1.3. Go’sht yo’nalishidagi qoramol zotlari
Gereford zoti
Gereford zotli qoramol XVIII asrda Аngliyaning Gereford, Oksford va Shropshir grafliklarida mahalliy zotlar asosida sermashaqqat mehnat evaziga yaratilgan. XIX asrning boshlarida gereford zotli sigirlar АQShga keltirilgan, bu yerda 1840 yilda birinchi naslchilik xoʼjaligi tashkil etilgan, 1846 yilda esa naslchilik kitobi yaratilgan.
1881 yilda Аmerika gereford sigirlari uyushmasi yaratilgan. Uyushma ushbu zotni muvaffaqiyat bilan takomillashtirib, uning dunyo boʼyicha keng tarqalishiga yordam bergan. Gerefordlar juda chidamli, tez yetiladi, yangi iqlim sharoitiga yaxshi moslashadi, uzoq koʼchishga, yaylovda boqishga chidamli, eng muhimi bu zot goʼshti ingichka tolali, kalloriyali, yogʼ qatlami bir tekisda joylashgan.Zotning rangi–qizil, boshida, koʼkrak tagi, gavdasining pastki qismi, oyoqlari va dum uchida oq qashqalari bor; burunlab oynasi pushti rang. Gavdasi toʼgʼri toʼrtburchak shaklda boʼlib, uzun va keng, oyoqlari kalta va baquvvat; boshi keng, shoxlari uzun; boʼyni qalin va kalta.Tugʼilganda gʼunajinlarning vazni 25-28 kg, buqachalar 28-34 kg. 6 oylik boʼlganda yosh buzoqlar 180 kg gacha vazn yigʼadi, 8 oylik boʼlganda 230 kg gacha; 14 oylik boʼlganda vazni 300 kg ga, buqachalarniki 320 kg gacha yetadi. Bir yarim yosh boʼlganda gʼunajinlar 400 kg, buqachalar taxminan 450 kg boʼladi. Katta yoshli sigirlarning tirik vazni 500-600 kg, buqalarniki 800-900 kg ga yetadi; baʼzida sigirlarning tirik vazni 750 kgga, buqalarniki 1200 kg ga yetadi. Bir sutkalik ogʼirlik olish 1000-1200 gramm, ammo sutkasiga 2000 kg semirgan sigirlar ham qayd etilgan, bunda haddan ziyod yogʼ bosish kuzatilmagan. Soʼyilganda tirik vaznining 60-70% miqdorida goʼsht beradi. Sut unumdorligi oʼrtacha 1400 kg, sut yogʼliligi 4%ni tashkil etadi, suti sogʼib olinmaydi, buzoqlar emishiga qoldiriladi.
Qozoqi oqbosh zoti
Qozoqi oqbosh zoti sobiq Ittifoq (hozirgi Qozogʼiston, Rossiyaning Volgograd, Orenburg va Saratov oblastlari)da XX asrning 30-40 yillarida yaratilgan, rasman 1950 yilda roʼyxatga olingan. Selektsiya qozoq va qalmiq zoti urgʼochi sigirlarini gereford buqalari bilan chatishtirish orqali amalga oshirilgan.Natijada yangi yaratilgan zot shu zot mollarining eng yaxshi xususiyatlariga ega boʼldi – iqlim sharoitiga yaxshi moslashish, konstitutsiya mustahkamligi, tez yetilish va koʼp goʼsht berish. Bundan tashqari, qozoqi oqbosh zoti ozuqa tanlamasligi va parvarishda injiqmasligi bilan, shuningdek, kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyati bilan gereford zotidan oʼzib ketgan. Qozoqi oqbosh zotining ekstereri gereford zotinikiga juda oʼxshaydi.Rangi qora, qizil har xil tusda, boshi, koʼkragi, qorni, oyoqlarining va dumining uchi oq. Yagʼrini va dumgʼazasida oq qashqali sigirlar ham uchraydi. Bu zot sigirlari odatda yirik boʼladi, balandligi (boʼyi) 127 sm ga yetadi, boshi katta, biroz besoʼnaqay. Gavdasi choʼziq–qiyalama uzunligi 155 sm, koʼkragi chuqur - 72 sm va keng - 47 sm, koʼkrak aylanasi - 187-190 sm, oldi qismi orqa qismiga nisbatan yaxshi rivojlangan; jun qoplamasi yozda qalin va kalta, qishda uzun va biroz jingalak.Tugʼilganda urgʼochilarning vazni 25-27 kg, buqachalarning vazni 28-30 kg boʼladi. Sigirlardan ajratilgan vaqtga kelib yosh hayvonlarning vazni 250 kg ga yetadi. Sutkasiga 6 ozuqa birligi sarflanganda 18 oylik boʼlganda gʼunajinlar 395 kg gacha vazn yigʼadi, boqiladigan boʼrdoqi buqachalar 15 oyligida 500 kg dan oshishi mumkin. 8 oylikdan 15 oylikkacha oʼrtacha oʼsish surʼati sutkasiga 950 kg dan 1033 kg gacha. Yoshga yetgan sigirlar 500-560 kg, buqalar 850-950 kg boʼladi, baʼzi sigirlar 750-800 kg, buqalar 1100 kg gacha oʼsadi. Soʼyilganda sigirlardan 55%, boʼrdoqiga boqilgan buqalardan 60-74% goʼsht olinadi. Suyaklarning vazni nimtalanmagan goʼshtning 13,9 foizini tashkil etadi. Goʼsht yogʼliligi bir tekisda. Sigirlarning sut unumdorligi 1000 dan 1500 litrgacha, sut yogʼliligi 3,8-4,0%, baʼzida 4,8%.
Do'stlaringiz bilan baham: |