabrda Xitoy respublikasining tashkil topganini e’lon qiladi.
Xitoy Xalq Respublikasi davlat tuzumi va siyosiy partiyalari. Xitoy Xalq Respublikasi Konstitutsiyaga ko‘ra xalq demokratik diktaturasi o‘rnatilgan sotsialistik davlat. Mamlakat tarkibida - 22 provinsiya, 5 avtonom rayon va 3 markaziy - Pekin, Shanxay va Tyanszin bor. Xitoy Xalq Respublikasi 1949 - yil 1 - oktyabrda tashkil topgan. 1- oktyabr - Milliy bayram - XXR e’lon qilingan kun. Ijro etuvchi raisi hokimiyat XXR raisi (davlat boshlig‘i)ga, Umumxitoy xalq vakillari yig‘ilishi doimiy qo‘mitasi raisi, Davlat Kengashi raisi (hukumat boshlig‘i)ga tegishli. Davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi oliy organi - Umumxitoy xalq vakillari yig‘ilishi. Mamlakatda boshqa siyosiy partiyalar paydo bo‘lganiga qaramay, siyosiy hayotni Xitoy Kommunistik partiyasi belgilaydi.